Qizil körpaça

Qulman OÇIL

 

Muallif haqida:

Qulman Oçil — 1957 yili Qaşqadaryo viloyatining Kökdala tumanida tuğilgan. Taniqli publitsist, adib, tarjimon. Özbekistonda xizmat körsatgan jurnalist. Özbekiston Yozuvçilar uyuşmasi aʼzosi.

“Jaydari falsafa”, “Soy sohili”, “Barakali yigit”, “Omonat va matonat”, “Gardan va gardun” kabi kitoblari çop etilgan. Asarlari qardoş tillarga tarjima qilingan. Ernest Xeminguey, Gabriel Garsia Markes, Ivo Andriç, Ryunoske Akutagava, Simon Karmiggelt singari atoqli adiblarning asarlarini özbek tiliga ögirgan.

 

Qizil körpaça

(Hikoya)

 

Şahar çekkasidagi bu tört qavatli şaftolirang uy juda uzun, şu darajada uzunki, çavgon tayoğining uçidek burilib ketgan, oxiri körinmaydi. Yölak podʼyezdlari köçadan içkariga – torgina maydonçaga qaragan. Oldi mudom gavjum. Betoni öyilaverib allaqaçon taqdirga tan bergan yölaklarda avtomobillarga yöl böşatib çarçaysiz. Istiqomat ahlining maşinasini qantaradigan, xonadoniga kirib-çiqadigan joyi şu hovli – maydonçadan.

Undagi yagona kvartiraga orqa tomondan, eng pastki qavatdagi, oldini sarğaygan öt-ölan va butalar bosib yotgan ayvonçadan kirib çiqiladi. Ayvonçaning beton tösiği uşatilib, torgina temir zina tuşirilgan. Tört poğonali zinaga temir suyançiq tirkalganki, har ikkisini allaqaçon zang bosa boşlagan.

Yakşanba kuni, çoşgoh mahali ana şu ayvonçada öttiz beş yoşlardagi xipça belli, siynalari sölqillagan, gajaklari yupqa lablarining ikki çetiga buralib tuşgan juvon paydo böldi. Öziga astoydil oro bergan, butun qiyofasidan nozu istiğno ufurib turgan bu ayol beton tösiq oşa böynini çözib, atrofga ingiçka qoşlarini çimirib nazar soldi. Qomatiga yopişib turgan paxtalik adras kamzulining çöntagidan sarğiş latta çiqarib, suyançiq ustidagi qilamiqqina qorni sidirib taşlagan böldi. Kötarib çiqqani – ohori keta boş­lagan qizil baxmal körpaçani temirning ustiga yopdi va özini yana ayvonga oldi. Huzurlanib kerişdi. Tunni ğoyat totli ötkazgan juvonlar ana şunday, nimalardandir entikib, qömsanib, nozlanib kerişadilar. Içkariladi.

Birpasdan keyin uydan erkak kişining asabiy ovozi quloqqa çalindi. Unga ayol va gödakning yiğisi qöşilganday böldi. Jimlik çöqdi. Nasihat ohangida gapirayotgan erkakning bir zayl­dagi salobatli ovozi kelib turdi. Yarim soatlardan söng ayvonda qoraköl telpakli barvasta va xuşröy kişi körindi. U ham avval öngu söliga hadiksiraganday köz yugurtirgaç, körpaça osilgan suyançiqdan yengil uşlaganiça avaylab pastladi. Keng kökragini töldirib nafas olganida yağrindor yelkalari kötarilib tuşdi.

Havo toza, sovuq va tund edi. Körku salobatiga yaraşgan qora paltosining möynali yoqasini kötardi va   yölakda turgan haşamatli maşinasi sari yurdi. Keça erib ulgurmay, tunda tankillagan muzga aylangan qor ğiçirladi. Qönğiroq sasi kelganday böldi.

Erkak taqqa töxtab, yon çöntagiga qölini yubordi. Közoynagini olib, hamon jiringlayotgan telefonga bir lahza tikilib qoldi. Avzoyi buzildi:

– Nima gap?

– Dadasi, sizmisiz? – ayol kişining xasta-noçor ovozi keldi. Bugun xotin zotiga xudo berdi, degan gap ötdi xayolidan erkakning. Endi bunisi dodlaydi. Özini aftoda holga soladi. Göyo sanoqli kunlari, yöq, soatlari qolgan xasta. Rahm-şafqat qilmasangiz, rozi-rizoligini olmasangiz, armonda qolasiz.

Kun xosiyatsiz boşlanayotganini sezib, yuzi xavotir va taxlikali tus oldi.

– Yana kim bölişi kerak, – dedi ayvondan uzoqlaşar ekan.

– Yaxşi dam oldingizmi?

– Şukr! Joyida. Özing neçuksan?

Ilgari xotini bunday quruq, qisqa va sovuq javobdan keyin gapni kalta qilardi. Endi tergovçiga öxşab darhol savol-söroqqa, yöq, jerkişga ötdi. Eri aynan şunday bölişidan yurak hovuçlab turgandi.

– Nega telefonni omaysiz? – öşqirdi ayol.

– Telefonim “bez zvuk”da qolgan ekan, – özini bosib javob berdi er.

– Keçasi bilan ming marta telefon urdim…

– Oqşom isroillik hamkorlar bilan birga edik. Daqqi juhudlarga juziya tölamasang, bir iş çiqişi qiyin. Paxtani tomçilatib suğoriş yana savil qoladi, şekilli. – Uning miyiğida maʼyus kulgi jilvalandi. – Tovariga otasining narxini qöygan. Keyin sen je – men je, deganday. Bilasan-ku. Iş bitmadi. Bitsa, mengayam çoy puli qolardi.

– Yana içdingizmi?

– Ha, viski. Ozroq oldim. Itday çarçagandim.

– Buni qarang.

– Işlarimni biryoqli qilib, xonamga çiqibmanu qotibman. Galstugimniyam yeçmabman. Hozir turdim.

– Ölmasin öşa juhudlar, bunça sarson qildi sizni. Har hafta Toşkentga qatnayverib horib ketdingiz. Har hafta-ya!

– Har haftamas… lekin iş-da. Özing öyla. Fermerlar uçun men yugurmasam, kim yuguradi.

Aytdiki, tuman Fermerlar uyuşmasi deganing yetimday gap. Iş buyuradigan otasi, xöjayini köp. Yordam berişga qolganda hamma özini olib qoçadi.

– Keçasi telefon qilsam, bir bolaça oldi, – dedi ayol. – Kim u?

Erkak tuşundi: xotin hamlaga tayyorlanayotgan ilon qiyofasiga kira boşladi. U ayol zotining mana şunday hezlanişlaridan bezgan, çarçagan edi.

– Kallang joyidami? – böş kelgisi kelmadi erning. – Yo, otangga öxşab, araq-paraq içib olganmisan? Musofirxonada bola nima qilsin?

– Otam rahmatlining arvohini çirqillatmang!..

– Bölmasa, nimaga he yöq – be yöq, bingakka öxşab nişingni tiqayapsan?

Erkakning ajin soya taşlay boşlagan yuzi burişib ketdi. Içida xörsindi. Xotinining asabiy tit­rayotgan lablari, çaqçaygan közlari, qaltirayotgan qöllari köz oldiga keldi. Endi köhna kasali qözigandan-qöziydi. Yana körpa-töşak, yana dori-darmon, yana emlaş. Vos-vos. Içida şunday dedi-yu, xotiniga rahmi kelayotganini ham sezdi.

– Telefonga bolakay javob bergani rost-ku! – gap kavlaşdan töxtay demasdi ayol.

– Nomerdan adaşgan bölsang kerak.

– Hozir qayerdasiz, özi? Töğrisini ayting!

– Qayerda bölardim. Toşkentdaman.

Er telefonda adi-badi aytişib ötirişdan naf yöqligini angladi:

– Qöy, baraka topkur. Yana janjalni kasal boşingga sotib olma. Undan köra, özingdan gapir.

Ayolining hol-ahvolini suriştirgan böldi: qanding joyidami? Qon bosiming-çi? Kelin, nevaralar qalay? Ayolining qonidagi şira ön sakkizga çiqib ketgani, tuni bilan mijja qoqmagani maʼlum böldi. Oğzini yana yara bosib, “osma” olib yotgan emiş. Bunday gaplardan keyin qaysi içi tor xotin hiqillamaydi.

– Obbo! Tağin obi diydami? – Er hammasiga çidardi-yu, ayolining mildir-mildir köz yoşi tökişi yurak-bağridan ötib ketardi.

– Telefonni olarsiz deb hali kutaman, hali kutaman…

– Aytdim-ku, qotib qoppan deb.

– Yöq, siz menga töğrisini ayting! Qayerdasiz, özi? Qaysi satangning uyidasiz?

Er boşini asabiy çayqadi.

– Qayerda bölardi-im? – dedi çözib. – “Interkontinental” mehmonxonasidan çiqib, maşinamga ötiryapman.

– Hay, bilmadim-ov…

– Nima? Boşqa borar joyim bormi. Bilsang, ayt özing! Bormi?

– Yolğon gapirmang! Meni alday olmaysiz. Birorta qanjiqning qöynidan çiqib kelyapsiz. Sezib-bilib turibman!..

– Sayra! Sayrayver-çi, oxiri nima bölarkin.

– Yöq, siz menga röy-rost ayting. Sen qarib qolding. Men boşqasini, yoşroğini topdim, deb töğrisini ayting-qöying. Janjal-panjal qilsam, til tortmay ölay… Peşonamdagini köraman.

Er bilardi, bunday paytda ayolining rangi kesakdek gezarib ketadi.

– Öv, haddingdan oşma! Senga ming, million marta aytganman. Yana aytaman: umrim bino bölib, birorta begona ayolning qölini uşlamaganman. Biro-ortayam!.. Tavba! Endi, yoşim bir joyga borganida, jazman tutişni menga kim qöyibdi…

– Qasam içing! Bolalaringizning, nevaralaringizning haqqiga qasam içing!.. Içolasizmi, özi?

– Qasamga tayama. Işonmasang, özingdan kör! Özingning şöringga.

– Xöp, gapingiz rost bölsa, telefondan körsatingçi öşa musofirxonani! Oti nima edi?.. “Interkontinental”ni?..

– Telefonimda kamera yöq. Bölganida ön qavatiniyam tomoşa qilarding.

– Ataylab eskisini opketgansiz…

– Yangisi zilday. Çöntagimga solsam, kostyumimning bir tomoni toş bosganday osilib qoladi.

– Buni qarang. Sezmagan ekanman…

– Qaçongaça raşk qilasan, ayt?

– Ölgunimça! Sönggi nafasimgaça! Ölayotganimdayam içim kuyib-yonib ölaman… Yerning ostidayam bağrim xun bölib yotaman!..

Xotinning kuyib-yonib aytayotgan gaplari yolğon emasdi. Erga naşʼa qildi. Ayol esa, baralla biğillaşga ötdi.

– Xudoga soldim! – dedi. – Hammasini xudoga soldim! Tepada özi körib-bilib turibdi! Qörqmasangiz, yuravering!..

– Nima bilganing bor özi? Şundan gapir!..

– Kökayim tutab ketaversa, nima qilay?.. – Uvillaşga ötdi ayol. – Meni oyday ado qildingiz!..

Ayvonçada boyagi xipça belli juvon bilan uç-tört yoşli gödak paydo bölganini erkak körmadi. Juvon engaşib, gödakning quloğiga nimadir dedi va bolakayning közlariga tuşib turgan qop-qora qönğiroq soçlarini yengilgina silab qöydi. Bolakay zina tomon otildi. Onasi uning bilagidan uşlab, avaylab pastga tuşirgaç, özini tağin lip etib uyiga oldi.

Yupungina kiyingan bolakay sunʼiy çarmdan çatib tikilgan, paypoği baralla körinib turgan xonadon şippagiga qor kirganiga qaramay, ikki yoniga maymanglaganiça telefonda gaplaşayotgan erkak tomonga şoşildi. Yetib keliboq uning etagidan quçoqladi:

– Dada-jon!

Erkalanib, oppoqqina, qonsizgina yuzini otasining muzday öngiriga bosdi. Kipriklari uzun-uzun közlarini yumdi:

– Dadajon, tetma-ang!.. Iytimo-os, tetma-ang!

Erkakning yuzlari battar burişib ketdi. Xiyol engaşib, bolakayning qölçalarini etagidan avaylab uzar ekan, telefonini çöntagiga tiqdi.

– Bor! – deb şipşidi şoşa-pişa. – Bor! Enang­­ga bor!..

Gödakning beğubor közlarida yoş ğiltilladi. Kulimsiradi. Çillakday ingiçka oyoqlarini yana ikki yoniga maymanglatganiça ayvonça tomon ketdi. Zinadan amallab çiqib, orqasiga qaradi.

– Dada-jon, tetma-ang! – deb şivirladi.

Erkak çöntagidan telefonini çiqardi.

– Yoningizda kim bor? – Telefondan yana şanğillagan ovoz keldi. – Öşa kaşmirimi? Yo bolasimi?

– Öv, musulmon! Kim bölardi, şunday sovuqda. Etigimning zamogini yopdim.

Bu paytda juvon yana ayvonçaga sirğalib çiqdi va öğlining quloğiga engaşib tağin nimadir dedi. Yana zinadan pastga tuşirib qöydi-yu, şartta özini orqaga tortdi. Maymanglaganiça otasi tomon şoşilgan bolakay yana ters ögirilib turgan erkakning öngiriga yuzini bosdi.

– Dada-jon, nana taçon telasiz?

Ota oyoğiga besar it suykalanayotgandek, çöçib tuşdi.

– Bor, dedim-ku! Enangga bor! Şamollab qolasan!

Bolaning qoqsuyakkina yelkasidan tutib, tört qavatli uy tomonga burib qöydi. Gödakni ayvondan qarab-kuzatib turgan onasi jönatayotganini va gap örgatayotganini, şu yöl bilan otasining rahmini keltirib, oralaridagi arazni kötarmoqçi bölayotganini bilib turardi. Bilgani uçun hozirgina özi çiqqan uy tomonga loaqal burilib qaramadi. Qaragisi kelayotganini sezib, ilhaq bölayotgani esa rost edi. Qarasa, yon bergan böladi. Yon bersa, ayol kişi haddidan oşadi. Xarxaşasi köpayib, erning boşiga çiqib oladi.

Otasining dağal muomalasini körib, bolakayning beğubor közlari yana yoşga töldi. Tanbeh eşitib qolişdan çöçiganday, jurʼatsizgina, yuragi betlamaygina, qovoği osilib turgan haybati baland odamga qaradi. Otaning unga rahmi keldi. Xayolidan, nahotki şu qadar şafqatsiz, şu qadar vahşiyman, degan ökinç ötdi çamasi, pastki labini tişladi. Bu beçoraning aybi nima? Özi yarim jon – nogiron, bir oyoği kalta bölsa. Sovuqqa etik doş berolmayapti-yu, bu beçora şippakda qor keçib yuribdi.

– Bor, – deya nozikkina yelkasidan itardi ota. – Enangga bor. Şamollab qolasan.

Bolakay yana ikki yoniga çayqalganiça ortiga ketdi.

Boz telefon qönğiroğining sasi keldi. Erkakning zardasi qaynadi:

– Böldi-da endi?!

– Yana nimaga javob bermaysiz? Bolangizga rahmingiz keldimi, deyman?

– Nima deb valdirayapsan? Qöyasanmi özi, yöqmi?

– Qöymayman. Oxiriga yetmagunimça qöymayman! Hali-ku Toşkent ekan, Xirotgaça bölsayam boraman. Ha, boraman!..

– Qaysi tiling, qaysi yuzing bilan şu gaplarni ep bilib gapiryapsan?

Endi peşonasidan otib taşlasang ham töxtamaydi. Xudoning jazosi – bu, deb boşini nadomat bilan irğadi er.

– Majbur qilayotgan özingiz-ku! Hammani aldir-gildir qilib, kunda-kunora öşa urğoçining oldiga çopasiz. Na öğlingizdan, na kelindan uyalasiz. Sadqai rözğor keting!..

Erkakning uf tortgisi keldi, ammo tortmadi. Sokin va osoyişta javob qildiki, bu vazminligidan özi ham taajjubga tuşdi:

– Işonmasang, endi yonimga qöşilib kel. Soyaday ergaşib yur. Hammasini öz   közing bilan kör. Tomoşa qil.

– Uyda ötirgan çalasavod xotinni lallaygan deb öylaysiz-da, a?

Erkak özini majburlab kular ekan, yuragi battar uvişdi. Tokaygaça davom etadi bu maşmaşa. Na qiş­loqdagi uyda halovat bor, na şahardagi.

– Qöy, onasi, – dedi horğin ovozda. – Bölar-bölmas gaplarni aytib, özingniyam, meniyam qiynama.

– Voy-voy! Kim kimni qiynayapti? Özingiz ayting. Şu paytgaça sizga gap qaytargan kunim bölganmi?

Insof bilan aytganda, bölmagan. Lekin söng­­gi paytda er-xotinning ğidi-bidisi köpayganini hamma – farzandlariyam, qarindoş-uruğiyam biladi.

– Endiyam qaytarma. Ayol kişining uluğligi şunda. Tağin özing taqvodor bölsang…

Erining murosa gapi kor qildimi yo insof berdimi, hartugul, ayol javraşdan töxtaganday böldi.

– Har doim xudoni örtaga solib qutulasiz, – dedi birdan muloyim tortib. – Qaçon qaytasiz?

Titrab çiqqan ovozida soğinç, erkalaniş bor edi.

– Keçga dovur borib qolaman…

Er yengil tortib, maşinasining eşigini oçdi.

Bola uyga kira-kira qattiq aksa urdi. Oğzidan sölaklari saçrab ketdi.

Ota maşinasiga ötirayotib ham derazadan möltirab turgan ona-bola tomonga burilib qaramadi. Oynalari muzlab yotgan sovuq kabinaga çökdiyu bir muddat motorning qizişini kutdi. Öğliga sim qoqdi:

– Qayerdasan, bolam?

– Daladaman. Paykal boşiga göng ğamlayapmiz.

– Binoyi. Endi gapimga quloq sol.

Öğli jim eşitdi. Ota ötgan kuni hokim telefon qilganidan gap boşladi. Siz, isteʼfoga çiqqan bölsangiz ham, baribir prokurorsiz. Qölingizdan köp iş keladi, deb qöltiğiga birpas suv purkadi. Bizdayam qopketmas. Yordam qiling. Poytaxtdan ekologiya böyiça katta komissiya kelayotir. Orasida deputatlar ham bor emiş. Lalmi yerga ekilgan daraxt­larning ahvolini körarmiş. Sizning dalangizga boşlasak.

– Hammasi ğirt aqldan ozgan, bolam, – dedi ota. – Şu biyobonda ötgan saratondagiday jaziramada arça qoladimi. Odam tutab ketay dedi-ku.

– Nima qil, deysiz, dada? – toqatsizlanib söradi öğil.

– Xullas, lalmi ğallaning böyidagi arçalar…

– Hammasi qurib bitgan. Yuztasidan bittasiyam qolmagan.

– Bilaman.

– Yana kraskami?..

–Ha. Orasida yiqilib, tökilib qolganlari bölsa, köçirib optaşlanglar. Qolganiga yaşil böyoqdan sepib çiq. Közingga qara, yerga saçratib-netib yurma, tağin.

– Dada, saçratsam-saçratmasam, böyalgani bilinadi-ku! Kör emas-ku, komissiyangiz…

– Juda yaxşi bilaman. Kör emas. Lekin, bolam, ular yam-yaşil arçalarning yonida rasmga tuşişga işqivoz… Qolgani bilan işing bölmasin…

Otaning birdan dami içiga tuşib, oynadan erib tuşayotgan muz parçalariga maʼyus tikilib qoldi. “Men ham edim senday, – deb piçirladi, – sen ham bölasan menday…”

Qoraköl telpagini yonidagi örindiqqa taşlab, gazni bosdi va şitob bilan joyidan jildi. Xiyol­dan söng “Qadimiy va hamişa navqiron Qarşi Sizga oq yöl tilaydi!” degan ulkan lavhaning yonidan ötib, şaharni tark etdi.

Bu paytda şaftolirang uyning pastki qavatidagi juvon eşikni şaraqlatib oçdi. Öğilçasi töşab yotadigan qizil körpaçani olib, suyançiqqa jon-jahdi bilan şunday urib qoqdiki, butun ayvon, uy zirillab ketdi. Içkariga kirar ekan, qurib-qovjirab yotgan xaslarga qarab tupurindi:

“Nonemas!..”

Oynalariga paşşa ötirib ketgan deraza pardasini yopdi.

Yangiliklarni döstlaringizga ulaşing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan