O'z nomiga sodiq gazeta…

Sevib o'qiladigan “Hurriyat” mustaqil nashrining 2022 yildagi 1-soni uyimga bordi. Undagi maqolalarni maroq bilan o'qib chiqdim. Rohatlandim. Tahririyat jamoasiga, O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasiga meni obuna qilgani uchun tashakkur aytaman.

“Hurriyat” yurtimiz mustaqilligining dastlabki yillaridan nashr etila boshlangan va har qanday holatlarda ham o'ziga xos yo'nalishidan chalg'imagan nashr. Ayniqsa, bugungi kunda davlatimizda o'tkazilayotgan har sohadagi islohotlar yurt farovonligi ta'minlanishiga omil bo'layotgan bir davrda jamiyatning faol bir hamkoriga aylandi. O'z nomiga sodiq gazeta sifatida u tashkil topganidan buyon elimiz tomonidan sevib o'qilmoqda. Tahririyat jamoasi, O'zbekis­ton Jurnalistlari ijodiy uyushmasidan faxriy jurnalistlar shuning uchun ham mamnunki, berilgan e'tibor tufayli “Hurriyat”ning har bir soni o'z vaqtida ular xonadoniga yetkazib berilmoqda. Jumladan, kaminani ham obuna qilishibdi. Bundan boshim ko'kka yetdi. Undagi dolzarb maqolalarni o'qib quvonaman.

So'zimni 8-betdagi bir maqoladan boshlasam. “Suhbat” rukni ostida Sherzod Komil Xalil uyushtirgan falsafiy suhbat menga, ayniqsa, manzur bo'ldi. Sarlavha, chiroyli savollarning sermazmunligi menga juda yoqdi. Suhbatni tashkil qilgan Sherzod Komil Xalilga ham, savollarga mantiqiy javob bergan xitoylik adabiyotshunos, olim va tarjimon Tzemin Ition Sayga ham tan berdim. Bunday baquvvat maqola gazetaning obro'yini oshiradi, albatta. Gazetaning 1-betidagi “Ko'zguga qachon qaraymiz?” yoki yana ona tilimizga beparvolik “kasalligi” haqidagi maqola o'zining dolzarbliligi bilan gazetxonning e'tiborini tortadi.

Uning muallifi Oygul Ubaydulla qizi haq gplarni yozibdi. “Maktabda… bolalar nashrlari bormi?” maqolasi yanada jonli, ochiq-oydin yozilibdi, ko'nglimdagi gaplarni aytibdi. “Gulxan” bolalikdan sevgan jurnalim. 5 yilcha umrim shu jurnalda o'tgan.

Jurnalga e'tiborsizlik qilish kerak emas. Hammamiz uchun uni rivojlantirish, amaliy yordamlar ko'rsatish ham farz, ham qarz. Shu maqoladan so'ng jajji bolalarimizning jurnaliga munosabat o'zgarib qolsa, ajab emas.

Taniqli publitsist Ahmadjon Meliboyevning “Mavzu kerakmi?” deb nomlangan maqolasi, Asror Sulaymonning “Kadastr mashmashasi” maqolasiga ham besh baho. Mazza qilib o'qidim. Mana insonlar g'amiga sherik bo'lish degani ana shunday bo'ladi-da.

Yana ishonchim komilki, Umid Bekmuhammadning “Tilshunosning fidoyiligi olim va tarjimon Fattox Abdullayevni yod etib”, Alisher Navoiy ijodining eng jonkuyari, taniqli olim Vahob Rahmonovning “Ma'naviy loqaydlik yoxud mutafakkir Alisher Navoiy asarlari nega pala-partish va xatolar bilan nashr etilgan?” deb nomlangan maqolalari ko'pchilikning e'tiborini tortishi aniq. Chunki ularda bir fidoyi ilm odami haqida yorug' xotiralar qalamga olingan bo'lsa, keyingi maqolada ulug' mutafakkir shoir Alisher Navoiy hazratlarining asarlarini nashr etishda yo'l qo'yilgan kamchiliklar dadillik bilan ochib berilibdi. Qisqasi gazetaning joriy yildagi ilk birinchi soni ham barcha gazetxonlarga manzur bo'lishiga ishonchim komil.

Chindan gazeta sahifalarining mavzu jihatdan rang-barangligi kishi diqqatini tortmay qo'ymaydi. Bir sahifani o'qib o'ylansangiz, boshqa sahifaga o'tib yuzingiz yorishadi. Aytaylik “Qon bosimi yuqori bo'lganlarga o'qish tavsiya etilmaydi” degan tagsarlavhali maqola sizni hushyor torttirsa, “Yangi yil oqshomidagi o'ylar” deb berilgan maqola ko'nglingizga xushvaqtlik bag'ish­laydi.

O'ylatish, mulohazaga chorlash, ma'lum ma'noda tarbiyalash asosiy vazifasi bo'lgan yurtimiz matbuotining erkin minbari — “Hurriyat” ijodkorlariga yanada omad tilayman.

To'lqin QOZOQBOYEV,

faxriy jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × 2 =