Naqadar go'zalsan, Istanbul! (Turkiyaning yuksak turizm salohiyatiga bir nazar)
Dunyoni ergashtirayotgan turk bayrog'i
(Davomi. Boshlanishi gazetamizning
2023 yil 5 apreldagi №13-sonida)
Turkiya taraqqiyotining ildizlari, uning asosini tashkil etgan sabab va omillar haqida o'ylaganda yana bir ibratli, hayratli va hatto, ta'bir joiz bo'lsa havas qilguli hodisani aytishni joiz deb bildik. U turk qardoshlarimizning qalbidagi yuksak vatanparvarlik tuyg'usining yuksakligidir. Haqiqiy vatanparvarlik og'izni to'ldirib gapirish yoki ko'chalardagi haybatli shiorlar va balandparvoz chaqiriqlar bilan belgilanmaydi. Aksincha, vatan mafaatlari yo'lida amalga oshirilgan ishlar bilan o'lchanadi. Bu borada turk do'stlarimizning vatan bayrog'iga bo'lgan cheksiz hurmatiga havas qilsa arziydi. Turk bayrog'i kirib bormagan va mag'rur hilpirab turmagan biror manzilni uchratmaysiz. Qaerga borsangiz qirmizi turk bayrog'i hilpirab sizga peshvoz chiqadi. Hatto, “To'p qopi” turk sultonlari tomonidan qurilgan saroylar majmua muzeyini ziyorat qilayotgan xorijlik sayyohlarni o'z ortidan ergashtirib ketayotgan gid-kuzatuvchilar ham Turkiya bayrog'ining mavqeini oshirishdek buyuk maqsad bilan yashaydilar. Sayohatchilarning adashib qolmasliklari uchun turk bayrog'idan mayoq sifatida foydalanadi. Bayroq ko'tarib ketayotgan turk qardoshimizning xuddi shu ko'rinishini tasvirga tushirib oldik. “Turkiyaga xush galdingiz qardoshim, O'zbekistonga salomlar”, deya bizga iltifot ko'rsatdi va qo'lida hilpirab turgan turk bayrog'ini baland ko'targancha, sayohatchilarni o'z ortidan ergashtirib ketdi. Havasimiz keldi. Dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan sayohatchilar Turkiya bayrog'ini ko'targan yo'l boshlovchi — gidning ortidan ildamlab ketyapti. Nazarimizda, dunyo Turkiyaning ortidan ergashib ketayotgandek edi go'yo…
Vatanparvarlik va o'zaro jipslik bilan bog'liq yana bir ibratli holat haqida aytmasa bo'lmas. Bilasiz, Turkiya parlamenti bir necha muxolif partiyalardan tashkil topgan. Qonunlar qabul qilish yoki ularga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish va ayniqsa hozirgidek saylovlar jarayonida partiyalar o'rtasida juda keskin tarzda bahs-munozaralar va tortishuvlar bo'ladi. Hatto, juda ko'p hollarda jiqqamusht bo'lib ketish holatlari kuzatilgan. Bir tomondan parlamentdagi bunday faollikdan xursand bo'lish kerak. Chunki, uzoq tortishuvlar, keskin tanqidlar, rang-barang fikrlar, taklif hamda munozaralardan keyin qabul qilingan qonunlarning umri uzoq bo'ladi. Chunki, har bitta qabul qilinayotgan qonunda Turkiya va turk xalqining manfaatlari, orzu umidlari mujassam. Ba'zan Turkiya parlamentidagi bu qadar shiddatli talashib-tortishishlarni kuzatib, jang maydonlaridagi manzaralarni ko'rgandek bo'lasiz. Ammo ana shunday qizg'in bahs-munozaralar avjiga chiqqan paytda mamlakat hayotiga chetdan xavf-xatar sezilgudek bo'lsa, bir-biriga dushman bo'lib ko'ringan muxolif partiyalar bir zumda, dushmanga qarshi bitta mushtga aylanadi. Turkiya mamlakati va xalqining manfaatlari yo'lidagi sharafli maqsad ularni muqaddas vatan — Turkiya atrofida birlashtiradi. Ana sizga Turkiya taraqqiyotining o'ta muhim va havas qilsa arzigulik sabablaridan yana biri.
“OLTIN QANOT” QUShLAR PARVOZI
Odatda, aeroport, avtostansiya va portlar o'sha shahar yoki yurtning darvozasi hisoblanadi. Turkiyaning tarixiy va go'zal shahri Istanbulga havo yo'li orqali kirib keladigan darvozasi uning xalqaro aeroportidir. Istanbul xalqaro aeroportining me'moriy qiyofasi o'zi bir olam. Hududining kattaligi bo'yicha dunyoda uchinchi o'rinda turadigan Istanbul xalqaro aeroportida yaratilgan qulayliklarni qo'yavering, ta'rifiga til ojiz. Yo'lovchilar uchun g'amxo'rlik yuqori darajada. Hududning kengligi bois piyodalarning charchab qolmasliklari va uchish maydonchasiga tezroq yetib olishlari uchun o'zi yurar yo'lakchalar xizmatingizga shay, ustiga chiqib, tik turib olsangiz kifoya, u yog'iga o'zi yurar yo'lakcha tez fursatda manzilingizga yetkazib qo'yadi. Aeroportning yo'lovchilar kutish zallari, muhtasham savdo markazidagi xizmat turlarining ko'pligi va sifatining yuqorilik darajasi hech kimni befarq qoldirmaydi. Ko'riboq havasingiz keladi. Aeroportning ichidagi mega savdo rastalaridan istagan narsangizni topasiz. Turk qardoshlarimizning vatanparvarlikka asoslangan yana bir tadbirkorligiga qoyil qolmay iloj yo'q. Yuqorida eslatganimiz, “Muhtasham yuz yil” teleseriali tufayli xorijlik sayyohlar soni ortganligini aytgan edik. Istanbul xalqaro aeroportining savdo rastalarida o'sha serial qahramonlari kiygan kiyimlar savdosi yo'lga qo'yilibdi. Sultonning bosh kiyimi, saroy xonimlari kiygan liboslar, davlat mulozimlari, kanizaklar, qo'yinki, o'sha mashhur teleserialda qatnashgan barcha aktyorlar qiyofasidagi qahramonlarning kiyimlarini chet ellik sayohatchilar qiziqib xarid qilmoqdalar. Mana sizga turizmni rivojlantirish yo'lida tashlanayotgan va ko'pchilikning xayoliga kelmagan dadil qadamlar. Shuning uchun iltimos, Turkiyani sevib qoldim, desam meni ayblamang degim kelmoqda va qiz-juvonlarimizning egnida yal-yal tovlanadigan qadim Marg'ilonning atlasu adraslari birma-bir ko'z o'ngimdan o'tyapti. Bilasiz, adrasu atlaslar ipakdan tayyorlangan tabiiy mahsulot. Inson salomatligi uchun behad foydali. Yoki dunyoning qadimiy o'lkalari bilan bemalol bellashadigan, ochiq osmon ostidagi faqat “Ichan qal'a”dagi savdo rastalaridagina sotiladigan cho'girmaning o'xshashi yo'qligini aytmaysizmi? Rishtonning mashhur kulolchilari bugun dunyo bozorlariga o'z mahsulotlarini sotayotganidan xabaringiz bor. Kasbida tayyorlanayotgan tandirlar Amerikaga olib ketilmoqda. Nega? Chunki, o'zbekning shunga o'xshagan milliy kiyim-kechaklari va o'xshashi yo'q tabiiy mahsulotlariga talab ortib bormoqda. Shunday ekan, nega turkiyalik vatansevar qardoshlarimizdek xorijlik sayyohlar ko'proq tashrif buyuradigan gavjum joylarda yoki aeroportlarda ularning sotuvini yo'lga qo'yish mumkin emas? Samolyotlar, tez yurar poezdlarda milliy liboslarimiz va mahsulotlarimiz targ'ibotini videoroliklar va albomlar ko'rinishida reklama qilish mumkin-ku. Shuning uchun hech ham ikkilanmasdan bu borada Turkiya tajribasidan o'rganishimiz kerak.
…Yana Istanbul xalqaro aeroporti haqidagi ma'lumotlarni davom ettiramiz. Har bir yarim, ikki daqiqada Istanbul aeroportiga dunyoning turli mamlakatlaridan “oltin qanot qushlar” kelib qo'nadi va uchib ketadi.Turli mamlakatlarning tamg'asi ostida uchib kelib, osmonga ko'tarilayotgan samolyotlar parvozini kuzatib, Istanbul osmonida qanot qoqayotgan “oltin qanot qushlar” galasiga havas va hayrat bilan boqasiz. Turli dinlarga e'tiqod qiluvchi, turli tillarda so'zlashuvchi, turli irq va jinsga mansub odamlarni birlashtirayotgan Istanbul xalqaro aeroporti dunyoning markaziga o'xshaydi, desam Turkiyada yashayotgan ijodkor vatandoshimiz Nodira Davron: “yo'q, Istanbul va uning mahobatli aeroporti dunyoning qalbiga aylandi”, dedi. Juda faol va serqirra jurnalist Sharofiddin To'laganovning yozishicha, Turkiyada madaniyat va turizm sohasiga katta e'tibor beriladi. Shuning uchun bo'lsa kerak, bu mamlakatdagi madaniyat va turizm vaziri Mehmet Ersoyning nufuzi Prezident, parlament raisidan keyin, Tashqi ishlar va mudofaa vazirlari bilan bir qatorda turarkan. Nima uchun turizm vazirining nufuzi balandligiga oydinlik kiritamiz. Ijtimoiy tarmoqlarda yozilishicha, “Turkiya tashrif buyuruvchilar soni bo'yicha Fransiya va Ispaniyadan keyin Italiya va AQShni ortda qoldirib, uchinchi o'rinni egallagan!
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Jahon Turizm Tashkiloti (UNWTO) ma'lumotlaridan iqtibos keltirgan xabariga ko'ra, UNWTOga a'zo davlatlar ma'lumotlarida 2019 yilda eng ko'p tashrif buyurgan 10 davlat ro'yxatida oltinchi o'rinda bo'lgan Turkiya uchinchi o'ringa ko'tarildi va daromad ko'rsatkichlari bilan birinchi o'rinni egalladi.
UNWTO ma'lumotlariga ko'ra, Turkiyaga 2022 yilda taxminan 1 milliard kishi sayohat qilgan. Bu raqam pandemiya tufayli 2021 yilda 447 million, 2020 yilda esa 409 millionni tashkil qilgan.
2022 yilda eng ko'p sayyoh kelgan mamlakatlar uchligiga Fransiya, Ispaniya va Turkiya kiritilgan.
Turkiyada sayyohlar soni 2020 yili 16 millionga tushib ketgan bo'lsa-da, 2021 yilda 30 millionga, 2022 yilda esa Turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoyning ta'kidlashicha, mamlakatga 51 milliondan ortiq sayyoh tashrif buyurgan. Shuning uchun Turkiya – dunyoda turizm liderligini mustahkam ushlab turgan davlatlardan biriga aylandi. Mamlakatga eng ko'p tashrif buyuruvchilar nemislar, britaniyaliklar, ruslar va boshqa millat vakillari bo'lib, so'nggi yillarda yurtimizdan ham ushbu davlatga sayohatga borish istagi kuchaydi. Ayniqsa, 2021-2022 yillarda ko'plab o'zbekistonliklar yoz oylarida oilaviy dam olish uchun Turkiyani tanlashmoqda. Jumladan, ushbu maqola muallifi ham go'zal Turkiyaning Istanbul shahrida bo'lib qaytdi. Ana shu safar tufayli siz o'qiyotgan sayohatnoma yozildi.
Turkiya Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoyning ma'lum qilishicha, Turkiya dunyoning uchinchi yirik turizm bozoriga aylandi. 2022 yilda Turkiyaning turizmdan tushgan daromadi 2019 yilga nisbatan 19 foizga o'sib, rekord darajadagi 46,3 milliard dollarga yetdi. Bu natijalarga qanday erishildi, degan savolga Nuri Ersoyning ma'lumotidan javob topamiz.
“Turkiya global targ'ibot faoliyatini kuchaytiradi va barqarorlikka e'tibor qaratadi” Mehmet Nuri Ersoy davom etdi: “Kelgusi 5 yil ichida maqsadlarimizga erishish uchun biz bozorni diversifikatsiya qilish, o'ziga xos manzillarimiz va mahsulotlarimizni global reklama qilish bilan bir qatorda, brendlash va barqaror turizm ekotizimini yaratishga e'tibor qaratamiz. Turkiya Jahon barqaror turizm kengashi (GSTC) bilan hukumat darajasida hamkorlik shartnomasini imzolagan dunyodagi birinchi davlatdir. Bizning brendlash va global targ'ibot tadbirlarimiz yildan-yilga oshib boradi. 2028 yil oxiriga kelib mamlakatimizning butun turizm va madaniyat taklifini butun dunyoga taqdim etadigan jami 9 ta yo'nalish va 20 ta mahsulot subbrendiga ega bo'lamiz. Biz xilma-xillik va uzluksizlikni saqlab qolamiz.
Turkiya turizmni targ'ib qilish faoliyatida ba'zi bir sohalarga e'tibor qaratadi; Velosiped turizmi, gastronomiya va sport turizmi asosiy e'tibor qaratilishi kerak bo'lgan qismlardir. Turkiya sog'liqni saqlash turizmiga ham alohida diqqat qaratadi va yilning 12 oyi davomida o'zining 81 shahriga turizm ta'minotini diversifikatsiya qiladi. Arxeologik diqqatga sazovor joylari bilan mashhur Turkiya, dunyodagi eng qadimgi neolit obidasi bo'lgan “Tash Tepeler” hududida arxeologik qazishmalarini davom ettiradi va Antaliya, Go'reme-Kapadokiya, Pergamon va Izmirdagi Asklepion va Likiya yo'lida yangi arxeologik parklarni ishga tushiradi”.
Mana shunday katta hajmdagi ishlar amalga oshirilgani uchun ham Turkiyaning madaniyat va turizm vaziri Mehmet Ersoyning mavqei shu qadar yuksaldi. Ushbu ma'lumotlardan xabar topgach, O'zbekistonda yangitdan shu tarmoq vaziri bo'lib tayinlangan Ozodbek Nazarbekovning ham mavqei yuksalib ketsa ajab emas, degan umiddamiz. Buning uchun O'zbekistonda ham Turkiya tajribasidan keng foydalanish koni foyda ekanligini aytishdan charchamaymiz. Ayniqsa, turizm bo'yicha dunyo e'tiborini qozongan Turkiyadan Ozodbek Nazarbekovga o'rinbosar lavozimiga munosib mutaxassisni taklif qilish fursati yetmadimikan?
Maqolamiz avvalida aytib o'tganimizdek, shu yilning fevral oyida kuchli yer osti silkinishlari tufayli Turkiyaning bir necha shaharlarida vayronaliklar kuzatildi. Ko'plab turk qardoshlarimiz xarobalar ostida qolib, bevaqt olamdan o'tdi. Minglab odamlar jarohatlar oldi. Uy-joylaridan ajraldi. Ammo ana shunday paytda dunyoning barcha burchaklaridan yordamlar kela boshladi. Jumladan, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o'sha damlardayoq Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo'g'on janoblari bilan telefon orqali bog'lanib, ta'ziya bildirdi va zudlik bilan qardoshlarimizga har tomonlama yordam ko'satishga kirishildi. Qutqaruvchilar guruhlari yuborildi. Xalqimiz yordam ko'rsatish uchun tashkil qilingan joylarga oqib kela boshladi. Chunki, qon-qardoshlik ana shunday og'ir damlarda bilinadi. Shundan so'ng Turkiya davlati zilziladan ozor chekkan aholini har tomonlama qo'llab-quvvatlash uchun keng ko'lamli amaliy ishlarni bajarishga kirishdi. Jabr chekkanlarga yordam ko'rsatish jarayonlari davom etmoqda. Ana shunday murakkab vaziyatni kuzatgan ayrimlar “endi Turkiyada turizm masalalari e'tibordan chetda qolsa kerak”, degan xayollarga berilgan edi. Yo'q, aksincha Turkiyada turizm bilan bog'liq yangi va yangi g'oyalar hamda tashabbuslar olg'a surilyapti.
…2024 yilning fevral oyida Istanbulda ellik yillik tarixga ega bo'lgan SITEning Xalqaro Konferensiyasi bo'lib o'tadi. Mazkur SITE Global konferensiyasi doirasida rag'batlantiruvchi turizm sohasidagi yuzlab ishtirokchilarni Istanbulga jalb qilinishi kutilmoqda.
90 mamlakatda 2500 dan ortiq a'zosi bo'lgan va yarim asrlik tarixga ega SITE rag'batlantiruvchi turizmning yetakchi assotsiatsiyasi hisoblanadi. SITE o'z segmentining a'zolari va mutaxassislari eng muhim xalqaro tadbirni o'tkazish uchun Istanbulni tanladilar. Demak, Turkiyaning turizm sohasidagi yutuqlari dunyo miqyosida e'tirof etilmoqda.
Buyuk turk dunyosi tarixidagi ayrim xatoliklar, to'g'rirog'i benazir ajdodlarimiz sohibqiron Amir Temur va Yildirim Boyazid bobolarimiz o'rtasidagi Anqara jangi hamda “Oltin O'rda” xoni To'xtamishxon va Amir Temur o'rtasidagi jang tufayli shiddat bilan odimlayotgan turkiy dunyo taraqqiyoti bir necha asr orqaga surilib ketdi. Buning uchun ajdodlarimizni ayblashdan yiroqmiz. Chunki, ularning o'rtasidagi sovuq urushni keltirib chiqarganlar begonalar edi. Buyuk qondoshlarning xatolaridan ayyor dushmanlar ustalik bilan foydalandilar. Natijada dunyoga da'vogar turk olami haligacha o'zini o'nglab ololmadi. Zo'ravon mamlakatlarning mustamlakasiga aylangan Turkistonning qardosh va qondosh xalqlari bo'laklarga bo'lib tashlandi. Oradan asrlar o'tgach, qullik zanjirlaridan ozod bo'lgan mustaqil o'lkalar yana qaddini rostladi. Shukurki, bir zamonlar bobolari qilgan katta xatoni avlodlari tuzatdi. Bugun Turkiy davlatlar tashkiloti degan umidbaxsh suyanch paydo bo'ldi. Global zamonda birlashgan o'zar, degan maqolga jiddiy e'tibor qaratgan Turkiy davlatlar o'rtasida juda muhim shartnomalar imzolandi. Turkiy davlatlar o'rtasida madaniy-ma'rifiy, savdo iqtisodiy hamkorlik yo'lga qo'yildi. Ayniqsa, turizmni rivojlantirish borasida Turkiya tajribasidan keng foydalanish zarur ekanligini hayotning o'zi taqozo etmoqda. Yurtimizdagi tarixiy imoratlar, qadimiy gumbazlar, minoralar, masjidu maqbaralarning dunyoning boshqa mamlakatlaridagi tarixiy maskanlardan kam joyi yo'q. Aksincha, boy va ustun. Hatto, dunyoning sanoqli ochiq osmon ostidagi shaharlari ro'yxatining yuqori pog'onasida turadigan Xivadagi “Ichan qal'ani” xuddi Istanbuldagi “To'p qopi” saroylar majmua muzeyidek dunyo sayyohlarining qadami uzilmaydigan dargohga aylantirish mumkin. Buxoro va Samarqandda, Shahrisabzu Qo'qonda ham Turkiyadagidek sayyohlik maskanlari tashkil etilsa, nur ustiga a'lo nur bo'lur edi. Buning uchun yangidan Amerika ochishga hojat yo'q. Mehmet Nuri Ersoy ta'kidlaganidek “O'zbekistonda ham xuddi Turkiyadagidek turizm global targ'iboti faoliyatini kuchaytirish va barqarorlikka e'tibor qaratish, o'ziga xos manzillarimiz va mahsulotlarimizni global reklama qilish bilan bir qatorda, brendlash va barqaror turizm ekotizimini yaratishga e'tibor qaratishimiz kerak. Uni dunyo ahliga qay tarzda yetkazib, ko'rsatish yo'llarini o'ylab, kallani ishlatish kerak xolos. O'shanda Turkiyaga oqib kelayotgan millionlab, milliardlab dollarlar O'zbekistonga kelishiga zamin yaratgan bo'lamiz.
Ro'ziboy QO'LDOShEV,
O'zbekiston Jurnalistlar
uyushmasi a'zosi