Turkiyada nima bor-u, nima yo'q?
Dunyoning o'nta davlatida bo'lganman. Bir o'zbek ziyolisi uchun bu juda ko'p ham, uncha kam ham emas, albatta.
Har bir mamlakatda eng ko'p uchraydigan narsa – o'sha davlatning puli.
Turkiyada, liradan tashqari, eng ko'p uchraydigan narsalarning birinchisi – tog'. 2019 yili kelganda mamlakatning janubidan shimoligacha, ya'ni Antaliyadan Ko'nyo va Anqara orqali Karabukkacha yengil avtomobil, poezd va avtobusda borgan edim. Tog', tog' va yana tog' oralab yurasiz. Bu gal Anqaradan Antaliyaga avtobusda borishga to'g'ri keldi. Faqat tog' oralab yurdik.
Ikkinchisi – archa. Yer yuzida Turkiyadan boshqa archasi bu qadar mo'l mamlakat borligiga ishonmayman. Balki ko'rmaganim uchun shunday deb o'ylarman. Qiziq, kishi boshiga nechtadan to'g'ri kelar ekan-a? Kimdir shuni hisoblaganmikan? Archa o'sadimi, bilingki, bu makonda yozin-qishin havo – toza va kislorod – osha-tosha-da.
Uchinchidan, Turkiyada Davlat bayrog'i ko'p uchraydi. Tog'larga, imoratlarga, uylarga, mehmonxonalarga, mashinalarga… qo'yib tashlangan. Biz dam olgan Antaliyaning Kemer ilchasidagi “Anita DREAM” (“Anita Orzu”) mehmonxonasining hujjatlarni rasmiylashtiradigan kiraverishi devoridagi soat ham Turkiya Davlat bayrog'idagi Hilol va yulduzcha ichiga joylashtirilgan.
Xo'sh, Turkiyada nima – yo'q? Ko'p narsa – yo'q, albatta. Lekin ularning hammasini sanab o'tirish shart emas. Uchtaginasini aytaman.
Birinchisi, chang – yo'q. Bir oy yursangiz ham, poyabzalingizni artishingizning hech hojati bo'lmaydi.
Ikkinchisi, Turkiyaning dam olish maskanlariga hordiq chiqarish uchun kelgan bo'lsangiz, masalan, Toshkentimizdagi to'y oshi, choyxona oshi, amiriy oshlarni, qo'y go'shtiyu mol go'shtidan yog'li-yog'li qilib tayyorlanadigan jazu qiyma shashliklarni, halim, lag'mon, mampar, beshbarmoqlarni, tandiru qozonkabobu dimlamalarni… butunlay unutib, yo'lga chiqing. Qo'rqmang, xolesteriningiz joyginasiga tushgan holda yurtga qaytasiz.
Uchinchisi, bu mamlakatda “siz”lash – yo'q hisob. Masjidlarning imomlari, oliy ta'lim muassasalari muallimlari, davlat arboblari “siz”lanadi, xolos. Qolgan hamma bir-biriga “sen”lab murojaat qiladi. Bola ota-onasi, bobo-bibisini ham “sen”laydi. Ammo nevarangiz qatori bola sizni “sen”lab tursa, ochig'i, boshida hazm qilish ancha og'ir kechadi. Chunki bizda kattalarni “sen”lash, umuman, yo'q. Hatto, o'zbeklarimizning yarmida, aniqrog'i, shaharlashgan shevalarimizda o'lib ketgan bobo yo otasini ham “siz”lab, ya'ni “aytgan edilar”, “kelgan edilar” tarzida tilga olish odobi shakllangan.
Ruslarda ham ota-ona, aka-opa, xola-amma, tog'a-amakini, boshqa yaqinlarni “sen”lash – bor. Lekin yoshi ulug'lar, begonalarga “siz”lab muomala qilinadi-da.
Bu jihatdan butun Turkiya Tojikistonning Ko'lobiga o'xshaydi.
Bir ko'loblik Dushanbe oliy ta'lim muassasalarining biriga o'qishga kiribdi. Dars mahali muallimlarga ham “sen”lab murojaat qilar ekan. Dekan kuratorni chaqirib, uni “siz”lashga o'rgatishni topshiribdi. Kurator unga bir toza daftar tutqazib, har kuni bir varaqqa “shumo” (“siz”) so'zini yozib, to'ldirib kelishni topshiribdi. Shu tariqa uning miyasiga “siz” so'zini joylashni o'ylabdi-da.
Ertasiga undan daftarni ko'rsatishini so'rabdi. Qarasa, talaba daftarning hamma varag'ini “shumo” so'zi bilan to'ldirib kelibdi.
– Nega bunday qilding? Axir, bu daftarni o'n ikki kunda to'ldirishing kerak edi-ku, – debdi. Shunda talaba muallimga:
– Seni bi-i-ir xursand qilay dedim-da, – dermish.
Xullas, bu talaba Dushanbeda “siz”lashni o'rganib-o'rganmay, o'qishni tugatibdi. Unga So'g'd viloyatining Xo'jand shahriga ishga yo'llanma berilibdi. Shunda kuratori oldiga chaqirib:
– Uka, bu yer Dushanbe edi. Ko'lobliklarni sal-pal bilishadi. Hammani “sen”lab ham, mana, o'qishni bitirib olding. Lekin – Xo'jand Farg'ona vodiysiga kiradi. U yerda muomala madaniyati – tamom boshqacha. U yerda odamlar yoshi kattalarni orqasidan gapirayotganda ham “sen”lashmaydi. Ishga borib, Xudo ko'rsatmasin, yana rahbaringni “sen”lab qo'yma tag'in! – deb nasihat qilibdi.
Xo'jandda, yosh mutaxassisning hujjatlarini ko'rayotib, idora rahbari undan:
– Dushanbedan nima bilan keldingiz? – deb so'rabdi.
– “Shumo-154” samolyoti bilan, – deb javob beribdi u.
– “TU-154” samolyoti borligini bilar edim, lekin “Shumo-154” degan samolyot ham bor ekanmi? – debdi boshi qotib rahbar.
– Ustoz, – debdi yosh mutaxassis, – to'g'risi, o'sha “TU-154” samolyotida keldim. Lekin menga: “Xo'jandda “tu” so'zini mutlaqo ishlata ko'rma!” – deyishgani uchun shunday degan edim, uzr, – debdi…
Nazarimda, turkiyaliklarga “siz”lashni o'rgatish uchun bitta daftar kamlik qiladi-yov…
Hech kim bizni “siz”lamagan bo'lsa ham, biz hammani “siz”lab gapiraverdik. Amaldagi muomalada juda kam qo'llansa ham, “siz”lash – bu yuksak ma'naviyatning bir belgisi-da.
Sultonmurod OLIM