Hasratim tinglaydi endi daraxtlar

Islomjon QO'ChQOROV
Muallif haqida:
Islomjon QO'ChQOROV — Samarqand viloyatida tug'ilgan. O'zbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakultetida tahsil olgan. Hozirda mudofaa vazirligining markaziy matbuot nashri – “Vatanparvar” gazetasida faoliyat yuritadi. “Birinchi kitobim” loyihasi doirasida “Seni izlayman” nomli kitobi nashr etilgan. O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.
BOBOMNING NIGOHI
(Normamat bobom xotirasiga)
Bobo, tushlarimga kirasiz takror,
Nigohingiz savol – tig'day dil teshar.
Shundoq ham ko'ksimning yamoqlari bor,
Shundoq ham yamoqqa to'la-ku bashar.
Bobo, nigohingiz o'tga tutashdir,
Bunga dosh bermoqqa topilmas imkon.
Farzandlar… ko'rdingiz ko'rgani tashdir,
Ko'ngilga yetmasdan sovib qolgan qon.
Siz qurgan uylarni buzdik tunov kun,
Ichim ich-ichidan bo'linib ketdi.
Qulog'im ostida ingradi bir un,
Momom ko'zlarimga ko'rinib ketdi.
Ay, momom, yuzidan oftob nur olgan,
Bir umr eshikka termulgan dilgir.
Ko'klamdek bir kelib, keyin yo'qolgan
Kenjasi qoshida aylangan gir-gir.
Bobo, tushlarimga kirasiz takror,
Nigohingiz savol – tig'day dil teshar.
Men o'ylab olguncha hech yo'qsa bir bor
Aylanmay tursa-chi bu yumaloq shar.
SENI IZLAYMAN
Garchi navosidan ayrilgan qushman,
Sensiz bog'larimda sassiz bo'zlayman.
Ishqing sharobidan mudom sarxushman,
Seni izlayman.
Bilaman, sen ham shu shaharda dalli
Devona yuribsan mastona bo'lib.
Kutaman xabaring kelgan mahali
Ko'nglim bilan birga ostona bo'lib.
Netay xabaring bor, xushxabaring yo'q,
Ishqsiz davralarda ishqdan so'zlayman.
Vujudimda olov, ko'zlarimda cho'g',
Seni izlayman.
Bo'lmagan hech qachon ishqning holi hal,
Avji saratonda axir muzlayman.
Dunyo kaftimchalik toraygan mahal,
Seni izlayman.
O'shanda bor bo'lgin, yo'llarimga chiq,
Sog'indingmi, degin, sog'indim, degin.
Ketganing – shu ko'nglim ko'zimdek ochiq,
Sensiz yashashga ham og'rindim, degin.
Unutdingmi, dema, dema hech bir so'z,
Ko'zlarimga tikil, neni so'zlay man.
Kelaring chin bo'lsa, qo'llaringni cho'z,
Dunyo dunyo bo'lgan kunidan beri
Seni izlayman,
Seni izlayman.
DARAXTLAR
Sizning davrangizga yo'q menda bardosh,
Soppa-sog' ko'ringan karlar, karaxtlar.
Men o'zimga topdim yangi suhbatdosh,
Hasratim tinglaydi endi daraxtlar.
Ha, ular jimgina osgancha quloq
Gohida shovqinsiz tebranib qo'yar.
“Elkadosh” do'stginam, ahvolimga boq,
Yiqilsang daraxtlar beminnat suyar.
Daraxtlar quyoshga intilib o'sgan,
Marra qilib olgan nurni, ziyoni.
U tashlab ketmoqchi bo'layotgandek
Odamlari mehrsiz, olchoq dunyoni.
Uning xayollari ko'kka yetadir,
Yulduzlar saylida yuradi xushhol.
O, mash'um o'tmishim ta'qib etadir,
– Men ketdim, yulduzim, xayr, yaxshi qol…
Daraxtlar – suhbati oromijonlar,
Taskin axtarurman sizdan ehtimol.
Boshimda tegirmon aylangan onlar,
Bir sizga yukindim, qildim dardihol.
Xo'rsindim, oh urdim va shunda sizning
Angladim tashvishli titrog'ingizni.
Men uchun har kuzda bandidan uzib
Ko'zyoshdek to'kdingiz yaprog'ingizni.
Daraxtlar – suhbati oromijonlar…
* * *
Sochlaring jingalak,
sochlaring chalkash,
Betartib umrimning ko'chalariday.
Anov ikki ko'zing buncha jafokash,
Qop-qora zulmning kechalariday.
Izingda gul unar, poyingga yulduz
O'zini otashga otgandek tashlar.
Bo'g'zimda jon taslim qilayotgan so'z
Jonim tarashlar.
Endi bu yerlardan o'tmagin qaytib,
Sarmast ko'chamizning ko'zlari giryon.
U kutar baribir ismingni aytib,
Sog'inchi bir yonu… sog'inchi bir yon.
Qol desam ne bo'lar, qolasanmi yo?
Baxshida et desam kecha-kunduzing.
Ostin-ustun bo'lib yotibdi dunyo,
Tartibga keltirib bersang-chi o'zing.
Tovonim – shu jonim, ista o'tda yoq!
Bir boshga og'irlik qilar bojlaring.
Hajring dorga boshlar, qarshimda sirtmoq –
Jingalak sochlaring, qora sochlaring.