Tasavvur chegaralarining kengayishi

yoki iste'dodli shoir Ikrom Iskandar ijodi haqida muxtasar so'z

 

Men shoir Ikrom Iskandar ijodini anchadan buyon kuzatib kelaman. Undagi ohorli ohanglar, yangicha she'riy shakllar, kutilmagan va tutilmagan qofiyalar meni o'ziga rom etadi.

Xolislik chegarasida turib aytganda, bu she'rlardagi kayfiyat yuqumli. O'qisang, beixtiyor xayolingni qirlarga yetaklab ketadi. Bir dam ko'klamgi maysalarni yalangoyoq bosgancha ketib borayotganingni his qilsang, birda o'zingni kuzgi bog' ichra ko'rasan. “Dunyo – bevafo” deya kuylayotgan xazonlarning birinchi va o'z o'rnida so'nggi bora ijro etilayotgan raqsiga maftun bo'lgancha, shamol sahnasiga, hilpirab yerlayotgan burungi barglarga termilasan… Bu, albatta, shoir o'zi his qilgan tuyg'uni misralarda aniq-tiniq tasvirlay olganidan dalolat.

Eng muhimi, bu she'rlar takror o'qilganda ham zerikarli tuyulmaydi. Har safar o'quvchi tasavvurining olis joylarida hayratdan nur emgan nimadir, go'yo bir uchqun yilt etganday bo'ladi.

Ma'lumki, har bir ijodkorda o'zi murojaat qiladigan ifoda vositalari bo'ladi. Ustoz shoir ham bitganlarida shamol, tun, kun, qo'shiq, ro'mol(cha), qush(cha) kabi so'zlarga ko'p murojaat qiladi. Bu kabi so'zlarga ularning o'zi bildiradigan ma'nodan tashqari ramziy ma'noni ham yuklaydi. Pirovardida, she'rxonga she'rni o'zi his qilgandek, turlicha tushunish imkonini beradi. Kengroq aytganda, she'rxon mutolaa davomida tasavvuriga erk berish imkoniga ega bo'ladi.

Bir muxlis, oddiy o'quvchi sifatida aytsam, Ikrom Iskandarning she'rlari hammalashgan, ya'ni unchalik ham ommabop emas. To'g'ri, ular orasida xalq ijodiyotiga uyg'un bitiklar ham bor. Lekin baribir, aksariyat she'rlardagi tas­virning quyuq bo'yoqlari, ramziy ifoda va badiiy san'atlar bu she'rlarni o'qish uchun ma'lum darajada hozirlik, ijodiy tayyorgarlik talab etilishini anglatadi.

Shoir she'rlaridagi ohang, ravonlik, ona tilimizning go'zal va betakror jilolariga ko'zim tushgan ba'zi misollar orqali to'xtalib o'tsam:

Qorong'uda yaxshi ko'rmasang,

Shamol,

shamol,

qo'lingga sham ol.

* * *

Qani bo'lsa, qanoat – qanot,

Orzularni nafs ko'mganida.

Ko'zi ochlar ko'zi ochilar

Bu dunyodan ko'z yumganida.

* * *

Ul yugurgan ohu emas, ohu faryodim mening.

 

Odamga tasavvur chegaralarining kengayishichalik zavq, huzur beradigan narsa bo'lmasa kerak. Shoir she'rlarini o'qib, so'z-ranglar orqali ifoda etilgan bir-biridan chiroyli, betakror suratlarni tomosha qilgandek bo'lasiz. Ayniqsa, she'rlardagi ichki so'z o'yinlarining jozibasi ko'zni quvnatib, dilni yayratadi.

 

Yor bizni Majnun demish,

                           bul laqab bila alqab.

* * *

Lahzalar asrday qoldirgay asar.

                           * * *

Men o'zni tiyyapman o'zni tiymoqdan.

                           * * *

Ko'z o'ngimda eding, tushmi-o'ng, bilmam,

Bexos ko'z ochsamki, ko'zdan uchibsan.

                           * * *

men bir karra gul edim,

ming bir karra tuproqman.

 

Ayniqsa, “Oqcho'g'ol tog'lari” turkumidagi she'r­lar mukammal yozilgan. Uning “Toshoxur o'yinqaroq shamolin qilar taroq…”, degan birinchi mis­rasining o'zidayoq qofiya, tashbeh va tasvir mujassam. Bo'lganda ham a'lo darajada!

Rosti, kamina mana shu misrani o'qib, biroz nafas rostlayman. Shamolning taroqqa meng­zalishini, daraxtlarni bir yonga egib, xuddi qizlar sochidek bir tomonga tarashini tasavvur qilaman. Zavqlanaman.

Ikrom Iskandar nafaqat so'zlar, balki harflarni ham mohirona qarshilantirish, o'rnini o'zgartirish va ohangdosh so'zlarni teng qo'llash orqali ajib bir musiqiy kompozitsiya yaratishga usta shoir.

Qarang, harf emas, harflar uyushmasining musiqiy takrorlanib kelishiga misollar:

Ashulamas, shu'lamas –

Bu sham to'kkan ko'zyoshdir.

               * * *

Dala o'rtasida, oydin kechada

Sap-sariq bir tusda

gulladi gulxan.

              * * *

Oshiqib oshiqlar sonin oshirma.

              * * *

Karam-ku yo'q, nolamga

Loaqal loqayd bo'lma.

              * * *

Senga yo'llabman yana

Xatlarim – xatolarim.

              * * *

Kel, bizga araz emas,

Yarashish yarashadi.

              * * *

tuvakdagi gullarning

xonanishin xonishin…

              * * *

Men-ku sizni bevafo deb yozg'irmoqdaman,

axir kimdir yozmoqdadir vafodorim deb.

So'z o'yinlari aks etgan yana quyidagi misralarni o'qisangiz, harfiy o'zgarishlar natijasida she'rlar yangi mazmun kashf etayotganiga guvoh bo'lasiz. Ya'ni, shoir shaklni o'ylab, ma'noni esdan chiqarib qo'ymaydi. Ham shakliy, ham g'oyaviy so'z o'yinlari she'rxonga kayfiyat ulashib, uni ortidan ergashtirib ketadi:

Sanga aytur emishki el,

                    ul majnuningni davolat deb,

Oni bir yo'li oradan ko'tarmog'ing

                                           balki davlatdur.

(“davolat” so'zida o'rtadan “o” harfi ko'tarilsa, “davlat” so'zi qoladi)

Qachon gul bolin yuzida ko'zga

                  namoyon aylamish,

Har dam ul siri pinhonni

                  gar istamish topmish ari.

Sen dog'i qilma gumonki,

           ko'ngulda limmo-lim ishqing

Bul masal ichra asaldur –

                   magar ko'rinmas, ey pari.

(“masal” ichra “asal” bor – “m” harfi agar ko'rinmasa)

“To'kiladi lak-lak yulduz…” deb boshlanuvchi she'rdagi ichki so'z o'yinlarini ko'rib, hayratingiz ikki hissa oshadi:

Kutaman ming tama bilan –

kun chiqarmi…

     Dilda sanchiq.

O'zimning-ku, sening sari

haddim sig'mas borishga…

“Keldim” degan so'zing tanqis,

“Sevdim” degan so'zing tansiq.

Kutilgan so'z tilga chiqsa –

izidan kun yorishgay.

(“kutaman”dan “tama” chiqsa ham – “kun”, “kutilgan”dan “tilga” chiqsa ham – “kun” qoladi)

O', qoshiga o'sma qo'ygan U.

(U va O' harflarining shakliga ishora)

So'z sehrining ilohiy qudratiga tasanno aytib, shoir mahoratini olqishlab, o'qiganda ko'ngil to'ladigan she'rlarni va ulardagi yorqin so'z-ranglarda ifodalangan go'zalliklarni kashf etishda davom etganingiz sari Ikrom Iskandar ijodiga muxlis bo'lib boraverasiz.

Bir paytlar adabiy jurnallardan birida Ikrom Iskandarning “Ixtiro” she'ri haqida adabiyotshunos olimlarning fikrini o'qib, o'zim uchun “Qalb” degan she'riy san'atni kashf etganman. Bunda, bilasiz, so'zni har ikki tomondan o'qish, so'zni teskari qo'llash orqali nazmiy asar yaratish ijodkordan mahorat bilan birga topqirlikni ham talab qiladi.

Mana, o'sha “Ixtiro” va keyinroq yozilgan “Ixtiro”ning davomi” nomli she'rlar:

 

Men yo'qdan qo'y qildim,

Yo'q so'zini teskari o'qib.

 

Ovsarrasvo bo'ldi.

 

Nodon esa…

Baribir nodonligicha qoldi.

               * * *

Emish ishq ne fan

                naf nechuk bo'ldi andin, bilmam,

lek – kel, dedim, kelmading,

dilimda senga aytmoq bo'lgan bir roz

                                                           zor bo'ldi…

Kim qayg'uga bersa dosh

                    shod bo'lar emish-ku oxir,

men oshiq bo'ldimu

                        mudom nolon bo'lib qoldim.

 

Albatta, biz bu o'rinda keltirib o'tgan misollar dengizdan tomchi, xolos. Shoirning she'rxonga zavq-shavq ulashadigan bunday she'rlari juda ko'p. Milliy adabiyotimiz, xususan, zamonaviy o'zbek she'riyati mana shunday rang-barang asarlarga boyligi bilan faxrlansak arziydi.

Dilmurod Do'st,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seven + six =