Talvasa
Şerzod Komil Xalil
Muallif haqida:
Şerzod Komil XALIL — 1982 yili Kitob tumanida tuğilgan. 1999-2003 yillarda ÖzMU falsafa fakultetida bakalavr, 2003-2005 yillarda şu fakultetning magistraturasida öqib, zamonaviy ğarb falsafasi va tarixi magistri darajasini olgan. 2005-2007 yillarda ÖzMU va Özbekiston Yozuvçilar uyuşmasi qoşidagi Oliy Adabiyot kursi tinglovçisi bölgan. 2016 yilda AQŞda “I left poetry” (“Men şeʼriyatdan ketganman”) kitobi ingliz tilida naşr etilgan. Asarlari yigirmadan oşiq tillarga ögirilgan va xorijiy mamlakatlarda naşr etilgan. Yozuvçi 2019 yili Qozoğistonda Mağjon Jumaboy nomidagi xalqaro yoşlar adibi mukofoti laureati bölgan. 2021 yilda Hindistondagi Ona Tereza Tinçlik mukofoti berildi. U hozirda Moskvadagi yozuvçilar şaharçasi — Peredelkinoda yaşab ijod qilmoqda.
TALVASA
(Hikoya)
Öşa yilgi bahor nihoyatda seryoğin va sertaşviş kelgandiki, buni biz keyinçalik ham köp yillar davomida eslab yurdik. Onda-sonda quyoşli kunlarni aytmasa, ertayu keç mayda şivat yoğar, osmon va yerni allaqanday quyuq rutubat qoplar, baʼzida esa tösatdan yomğir şunaqangi şarros quyardiki, qoçib yaşirinişga joy topolmasdi, kişi. Örmon etagidagi qişloğimiz ustidan biz baʼzan yirik-yirik döl savalab ötayotganligini, tomlarning takillaşi göyo birov noğora çalayotgandek taassurot qoldirib, köça-köydagi ariq va kölmakçalarning içi xuddi qor yoqqandek oppoq jala qumaloqlari bilan tölib-toşganligini, çorçöp derazalarning surunkali yomğirdan moğor bosib ketgan uniqqan romlari içidan jimgina kuzatib ötirardik. Kulrang sur bulutlar ortidan gohida quyoş möralab qolganda biz iskanalik böz yigitlar endilikda botqoqqa aylana boşlagan loyşang köçalardan kirza etiklarda keçib ötib, qişloq çoyxonasiga yiğilardikda, hammamizning umrimiz özanlariga balo-qazodek bostirib kelayotgan allaneçuk nomaʼlum va ğayritabiiy ofat xususida soatlab muhokama yuritardik. Yöq, gap faqat töxtovsiz yoğayotgan yomğirda emasdi, yon-atrofi baland toğlar bilan öralgan bu ölkalarda köklamning goho şunday kelişi, qadimgi sinoptiklarning bizning davrimizgaça yetib kelgan memuarlarida bot-bot takrorlangan, biz bunga deyarli könikib ham ketgan edik. Hamma gap örmon şarqidagi yalanglikda joylaşgan qişloq qabristonidan yangi kömilgan mayyitlarning yöqolayotganligida edi. Biz buni qişloqdagi qari tegirmonçining vafotidan keyinoq bilib qolgan bölsak-da, rahmatli tegirmonçidan keyin ham vafot etganlarning taqdiri şunday intiho topganligini ilğab tursakda, jabrdiyda va muşfiqa qariyalarning yuvib-taralgan kafandiyda mayyitlari qabriston tuproğidan yer yutgandek ğoyib bölayotganligi sirini hali-hanuz tagiga yetib ulgurmagan edik. Ilgarilari biz çoyxonalarda yiğilganimizda narda öyinlaridan qöllarimiz böşamasdi, samovardan çiqqan otalarimiz uzzukun qarta taşlaşdan nariga ötmasdi, qişloğimizning ğiybatçi xotinlarini tillari ğiybatdan çarçamasdi, endi esa, hamma-hammamiz, xuddi avvaldan gipnoz qilingandek, qabristondan mayyitlar yöqolişi mavzusi tevaragida fikr yuritardik, umr ğaladonimizning qum soatlari şu vahima çarxpalagida aylanardi bundan bu yoğiga hayotimiz qanday keçişi haqida öylarkanmiz, bamisoli arvoh taʼqib qilayotgandek, biz hatto oqşomlari bu töğrida gapirişga ham çöçirdik. Bu qörquv va vahima suroni, bizning qalbimiz va mentalitetimizga şunçalik kirib borgan ediki, bu hol, qaçonlardir kolxoz davridan qolib ketgan eski şiyponda, katak kamzul kiygan poytaxtlik kişilar olib kelib körsatadigan vampirlar haqidagi kinolardan ham köra, bizning ongimiz va özligimizga battaroq taʼsir körsatib, yuragimizga vahima va ğulu solardi. Qabristondan mayyitlarning yöqolişi siri xususida uzoq mulohazalar yuritaverganimizdan, aniq mantiqiy mulohaza layoqatiga asoslangan fikr va taxminlar şunçalik köpayib ketdiki, biz ularning qaysi birlariga işonişni ham bilolmay hayron edik. Bu bamisoli qadimgi yunon faylasuflari davrida yuzaga kelgan plyuralizm va köp fikrlikning özginasi edi-ki, ularga köra, hamma gap yilning seryoğin kelişi tufayli, mayyitlar tanasi yomğirda ivib, uç unsur – olov, suv va havoning taʼsirida törtinçi unsur bölgan tuproqqa ilgarilarga qaraganda tezroq qöşilib ketayotganligida emiş; soğlom fikrli yana boşqalarning aytişlariça, bu yumronqoziqlar va dala kalamuşlarining surunkali yomğir tufayli yer ostidagi ozuqalari tamom bölganidan va yer ustiga çiqib ozuqa ğamlaşning imkoni yöqligidan, çor-noçor, qurt-qumursqalarning doimiy ozuqasi bölmiş mayyitlar tanasini isteʼmol qilişga majbur bölayotganligida emiş; baʼzi qariyalarning eskilik sarqitlariga yöğrilgan mujmal mulohazalariga qaraganda, qişloq Xudoning qahriga uçragan emiş; ular yana komil işonç bilan taʼkidlardilarki, agar buning sabablari aniqlanib, şoşilinç çoralar körilmasa, hali bu kunlarimiz ham holva bölib qolarmiş… Lekin tez orada biz aslida nima bölayotganligini miridan sirigaça bilib oldik. Bu haqiqatdan ham azaldan qişloq qariyalari işonib keladigan qora jinlar tödasi ekan. Ana şu kezlarda qişloqdan çiqib qolgan folbin xotin, kölmak va loyşanggarçilikning sirğançiq göşalari itbaliqlar va çuvalçanglar bilan tölib toşgan çorşanba kunlarning birida, bu haqiqatni hammaga baralla oşkor qildi:
— Quyoş girdini zulmat qopladi, örmon va qabristonda qora jinlar izğib yuribdi, – dedi u paxmaygan soçlari orasidan mahzub közlarini xaloyiqqa tikarkan.
Şundan söng uning özi birinçilardan bölib taşabbus körsatib, qişloqni gir aylangança şamçiroqlar yoqiş bilan birgalikda, qöliga oq va qora kaltak tutgança jinlarni haydaş amaliyotini bajardi. Biz bu maşʼum haqiqatni anglab yetganimizdan söng qişloqda ğalati hodisalar sodir böla boşladi. Ana öşanda eski hikmat sirini biladiganlar köpayib ketdi, ana öşanda, qizil xörozlar va qora qöçqorlar haqidagi gaplar çiqdi. Folbin xotin suvaraklar izğib yuradigan va örgimçaklar uya qurib olgan göşanişin uyida sopol kosadagi azal suviga qarab fol oçarkan, undan najot sörab kelayotgan xotinlarga yaqin örtada qora jinlar yetkazişi kutilayotgan olamşumul zarardan asraşi uçun qalampirmunçoqlar va sumbil hidi kelib turadigan tumorlarga duo öqib berardi. Biz ezgin yomğirdan şalabbosi çiqqan folbin xotinning köçasidan ötib ketayotganimizda qizil xörozlar quçoqlab va qora qöçqorlar yetaklab olgan odamlarning uzun qatorlarini körardik, folbin xotin esa özining muroqabaga berilgan öyida, jinlar tajovuzidan asrovçi qora qöçqorlar va qizil xörozlarning son-sanoqsiz adadlari xususida ğaroyib follar oçardi. Öşa kezlarda odamlar şunçalik vahimaga berilgan ediki, çöqqisoqol qişloq imomi juma namozidan keyin xalqqa murojat qilmagunça, biz bu vahima talvasasining qanday qilib oldini oliş mumkinligi xususida deyarli boşimiz qotib qolgan edi. Imomning komil işonç va notiqlik ruhi ufurib turgan maʼruzasidan tuşunganimiz şu böldiki, muqaddas kitoblarda garçi jinlar borligi eʼtirof etilgan bölsada, folbinlarga işoniş qatʼiyan man etilgan ekan. Şuning uçun jinlar haqidagi asosiy gaplarga u qadar işonmasligimiz zarur emiş. Lekin işonmay bölarkanmi?! Qişloqda heç bir zamonda bölmagan ğalati voqealar röy berayotgandi. Kaltakesaklar xurmo daraxtlarining tanasiga yopişib olgan öşa yomğirli kunlarda qişloqda navbatdagi tahlikali xabar yangradiki, biz folbin xotinning sözlari haqiqatdan yiroq emasligiga batamom amin böldik. Oqsuvdaryo böyiga keçga yaqin suv olib kelişga tuşgan yoşgina kelinçak tösatdan yöqolib qoldi. Şundan keyin uni qişloqning tizza böyi keladigan loyşang köçalaridan ham, ufqqa tasmadek tutaşib ketgan Oqsuvdaryoning sohillaridan ham, moyçeçaklar ösib yotgan örmondan ham – heç qayerdan topa olmadik. Folbin xotin çorşanba kunlari eʼlon qiladigan follarida uni qora jinlar olib ketganligini yana bir karra tasdiqlagaç, biz qora jinlarning qabristondagi bazmi jamşidlari endi qişloqqa köçib ötişi mumkinligini anglab yetdik. Ana şundan keyin qişloqdagi odamlar bitta-bitta bildirmasdan köçib keta boşladi. Qişloq qariyalari esa ommaviy ravişda, yalanglikdagi qabristonda öz xoklarini qöyilişiga qarşi çiqa boşladilar. Öşanda endi vafot etiş arafasida turganlar öz vasiyatnomalarida ölgandan keyin patmurda mayitlarini qişloq qabristoniga qöymaslikni vasiyat qilişar, hatto bundan köngillari töq bölişlari uçun şahar notariuslarida qonunan tasdiqlatib kelişni odat tusiga kiritişdi. Öşa paytlarda şunaqangi vahimali gaplar tarqagandiki, biz, soğlom fikrli insonlar, maydalab yoğayotgan yomğirdan qoçib, çoyxona ayvonida töplanib olgan kuni, kelajak töğrisida hal qiluvçi qaror qabul qiliş uçun uzundan-uzoq muhokamalar yuritardik. Albatta hamma gaplarga ham işonib bölmasdi. Garçi qişloqdagi köpçilik oilalar bu ommaviy vahimaning talvasaga soluvçi qudratidan esankirab, allaqaçon bu yerlardan köçib ketiş taraddudini körayotgan bölsa-da va allaqaçon hammaning közini şamğalat qilib imi-jimida köçib ketganlar ham uçrayotgan esa-da, biz bu – Xudo qarğagan göşada oxirigaça qolişga qaror qilgandik. Qişloqdan şunça kişilar köçib ketayotganligi yetmagandek, biz iyunning boşlarida qişloq oqsoqolining ham heç kimga bildirmay, bizni taqdiri ilohiyning adadsiz yozuğiga taşlagança, yarim tunda butun laş-luşlarini olib köçib ketganligini sezib qoldik. Ana öşanda biz qişloqdagi tartibni öz zimmamizga olişga, ming yillardan buyon yaşab kelayotgan qavmlarimizni ommaviy migratsiyadan saqlab qoliş uçun amaliy çoralar körişga majburiyat sezdik. Eng dastlabki qilgan işimiz qişloqda tartibni saqlaş uçun favqulodda holat eʼlon qilib, maxsus komissiya tuzib, mauzerlar bilan qurollangan guruh jönatişini sörab, hukumatga xat bilan murojaat qildik, ungaça ov qurollari bilan qurollangan qişloq mudofaa armiyasini tuzişga qaror qildik. Bu çora-tadbirlarimiz bizga iş bermasdan qolmadi. Avvalo, biz zörlik işlatib bölsa-da, qişloqdan köçib ketişni taʼqiqlab qöydik. Bu işimiz uçun bizning talabimizga köra, tuman markazidan kelgan maxsus ekspertlar guruhi bizga yana bir bor çuqur taşakkur bildirib, ommaviy gallyutsinatsiyaga berilmaganimiz uçun har birimizning nomimizga rahmatnomalar eʼlon qilişdi. Ekspertlar – ikkita harbiy kişi, bir detiktiv, bir psixolog, ijtimoiy antropologiya mutaxassisi hamda “Kitob tongi” gazetasi muxbiri va fotografidan iborat ediki, biz ularning mauzerlar bilan qurollanmasdan kelganligiga hayratu nadomat bilan boqib, garçi ulardan biron iş çiqişiga közimiz yetmasa-da, noiloj ularni hafta mobaynida kuzatib yurişga majbur böldik. Ular qabristondagi yölaklarni tekşirişar, jinlar oçib taşlagan mozorlarni suratga olişar, qişloq ahlini qandaydir almisoqdan qolgan anketalarni töldirişga majbur qilişar, asr namozlarida imomdan söng nutq sözlab, kundalik axborotlarni biz bilan bölişişar, xullas jinlarni inkor etişga urinişib, bizning ensamizni qotirişardi. Haftaning oxirlarida öz işlarini yakunlagan ekspertlarning alal-oqibat xulosasi şu böldiki, buni eşitib köpçilik hayratdan yoqa uşladi. Ekspertlarning aniqlaşiça, qabristondagi holat, qişloqning daydi itlarining işi bölib çiqdi. Ekspertlar oçilgan qabrlar atrofidan bir neça sayoq itlarning izlarini topişib, ularni video va fotokadrlarda muhrlaşdi. Ayrim itboqarlar bu örmon börilarining işi deb çuvvos solişgan edi, ekspertlar izlarni qayta örganişib, bu hatto qişloqdagi qaysi itning işi ekanligigaça aniqlaşdi. Şundan söng itboqarlarning holiga maymunlar yiğladi. Ertasigayoq tuman markazidan kelgan qurollangan guruh uyma-uy yurib, itlarni otişdi. Zotdor itlarni yaşirişga uringan ayrim itboqarlarga eng kam iş haqi barobarida jarima ham solindi. Öşa kunlari biz köça-köyda itlari öligini kömişga olib ketayogan jabrdiyda it egalarining mahzun qiyofalarini tomoşa qilib yurdik. Öşanda örmonning şimoliy-şarqiy tomonida itlar qabristoni oçilganini eşitdik. Baʼzi it işqibozlari özlarining itlari şarafiga qabr toşlari ham yozdirib kelişgandi. Öşa qabr toşlarida, “bu yerda janob Tuzik yotibdi”, yoinki, “janob Şarikning mangu oromgohi” kabi ohangjamali sözlar bitilgandiki, beixtiyor it egasining holiga qarab, közingizga yoş qalqirdi. Haqiqatan ham iyunning uçinçi çorşanbasiga qadar qişloqda bironta ham it qolmadi. Öşa it qirğinidan keyin biz keçalari qişloqda bironta ham it hurişini eşitmadik. Qoronğu yulduzli osmon ostida, uzoq-uzoqlardan şamol daraxtlar şoxini siypalar, qarağay novdalari ğiyçillab ovoz çiqarardi. Ilgari itlarning hurişiga örganib qolgan qişloq endi tunlari Oqsuvdaryoning şovillaşi-yu, hali-hamon yoğayotgan yomğirdan moğor bosib ketgan örmon daraxtlarining şamolda ğiyşillaşini aytmaganda, deyarli şovqinlardan xalos bölgandi. Darvoqe, endi biz keçalari allaqayerdagi devor kovaklariga berkinib olgan qora çigirtkalarning çirillaşi-yu, qişloq atrofidagi kölmaklarda tanda qöyib olgan qurbaqalarning qurillaşinigina eşitardik. Itlarning ovozi butunlay öçgandan söng, biz hammamiz endi erkin nafas olib, ekspertlarning xulosasiga deyarli işongan ham edikki, tösatdan işonçlarimizga yana putur yetdi. Hisor örmon xöjaligining toğ bilan tutaşib ketgan çekka hududlariga bundan bir oy muqaddam ovga jönab ketgan Qurbon ovçi qaytişda itlar qabristonining oçib taşlanganligiga guvoh bölibdi. Şundan söng biz ekspertlarning xulosasi köp ham töğri bölmaganligi haqida muhokama yurita boşladik. Folbin xotin oxirgi körgan follarining birida qora jinlarning itlar qabristoniga köçib ötganligini başorat qildi. Allaqaçon yoz kirib kelayotganiga qaramay, yomğir hamon tez-tez yoğar, dafn marosimlarida görkovlar qabr qazişga qiynalişayotganligidan şikoyat qilardi. Öşa kunlari taqdiri ilohiyning yozuğiga binoan qişloqda bir ayol kişining taʼziyasini ötkazişga töğri keldi. Oçiği, bu ayol mening bölajak umr yöldoşimning onasi edi. Görkovlarga qabr qazişga yordam bergani borganimizda biz örmon etagidagi itlar qabristoni haqiqatan oçib taşlanganligini, hatto yangi oçilgan yalpi uy hayvonlari qabristonidagi yakkayu yagona eşak mayyitining ham yöqolganligini kördik. Biz yana, moğor bosgan örmon daraxtlari ostida ösib yotgan moyçeçaklarning payhon qilib taşlanganligini qandaydir jinlarning izlari töğri Oqsuvdaryoga tutaşib, izsiz yöqolganligini kördik. Örmon janubidagi yalanglikda yetib borarkanmiz, qişloq qabristonining ufunat hukm surgan huvillab yotgan manzaralarini, qatorasiga oçilib yotgan qoronği görlarning oğzini kördik. Ana şunda biz özimizni faqatgina özimiz himoya qilişimiz zarurligini tuşunib yetdik. Qurbon ovçining çaqiriğiga binoan qişloq çoyxonasida Iskanadagi manaman degan barça erkaklar, xotin-xalajlar, çolu-kampirlaru mişqi bolalargaça – barça-barçasi yiğilişdi. Ança zamonlardan buyon, töğriroği, bir paytlar xotini taşlab ketgandan beri odamovi bölib qolgan Qurbon ovçining dafʼatan bunday faollaşib qolişi hammamizni hayratga soldi. U ilgaritdan uzoq-uzoq hududlarga oylab ovga çiqib ketar, qöni-qöşni, mahalla-köyga qöşilmas, biroz jizzaki va aytgani-aytgan odam edi. Uning aynan şunday feʼli uçun ham xotini bitta bolasi bilan ketib qolgan, Qurbon ovçi esa, öşandan buyon boşqa uylanmagan, odamlardan butunlayga uzilib ovda yurgani yurgan edi. Şuning uçun ham biz uning tösatdan hammamizni çoyxonaga çorlab çaqirganini eşitib, bu yerga töplandik. Çoyxona maydonida yelkasiga uzun ov miltiğini qöndirgan, qora yaktak kiygan şopmöylov Qurbon ovçi qavmlarimizga xuddi masjid imomi kabi nutq irod qilardi:
— Biz hammamiz bir joy kişilarimiz, tirigimiz va öligimiz bir zamin ustida hamda bir zamin ostida bölajak! Men har doim özimizni faqat özimiz himoya qilişimiz kerak deb hisoblayman. Heç qaçon taşqaridan madad kutişimiz kerak emas. Qanday kuç bölsa, faqat öz içimizdan olişimiz zarur. Men öylaymanki, Iskanada hali mard yigitlar köplab topiladi. Men yana şunga işonamanki, qabristondagi mayyitlarning yöqolişi folbin xotin aytganidek, qandaydir jinlarning işi emas. Buning ruhiy narsa emasligiga mening işonçim komil. Qadrli iskanaliklar, bugun qişloğimizda bir muşfiqa ayol vafot etdi. Uning xokini tunlari qabristonga borib navbatma-navbat borib qöriqlaylik. Toki mayyitlar nima uçun ğoyib bölayotganligining tagiga yetaylik, bolalarimiz oqşomlari tinç uxlasin! Birinçi navbatçilikka men bilan kimlar borsa, marhamat oldinga çiqsin…
Qurbon ovçi şunday deya gird-atrofini örab olgan olomonga qaradi. Odamlar orasida “qiy-çuv” boşlandi. Qariyalar yuragida öti bölgan yoş yigitlar çiqsin örtaga, deb çuvvos solişardi:
— Biz sizlarday paytimizda ölimga ham tikka ketaverardik. Sizlarni qaranglaru, – dedi ular. Bir barzangi erkak:
Men hoziroq Qurbon ovçiga qöşilib ketardimu, keçqurun “gorçişnik” olayapman-da, ozroq şamollab qolibman, – dedi.
Yana bir domongir erkak aytdiki, uning közlari keçqurun yaxşi ötmas ekan, yöqsa, birinçilardan bölib özi yöl boşlab borar ekan. Yana kimningdir oyoği simillab oğrirkan, hoziroq uyga qaytib, vazelin surtmasa, yurolmay qolişi mumkin emiş. Yana bir kişi endi boraman, deb turganida, köngli aynib, bir çekkaga ötib qayt qila boşladi. Tuşlikda eskirgan ovqat yeb qöyganini, xotini tezda uyga olib ketmasa, bölmasligini aytdi. Ana şunday talatöplar içida bugun onasi vafot etgan bölajak rafiqamning menga umidvor nigohlar bilan qarab turganligiga közim tuşib qoldi. Yöqsa men ham tösatdan nafasi qisib qolgan qöşnimizga yordam körsatiş bahonasida bu yerdan tezroq ketişni közlab turgandim. Lekin u menga nigoron qarab turardi. Şunda men qanday qilib Qurbon ovçining oldiga çiqib borganimni bilmay qoldim. Ovçining parrixta közlari yaşnab ketdi. Baquvvat kaftlari bilan mening yelkamga şapatilab urib qöyarkan, atrofdagilar şov-şuvni tugatişib, meni olqişlab qarsak çalişardi. Davrada paydo bölganligimni körgan hammaslak oğaynilarim birin-ketin davraga çiqib kelişdilar-ki, birpasda bugun qabristonda navbatçilikka boradigan yetti kişilik guruh yiğildik. Tez orada bu guruhga Qurbon ovçining özi boşçilik qilişi oydinlaşib qoldi. Hammamizning yelkalarimizda ön olti kalibrli ov miltiqlarimiz bor edi. Biz jönab ketarkanmiz, butun qişloq ortimizdan kuzatib qoldi. Odamlar suronidan uzoqlaşib muyulişga qadar yetib borarkanmiz, men ortimdan bölajak rafiqamning ham kuzatib turganligini his qilardim. Men yana şuni his qilardim-ki, biz hammamiz Qurbon ovçi boşçiligida buyuk qahramon bölib qaytamiz, qişloq ahli bizni ustimizga moyçeçaklar soçib qarşi oladi. Şunday xayollar oğuşida yurib borarkanman, atrofga tun quyulib kelayotganligiyu, masjid imomining xufton namozida bizniham duo qilayotganligini xotirdan ötkazardim. Qurbon ovçi imillamasdan tezroq yurişimiz kerakligini aytdi. Zero, qoronğulik tobora quyulib kelardi. Iskanadan çiqib Oqsuvdaryo yoqalab örmon yölagiga çiqiş uçun oldinma-ketin qadam taşlab borarkanmiz, Qurbon ovçidan taşqari, hammamizning yuragimiz tez-tez urar, qörquv va vahima talvasasida otişga tayyorlab qöyilgan miltiqlarimizni mahkam siqib uşlab olgandik. Qurbon ovçi oldinda yöl boşlab borar, yölakdagi örmon butalari yuzlarimizni tilib ötar, bir-birimizdan ortda qolmaslik uçun ovçining ortidan şoşilinç yurib borardik. Itlar qabristoniga yetganimizda, Qurbon ovçi fonarlarni yoqişga ruxsat berdi, şundagina könglimiz sal joyiga tuşdi. Uning özi esa itlar yotgan qabrlarni birma-bir tekşirib çiqarkan, nihoyat, oldimizga qaytib kelib, oğzi oçilmagan bironta ham itning qolmaganligini aytdi.
—Tezroq yalanglikdagi qabristonga yetib borişimiz kerak, – dedi u.
Biz esa uning oldida qörquvdan dağillab turarkanmiz, hammamiz iç-içimizdan bu yerga kelganimizdan afsus-nadomatlar qilardik. Yarim soatlar ötar-ötmas, örmon şarqidagi yalanglikka çiqib, janubga qarab yura boşladik. Bu yer örmon zimistonidan ham köra qörquv va vahimaga töla edi, zero, biz qabristonga kirib borardek. Oy, bulutlar orasida gumdon bölgan, doimgidek mayda şivat sevalardi. Qurbon ovçi özining qaysar odatiga köra:
— Heç kim fonar yoqmasin, öljamizni eʼtiborini tortmaylik! – dedi.
Biz garçi, döppaygan mozorlarga töqişib, surinib, Qurbon ovçining ortidan asta-sekinlik bilan yurib borayotgan bölsak-da, hali zamon yuragimiz yorilib, ölib qolsak kerak, deb öylardik. Nazarimizda Qurbon ovçiga hammasi baribirdek edi. U ufunat hukm surgan mozorlar oralab, öziga qulay joy qidirarkan, biz uning ortidan kelayapmizmi-yöqmi, işi ham yöqdek edi. Nihoyat, u bir joyda töxtab miltiğini yerga qöydi-da, özi ham emaklagandek yerga çökkalab oldi. Biz ham unga taqlid ölaroq, uning yon-atrofida çökka tuşdik. Lekin biz nimaga bunday qilayotganligimizning mohiyatiga hali-hanuz tuşunib yetmagan edik. Biz hozir jinlar keladi-yu, Qurbon ovçini ham, unga işonganimiz uçun bizning ham jonimizni oladi, şu bilan biz ertangi kunlarni körmasdan bevaqt hayotdan ötib ketamiz, deb öylardik. Hammamiz şunçalik titrardikki, yonimizdagi Qurbon ovçining parvo ham qilmasdan şivat yoğayotgan maysalar uzra pusib ötirişini körarkanmiz, etlarimiz muzlab, taqdiri ilohiyning peşonamizga yozgan yozuğini kutib ötirardik. Yomğir erinmay maydalar, kiyimlarimizga nam siza boşlagandi. Lekin biz örnimizdan turişga qörqardik, zero bunday qilişimiz hamonoq, bizga jinlar kökdan uçib kelib, kötarib ketişi mumkindek, yuragimizni talvasa bosardi. Nihoyat qabriston tomonga qandaydir vahimali şovur kela boşladi.
— U kelayapti, – dedi Qurbon ovçi miltiğini otişga tayyorlarkan.
Qurbon ovçidan bölak, biz hammamiz örnimizdan qanday qilib turib ketganimizni bilmay qoldik. Bir soniya içida hammamizning vujudimizni quyuq ter bosdi. Qandaydir uzun qora narsa vaşşillagan köyi, yangi kömilgan qabr tepasiga ulkan bir şaşt bilan bostirib, yopirilib kela boşladi. Şunda içimizdan kimdir öşa tomonga fonar yoqdi.
— Fonarni öçir, – dedi Qurbon ovçi unga. Fonar yonib öçgan hamonoq, biz uni folbin xotin aytganidek, heç qanday jinlar tödasi emas, balki, bahaybat ilon ekanligini kördik. Ulkan ilon fonarni yoqib-öçirganimizni sezgan hamonoq, biz tarafga burildi. Şunda Qurbon ovçi unga qarata birinçi öqni böşatdi. Öq varanglab, ilonning naq köksiga tegdi şekilli, u ğalati va ğayritabiiy ovozda şunday çinqirdiki, uning ovozidan ötakamiz yorilib, orqaga – kelgan yölimizga qarab qoça boşladik. Şunday çopib borardik-ki, ortimizdan Qurbon ovçining ulkan ilonga qarata öq uzayotganligini, uning yuraklarimizni suğurib olayotgandek ötkir çinqiriğini eşitardik. Avval yalanglikda, söng örmon yölaklaridagi itlar qabristoniaro, undan keyin esa Oqsuvdaryo va qişloq oralab yugurib borarkanmiz, biz adoi tamom bölgandik. Öqlangan ön olti kalibrli miltiqlarimiz ham allaqaysi görga tuşib qolgan, yarim oqşomgi şivat ostida uylarimizga halloslab-halloslab kirib kelarkanmiz, ota-onalarimiz bizga uçoq qozonlarning qora kuyasini içirardi. Zero, dunyo-dunyo bölgandan beri, biz ham bunday katta va ulkan ilonni körmagan edik. Hamma vahima va qörquvlarimizning sababçisi, öliklarimizni xörlayotgan manxus maxluqning sovuq aft-angorini bir bor kördig-u, uning ayançli çinqirişini yuragimiz qatlaridan ötgazdig-u, bu hol, uzoq yillar bizning xotiramizda muhrlanib qoldi…Ertasi kuni biz, qişloq ahliga ulkan ilon haqidagi gaplarni aytib berdik. Şunda bizning oramizda faqat Qurbon ovçining yöqligi eʼtiborimizni tortdi. Tuşga yaqin tuman markazidan öşa, itlarni otiş kunlari kelgan qurollangan guruh yetib keldi. Ana öşanda biz, garçi uç-törttamiz allaqaçon ortiqça vahimadan jonlantiriş bölimlarida qattiq nazorat ostida davolanayotgan bölsa-da, özimizni bosib olib, qurollangan guruhga ergaşgança, olomon orasida keçagi körsatgan jasoratlarimizni asta-sekinlik bilan hikoya qilib borardik. Unga köra, ulkan ilon bizga qanday taşlangani, miltiqlarimizni yutib yuborgani, özimiz uning çangalidan qanday çiqib ketganimiz, uni yaralaganimiz va boşqa jasoratlarimizni birimiz qöyib, birimiz aytib berardik. Ammo örmon şarqidagi yalanglikka çiqqanimizda, hammamizning qoçayotganimizda tuşib qolgan miltiqlarimizni topib olganimizda, bu haqda bizga savol nigohi bilan boqqan kişilarga lom-mim demay, gapni çalğitişga urindik. Qabriston hovlisiga kirib borayotganimizda, örmon qarğalarining bir galasi duv etib osmonga kötarilganligi eʼtiborimizni jalb qildi. Qarğalar kötarilgan yerda bahaybat ilon va uning buralgan dumlari orasida Qurbon ovçi ölib yotardi…
