Afsonaviy oshiq
Ulug' hofiz Komiljon Otaniyozovning 105 yilligi munosabati bilan o'tkazilgan tadbirda ko'ngildan kechgan o'ylar
Bu yilgi yoz o'tgan yilga nisbatan ancha issiq keldi. Hatto kechalari ham hovurli. Jaziramada yeru jona sig'may o'tirgandim, opaxonlarimdan biri – ona maqom rutbasiga noil hofiza Gulbahor Jumaboyeva sim qoqib, Gavharjon (Gavhar Ibodullayeva — O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Xorazm viloyati bo'limi rahbari) bizlarni Komiljon Otaniyozovning 105 yilligi munosabati bilan o'tkaziladigan tadbirga taklif etdi, nima qilamiz, boramizmi, deb qoldi. Ertasiga aytilgan vaqtda uchrashishga kelishib, go'shakni qo'ydim.
Urganchga borib, tadbir ishtirokchilariga qo'shilib oldim. Bir guruh jamoa — hofizning farzandlari, ijodkoru san'atkorlar buyugimizning so'nggi manzili Bo'yrachi (Shovot tumani hududiga qarashli qishloq) tomon yo'lga tushdik. Kimdir yengil moshinda, kimlardir tadbir ishtirokchilari uchun ajratilgan avtobusda. Yo'l bo'yi mendan yarim asr muqaddam dunyoga kelgan buyuk eldoshim haqida o'yladim. Afsuski, men u insonni ko'rmaganman, u kishi vafot etganida yetti yoshda bo'lganman. Biroq padari buzrukvorim, faxriy jurnalist, shoir Hayitboy Solayevning aytishlaricha 1961 yil avgust oyida Komiljon Otaniyozov ularning nikoh to'yida jo'shib qo'shiq kuylagan ekan. Shovot tumani Bo'yrachi qishlog'i hududida joylashgan Imorat bobo qabristoniga asta qadam qo'ydik. Komiljon Otaniyozovning barcha yaqinlari shu makonda abadiy qo'nim topgan. Hofizning va yaqinlarining ruhi-poklariga atab Qur'on tilovat qilindi.
…Katta konsert zalida ko'pchilik ishtirokida Komiljon Otaniyozov masalasi muhokama qilinadi. Kun tartibiga konsertdan tushgan pullarni qabristonni obodonlashtirishga sarflagani, xudojo'yligi, namoz o'qigani uchun hofizni xalq artisti unvonidan mosuvo qilish kabi masalalar qo'yilgandi. Yaxshiyamki, haqiqat bor, yaxshiyamki, Yaratgan o'z bandalariga mehribon. Yig'ilishga sal kechikib yetib kelgan o'sha davrning Respublikadagi nufuzli rahbarlaridan biri bo'lgan Yodgora Nasriddinova uni tuhmatu-balolardan asrab qoladi. Bu o'sha namoz o'qish kommunistik mafkuraga to'g'ri kelmaydigan davr uchun katta jasorat edi. Bu amali bilan hatto rahbar opayam urilib ketishi mumkin edi. Alalxusus, K.Otaniyozovni ruhan sinishiga yo'l qo'ymagan Yodgora Nasriddinova san'atkor uchun chinakam najot farishtasi bo'lgan.
Bu kunlar eslandi. Ogahiy nomli Xorazm viloyati musiqiy drama teatridamiz. Gulbahor opa bilan yonma-yon joylashdik. Shunday ijrolar bo'ldi, shunday qo'shiqlar kuylandi, tashqarida salkam 60 daraja issiq, ammo bizga na issiq bilindi, na boshqa. Yurtimizning eng mohir san'atkorlari shu yerga yig'ilgan. O'zbekiston xalq artistlari Gulora Rahimova, aka-uka G'ofur va G'ulom Eshjonovlar, O'zbekiston xalq hofizi Farhod Davlatov, Qoraqalpog'istonda xizmat ko'rsatgan artist Karimboy Rahmonov, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artistlar Ravshan Matyoqubov, To'lqin Jabborov hamda taniqli san'atkor Azamat Otajonovlar nazarimda hech qachon bugungiday ochilib kuylashmagan edi.
Anchadan buyon bu qadar miriqib dam olmagandim. San'atkorlar tomonidan kuylangan buyuk hofiz K. Otaniyozov bastalagan kuy-qo'shiqlar zarbidan muhtasham koshona shiftlari zirilladi go'yo. Tashna qalblar orom oldi. Ayniqsa, xushovoz xonanda Ochilbek Matchonov kuylaganda, uni barcha go'yo sehrlanganday eshitdi. Pashsha uchsa eshitiladigan sukunatni faqat uning shirali ovozi buzardi, xolos. Hofizning betakror xonishini tinglarkanman, musiqaning mo''jizaviy qudrati haqida idrok qila boshladim. Zal to'la odam, hamma kuy-qo'shiq ta'sirida mast, barcha birday hazrat Navoiy g'azallariga monand chayqalgan, nazdimda go'yo ezgulik tantana qilganday, qalblar oliyjanob tuyg'ular ila band edi. Ochil hofizga nisbatan mehrim jo'sh urdi. Ichimda, Ilohim shu ukamizga ham ustaning yo'lini bersin, deb qo'ydim.
Ikki soatcha davom etgan konsert tugab, ko'chaga chiqdik. Issiq havo yuzimizga urilar, ammo na mening, na hamrohim Gulbahor opaning kuy-qo'shiq ta'siridan chiqib ketmagan yuraklarimiz bu holatni sezmasdi. Yo'l bo'yi konsert dasturini muhokama qilib bordik. Kayfiyatlar a'lo. Shu asno opa bilan xayrlashdim. Endigi manzil Urganch shahri markazida joylashgan Komiljon Otaniyozovning uy- muzeyi. Borsam kutganimdek oshlar yeyilgan, odamlar tarqagan ekan. Opa bilan bafurja gaplashish maqsadida o'zim atay kechikib bordim. Necha yildirki, hofizimizning qizi Rohatoy opa aynan padarining tavallud kunida elga osh tarqatadi. Bu holat kaminaga Komiljon Otaniyozovning tillarda doston bo'lib ketgan xayr-saxovati, uning kambag'al oilalarga, yetim-esirga qilgan savobli amallari haqida eshitganlarimni yodimga soldi. Ammo faqat shuginami?
Birovga ko'z-ko'zlash, maqtanish, mahobat uchun emas, Olloh yo'lida ehson qilgan, xayriya ishlariga hissa qo'shishdan mablag'ini ayamagan, shaxsiy jamg'armasining bir qismini ana shunday ezgu maqsad yo'lida xarj qilgan, Urganch shahrida va o'zining tug'ilib o'sgan Bo'yrachi qishlog'ida bolalar bog'chasi, maktab qurilishiga juda katta mablag' ajratgan, yuqorida ta'kidlaganim yanglig' qabristonga borib Qur'on tilovat qilish taqiqlangan qaltis bir zamonda qabristonlarni obod qilgani, hisoblasang hisobdan adashasan. Ijarama-ijara yurgan shogirdlarini ham vatanli, ham bir boshini ikki qilganlarini, kambag'alning to'yiga borib, o'rtaga tushgan pullardan o'zi uchun bir so'm ham olmay, uy egasiga tortiq qilgan hazrati inson haqida yana nima deyish mumkin?!
Aytishlaricha, bir yili K. Otaniyozov bir guruh san'atkorlar bilan davlat arboblari hamrohligida Hindistonga safar qiladi. Ulug' san'atkorning sehrli tori, sohir ovozi hind xalqini maftun aylaydi. Safar so'nggida mezbon og'alar qanchalik lutf aylashmasin, nazari to'q hofizimiz ularning qimmatbaho sovg'asini qabul qilmaydi. Mana sizga g'urur, mana sizga yurt sha'nini himoya qilish, mana sizga yurtga munosib farzand bo'lish…
Ro'paramda savollarimga ilhaq o'tirgan Rohatoy opani savol-javob qilib, ortiqcha bezovta qilgim kelmadi. Rostiyam, opadan nimaniyam so'rashim mumkin? Buyugimiz haqida aytilmagan gap, yozilmagan kitob qolganmi? Vohaning taniqli jurnalisti, shoir Fozil Zohid, xalqaro miqyosda tanilgan adib, Boboxon Muhammad Sharif, katta iste'dod egasi, shoir Bahrom Ro'zimuhammad, Rahim Nur, Behzod Qobulov singari ijodkorlar hammuallifligida tayyorlangan asarlarda nazarimda hamma gaplar aytilgan.
Uy-muzeyiga kirdim. Devorga ilingan nodir suratlar, oynavand jihozlarda saqlanayotgan Komiljon Otaniyozovning otasi Otaniyoz Oxund Niyoziyning devoni va boshqa tarixiy hujjatlarni qiziqish ila ko'zdan kechirdim. Kiraverishni tark etib xonalarga bo'ylayman. Mana, hofizning xobxonasi. U ishlatgan mebel anjomlari, yotgan karavoti, shkaf, servant. Keyingi xona Rohatoy opaning aytishicha, otasining ijodxonasi bo'lgan. Bolaligimdan havas qilgan, biroq chalishni umuman bilmaydiganim xona burchagida turgan qop-qora pianinoga yaqinlashdim. Rohatoy opaning ta'kidlashicha, usta shogirdlariga ilk saboqni aynan pianino chalishni o'rgatishdan boshlar ekan. Kim biladi, ne-ne san'atkorlarning qo'li tegmagan deysiz, bu musiqa asbobiga. Mana, dillarni larzaga solgan tor. Yana Rohatoy opaga quloq tutaman: “Otamiz umrlarining oxiriga dovur mana shu rubobidan ayrilmadi. Oddiy, hashamdan yiroq ushbu rubobini dadamiz juda ardoqlardi”. Javonga terib qo'yilgan kitoblarga havas bilan tikilaman. Navoiy, Bedil, Fuzuliy, Ogahiy, Mahtumquli, Uvaysiy, Nodira… Dahlizning eng oxirida joylashgan kattaroq xonaga kirdik. Oynali shkaf orqasida Komiljon Otaniyozov kiygan kiyimlar; siyoh rang kostyum-shim, palto, cho'girma, chopon, oyoq kiyimlar…
Ulug' hofizning lobar qizi Rohatoy opa ketar chog'im muzeyning dil izhorlari daftariga esdalik bitishimni aytib qoldi. Bajonidil rozi bo'ldim. Axir, bugungi kunim — 22 iyul bag'oyat go'zal kechdi. Tadbir bahona Komiljon Otaniyozov haqida anchadan beri nimadir qoralashni reja qilib yurgan edim. Va nihoyat, ushbu orzuim amalga oshadigan bo'ldi. Ammo ko'nglimning bir chekkasida hadik-havotir ham yo'q emas. Ollohning inoyati ila bu dunyoga kelgan, insoniylikda benazir, saxovatda hotamtoy, suvrati, siyrati go'zal, san'ati tengsiz inson obrazini bir maqolaga sig'dirish… Bu qo'limdan kelmaydi.
Dunyo-dunyo pul topib ham, hashamdor uylar qurmay, qo'shxotinlik xususida zarracha bo'lsin o'ylamay, obro'sidan havolanmay, e'tiqodda sobit, komil inson bo'lib yashash ham mumkin ekan-da! Menimcha, bu ulug' maqom. Buyuk rus shoiri Pushkinning: “Qo'l bilan tiklab bo'lmas haykal qo'ydim o'zimga” misrasi ila boshlanadigan she'rini menimcha ko'pchilik bilsa kerak. Tirikligidayoq afsonaga aylangan, odamiyligi bois o'ziga haykal qo'ygan, haqiqiy inson rutbasiga musharraf bo'lgan buyuk hofiz Komiljon Otaniyozov singari saodatmand insonlar necha yuz yilda bir dunyoga kelsa kerak.
Qaytarkanmiz, hofiz ijrosidagi bir so'z qalbimda o'rnashib qoldi: “Men bugun ketarman ishqning yo'lina”.
Afsonavor shaxs, komil inson Ishq yo'lidan ketdi. U Yaratganga oshiq edi. Foniy dunyoni Oshiq bo'lib tark etdi.
Sayyora SOLAYEVA