Tannarx
Tovarning tannarxini, iloji boricha kamaytirish bozor iqtisodiyotining “oltin qoida”si hisoblanadi. Nima qilsangiz, qiling, ishlab chiqarayotgan narsangizga kam mablag' sarflang. Mablag'ning zamirida mehnat yotadi, axir. Shuning uchun “tannarxni kamaytirish” degani – amalda “mehnatni kamaytirish” degani.
Bizdagi hojatxona qog'ozlari o'ramining yuzida yana alohida qog'oz bor. Ishlatilmaydi. Tashlab yuboriladi. U, birinchidan, o'ramning ochilib-titilib ketmasligini ta'minlaydi, ikkinchidan, tovarning yangiligi, ya'ni ishlatilmaganini isbotlab turadi, uchinchidan, tovarning etiketi vazifasini o'taydi.
Lekin million-million shunday o'ramlar yuziga ishlatilgan qog'ozning miqdorini bir tasavvur qilib ko'ring. Tonna-tonna bo'lsa kerak. Unga sarflangan mehnatni aytmaysizmi?
Turkiyada shuning yo'lini topishgan: o'ramning ustida qog'oz – yo'q. Faqat qog'ozning tugagan yeri o'ramga yengilgina yelimlab qo'yilgan, xolos. Shuning o'zi boya aytganimiz ikki vazifani ham bemalol bajaradi. Uchinchi vazifa, ya'ni etiketkadan voz kechilgan.
Bizda aksar poyabzallar ipi o'tkazilgan holda sotiladi. Kimdir uni o'tkazib chiqqan-da. Buni avtomatlashtirib bo'lmaydi. Qo'l mehnati – iqtisodiyotda eng qimmat mehnat turi. Turkiya shuni iqtisod qilgan: poyabzallarning iplarini ichiga solib qo'yishadi, vassalom. Shu tariqa, birinchidan, juda katta mehnatdan voz kechiladi, bu ishni xaridorning o'zi bajaradi. Ikkinchidan, har kim ipni har xil usulda o'tkazadi. Bajarilgan bir ishni qaytadan bajarishga ne hojat?
Istanbulning La'lilisida ko'chada – bir do'kon oldida meva-cheva va sabzavot mahsulotlari tartib bilan qutilarga solinib, terib qo'yilgan. Shuncha katta joyda bir sotuvchi xizmat qilyapti. U savollaringizga javob qaytaradi, iltimos qilsangiz, mahsulotlardan paketlarga solib beradi va hokazo. Asosan, har kim o'zi ulardan tanlab-tanlab paketga solib oladi. Keyin ichkariga kirib, pulini to'lab chiqasiz. Agar shu yerda ularni o'lchab, pulini olish tashkil etilsa, ortiqcha xarajat bo'ladi-da. Shu tariqa ham ishchi kuchi iqtisod qilinyapti.
Bozor aqlni oxirigacha ishlatishni, ya'ni ongni maksimal darajada rivojlantirishni talab qiladi.
Evropa shundan rivojlangan.
Rivojlanishni niyat qilgan har qanday xalq – tannarxni kamaytirishning ming-ming chorasini izlashga majbur. Boshqa yo'l – yo'q.
Sultonmurod OLIM.
2022.06.07. Anqara.