Naqadar go'zalsan, Istanbul! (Turkiyaning yuksak turizm salohiyatiga bir nazar)

Ro'ziboy QO'LDOShEV,

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi

 

Aslida bugungi dunyoning ahvoli   havas qilgulik emas. Odam bolasi turli kutilmagan sinovlarni boshdan o'tkazyapti. Yaqindagina COVID degan ajal yer yuzining tinchini buzdi, millionlab odamlar qirilib ketdi. Insoniyat bemahal o'limdan sarosimaga tushib qoldi. Endi undan qutulamiz, deb turganda bosh­­qa bir umuminsoniyatni o'yga toldirguvchi muammo paydo bo'ldi. Bu jahon iqtisodiyotiga behad zarar yetkazayotgan Rossiya-Ukraina urushidir. Bu urush tufayli dunyo mamlakatlari aholisining tinchi yo'qoldi va ko'plab mamlakatlarning iqtisodiyoti jiddiy zarar ko'rdi. Hayot tarzi izdan chiqmoqda. Bu fikrni faqat men yoki siz emas, yetakchi davlatlarning rahbarlari, jahonning taniqli siyosat arboblari ham aytmoqda. Davlatlararo munosabatlarga darz ketdi, yillar mobaynida amal qilib kelayotgan savdo iqtisodiy, madaniy ma'rifiy aloqalar to'xtab qoldi. Bundan tashqari yaqin kelajakda ko'plab mamlakatlarning iqtisodiyotida yanada og'irroq inqirozlar   taxmin qilinmoqda. Demak, har bir mamlakat mutasaddilari ana shu murakkab vaziyatdan chiqish, o'z xalqining boshiga kelishi mumkin bo'lgan oziq-ovqat taqchilligi va ko'plab boshqa muammolarning oldini olish rejalarini izlamoqda. Bu borada   qardoshlarimiz o'lkasi, qariyb sakson besh million aholining dardu tashvishi bilan yashayotgan Turkiyada ahvol qanday?

Buning ustiga tabiatning yana bir og'ir sinovi shu yilning fevral oyida yuz bergan zilzila tufayli Turkiyaning 10 ta vi­loyatidagi qancha shaharlar, qishloqlar vayron bo'ldi. 60 mingga yaqin odam vafot etdi. Millionlab turkiyaliklar jabr ko'rdi. Ammo ana shunday sinovdan ham turk birodarlarimiz matonat bilan o'tmoqda. Tabiiy ofatdan jabr ko'rgan, zarar ko'rgan birodar Turkiyaga dunyoning ko'plab davlatlari ko'makka shoshildi. Shu jumladan, birinchilar qatori O'zbekistondan ham qutqaruvchilar yetib bordi, gumanitar yordam jo'natildi. Bundan tashqari, qancha saxovatpesha yurtdoshlarimiz o'z ko'maklarini ayashmadi.

Xullas, G'arb va Sharqni bog'lagan bu mamlakat iqtisodiyoti va umuman turk xalqining hayot tarziga hamla qilishi mumkin bo'lgan global muammoni ular   qanday qarshilayapti va qaysi yo'llar bilan uni hal etyaptilar? Bu haqda quyiroqda batafsil so'z yuritmoqchimiz. Ammo dastlab fikrimizni Turkiya turizmiga oid taassurotlarimiz bilan davom ettirmoq niyatidamiz.

Istanbulning tabiati o'zgacha. Mudom tovusdek tovlanib, mavjlanib qirg'oqqa bosh urayotgan moviy dengiz atrofga ajib bir tarovat baxsh etadi. Bu ajiblik faqat dengizi bor joylardagina uchraydi. Qirg'oqqa bosh urayotgan dengizning sirli chayqalishlariga qarab, unga mahliyo bo'lmagan qalb topilmasa kerak. Ikkinchidan, dengizga yaqinlashsang, xazinaga oshno bo'lasan, degan ota so'zimiz ham bor. Aytish kerakki, maftunkor, moviy dengiz turk qardoshlarimiz va dunyodan kelayotgan sayyohlar uchun faqat ko'rib hayratlanadigan xilqat emas, shu bilan birga bitmas-tuganmas moddiy manfaat keltiradigan xazina hamdir.Bu haqda keyinroq fikr yuritamiz.

…Istanbul to'rt tomoni serdaraxt o'rmon bilan qurshab olingan qo'rg'onga ham o'xshaydi. Rang-barang daraxt turlari shu qadar ko'pki, ularga boqqaningiz sayin dilixiralik, horg'inlik va yana boshqa illatlar vujudingizdan chekina boshlaganini sezasiz. Tanangiz yayraydi. Turk qondoshlarimiz daraxtlar va gullar bilan gaplashadigan el. Ular daraxtlar va gullarni behad sevadilar. Shuning uchun ko'chalar, yo'lakchalar, hatto bir necha asrlardan buyon yashab kelayotgan qal'a devorlarida ham gullar o'stiradilar, mehr berib ularni parvarishlaydilar.

Istanbul ikkita qit'a bag'ridagi ya'ni Osiyo va Yevropada joylashgan yer yuzining yagona shahridir. Osiyo qismida yashovchilar Yevropada va aksincha Yevropadagilar Osiyoga qatnab, ishlaydilar. Juda qizig'-a. Har kuni ikki qit'aga borib-kelasiz… Agar ular ertaroq yo'lga chiqishmasa dengiz orqali o'tadigan ko'priklardagi katta tirbandlikka duch keladi va ishga kechikib qolishlari mumkin. Ammo tirbandlik kun bo'yi davom etmaydi. Ertalab soat sakkizdan, to o'n birga qadar kuzatiladi. Keyin esa tirbandlik kamayadi. Holbuki, yigirma besh millionga yaqin aholini o'z bag'rida jamlagan Istanbulda kun bo'yi yo'llar avtomashinalardan bo'shamasligi va bu shaharda bugun biz havas bilan tavsirlayotgan ko'rinishlar bo'lmasligi mumkin edi. Ammo bu muammo bartaraf etilgan. Xo'sh, qanday qilib, demoqchimisiz, marhamat, kuzatishlarimizning davomini o'qisangiz turk do'stlarimizning foydali tajribasidan voqif qilamiz!

 

QON TOMIRLARINGIZ SOG'LOM BO'LSA, TANANGIZ YaYRAYDI

 

Ha, tibbiyot xodimlari aytganlaridek sog'lom qon tomirlar vujudni ruhan va jismonan tetik qiluvchi, sog'liqni mustahkamlab, umrni uzaytiruvchi omildir. Har bir mamlakatning turli hududlarini bog'lovchi yo'llar ham o'sha yurtning qon tomirlari kabi o'ta muhimdir. Agar yo'llari ravon, sifatli, yo'lovchilar uchun qulay bo'lsa, bilingki, sog'lom insondek o'sha yurtning taraqqiyoti   ham shaksiz, yuksaladi. Yoki aksincha, yaroqsiz, o'ydim-chuqur, yomg'irdan so'ng yo'llarda bemalol harakatlanishga xalaqit beradigan ko'lmak­lar paydo bo'lsa, nosozligi bois yo'l harakati halokatlari ko'paysa, shubhasiz, har bir haydovchi “yo'lsozman” deganning go'riga g'isht qalashi muqarrar. Xo'sh, Turkiyaning eng gavjum shahri Istanbulda yo'lovchilarga xizmat ko'rsatadigan yo'llarning ahvoli qanday? U yerda ham xuddi bizdagidek yil davomida yo'llardagi chuqurchalar tez-tez yamaladimi, yo'llar qurish va ta'mirlashga ajratiladigan mablag'larning ko'p qismi talon-toroj qilib, o'mariladimi yoki…

Uni bilish maqsadida Istanbul yo'llarini ko'zdan kechiramiz. Dastlab, aeroportdan shahar markazigacha bo'lgan ellik kilo­metrdan ortiq masofadan yursangiz, rohatlanasiz, vujudingiz yayraydi. Harakatga xalaqit beradigan birorta nuqta yo'q. Yo'llar shu qadar tekis va ravonki, xuddi oynadek yarqiraydi. Birorta nuqson topa olmaysiz. Shu ravon yo'llardan yurarkanmiz o'zimizning yaqinginada qurilgan bo'lsa-da, allaqachon buzilib, har joy, har joyida chuqurlar paydo bo'lgan, yomg'ir yog'sa darhol ko'lmaklar hosil bo'ladigan aftodahol yo'llarimiz yodga tushdi. Holbuki, biz Istanbulga borgan o'sha kezlarda qattiq yomg'ir yog'ib, shahar ko'chalari va yo'llarini suv bosgan. Lekin tez fursatda suv o'z o'zani bo'ylab oqib ketgan ekan. Demak, yo'llar o'ylab, pishitilgan loyihalar asosida qurilgan. Kanadada yashayotgan, asli angrenlik bo'lgan Sharaf Muhammad degan vatandoshimizdan u yerda yo'llar qurilishining loyihalari, mustahkamligi, sifati va yangi qurilgan yo'llar necha yilgacha ta'mirlanmasligi kabi savollar berdik. Mana uning javobini o'qing:

“Savollaringizga qisqaroq javob berishga harakat qilaman. Avtomobil yo'llarining uzoq muddat xizmat qilishini ta'minlash, avvalo, loyihalarni qurilish standartlari asosida tayyorlashdan boshlanadi. Loyihalashda juda ko'plab faktorlar hisobga olinishi darkor. Ya'ni, qurilish joyidagi er yuzasining shakli, tuproq tarkibi va para­metrlari, er usti va osti suvlarining mavjudligi, yo'ldan o'tadigan avtomobillarning soni (kunlik, oylik, yillik), yo'l yuzasiga tushadigan bosim, og'irlik, ob-havo va yog'ingarchilik faktorlari va hokazolar…

Undan keyin, qurilishda ishlatiladigan materiallarning sifati, chidamliligi va albatta bajariladigan ishlarning sifati juda katta rol o'ynaydi. Biz Kanadada mana shu ayt­ganlarimning hammasiga amal qilamiz, shuning uchun ham qurgan yo'llarimizga kafolat beramiz. Shuning uchun yangi qurilgan yo'llar o'n yilgacha ta'mirtalab bo'lmaydi.

O'zbekiston masalasiga keladigan bo'lsak, u erda juda ko'p narsalarni o'zgartirish kerak, balkim yo'l qurilish sohasida islohotlar qilinishi kerakdir. Men “O'zavtoyo'l” va Transport vazirligiga hamkorlik qilish va islohotlar o'tkazishda yordam ko'rsatish haqida taklif jo'natganman. Afsuski, bir necha oydan beri hech bir javob yo'q…”

Kanadalik vatandoshimizning fikrlaridan xulosani o'zingiz chiqarib olavering.

Endi yana Turkiyaga qaytamiz. Shahar ichkarisidagi yo'llarda piyodalar va haydovchilarning o'z manzillariga tezroq va xavfsiz yetib olishlari uchun qo'shimcha qulayliklar yaratilgan. Avtomobillar harakatiga xalaqit bermaydigan va piyodalar uchun yo'lning u tomonidan bu tomoniga o'tkazadigan ko'plab ko'priklar qurilgani tahsinga sazovor. Yo'llardan o'ng yoki chap tomonga, orqaga qayrilib olishda o'ta qulay, qo'shimcha usullardan foydalanilgan (poytaxtimiz Toshkentning “Katta Farg'ona” yo'li qurilishida va boshqa ko'chalarda shu usuldan qisman foydalanilyapti). Shuning uchun avtomashinalarning to'xtovsiz harakatlanishi natijasida behudaga sarflanishi kerak bo'lgan ortiqcha vaqt tejalmoqda, ikkinchidan avtomobillardan chiqayotgan zaharli chiqindilarning kamayishiga erishilyapti.

 

BESh DAQIQADA OSIYoDAN YeVROPAGA, YeVROPADAN OSIYoGA BORISh MUMKINMI?

 

Yana bir muhim tomoni uch kilometrdan ortiq san'at asari darajasidagi ikki tomonlama dengiz osti yo'lining qurilganidir. Uni behudaga san'at asari demayapmiz. Chunki, yer osti yo'li shu qadar mustahkam qurilmalar yordamida o'ta bilimdonlik va nozik did bilan loyihalashtirilganki, dengiz osti yo'lidan yurgan har bir yo'lovchi yoki haydovchi uni darhol faxmlaydi. Dengiz osti yo'lining ikki tomon devor qismi va shifti dizayni o'zgachaligi, uch kilometrdan ortiq masofada havoning me'yorida aylanishi, agar harakatlanish davomida avtomobilda nosozlik uchrasa, to'xtab turishi uchun qo'shimcha joylarning bo'lishi, favqulodda vaziyatlarda yordam so'rab, xabardor etish uchun telefon aloqasining yo'lga qo'yilgani kabi zamonaviy qulayliklarni ayt­masak bo'lmas. Yoki yer osti yo'lining shift qismida moviy rangning jilolanib turishi tepangizda dengiz chayqalib   turadigandek tasavvurning paydo etishida ham o'zgacha bir mazmun bor, go'yo. Dengiz osti yo'li bilan yursangiz, besh daqiqa ichida Yevropadan Osiyoga, yana shuncha vaqtda Osiyodan Yevropaga o'tib olasiz.Agar yer ustidan yuradigan bo'lsangiz, ayniqsa, yuqorida aytganimizdek tirbandlik ko'paygan ertalabki paytda bir necha soat vaqtingizni behudaga sovurasiz. Aytmoqchi, dengiz osti yo'lidan o'tish pullik. Ammo qimmat emas.

Yo'lovchilar va haydovchilarga qulay, tezkor va sifatli xizmat ko'rsatayotgan suv yo'lining o'rnini aytmaslikning iloji yo'q. Bosfor bo'g'ozining ikki sohilini bog'lovchi suv yo'li istanbulliklar va sayyohlar uchun juda qulay va qiziqarlidir. Har daqiqada minglab yo'lovchilar kemalar orqali dengiz manzaralarini, qirg'oqlar bo'ylab qurilgan uy-joylar, oshxonalar, dam olish inshootlari, mehmonxonalar va ularning o'ziga xos me'moriy ko'rinishlarini tomosha qilib, narigi sohilga yetib kelganini sezmay qoladilar. Ayniqsa, kemadagi yo'lovchilarning suvga tashlaydigan oziq-ovqatlarni ko'rgach, chug'urlab, tepangizda parvona bo'ladigan dengiz qushlarining qanot qoqishlari ajib bir ko'tarinkilik bag'ish­laydi. Shunda, “Naqadar go'zalsan, Istanbul”, degan o'sha mashhur teleserial qahramonining nidolari yodga tushadi.

Istanbulda yana bir transport turi mavjud. Bu metrobuslarning borligidir. Metrobuslar qatnovi uchun atrofi o'rab olingan, tez hamda faqat belgilangan bekatlarda to'xtaydigan maxsus yo'l ajratilgan. Bekatlarning ikki tomonida ko'prikka ko'tariladigan yo'llar barpo etilgan. Shuning uchun piyodalar avtomobillar qatnoviga umuman xalaqit bermaydilar. Met­robuslar qatnovi juda tez harakatlangani bois yo'lovchilar qisqa fursatlarda manzillariga yetib oladilar. Istanbulda aholiga qulay xizmat ko'rsatadigan yana bir transport bu metro qatnovining yo'lga qo'yilganidir.

Qisqasi, Turkiyaning taraqqiyotida qulay va zamonaviy yo'llarning o'rni juda katta, deb bemalol ayta olamiz.

 

TURK SULTONLARIDAN QOLGAN XAZINA

 

Endi esa Turkiyaga oqib kelayotgan milliardlab dollarlar haqida fikr yuritsak.

Yuqorida aytganimizdek, dunyoda boshi berk ko'chaga kirib borayotgan murakkab geosiyosat Turkiya iqtisodiyotiga ham baribir o'z ta'sirini o'tkazmay qolmadi. Natijada turk lirasi qadrining pasayishi kuzatildi. Narx-navo qimmatlashgani ham bor gap. Ammo shunday vaziyatda ham bugun turk xalqining nasibasi, milliardlab dollarlar Turkiyaga kirib kelmoqda. Qanday qilib va nima uchun deb so'ramoqqa lab juftlayapsiz va qiziqishingiz tabiiy. Chunki, dunyo mamlakatlarining “mana-man” degan liderlari boshiga musht yegan odamdek gandirak­lab, qaerdan, qanday qilib daromad olish mumkin, deya karaxt bo'lib qolgan bir paytda Turkiya xazinasiga milliardlab mablag'larning kirib kelayotgani hayratli hodisa albatta. Tabiiyki, shuncha miqdordagi mablag' osmondan yog'ilayotgani yo'q. Yoki dengiz orqali to'g'ridan-to'g'ri oqib kelmayapti. Bu Turkiyaning necha asrlar osha yashab kelayotgan tarixi, jahon davlatchilik tarixida o'ziga xos iz qoldirgan, yetti asrga yaqin hukm surgan Usmoniylar sulolasi davrida yaratilgan va bugungacha xizmat qilib kelayotgan bebaho xazina bilan bog'liq haqiqat, desak xato bo'lmas.

Kamina oddiy bir o'zbek jurnalisti o'laroq, Turkiyaning turizmga aloqador birgina tarmog'iga e'tibor qaratsam. Bilasiz, Usmonli turk sultonlari faqat bosqinchilik yoki o'z hududini kengaytirish va ayrim teleseriallarda namoyish etilganidek dunyo go'zallarini saroyga yig'ib, nikohiga olish bilan cheklanmagan. Ular aslida Turkiyaning tarixi, turklarning qadimiy va umuminsoniy   urf-­odat va an'analarini, ilm-fan, adabiyot, san'atini rivojlantirish, hayratomuz me'moriy obidalar barpo etishdek ezgu vazifalarni amalga oshirmoqni ulug' maqsad qildilar va shu ulug'vor niyat yo'lidagi buyuk orzularini to'la-to'kis amalga oshirdilar, deb bir necha asr beridan turib ayta olamiz. Bugun “dunyoning markazi” yoki yaqindan boshlab “dunyoning qalbi”, deya ta'riflanayotgan Istanbul misolida fikrlarimni davom ettirmoqchiman. Go'zal Istanbuldagi Yevroosiyoning qadim tarixi, osori-atiqalari yastanib yotgani aniq. Shu bilan birgalikda bir necha asrlar davomida Usmonli sultonlari tomonidan barpo etilgan muhtasham inshootlar, ularning bag'rida yashayotgan siru sinoatlar, maftunkor gumbazlar, hayratomuz naqshlar, qadam bosishingiz bilan ajib tuyg'ular hadya etadigan yo'laklaru zinalaridagi o'ziga xos sirlilik beixtiyor sizni tarixning ajabtovur voqealari sari yetaklashi tabiiy. Men buni “To'p qopi” saroylar, muzeylar majmuasi hududini ko'zdan kechirgach, yozyapman. Qariyb yuz gektar hududni egallagan “To'p qopi” sultonlar majmuasini aylanib, ma'lumotlarga ega bo'lish uchun kamida uch kun vaqt saflashingiz mumkin. Chunki, saroylar majmuasida o'nlab muhtasham obidalar, har bir Usmonli sulolasining hukmdorlari tomonidan va ulardan oldin qurilganlari ham bor. Betakror koshonalarning o'ziga xos me'moriy qiyofasi biri ikkinchisini takrorlamaydi. Sultonlarning saroy ulamolari, davlat mulozimlarini qabul qilish ko'shklari, xorijiy davlatlar elchilari va mehmonlar bilan muzokaralar olib boradigan muhtasham   zallar, hashamatli koshonalarning jozibali ko'rinishlarini ko'zdan kechirgach, Turkiyaning bir necha asrlik tarixi ko'z o'ngingizda namoyon bo'ladi. Xorijiy mehmonlarning e'tiborini tortadigan yana bir joy bor. Bu saroy kanizak­lari yashaydigan alohida joydir.   Bir zamonlar bu yerda dunyoning turli hududlaridan keltirilgan malikalar sultonning ko'nglini olish, uning muhab­batiga sazovor bo'lish uchun aylanib, hordiq chiqaradigan maxsus bog'u gulzorlarni kezganlar. Saroy devorlaridan pastda chayqalib yotgan dengiz suvlari, dunyoning turli mamlakatlaridan kelayotgan kemalar harakatini mahliyo bo'lib kuzatgan kanizaklar bu yerlarni ajib bir xayollar og'ushida   kuzatgan bo'lsalar ne ajab. Kanizaklarning go'zal xatti-harakatlari, yurish-turishlari, muomala madaniyatidan tortib, qaddi-qomatigacha bemalol ko'rinib turadigan kuzatuv joyi ham shu yerdan qo'nim topgan. Kuzatuv joyi sulton uchun qurilgan. Sulton istagan paytida bu yerga kelishi va sayr qilib yurgan kanizaklarni kuzatishi, keyinchalik, ularning orasidan o'ziga yoqqanini tanlab, nikohiga olishi mumkin bo'lgan. Saroyning xuddi shu yerida kanizaklarni saroy sharoitiga moslashtirib, tayyorlaydigan xos tarbiyachi ayollarga ajratilgan xonalar, sultonlarning o'zlari va onalari uchun alohida jihozlangan maxsus hammomlar, xos xonalar, sulton va oilasining oshxonasi va oshpazlarining xonalari kabi yana ko'plab ko'shklaru, xonaqohlar qurilganki, dunyoning turli mamlakatlaridan tinimsiz oqib kelayotgan sayyohlar bu muhtasham imoratlarni hayrat ila tomosha qiladilar. “To'p qopi” saroylar majmua muzeyiga kirish uchun har bir sayyoh 25 dollar to'lar ekan. Agar Istanbulga har kuni dunyo sayohatchilarining daryodek tinimsiz oqib kelayotganini e'tiborga oladigan bo'lsak, demak Usmonli turk sultonlari qurib qoldirgan mahobatli imoratlar bugun turk xalqiga milliardlab dollarlar olib kelmoqda. Peshonasi yarqiragan qardoshlarimiz ajdodlari qoldirgan bebaho meros tufayli   bugungi iqtisodiy bo'hronlarni chetlab o'tmoqdalar. Turk qardoshlarimizning turizm sohasidagi yana bir ajabtovur yondashuvlaridan ibrat olsa arziydi. Xabaringiz bor, turkiyalik kinoijodkorlar tomonidan yaratilgan qator teleseriallar allaqachon dunyo e'tiborini qozongan. Ayniqsa, “Muhtasham yuz yil” ko'p qismli teleserialining dovrug'i olamga mashhur. Avvalo, filmdagi tarixiy shaxs­lar va tomoshabinni ushlab turadigan   muhim voqealarni o'ta dramatizmga asoslangan tarzda tasvirga olingani e'tiborga molikdir. Ayniqsa, toju-taxt atrofidagi shafqatsiz voqealar, tashqi dushmanlarga qarshi kurashdagi vatanparvarlik, saroydagi ming xil hiyla-nayranglar, aka-uka, ota-o'g'il va makkor ayollarning makr-hiylalari qiziqarli qilib ochib berilgani tomoshabinni o'yga toldiradi, bezovta qiladi, quvontiradi va qayg'uga soladi. Shu bilan birga voqealarning o'sha davrda qurilgan muhtasham imoratlarda tas­virga olinishi teleserialning nufuzini yanayam oshirgan. Ishonarli chiqishiga alohida hissa qo'shgan. Serialdagi dramatizmdan haya­jonga tushgan xorijiy sayyohlar o'sha voqealar tasvirga tushirilgan tarixiy saroylarni ko'rish uchun ham yer yuzining turli tomonlaridan Turkiyaga kelmoqda. Ularga qo'shilib milliardlab dollar Tur­kiyaga oqmoqda. Turk qondoshlarimiz “Muhtasham yuz yil” nomli teleserial orqali o'zlarining mahobatli o'tmishi, bir necha asr davr surgan sulola, turk dunyosining o'sha paytdagi mavqeini ko'rsatish barobarida o'sha davrda qurilgan saroylar, maqbaralar, xonaqohlar, madrasalarning ham me'moriy qiyofasini dunyoga mohirona ko'rsata oldi. Natijada, teleserialda targ'ib etilgan go'zal Istanbulning oshiqlari yanada ko'paydi. Sayo­hatchi oshiqlarning jahonning turli mamlakatlaridan ekanligi tahsinga loyiq. Bu birgina Istanbulning tarixiy obidalar haqidagi ayrim ma'lumotlar xolos. Ushbu jarayonlarni kuzatib, haligacha ko'plab tarixiy shaxslarimizning qiziqarli hayotini teleseriallar orqali aks ettira olmayotgan o'zimizning kinoijodkorlar haqida o'ylaysan va ularga ajratilayotgan milliardlab mablag'larning nimalarga sarflanayotgani xayollaringni tumtaraqay qilib yuboradi…

Holbuki, Turkiyaning boshqa hududlarida ham bu kabi tarixiy inshootlar, dengiz bo'ylaridagi dam olish oromgohlari va boshqa sayyohlik maskanlari borligini va ulardan kelayotgan foydani hisoblaydigan bo'lsak, mamlakat xazinasiga mo'maygina daromad o'z-o'zidan kelib tushmayotganining guvohi bo'lamiz. Turk qardoshlarimiz o'zlarining buyuk o'tmishi, uning osori-atiqalarini tabiiy holatida, qadimiy ko'rinishiga zarar yetkazmasdan asrab-­avaylashlari va ularni turli yo'llar bilan dunyoga reklama qila olganlari tufayli katta natijalarga erishyaptilar. Oqilona ish yuritishlari evaziga yaxshigina daromad ko'rishmoqda. Endi savol tug'iladi, turk qondoshlarimiz aytganlaridek ularning ota yurti bo'lmish O'zbekistonda ham bir necha asrlarga bo'ylashadigan buyuk tarix, mahobatli inshootlar borku. Ularni dunyoga tanitishda, tarixiy obidalarimizning me'moriy ko'rinishlari haqidagi qiziqarli ma'lumotlar, qadim davlatchiligimiz, dunyoni zabt etgan amir, sulton va xonlarimiz saroylari, osmon jismlari harakatini dunyoga o'rgatgan yetuk olim Mirzo Ulug'bek barpo etgan rasadxona haqidagi olamshumul kashfiyotlar, qiziqarli ma'lumotlar, islom dunyosining taniqli muhaddisi Imom Buxoriy, Imom Termiziy va yana o'nlab buyuk ajdodlarimizning Islom dini rivojiga qo'shgan hissasini, xuddi turk qardoshlarimizdek jahon ahliga tanitsak bo'ladi-ku! Bu borada faqat bittagina inson kuyib-pishmoqda. Bu ham bo'lsa, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev. Shu tarmoqning boshqa mutasaddilari esa uyg'onishga shoshilmayaptilar. Hatto sayyohlikni rivojlantirish, xorijiy mehmonlarga jahon standartlari darajasida xizmat ko'rsatish kabi ko'plab ezgu niyatlar mujassam etilgan me'yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilingan bo'lsa ham uning ijrosini ta'minlash ko'ngilni to'ldiradigan darajada emas. To'g'ri, Samarqand va boshqa qadimiy hududlarimizda turizm markazlari tashkil etilishini qutlaymiz. Lekin bu ulug'vor niyatlar hal bo'ldi degani emas. Yaqinginada Turkiyadan tashrif buyurgan bir ayolning norizo ohangdagi video murojaati ijtimoiy tarmoqlarni larzaga soldi. Kechirasizu, sayyohlar uchun oddiy sharoitlar yo'q. Holbuki, o'sha sayyoh ayol O'zbekis­tonga qilgan safarini mening Turkiya safari taassurotlaridan hayajonga tushganimdek to'lib-toshib yozishi mumkin edi-ku! Afsus, u bechora ayol sayohatchilarga yaratilishi kerak bo'lgan oddiy sharoitlarning   yomonligidan nolib ketdi. Ana sizga   mamlakat miqyosida jon kuydirib qilinayotgan ezgu harakatlarga mas'ullarning munosabati.   Shundan ayon bo'lyaptiki, turizm bilan shug'ullanishi kerak va shart bo'lgan mutasaddilar hali uyg'onmadilar. Bugungi murakkab zamonda, ilm-ma'rifat, zamonaviy axborot vositalaridan mukammal darajada foydalana olmagan mamlakatlarning dunyo sahnida qolishi, rivojlanishi qiyinlashadi. Shunday bo'lgach, yurt iqtisodiyotida muhim o'rin egallashi mumkin bo'lgan sayyohlik tarmog'ini rivojlantirish yo'lida jiddiy qadamlar tashlash lozim. Ana o'shanda Turkiyaning tarixiy obidalarini ko'rishga oshiqayotgan dunyo sayyohlik oqimining o'zani O'zbekiston tomonlarga ham burilishi mumkin.

(Davomi kelgusi sonda)

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

12 − 5 =