Muvofiqlashtirish va tartibga solish zarurati

Mamlakatimiz Konstitutsiyasining 12-moddasida jamiyat mafkuraviy hayotini ta'minlashning ustuvor yo'nalishlari g'oyat adolatli va demokratik ruhda ifoda etilgan. Ya'ni, O'zbekiston Respublikasida ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligi asosida rivojlanishi, hech qaysi mafkura davlat mafkurasi sifatida o'rnatilishi mumkin emasligi o'z aksini topgan.

Boshqacha aytganda,   mamlakatimiz mustaqillikning dastlabki yillaridan hukmron kommunistik mafkuradan, markscha-lenincha dunyoqarashlar tizimidan butunlay voz kechib, erkin demokratik taraqqiyot yo'lini tanladi. Bu buyuk tanlash natijasida ijtimoiy hayotdagi kommunistik mafkura asoratlariga qisqa muddatda barham berilib, umume'tirof etilgan erkin-demokratik g'oyalarning qaror topishi, bozor iqtisodiyoti asoslarining mustahkamlanishida muhim ahamiyat kasb etdi. Iqtisodning siyo­sat va mafkura yukidan xolos bo'lishi, avvalo, jamiyat ongida hurfikr­lik, istiqlol g'oyasiga ishonch ruhini shakllantirish, xalq farovonligini oshirishda o'zining yuksak samaralarini berdi.

Bugungi kunda Yangi   O'zbekistonining xorijiy davlatlar bilan barcha yo'na­lishlar bo'yicha hamkorlikni yanada keng, yanada samarali va tizimli yo'lga qo'yishida, jahon hamjamiyatidagi nufuzining yanada yuksalishida muhim omil bo'lmoqda.

Ayni paytda, xalqaro mafkura maydonlarida inson, ayniqsa, yoshlar ongi va tafakkuri uchun kechayotgan shiddatli global kurash mafkuraviy jarayonlarni tartibga solib borishni taqozo etmoqda. Bugun jahon mamlakatlariga turli yo'llar bilan, jumladan, internet tarmog'i orqali kirib kelayotgan g'ayrinsoniy tushunchalar – shafqatsizlik, buzuqlik, giyohvandlik, o'g'irlik, jinoyatchi guruhlar, ekstremistik va terroristik harakatlar faoliyatida ishtirok etishga targ'ib qilish kabi illatlar jamiyatning aynan navqiron yoshdagi a'zolarini o'z domiga tortayotgani sir emas. Sezdirmasdan sizib kirayotgan, singib borayotgan bunday halokatli mafkura va g'oyalar mamlakatlarning xavfsizligiga jiddiy tahdid solayotganini xalqaro ekspertlar ham katta tashvish bilan ta'kidlamoqdalar.

Bunday tahdidlar natijasida yoshlarda kelajakka ishonchsizlik, axloqiy-g'oyaviy boshbosh­doqlik, turli oqimlar va g'oyalar ta'siriga tushish hollari ko'paymoqdaki, ayni muammolar bizning mamlakatimizni ham chetlab o'tayotgani yo'q. Natijada odamlarimizdagi vatanparvarlik, ijtimoiy mas'uliyat, Vatan va xalq taqdiriga daxldorlik tuyg'ulariga salbiy ta'sir etmoqda.

Shu nuqtai nazardan, real   holat, tarixiy xotira, milliy o'zlik, milliy davlatchiligimizning boy tajribasidan kelib chiqib, jamiyatdagi mafkuraviy jarayonlarni qonunan tartibga solish va ularni muvofiqlashtirib borish vaqti keldi.

Buning uchun davlat, ijtimoiy hayotdagi siyo­siy institutlar, mafkuralar va g'oyalar rang-barangligini e'tirof etgan holda, milliy manfaatlar, ma'naviy barqarorlik va hamjihatlikni ta'minlash uchun mafkuraviy jarayonlarni muvofiqlashtirishni o'z zimmasiga olishi zarur.

Bugun boshqacha aytganda, Taraqqiyot strategiyasida belgilab berilgan qat'iy hayotiy pozitsiya – “Inson qadri uchun” tamoyili asosida huquqiy-demokratik, xalqparvar davlat – Yangi O'zbekistonni  barpo etish va uni yanada rivoj­lantirish barchamizning maslagiga aylanmog'i lozim.

Shu nuqtai nazardan, Konstitutsiyamiz 12-moddasining oxiriga “Davlat jamiyatdagi mafkuraviy jarayonlarni muvofiqlashtirish va tartibga solish uchun mas'uldir” degan qoidani qo'shish maqsadga muvofiq deb o'ylayman.

Shuningdek, Asosiy qonunimizning “Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi” degan hayotbaxsh satrlar bilan boshlanadigan 31-moddasini O'zbekiston Respublikasining davlat tili talablariga muvofiqlashtirish zarurati bor.   Ushbu jumladagi o'ttiz yildan buyon tilshunoslar va adabiyotshunoslarning haqli e'tirozlariga sabab bo'lib kelayotgan “vijdon” so'zini “e'tiqod” so'ziga almashtirish fursati keldi. Zero, mazkur moddaning keyingi satrlari aynan shunday aniqlikni talab qiladi: “Har bir inson xohlagan dinga e'tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e'tiqod qilmaslik huquqiga ega”.

Olimjon DAVLATOV,

Ijtimoiy-ma'naviy tadqiqotlar instituti direktori,

filologiya fanlari bo'yicha falsafa doktori

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × 5 =