Shukur Burhon shijoati

Ayniqsa, bayram kunlarida Shukur Burhonning uy-muzeyi odamlar bilan juda gavjum bo'ladi. Bu ozodlik, erk tuyg'ularini sahnada yaratgan obrazlari orqali insonlar qalbiga solib kelgan ulug' san'atkorimizga bo'lgan ezgu ehtiromdan darak, albatta. Quyidagi esse ulug' san'atkor o'yida bitildi.

 

Ular zarkokilli Zarafshon daryosining ko'prigidan o'tishdi. Cho'ponota tepaligini aylanib, Samarqandni kaftdagiday ko'rsa bo'ladigan Ko'hak tepaligiga kelgach, mashinani to'xtatishdi. “Volga”ning eshigi ochilib, barvasta, kiygan libosi yarashgan bir kishi chiqdi. U Shukur Burhon edi… Mehmon atrofga zimdan razm soldi. Bir paytlar “Mirzo Ulug'bek” kinofilmida bosh rolni o'ynaganida kelganini esladi. Keyin darrov shuncha yil o'tganini eslab yuragi hapriqdi, ssenariydagi “Nahot, qirq yil mehnatimning evaziga men o'z shahrimdan ikki gazlik yer ololmasam…” satrlarini eslab ko'zlari namlandi. Keyin haydovchiga yuzlandi:

— Qani, Kenja akovsi ketdik.

Shukur aka olis safarga chiqsa, qo'shnisiga mashina rulini berardi. Sermulohaza yigit, eshitganini birovga joriya qilmaydi, noo'rin savol bermaydi, gapga-gap qo'shmaydi. Qariyaga esa shu kerak…

Shukur aka bir paytlar o'zi faoliyatini bosh­lagan Samarqand viloyat musiqali drama teatriga bormoqda. Bundan ellik yillar muqaddam Mannon Uyg'urning bir gapi bilan Toshkentdagi “Rohat” bog'chadagi havas­korlik to'garagidan javob olib, viloyatdagi truppaga qochib kelgan edi. Endi bu yerga “Otello” spektaklini ko'rish uchun kelayapti. Bu spektaklning qo'yilishiga o'zi sababchi edi. Bir kuni uyda o'tirganida “Oynai jahon”da Rabindranat Tagorning “Gang daryosining qizi” spektaklini ko'rsatib qolishdi. Televizor oldida o'tirgan aktyor o'rnidan turib ketdi. Xotini Shakar opaga yuzlanib, mana Otello deb yubordi. Rejissyor Ginzburgning aktyorni tanlay olish qobiliyatiga qoyil qoldi. Asardagi Jogen rolini ijro etayotgan Ta'naberdi Qurbonovning Romeshni o'ynayotgan Hamza Umarovga bergan javobida uning ko'zidan o't chaqnab ketganini ko'rib qoldi. Bu cho'g' go'yo Shukur akaning yuragini yondirdi. Yaqindagina badiiy kengashda aytgan gaplari vujudini qaytadan qamrab oldi.

Faqat mana shu bola, Otelloni o'ynashi mumkin! U Samarqand universiteti, Toshkent teatr rassomlik institutini tugatgan. O'qishga kirishda mahorat bo'yicha imtihon oluvchilar qoyil qolgan. U grimsiz o'ynay oladi. Jingalak sochlariga qara, lablarining durdoqligichi. Asli ham arab bo'lsa kerak. Iloji bo'lsa, Hamzaga olib kelish kerak. Lekin iloji bo'lmadi. O'zimizda shuncha “Otello” turib, viloyatdan undayini chaqirish nafsoniyatimizga tegadi, deganlar bo'ldi.

Shakar opa Shukur akaning tuyg'ulariga moy sepishni bilardi:

— Siz faqat birovlarni o'ylaysiz, o'zingiz o'ynab qo'yaqolmaysizmi?

— Xonim, usta o'ziga shogird tayyorlashni bilishi kerak. Mannon Uyg'ur meni Samarqandga olib borib tarbiyalamaganida shunday aktyor bo'la olarmidim?! Ul zot faqat meni emas, butun aktyorlar avlodini tarbiyaladi. Olim Xo'jani Buxorodan top­­di, Abrorni Toshkentda, choyxonada dutor chalib o'tirganda uchratib qoldi. Teatr bu — birovlarning qo'lida aysh-ishrat quli, masxaraboz-nayrangbozlar to'planadigan jamoa emas, u birinchi navbatda tarbiyachidir. O'tkinchi olqishlar, guldastalarning umri qisqa.

Mashina hazrati Xizr masjidining oldiga kelgach, haydovchining endi qayoqqa hayday, degan gapidan xayoli bo'lindi. U ayolining savoliga javob izlab, o'zining Otelloni nima uchun o'ynamaganini eslamoqda edi. Uyg'urning aktyorlarni qanday ishlatishini bilardi, uning ampulasini o'rganish uchun aksariyat bitta rolni ikki aktyorga berib qaysi muvaffaqiyatli chiqsa, o'shani sahnaga chiqarardi. Shukur akaga ham Otelloni o'ynashi mumkinligi uqtirilgandi. Shuning uchun u ham tayyorlanib yurardi. Qaerda bo'lmasin rejissyor Sharif Qayumovga o'ynab ko'rsatardi. Rejissyor qoyil qolar, lekin jo'yali javob bermas, boshini sarak-sarak qilgancha, “uh” tortardi, xolos. Bu holat Shukur Burhonni iztirobga solar, ustozidan hadiksirardi…

— “Shohizinda”ga hayda, u yerni ziyorat qilamiz. Keyin kulollarning oldiga boramiz. Bitta ko'za olib ketaylik. Otam rahmatli ko'zadan suv ichishni yaxshi ko'rardi.

“Shohizinda”ni ziyorat qilib, kulollar rastasiga burilar ekan, Shukur akaning gapi bilan mashina yana to'xtadi.

— Shu yerda kut, hozir bitta ko'za olamanu chiqaman.

Shukur aka ko'za yasalayotgan joyga borarkan kulol bilan xaridorning suhbatini eshitib, to'xtab qoldi:

— Men aytganday qildingizmi, sizning dovrug'ingizni eshitib kelganman-a…

Xaridorning xorijlik sayyoh ekanini sezish qiyin emasdi. Libosi ham uning boy savdogar ekani, xudojo'yligini anglatardi.

— Mening ajdodlarim mana shu Samarqandda yashagan. Sho'rolar davrida, taz­yiqdan chet ellarga qochib ketgan. Endi tez-tez kelolmaymiz. Har yili bir marta ziyorat qilib ketamiz. Sizlar yasab bergan sovg'alar uyimiz peshtoqida turadi.

— Qaerda tug'ilgansiz? – so'radi kulol.

Mehmonning vujudini vatan tuyg'usi qamrab oldi shekilli, ko'zlariga yosh keldi.

— Urgut tog'lari etagida edi qishlog'imiz. Erta tongda quyosh cho'qqilar uzra mo'ralardi. Buloqlardan suv ichardik. Suvning ta'mi haligacha og'zimda turibdi. Hovuchlab ichishni yaxshi ko'rardim. Chanqadim deguncha, buloqboshiga yugurardim. Tepamizda bulbullar sayrab turardi. Shunchalar ko'p edi ular. Chah-chahlab tog' bag'riga uchib ketishardi. Ozod edi ular, qani edi qanotimiz bo'lsa, deya havas qilardik. Jiydalarni aytmaysizmi, undan taralgan iforlar. Ularni his qilish uchun kelamiz-da. Shunda Vatan tuprog'i naqadar aziz ekanini sezamiz.

U ko'zani qo'liga olib, obdon tomosha qildi. Lekin ko'ngli to'lmaganday kulolga nazar soldi. Kulol buni sezdi.

—       Bunga hali bir narsa yetishmaydi. Ichiga suv quysak tasvir o'zgaradi.

—       Qanday?

Kulol yasagan ko'zasiga suv quydi. Ajabo, manzara butunlay o'zgardi. Ko'zaning qop­qog'ida ko'rinib turgan insonning bosh qismidagi lablar kulib turgandi. Ichiga suv quygach, ko'zlaridan yosh oqaboshladi. Sayyoh o'zini tutolmadi, hayajonini yashirolmadi:

— San'atingizga qoyilman! Inson qalbini gil bilan ham ifodalash mumkin ekan. Ayting, qancha beray?

Kulol holatni his qildi:

— Bizda sovg'aga pul olmaydilar.

Suhbatni tinglab turgan Shukur aka o'ylanib qoldi. O'zining o'zbekligidan faxrlandi. Nega shularning obrazini yaratish mumkin emas. Axir, san'atkorning muvaffaqiyati qahramonlarni hayotdan qidirishi emasmi? Sulaymon ota rolini ijro etish uchun qanchadan-qancha cho'ponlarning hayotini o'rgandi. Spektaklni tomoshabinlar, Shukur Burhonniki, deya boshladi. Darvoqe, yaqinda kinorejissyor Elyor Eshmuhamedov undan bitta vatangadoning rolini o'ynab berishni iltimos qilgandi-ku.

Hozirgi ko'rgan manzarasini o'ynab ko'rsatsa bormi, yig'lagan ham yig'laydi, yig'lamagan ham yig'laydi. Qarang, shunday aktyor ikki xokisor insondan o'rganayapti. Aslida shu holida maqtansa ham arzirdi.

Otello spektakli viloyat teatri sahnasida katta muvaffaqiyat bilan qabul qilindi. Shukur Burhon so'zga chiqib, bosh rol ijrochisini mening Bahodirim, mening Rus­tamim, mening Hamletim, mening Brutim, Vanya tog'am, Neznamovim, dedi. Faqat Otellom deyaolmadi, istihola qildi, nimaga shundayligi sirligicha qoldi.

Otelloni qoyillatib o'ynagan Ta'naberdi Qurbonov ustozini kuzatishga chiqdi. Yo'l-yo'lakay Shukur Burhon gulduros ovozi bilan hayajondan o'zini bosolmayotgan shogirdiga tomoshabinlarning maqtovlari, qarsaklariga uchmaslikni tayinladi. Guldasta va olqishlarning umri qisqa ekanini ta'kidladi. Ba'zilar uchun teatr san'ati bir pullik ekani, faqat ular falonchi artist bilan tanishman, deb maqtanish uchun spektaklga kelishini ogohlantirdi. Kerak bo'lsa, bundaylar ertaga tashlab ketishini pisanda qildi. Shuning uchun ham yengil olqishlarga uchgan juda ko'p, ajoyib iste'dod sohiblari o'zini qurbon qilib qo'ymoqda. Aktyorlar tor qobiqdan chiqib ketolmayapti. Yengil hislarni izhor etib, san'at oldidagi mas'uliyatini unutib qo'yishmoqda. Chiroyli ayollarni teatrga qabul qilishda hushyor bo'lish kerak. Hayotni qanday tasavvur qilsang shunday ko'rsat! Juda ko'p aktyorlar alahlab, adashib yuribdi. Sahna bu sirli sandiq, uning kalitini topmasang ocholmaysan.

Ta'naberdi ustozidan ajralgisi kelmas, gaplarini yana eshitgisi kelardi, sinalgan usulni qo'lladi ham:

—       Shukur aka, bir piyola choy…

Shukur Burhon samimiyatga moyil iljaydi, yuzini tabassum qopladi, lekin unamadi.

— “Furqat” kinosidagi “Fig'onkim”, deb boshlanadigan ashulani aytgan Hasan Sultonovning choy ichadigan choyxonasini ko'rib ketardingiz, — avramoqchi bo'ldi ustozini.

— E-e, shunaqami, lekin akovsi hozir vaqt tig'iz, azbaroyi tomoshangga o'zing taklif qilganing uchun zo'rg'a keldim. Ertaga Bolgariyaga uchishim kerak, bir kattakon rolga man ovoz berishim kerak, keyin uchrashuv ham bor, jon-holimga qo'yishmayapti, deputat bo'ling deb… Gogolning “Revizor”idagiday, kur'yer ketidan kur'yer jo'natishayapti. Man, maqtanchoqliq qilolmayman, deputat bo'lib va'dani berib bajarolmasam, deb tashvishga tushaman. Keyin yaqinda bitta ona o'g'limni qamoqdan chiqarib bering, deb uyimga boribdi. Obro'ngiz bor – qamoqxonadagilar aytganingizni qiladi, deydi. Unga tushuntiraman deb, spektakldan kechikishimga sal qoldi. Ish-ish, temir intizom bo'lmasa bo'lmaydi, buni bizga ustoz Mannon Uyg'ur o'rgatgan.

Premyeradan quvonchini ichiga sig'dirolmay chiqqan aktyor ustoziga sinchkov qaradi:

— Boya spektakl tugagandan keyin, faqat mening uchun ko'nglingizda yashirib qolgan gap­larni aytib keting…

Shukur Burhonga shu kerak edi. Kalit jo­yiga tushdi.

— Hazrat Behbudiy teatrni darsxona, ibratxona deganlar. “Otello”ni davrga moslab o'ynash uchun juda katta sinchkovlik va bilim kerak. Dramaturg yozaveradi, lekin rejissyor uni bugunga moslay olsa, nur ustiga nur bo'ladi. Yevropa rejissyorlari Gamletni o'zlarining usullariga moslab xohlagancha o'ynab yotishibdi. Do'stim Maqsud Shayxzoda aytuvdi, dramaturg asarni kengroq qilib yozishi kerak, teatrlar xohlagancha o'ynab yotadilar. Qani endi senga savol, sidqidildan ayt, bugun Otello odamlar uchun kerakmi? U sahnani boshiga ko'tarib ro'molcha uchun rashk qilib bo'kirsa, tomoshabin nima deydi, ayniqsa, xotinlar o'rtasida kim degan bo'ladi? Abdulla Qahhor aytmoqchi, xo'rozlarga qiron kelgan zamon-ku! Shunday paytda Otelloning vazifasi rashkka emas, tarbiyaga qaratilsin. Shekspir yozib qo'yibdi, “mal'un nikoh nozik yorni hadya qilsa ham, uning hissi bo'yin egmas, bizlarga bir dam…”

Ta'naberdining vujudida o'zgarish paydo bo'ldi: endi ustoz aytganday rolning ko'p joylarini qaytadan ko'rib chiqishi kerak. Spektakl paytida, ro'molcha-ro'molcha, deb iztirobga tushganda, sahnada o'tirgan ayollarning kulgani qulog'iga chalingandi. Nahotki, rashkday muqaddas tuyg'u bugun o'z ahamiyatini yo'qotayotgan bo'lsa? Buni ustozi sezdi:

—Ana, – dedi u, – bunda aktyorning tomoshabinlarni sahnaga ishontirishi katta rol o'ynaydi. Jahonning mashhur aktyorlari Siddens, Sara Bernarlar ayol, lekin ular tomoshabinni ishontirgani uchun erkak – Gamlet rolini o'ynaganlar. Erkli Malikboyeva ham “Gang qizi”da o'g'il bola Umeshning rolini o'ynaydi. Ishontiradi. Sen, hadeb “ro'molcha” deb iztirobga tushganing bilan tomoshabin ishonmayapti-da, chunki hayotda rashk degan tuyg'u o'z ahamiyatini yo'qotib qo'ydi. Xotinlar erlarini “gah” deb qo'llariga qo'ndirayapti… Endi Solihboylar uchta xotin ololmaydi, Jamilaga “oshiq” bo'lolmaydi, xotinni oladiku-ya, – miyig'ida kuldi aktyor,– ikki shohga bir malay bo'p qoladi.

Ta'naberdi Qurbon va Shukur Burhon Samarqandning Ko'hak tepaligida turishardi. Biri shogird, biri ustod.

— Ha, senga aytmabman, yaqinda teatrimizga Sa'dulla Ahmad keldi. Bilimdon, Shekspirni suv qilib ichib yuborgan. Talantli dramaturg, fojianavis. Bizga “Oxun-Yakkakord” nomli asarini sahnalashtirishga bermoqchi. Yaxshi bola ekan, shunday yo'ldan ketsa, teatrimizning mullasi bo'ladi. Ozodlik harakati to'g'risida. Men unda bosh rolni o'ynasam deyman. Birinchi Yalangto'sh bo'ladi-da, o'ziyam… E, bola, bu olomonni xalqqa aylantirish uchun o'zingga o'xshagan aktyorlar, qahramonlar kerak. Shekspirning Brutini o'ynaganman, qara, olomonga ishonib, ozodlik bo'lsin deb, sevgan do'stining ko'ksiga xanjar urdi. Aldanganini bilib o'ldi keyin. Hamma ham qahramon nima g'amda yurganini tushunmaydi-da! Ularga tushuntirish uchun kuchli aktyorlar kerak. Xalq — qudratli kuch. Lekin Abdulla Qodiriyni qiynab o'ldirdilar, uning yonini xalq deganimiz olmadi-ku! Men Jaloliddin Manguberdini o'ynadim, g'alamislar tarixni ideallashtir­yaptilar deb, KPZga tashlashdi. Yaxshiyam, Turkiston harbiy okrugining qo'mondoni, general Petrov chiqartirib yubordi. Hozir urush dedi, bizga vatanparvar qahramonlar kerak. Usmon Nosir Magadanda sovuqda qotib o'ldi, Cho'lponning taqdirini aytmayin. Ana shularni xalq deganing himoya qilib chiqmadi. Menga indamasang, bo'ldi, dedi. Endi ayt, ularning qalbiga kim soladi vij­donni! Bildingmi, ha, aktyor. Shekspir aytgan, hayot sahna, odamlar aktyor. Men cho'pon Sulaymon ota obrazini yarataman, deb bormagan joyim qolmadi. Qo'ydan bosh­­qa narsaga farosati yetmaydigan cho'ponni sahnaga chiqarib bo'ladimi?! Go'zallik yaratamiz, akovsi, vijdon hissini vujudiga solamiz. O'qigansan, Saltikov-Shedrinni, vijdon ko'chada qoldi, deydi. Uni murg'ak bolaning qalbiga kim joylaydi? Ha, otang­­ga balli, biz-da, biz artistlar! Otam artist bo'laman deganimda, unamovdi, o'zligingni yo'qotib qo'yasan deb. Uydan Mannon Uyg'urga qo'shilib Samarqandga qochib ketganimni aytuvdim, shekilli. Yana odamlar bizga ta'na qilib, aktyorlar mavjud emas, soya deyishadi. Rol o'ynaydi, deb bilishadi. Senga aytsam, subutsiz kimsalar, kuniga ming qiyofaga kiradilar. Sen ularga mukammallikni ko'rsat, odam bunday bo'ladi, de… Agar sen ham sahnada soxtagarchilik qilsang keyin ishonmay qo'yadilar.

Ta'naberdi ustozining yuziga qaradi, yo tavba, asov-g'alayon-ku, bu! Ko'hna Zarafshonning bahor paytida toshganini ko'rganday bo'ldi. Pirining gapiga ko'ndi. Noiloj ketishiga rozi bo'lib, oq yo'l tiladi, lekin oradan biroz vaqt o'tgach, Shukur Burhonning o'shanda nega shoshayotganini his qildi. U kinoda muhojir rolini o'ynab berish uchun oshiqayotgan ekan. Televizorni shunday burasa, Shukur Burhon haqida ko'rsatuv – vatangado masalasi…

Ta'naberdi televizor ekranidan ko'zini ololmay yum-yum yig'lardi.

Telefon jiringladi. Ta'naberdi go'shakni ko'tardi, undan ustozning, televizorni ko'rvossanmi, degan ovozi keldi. Keyin… falon kuni meni o'sha tepalikda kut, degan amirona buyrug'i eshitildi.

Aytilgan kun Shukur aka yana keldi. Samarqandning tarixiy obidalari yana ham yuksalganday edi.

Ular “Feruza” choyxonasini tanlashdi. Bejiz emas, ustoz Mirzo Ulug'bekni o'ynaganda bo'sh paytlari shu yerda hordiq chiqarishni yaxshi ko'rardi. Ta'sir qilardi unga, film­dagi kenja malikasining sochlarini silab: oh, Feruzam bo'lmasayding agar olamda, so'lar erdi yuragimning musiqasi ham, degan so'zlari eshitilayotganday edi. Ba'zi aktyorlar rolni yodlashini aytsa, Shukur aka hayron bo'lardi, bu sening rolga kirolmaganing derdi, agar rolga kirsang, obraz o'z bag'riga tortib ketadi. Hamlet bo'lib, zamonning dard alamlaridan faryod qilasan, shahar hokimi bo'lib hammani so'kasan, oxirida bitta lo'ttivoz aldab ketganidan o'zingni qo'yarga joy topolmaysan, Brut bo'lib Yuliy Sezarning ko'ksiga xanjar urasan, spektakl necha bor o'ynalsa sahnada shuncha ozodlik bo'ladi, deysan.

— Ustoz bu insoniy tuyg'ular emasmi? Teatr davrni ham o'zgartiradi, demaganmidingiz?

— Deganman, — gap ohangini ko'tardi Shukur Burhon. — O'zingiz o'ylang Rossiyada ozodlikni sahnada tragik aktyor Mochalov olib chiqdi-ku! Turgenev podsho Aleksandrdan qo'rqmay, krepostnoylikni bekor qil, demadimi?! Ustoz Mannon Uyg'ur Gamletni sahnalashtirganida, dunyoni zindon, demadimi? Uni bolsheviklar bosib olgan joylarida zindonga aylantirayapti, degan gapga ishora qildi. Shu yerda Olim Xo'jaga besh! U qarashlari, sahnadan urgan faryodlari bilan ozodlikni unutgan, o'lik qalblarni uyg'otib turdi. Endi sen o'ynagan Otelloga kelsak, uni har xil ma'noda o'ynash mumkin. Men grimingga qoyil qolmadim. Burunla­ringni Fantomasga o'xshatib yuboribsan. U arab, zanjida! Senga grimning nima keragi bor? Quyib qo'ygan Otelloning o'zisan-ku! Tomoshabin juda sezgir bo'ladi. Kamchilik topsa obrazingga ishonmay qo'yadi. Ana, Angliyada yetuk aktyorlarning qad­riga yetarkanlar. Ular teatrga maxsus, yopiq mashinalarda keladilar. Faqat tomoshada ko'rishadi uni. Bizda esa spektakldan keyin to'ylarda o'rtakashlik qilib yurgan artistlarga qaysi tomoshabin ishonadi?!

— Bo'lmasa, Otelloni qanday qilib o'ynashni bir ko'rsatib bering.

— Choyxonada o'ynasak nima qilibdi. Bizga hamma joy sahna… Qaysi ko'rinishini o'ynay!

— Rashk balosi uning qoniga kirgach, arosatda qolgan joyini, iloji bo'lsa!

— Xo'p, bo'ladi-da!

Shukur Burhon o'zining ijrochilik salohiyatini rol uchun majburlay oladigan aktyor edi. U o'tirgan joyida monologni o'qiy bosh­ladi:

“Sodiq odam kishilarning ishiga qarab, qalblarini yaxshigina bila oladi…”

Momoqaldiroqday gumburlagan ovozni eshitgan choyxonadagilarning nigohi ularga mixlandi. Oradan biroz vaqt o'tgach, gulduros qarsaklar bo'ldi.

Ta'naberdi spektaklda faqat diqqatni bitta narsaga qaratishni emas, odamning qandayligini ko'rsatishni sezdi. Tomoshabinlar o'zining istagan narsalarini olaverishini bildi. Tomoshabinlar teatrga aktyorni ko'rgani, u bilan xayolan suhbatlashishga intiq ekanini his qildi. Shukur Burhon uning emas, butun xalqning mehmoni ekanini sezib g'ururlandi.

Shogird ustozini izzat-hurmat bilan kuzatib qo'ydi.

Shukur Burhonning uy-muzeyida ko'ngildan kechgan o'ylar edi bu. Darvoqe, muzeydagi har eksponat qalbimizda ma'naviy boylik bo'lib ildiz otayapti. Ezgu hislarning shaydosi bo'lganlarning makoni bu.

Pardaboy TOJIBOYEV,

jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × 5 =