“Men intilgan cho'qqilar Abror Hidoyatov va Shukur Burhonlar edi”

O'zbekiston xalq artisti Turg'un Azizov bilan suhbat

Gazetamizning bu galgi mehmoni ko'pchilikka ilk bor “Maftuningman” filmidagi Bakir Nazarov roli orqali tanilgan aktyor, O'zbekiston xalq artisti, davlat mukofoti sovrindori, rejissyor va pedagog, professor Turg'un Azizov. “Aktyorning o'z intilgan cho'qqisi bo'ladi. Men intilgan cho'qqilar Abror Hidoyatov va Shukur Burhonovlardir”, — dedi ustoz san'atkor. Ha, chindan ham ikki buyuk aktyor yaratgan mashhur Otello va Mirzo Ulug'bek singari obrazlarni qaytadan sahnada jonlantirish unga nasib etdi. Bu san'atkor uchun katta baxt, jasorat va o'ziga xos mas'uliyat ham edi, albatta.

Turg'un Azizov kino san'atida ham faol ishtirok etib, o'ttizdan ortiq filmlarda suratga tushdi. U rejissyor sifatida “Qalliq o'yini”, “Chimildiq”, “O'zbekcha raqs”, “Hamlet” kabi qator spektakllarni sahnalashtirgan. Biz xalqimizning sevimli san'atkori bilan uning 90 yillik hayot va ijod yo'li, ustozlari, muhabbat tarixi hamda bugungi kino va teatr xususida suhbatlashdik.

 

— Ustoz, eshitishimizcha, aktyor bo'lishingizga otangiz qarshi bo'lgan ekan. Lekin siz baribir shu kasbni tanlagansiz. Bunga nima sabab bo'lgan?

 

— Bolalik paytlarim. Bir kuni onam bilan opam chiroyli kiyimlarni kiyib, xursand bo'lib yurishibdi. Nimaga ekan, deb so'rasam, “Tog'ang (ha, mashhur artist Abror Hidoyatov mening tog'am edi) “Otello”ga taklif qildi, shunga ketyapmiz”, deyishdi. Men ham boraman, dedim, ular hali yoshlik qilasan, deyishdi. Janjal qildim, yig'ladim, keyin dadam olib boringlar, deb meni ham yubordi. O'sha paytlar Pushkin bog'ining yonida, Milliy teatrning yozgi bog'ida spektakl bo'ldi. Bola edim, hech narsaga tushunmaganman. Lekin sahnada bir chiroyli ayolni bir qop-qora odam — ke­yinroq bilsam, mening tog'am bo'g'ib o'ldirib qo'ygani qattiq ta'sir qilib, shu narsa xotiramda muhrlanib qolgan.

Bir kuni xolamning qizi Ma'mura opam uyimizga keldi, u teatr institutida o'qirdi. “Institutimizda imtihon bo'lyapti, xohlasang, olib boray tomosha qilishga”, deb aytdi. U paytda 15 yoshdan oshgan o'smir edim. Bordim. Turk yozuvchisining asarini qo'yishgan ekan. Menga juda yoqdi. Shu bilan “aktyor bo'lsammikan?” degan o'y kirdi menga. Uydagilarga bildirmay, teatrga borib yurdim. Chunki aktyor bo'lishimga otam qarshi bo'lgan, u kishi iqtisodchi bo'lishimni istardilar.

 

— Turgan gapki, bu qaroringiz ularga ma'qul kelmagan…

 

— Ha, shunday. Maktabni tamomlab, “Hujjatimni qaerga topshirsam ekan?” deb yurgan kunlarning birida otam nonushta payti: “O'g'lim, maktabni bitirdingiz, endi iqtisod­­chi bo'lasizmi?” deb qoldilar. Men esa: “Ins­titutga kirish niyatim bor, lekin iqtisodga emas, teatr institutiga topshirmoqchiman”, dedim. Shu payt dadam og'ziga olib borgan qoshig'ini tushirib yubordi va oyimga qarab: “Sizning avlodingizda artist bor, shuning uchun bu ham tortib ketdi”, dedilar. Oyim ham hazilkash edi, “O'lmang, xo'jam, o'zingiz ham “artistka”larni yaxshi ko'rasiz-ku”, — dedi. Dadamning jahli chiqib, stolni bir tepib uydan chiqib ketdi. Shundan keyin men ham indamay, attestatimni to'g'ri teatr institutiga borib topshirdim.

 

— Siz rus maktabida tahsil olgan ekansiz. Lekin teatr institutiga o'qishga kirdingiz. O'zbek tilida mono­loglar o'qish, rol ijro etish qiyinchilik tug'dirmaganmi?

 

— Rus maktabda o'qiganim uchun teatrshunoslik institutiga ham imtihonlarni rus tilida topshirdim. Professor I.Radun imtihon olgandi. Birdan ikkinchi kursga olamiz, deb qoldilar u kishi. Xursand bo'lib Abror tog'amga kelib aytsam, “Sen o'zbek tilini yaxshi bilmaysan, birinchi kursdan o'qishing kerak”, dedilar. Institutga telefon qilib: “Jiyanim birinchi kursdan o'qiydi, oldin ona tilini puxta o'rgansin, o'zbek sahnasiga chiqolmaydi bu turishda”, dedilar. “Xafa bo'lma, ona tiling­­ni bilmasang, ko'zing­­ga yosh ham, his ham kelmaydi, teatr shunday”, deb aytdilar.

Birinchi kursdan Toshxo'ja Xo'jayev qo'lida o'qiganman. Ular rusiyzabon ekanimni bilgach, bir rus dramaturgining pyesasini berib, har kuni 10-12 betdan o'zbekchaga tarjima qilib qo'yishimni aytdilar. Mana shunday qilib menga o'zbek tilini chuqur o'rgatgan odam Toshxo'ja Xo'jayev bo'ladi. Bu odamdan umrbod qarzdorman.

 

— Buyuk o'zbek aktyori Abror Hidoyatovning jiyani ekansiz. Demak, san'at yo'lidagi yutuqlaringizda ularning o'rni katta bo'lgan…

 

— To'g'ri, ularning o'rni katta. Ammo bilasizmi, men tog'am o'ynagan rollarni xuddi ulardek o'ynasam, shunchaki nusxalagan bo'lardim. Aktyorlik mahoratim o'smay ham qolardi. Masalan, tog'am davrida “Otello”ni poetik o'ynashardi, biz esa boshqacha qilganmiz. Zamonaviylashtirardik. Aktyor davr farzandi, bir necha o'n yildan keyin sahna hayoti ham o'zgarib boradi, zamonga yaqinlashadi.

Bundan tashqari, mening dunyoqarashimda romantika bo'lgani uchun bo'lsa kerak, ko'pincha mana shunday rollarni berishardi. Birinchi marta Monserra rolini berishgan. U rolda deyarli so'z yo'q edi. Shundan keyin sekin-sekin boshqa rollarni ham ishonib topshirishgan. Teatrda To'ti Yusupova bilan ko'p rollarni birga o'ynaganmiz. Rixsi Ibrohimova bilan ham ko'p rollar ijro etganmiz. Teatrda part­nyorlarim Yayra Abdullayeva, Erkli Malikboyeva, Zebo Soliyeva, Rimma Ahmedovalar bo'lgan. Rimma Ahmedova bilan, asosan, televidenieda partnyor bo'lganmiz. Aytganimdek, Monserradan keyin menga romantik rollarni bera boshlashdi. Otelloni ham o'ynadim. Mos­kvadan mashhur rejissyor Ruben Simonov kelib, “Otello”ni sahnalashtirganmiz. Mendan keyin Otello rolini Yoqub Ahmedov o'ynagan.

 

— Shu o'rinda bir savolni bersam. Xalq orasida Shukur Burhonovning teatr­dan haydalgani, hatto uning mehnat daftarchasi uyiga olib borib tashlangani haqida turli xil gap-so'zlar yuradi. Siz shu inson bilan zamondosh bo'lgansiz, birga ishlagansiz, uning ko'plab rollarini qayta gavdalantirgansiz. Aslida, bu gaplar haqiqatga qanchalar yaqin?

 

— Bu bo'lmagan gap. Nazarimda, bunday gap­lar odamlar tomonidan to'qib chiqarilgan. Shukur akam (Shukur Burhonov) Abror Hidoyatovdan keyingi professional aktyor bo'lganlar. Ular nafaqat Abror tog'amning jiyani bo'lganim, qolaversa, iste'dodimni ko'rib turib ham doim meni qo'llab-quvvatlaganlar. Men ularning ko'plab rollarini dublyor bo'lib o'ynaganman. Bilasizmi, u kishining har bir o'ynagan rollarini qayta ijro qilishimga to'g'ri kelib qolsa, ijrodan avval ularning oldilariga borib, oq fotihalarini olishni kanda qilmasdim. Kunlarning birida teatr rahbariyati menga “Mirzo Ulug'bek” rolini berishdi. Turgan gapki, bu katta mas'uliyat edi. Odatdagidek, bu rolni ham o'ynashga rozilik so'rash uchun uylariga bordim. Borsam, mashinalarini tuzatayotgan ekan. Biroz ularga qarashgandek bo'ldim. Ish tugagandan keyin: “Kel, Turg'unjon, nima gap, nima ish bilan kelding?” dedi. Men esa biroz xijolat ohangida: “Shukur aka, yana oq fotihangizni olgani keldim”, dedim. Ular birdan jiddiy tusga kirdilar va: “Bu safar qaysi rol ekan?” dedi qoshlarini chimirib. “Mirzo Ulug'bek”, dedim. Menga bir qarab qo'ydilar-da, indamasdan o'rnilaridan turib ketdilar. Shu payt ularning ayollari Shakar aya kelib qoldilar. Ular meni juda yaxshi ko'rardilar. “Turg'unjon keling”, deya salom-alikdan so'ng kelishim sababi bilan qiziqdilar. Ularga ham kelish sababini aytdim. Shu payt Shakar aya: “Bek, bu qanday baxt, shogird ustozining rolini o'ynash uchun izn so'rab kelsa! Tixirlik qilmang. Oq fotiha bering. Turg'unjon shu paytgacha siz ijro qilgan rollarni maromiga yetkazib o'ynagan. Ishonchim komil, bu safar ham uddalaydilar”, dedi. Shukur akam biroz sukut saqlab turdi. Shu gap­lar ta'sir qildimi, ijodiy rashklarini yengib, menga fotiha berdilar. Men esa rolni qayta ijro qildim.

 

— Demak, Shukur Burhonov “Mirzo Ulug'bek”ni sizdan qizg'ongan ekan-da?

 

— Ha. Boshida biroz g'ashlari kelgan. Bu tabiiy. Aktyorning har bir o'ynagan roli o'z farzandidek bo'lib qoladi. Buni to'g'ri tushunish kerak. Lekin baribir rozi bo'lganlar.

 

— Ustoz, mana siz ham uzoq yillik taj­ribaga ega professional san'atkorsiz. Juda ko'plab rollarni gavdalantirgansiz. Masalan, Otello, Gamlet, Mirzo Ulug'bek obrazlarini. Ayting-chi, bugungi yosh aktyorlardan qaysi birlari sizning ham rollaringizni qayta ijro etishga qodir deb bilasiz? Ana shunday talantlar bormi?

 

— Hozir sizga bu haqda aniq bir gap aytolmayman. Lekin teatrimizda iqtidorli aktyorlar juda ko'p. Ularning hammalari o'ziga xos uslubga, talantga ega. Biroq hozirgacha teatr ma'muriyati men o'ynagan rollarga tegishmadi. Yoki kimgadir qayta ijro etishga berishmadi.  Yana bir haqiqat borki, har bir rolning chegarasi bor. Yoshing o'tgan sayin o'ynagan rollaringni qayta o'ynay olmaysan. Mahorat ko'payadi, ammo kuch yo'qoladi, yoshing to'g'ri kelmay qoladi.

 

— “Maftuningman” filmidagi Bakir Nazarov. Sizni hamon shu filmdagi rolingiz bilan eslashadi, tanishadi va ko'p davralarda olqishlashadi. Filmdagi qo'shiqni o'zingiz ijro qilganmidingiz?

 

— Bir kuni tramvayda bir kishi: “Teatrda ishlaysan-a, repetitsiyadan keyin kinostu­diyaga kir, gap bor”, deb tushib ketdi. O'sha kuni teatrdan chiqayotgandim, Shukur Burhonov meni to'xtatib: “domino o'ynaymiz”, deb qoldilar. “Bir rejissyor chaqirgan, o'sha yerga borishim kerak edi”, deb aytdim. “Ha, u Yo'ldosh A'zamov. “Maftuningman” degan kino olyapti. Qo'shiq aytadigan aktyorlar kerakmish, sen aytolmaysan-ku, borsang boraver, baribir o'tmaysan”, dedilar. Yoshi katta odam chaqirdi, bir o'tay-chi, deb ketdim.

Bordim. Yo'ldosh aka sekin menga qarab chiqib, kiyintirib: “So'zini beringlar”, dedi. Qizning oyog'ini bosadigan joyimdan sinov qilishdi. Ashula aytolmasam ham o'sha rolga o'tib ketdim. Kinodagi men aytadigan qo'shiqni Nasim Hoshimov aytgan. Filmdagi qo'shiqlarim Nasimjon akaniki. Ha, shu sababli bir qiziq holatga ham tushib qolganman. 1958 yilda ijodiy safar bilan Moskvaga borganmiz. Bo'sh vaqtimda Moskva do'konlarida yursam, bir kishi menga qaradi-da, atrofidagilarga ruschada: “O'rtoqlar, qaranglar, bu gastrolga kelgan “Maftuningman” filmi qahramoni-ku! Uning ovozi shunaqangi ajo­yibki…” deb qoldi. Yana atrofiga odamlarni yig'ib, meni qurshab olishdi. O'shanda hozir ashula aytib ber, deb qolishmasin-da deb yurak hovuchlab turganman.

 

— Nega aynan teatr va rejissyorlikni tanladingiz, kinolarda ham ko'plab rollarni o'ynab, xalqqa tanilgan edingiz-ku?

 

— Kinoda rejissyorlar qaysidir aktyorni o'sha rolda ko'rsa, taklif qiladi. Teatrda bu narsa yo'q. Ijodiy jamoadan aktyorlarni olishadi rolga. Kinoda hayotida sahna ko'rmagan odamlarni ham kinoga olishaveradi, imkoniyat ko'proq bu borada kinoda. Aktyorning kamchiligi chiroyli rakursdan olingan kadrlar bilan bilinmay ketadi. Kinoda ham 30 dan ortiq rol ijro etganman. Rejissyorlikka o'tishga kelsak. Bu jarayon birdaniga sodir bo'lgani yo'q. O'zim qatnashgan har bir spektakldan olgan taassurotlarim, mashq, ijro jarayonida tug'ilgan fikr-mulohazalar, kuzatishlar oxir-oqibat kinoga suratga tushishlar jarayonida orttirgan tajribalarimni amalda qo'llashga undadi.

Bilasizmi, har bir aktyor o'z rolini o'ynaydi, rejissyor esa butun bir ansamblni o'ynaydi. Yaxlit sahna asarining dunyoga kelishi rejissyorning dunyoqarashi, bilimi, saviyasi, hissiy kechinmalar ko'lamiga bog'liq. Demak, rejissura men uchun qo'shimcha majburiyatlar va imkoniyatlar eshigini ochdi. Asar ustida ishlash, aktyorlar bilan repetitsiyalar o'tkazish jarayonida ustozlarim bilan birga ishlagandagi ko'rganlarim asqotdi. Yana Mannon Uyg'ur, Yetim Bobojonovlar tajribalaridan saboq oldim. 17 ta rejissyorlik ishim bor. Akademik Mamajon Rahmonov teatr ins­titutiga taklif qilgach, o'sha yerda dars bera boshladim. Institutda talabalarni aktyor sifatida shakllantirish uchun qilgan harakatlarim ham rejissyorlik qilishimga sabab bo'lgan. Talabalarni o'qitishda uncha qiyinchilik bo'lmagan. Yetarli tajribaga ega aktyor edim. Kirish imtihonlarida kursimga iste'dodli bolalarni tanlab olishga e'tibor berardim. Dars mashg'ulotlarida individual shug'ullanishga harakat qilardim. Chunki ular mening “maktabim”ni davom ettirishadi.

 

— Adashmasam, rahmatli rafiqangiz Roza Azizova ham san'atga daxldor ayol bo'lgan…

 

— Ha, shunday. Ayolim ham Moskvada teatr­shunoslik bo'yicha o'qigan… To'ti Yusupovaning to'yidan sovuq kunda yuk mashinada qaytganmiz. Qarasam, Roza sovuq qotib turgan ekan. Ustimdagi paltoimni yechib unga kiydirib qo'yganman. O'shanda uni yaqindan his qildim. Qarorim qat'iylashdi. Keyin to'yimiz bo'lgan.

Roza san'atshunos bo'lgani uchun Nabi Rahimov bilan Sora Eshonto'rayevaning “Kulgili tragediya” (“Optimistik tragediya”) spektaklini tanqid qilib maqola chiqargan. Chunki ular qarib qolishgan edi va ijro etgan rollariga yoshlari mos kelmasdi. Nabi akam menga yomon qaragandi o'shanda. Hatto ancha paytgacha gina saqlab yurdilar. Lekin Sora opam indamadilar.

Shu bo'ldi-yu, Roza san'atshunoslikni tashlab ketdi. Qishloq xo'jaligi institutiga ishga kirib, rus tili va adabiyotidan dars berdi. Professor bo'ldi o'sha yerda. Kafedra mudiri bo'lib ishladi. Qandli diabetdan vafot etdi…

 

— Yaqinda madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bugungi teatr xususida fikr bildirar ekan, shunday dedi: “Bugungi teatrlarga zamonaviylik yetishmayapti. Qotib qolgan mavzular hali ham. Muxlislar yangi mavzu talab qilyaptimi, shularni yaxshi chiqarib beradigan yosh avlodni tarbiyalashimiz kerak. Bugun biz muxlislar xohlagan shaklda o'z so'zimizni aytishimiz lozim. Shakl ular istagandek bo'lar, lekin mazmun biz istayotgandek bo'lgani yaxshi. Jamiyat madaniyatini to'g'ri shakllantirish maqsadidan og'masligimiz kerak”. Siz ham teatr darg'alaridan birisiz, ko'plab shogirdlarni tarbiyalab shu dargohga olib kirgansiz. Bu fikrlarga munosabatingiz?

 

— Ehtimol, kamchiliklar bordir. Lekin men bu bilan bugungi teatrni yomon deyishdan yiroqman. Mening fikrimcha, ijtimoiy hayotga, ma'naviyatga daxldor soha sifatida teatr hamisha davr bilan hamnafas bo'lishi kerak. Bugun barcha teatrlarimiz imkon boricha zamonaviy, davr talabiga mos asarlarni sahnaga olib chiqishga harakat qilyapti. Masalan, bizning teatr repertuaridagi asarlar yoshlar ustozlar an'analarini davom ettirayotganini ko'rsatib turibdi. Yoshlarimizda mahorat bobida buyuk aktyorlardagidek intilish bor. Lekin yana bir holat bor. Daromad kimga ham kerak emas deysiz. Kimdir moddiy jihatdan o'ziga to'q bo'lishi mumkin. Bu degani hamma ham birdek degani emas. Shu sabab­­mi ba'zilari to'ylarga, turli tadbirlarga yugur-yugur bilan repetitsiyalarga, spektakllarga yetarli tayyorgarlik ko'rmay kelyaptilar. Bu albatta, o'tkinchi holat. Bugun sahnalarimizda saviyasi yuksak asarlar ko'p. Ular soni hali yana oshadi. Men bunga ishonaman. Bunga imkoniyat bor. Davlatimiz tomonidan san'at ahliga katta e'tibor berilyapti. Teatrlar uchun eng yaxshi zamonaviy binolar ajratilayotgani, yangilari qurilayotgani, ko'p­lab teatrlar ta'mirdan so'ng chiroy ochayotgani buning dalilidir.

Biz san'atkorlardan esa kasbga fidoyilik va yuqori saviyadagi sahna asarlari yaratish talab etiladi. Ayniqsa, yosh iste'dodlarni qo'llab-quvvatlashga jiddiy ahamiyat berishimiz zarur.

 

— “Ot o'rnini toy bosar” deyishadi. Farzandlaringiz, nabiralaringiz orasida sizning izingizdan ketganlar, san'at yo'lini tanlaganlar bormi?

 

— Afsuski, yo'q. Agar bo'lsa xursand bo'lardim. Men o'g'limga ham, qizimga ham “Shu yo'lni tanlaysan”, deb shart qo'ymaganman. Shunday qilganimda xato bo'lardi. Bu sohani zo'rma-zo'raki tanlashganida, ulardan professional emas, o'rtamiyona aktyor, san'atkor chiqib qolardi. Buni esa men istamayman. Bo'lsang, zo'ri bo'lishing kerak. O'zida iqtidor bo'lishi, ichidan nimadir otilib chiqishi, san'atga nisbatan muhabbat shakllanishi, o'z kasbini sevishi kerak.  San'atda “yashab” keta olishiga ishonishi, ko'ngli sovib qolmasligi kerak edi.

 

— Ustoz, samimiy suhbatingiz uchun katta rahmat. Doimo sog'-salomat bo'ling!

 Islom ASILBEKOV suhbatlashdi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

thirteen − thirteen =