Eng sevimli gazetam

Sevimli gazetam — “Hurriyat”ni varaqlasam, ko'ng­lim ravshan tortadi. Negaki, unda nafaqat odamlarning orzu-armonlari, turli taqdirlari, ular yo'lida uchraydigan ba'zi muammolar, balki ularning orzulariga yetishib, armonlari ushalishi, muammolarining hal etilishiga bir imkon ochuvchi madaniy-ma'rifiy maqolalar, badiiy asarlar ham chop etiladi. Ya'ni gazetaning bir sahifasida muammo ko'tarilsa, boshqa sahifasidagi boshqa bir maqolada uning yechimini top­ganday bo'lasiz. Har bir sonidagi dilga yaqin maqolalarni o'qib zavq olaman.

Masalan, o'tgan yilning 22 dekabr sonida taniqli o'zbek yozuvchisi O'tkir Hoshimov to'g'risida u kishining umr yo'ldoshlari O'lmasxon Hoshimovaning xotiralarini o'qidim. Nazarimda yozuvchining kulib tushgan rasmi vafodor ayolining dardu iztirobini tinglayotgandek. Uchinchi sahifani ochsam, adibning hikoyasi, hayot murakkabliklari aks etgan kundaligidan namunalar keltirilgan. Ularni o'qib, shunday insonlar ham iztirob chekishgan ekan-da, degan xayolga borasan. Nega bir sohadagi odamlar, bir-birlarini qo'llash, qadrlash o'rniga obro'sizlantirishga urinadilar, og'zi oshga yetgay deganda biri ikkinchisini muhitdan chetlashtirishga urinadi. O'tkir Hoshimov haqidagi maqola hamda adib kechinmalarining ifodasi bir-birini to'ldirib, gazetani sirdoshingizga aylantirib qo'yadi. “Hurriyat” bu o'rinda birovning dardini tinglayotgan g'amgusorga o'xshaydi.

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, adabiyotshunos olim Zuhriddin Isomiddinovning “Nuri o'chgan ikki ziyo maskani”, Muqaddas Abdusamatovaning “Hech kimning chirog'i o'chmasin” sarlavhali tahliliy maqolalari ham kishini o'ylantiradi. Davlatimiz rahbari el orasida kitobxonlik madaniyatini oshirish, nashr ishlari sifatini yaxshilashga urinayotgan bir paytda butun boshli kutubxonalar arzimas bahonalar bilan yo'qotib yuborilayotganligini qanday baholash mumkin? Poytaxtda ahvol shu bo'lsa qishloq sharoitida bundan battarligini tasavvur qilayotgandirsiz? Kutubxonalar o'rnini gazli suv sotiladigan do'konlar kabi kundalik moddiy ehtiyojga yaraydigan muassasalar egallab olmoqda. To'g'ri, bu haqda ko'p gapirilgan. Ammo eng yomoni o'sha ko'p gapirilgan masalaga hech kim e'tibor bermayotganligida. Mana, gazetada “Nuri o'chgan ikki ziyo maskani” maqolasi e'lon qilindi. Unga shu sohaga tegishli qaysi mas'ul shaxs munosabat bildirdi? Kimdir shug'ullanganida qandaydir o'zgarishlar sodir bo'lardi va buni sezardik.

1956 yil Armanistonning Yerevan shahrida Armiya safidaman. Xizmatga kelish arafasida Sharof Rashidovning “G'oliblar” asarini o'qishni boshlab qo'ygan edim. O'sha kitob sog'inchi qiynagandan qiynardi. Nihoyat, O'zbekiston Oliy kengashi raisi, adib Sharof Rashidovga iltimosnoma yubordim. Bir oy o'tmay Sharof Rashidovning “G'oliblar”, Abdulla Qodiriyning “O'tkan kunlar” kabi bir necha kitob­larni oldim. Qarang, birgina kitobxonning xatiga qanday e'tibor berilgan o'shanda. Axir, O'zbekistonda qanchadan-qancha o'qimishli isonlar bor. Nahotki, ularning ehtiyojiga panja orasidan qaraymiz?

“Hurriyat”da istagan mavzuingizda — ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-ma'rifiy, hayotiy-falsafiy maqolalar va badiiy asarlarni o'qiysiz. Masalan, o'zbek raqsi malikasi Mukarrama Turg'unboyeva, atoqli kino rejissyor Komil Yormatov, O'zbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinovlar haqida e'lon qilingan bir-biridan qiziqarli, hayotiy maqolalar menda yaxshi taassurot qoldirgan.

Xullas, gap boshida aytganimday “Hurriyat” — mening sevimli gazetam. Unda e'lon qilinadigan materiallar doi­­mo mulohazaga chorlab turadi.

Nurmat RAJABOV,

o'lkashunos.

Xorazm viloyati, Shovot tumani

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × five =