«Armonim bittadir, O'zbekistonni Ishonchli qo'llarda ko'rib o'lsam bas…»
Geldi BERDIYEV
BAHOR QAYGA KETDI ODAMLAR?
Nimdosh dala, bo'm-bo'sh, yalang'och,
Quyosh nuri – qaynayotgan sut.
Olis ufq hansiraydi och,
Lolazorim, sen qayda unut?
Yuragimga hamohang damlar,
Bahor qayga ketdi odamlar?
Men izlayman mangu yashillik,
Adirlardan topmadim nishon.
Cho'kib ketdim bag'ringga bo'shliq,
Rangsiz osmon buncha parishon!
Qayga ketdi qirdagi namlar,
Bahor qayga ketdi odamlar?
Halqob ko'ldek ko'zim kosasi,
Javlon urar unda yulduzlar.
Sen qaydasan umrim bahosi,
Qaylardasan men kutgan ko'zlar.
Siz qaydasiz alvon gilamlar,
Bahor qayga ketdi odamlar?
Yolvorurman topib bering deb,
To'zonlarda qolmay yoz bo'yi.
Termulayin yuziga to'yib,
Cho'qqilarda yig'lagan ko'yi.
Yoshligim deb atalgan damlar,
Bahor qayga ketdi odamlar?
TAROZI
Uni yaratdilar odamlar o'zi,
O'g'rilikka qo'yamiz deb chek.
Ba'zida nafs uchun qo'ydilar buzib,
Yana uyalmasdan saqladilar kek.
Tarozidan urmang, doim teng qiling,
Uchramasin hargiz bizga nosozi.
Odamlar, Olloh bor, hamisha biling,
Qo'lingizda turar dunyo – tarozi…
HAYRAT
Ulug' Alisherni yaratgan ona,
O'zingsan tabiat, ey dono hayot.
Olam tepasida goh Hayyomona,
Ruboiy o'qiding, o'qiding bayot.
Bunchalar ulug' deb she'r ilohasi,
Jomiy qarshisida tahsin aytdim jim.
Bunchalar buyuk deb hayot dahosi.
Men yoqa ushlayman ular yonida,
Ular bir tog' erur, ular bir hayrat.
So'ng hayron qolaman she'r chamanida,
Mendek havaskorga zormiding hayot?!
QUYoSh
Necha yoshga kirgan, muammo,
Hisob to'g'ri kelmas umriga.
Balki shundan boshlangan dunyo,
Balki shundan jon kirgan yerga.
Hech shubhasiz uning umridan,
Bosgan yo'li ko'pdir ming bora.
Abadligin sababi ayon,
Adashmaydi yo'lidan sira.
YoMG'IR
Tomchilab turgan yomg'ir,
Senda bahor hidi bor.
Qismat seli ko'p og'ir
Umr esa beqaror.
Kim kechani o'ylasa,
Birov so'ylar ertani.
Kim ishonib kuylasa
Chiqar baxtni kutgani.
Ikkisi ham xotira,
Ikkisiga sharaf-shon.
Kimga ikkisi sira
Bo'lmagani-chi yomon.
Meni esa har nafas,
Savalab tur, yomg'irjon,
Shunday ekan hozir bas,
Yomg'ir, senga sharaf-shon.
Chunki yomg'ir ichida
Ko'rdim o'zimni bu kech.
Zarra-zarra tomchida
Nasibam bor bir hovuch…
SUHBAT
— Otashlarda yonmagin o'g'lim,
Umring menga umrimdan qimmat.
— Oh onajon, qanday yuray jim,
Nega ba'zan uchrar xusumat?
— To'lg'onmagin, tinchlan, jigarim,
Umring menga umrimdan aziz.
— Samanimda yo'q-ku egarim,
Qachongacha jim yuramiz biz?
— Nega senga yonmoq, oh urmoq,
Menga umring kerak qarog'im.
— Hech bo'larmi ona, tinch turmoq,
Qachon undov bo'lar so'rog'im?
— O'g'lim, menga she'ring kerakmas,
Umring menga kerak bolajon!
— Ishonganim she'r-ku, to'xta, bas,
Menga she'rim kerak onajon!
ARMON
Tig'larga tutaman o'zim gohida,
Tunlari uyg'onib ketaman bexos.
Armonim bittadir, O'zbekistonni
Ishonchli qo'llarda ko'rib o'lsam bas!
KUZ
Ma'yus xayollarim jonlandi yana,
Bog'lar kuz qo'ynida, xomush, parishon.
Faqat oy falakda kezar mardona,
Qaydan bilsin kuzni yetti qat osmon.
Xazon qo'shig'idan za'faron kunduz,
So'niq gul bargiday titrar tomchi yosh.
Bog'larda barglarin to'kayotir kuz,
Qaydan bilsin bu ko'k toji — Quyosh.
Turnalar yurt izlab o'tishdi tag'in,
Ularning ohida so'nggi nidolar.
O'y tushgan keksadek tog'lar ham g'amgin,
Buni aslo bilmas xudbin cho'qqilar.
Bormi deb bahordan so'nggi nishona,
Xazon titkilaydi shamol lol, hayron.
So'ngsiz o'ylariga g'arq bo'lib yana,
Bog' kezib yuribdi umri Kuz inson.