Mahmud Toir – xalq farzandi
Xalq nazarida sanʼatda maʼlum gradatsiya (daraja) böladi.
Misol uçun, Erkin Vohid klassik. Abdulla Orif ham klassik. XX va XXI asr özbek şeʼriyatining klassiklari. Ular tevaragida misol uçun Rauf Parfidan tortib Halima Xudoyberdiyevagaça Oy atrofidagi yulduzlar. Undan söng Şavkat Rahmon, Xurşid Davron, Usmon Azim, Azim Suyun alohida katta oqim. Keyin Mahmud Toir, Sirojiddin Sayyid, Muhammad Yusuf, Iqbol Mirzo, Mirzo Kenjabek xalq suygan va tan olgan bir guruh isteʼdodlar. Bular atroflarida juda köp yulduzlar, turkumlar joylaşgan. Ular kunduzi közga taşlanavermaydilar, lekin keçasi Beşiktoğdan qarasangiz, közingiz qamaşib ketadi. Musaffo toğ havosida yult-yult balqib turadilar.
Şular oqimlarida juda yorqin bölib közga taşlanadigan Mahmud Toir katta mehnat-maşaqqatlar evaziga “Olimp”da öz örnini qozondi va hozir mana şu damlarda xalqqa suyukli böldi… Xalq farzandi bölib şeʼr aytdi. Xalq içida uni uluğlab sözlar aytib keladi va notiq bölib tanildi. Baʼzan uning şeʼr aytuvda öziga xosligini, nutqda ohanglarning barça pardalaridan mohirona foydalanişi va öziga magnitday tortib olişini Qodir Maxsum, Orif Alimaxsumovlarga öxşatadilar. Bu öxşatişlarning har birida haqiqat navozişlari ham yöq emas. Ammo Mahmud Toir öziga xos va ğoyatda tabiiy. Çotqol toğlarining yigiti, Beşiktoğning yölbarsi, Quramalarning guldurosi, Ohangaronning közni qamaştiradigan yoruği ayni şunday bölsa kerak-da. Uni Orif Odilxonov, Xayriddin Sulton bilan birga alqaşib toğ yigitlari deyişadi. Ajib fasohatli şoiramiz Şarifa Salimovada malikalardek malihlik zuhur etsa kerakkim, uni erkalab toğ qizi — Çotqol qizi deb suyuşadi. Ularning elga suyukli bölişlarida mubolağa yöq. Toşkent viloyati özi azim poytaxt bilan egiz, şunaqangi gözal diyorim deb şoirlar kuylasalar, tarixi, azamat odamlarini uluğlasalar, arziydi-da.
Mahmud şoirning xalq orasida uçqur sözga aylanib ketgan ajib hikmatlari juda köp. Mening nazarimga kelsak, uning har bir şeʼri, dardli lirik dostonlari, ğazallari, törtliklari, ikkiliklari bari yaxlit va jarangdor hikmat şakliga kirgan. Uning benazir hikmatlari Yassaviy, Lutfiy, Navoiy, Atoiy, Sakkokiy, Gadoyidek mislsiz parivaş şoirlar hikmatlarining davomi. Mahmud şoir qolaversa, “Bedorlarga bering dunyoni” deb el-yurt, istiqlolga maşhur va manzur böldi. Mahmud şoir doim çin aytadi. Va çin aytganda, doim haqiqiy şoirlar kabi aytganlari mubolağasiz bölmaydi. Mahmud şoir bir çekkasi şoiradil onasi va mutakallim usta duradgor otasi aytgan, ulardan eşitgan va olgan ögitlarini şeʼr qiladi. Otasi u ösmir çoğida olamdan ötdi. Mahmudga köp dono sözlarni aytdi. “Erkingni asra va köksingdagi çöğni söndirib qöyma”, dedi otasi unga. Mahmud buni eslab qoldi va doim bundan taʼsirlanib yurdi. “Sen vafoli erkak böl”, dedi onasi. Mahmudning yuragi bu sözdan dukillab urib ketdi. Mahmud hayotda ham, şeʼru ijodda ham, xalq içida tinimsiz tarğibotlarda yurganda ham, boşiga nima iş tuşmasin, şunday böldi. Vafoli erkak, axloq-odob udumlarini ibodat kabi qabul qildi va amalga oşirdi. Bu sözlar uning şeʼriy ibodatining boşi, avvali va oxiri. Men köp eʼtibor qilganman: u şeʼrni duo kabi yozadi, duo kabi aytadi va şeʼrga duo kabi işonadi. Duo yurakdan çiqadi va duo böladi. Uning duo şeʼrlariga istak şeʼrlari tabiiy quyilib boradi. Har bir şeʼrida mayl bildiradi. Mayl feʼllar bilan sözlaydi va muhokama yuritadi: “Bölsin!” deydi. Ammo hayot uluğ keliştirib bölmas ziddiyatlarga töla. Şoir yonib-kuyib “Bedorlarga bering dunyoni!” degani bilan heç qaçon boşqalar dunyoni bedorlarga şunçaki berib qöymaydilar. Ular buni muloyimlik bilan keskin rad etadilar. Kim dunyoni şu mayl-istak bilan dunyo jilovini bedorlarga berib qöyarkan. Heç qaçon bermaydi! Yolğiz yöl: bedorlar dunyolarni özlari aql-idrok, manglay terini tökib olmoqlari zarur. Boşqa yöl yöq. Ammo şoirlar yaxşi niyat-istaklar quçoğida doim mayl-istak feʼli bilan fikrlaşdan çarçamaydilar. Bu osonroq. Bu mayl-istaklar bildiriş juda beozorroq. Ammo na iloj: şeʼr bu mayl-istaklar dunyosi-da. Bölsin yo bölmasin! Mayl-istak tup-tus ana şu!
Bir kun Beşiktoğ röparasida baland tepadagi boğda döstlar şeʼr suhbatida ötirdik. Çuqur jarlar tepasidagi boğlar, töqayzorlarda bulbullar, zarğaldoqlar basma-basiga sayraşardi. Past-baland boğlar, köm-kök adirlarni aylandik. Keçga yaqin Mahmud bizni volidasi bilan körişişimiz uçun hovlisiga olib bordi. Onaizor bizni şod-hurram kutib oldilar. Oynavand ayvonçada ötirdik. Onaizor bizga bir idişda anjir murabbo şarbatini olib çiqdilar va har birimizga ikkitadan anjir va şarbatidan quyib berdilar. Anjir oltinday tovlanar, şarbati esa olovdagi oltinday közni qamaştirardi. Men bunda, bu rangda onaizorning bul sodda qişloqça iltifotida Mahmud şoirning şeʼrlari, dostonlarini körganday böldim. Şu benihoya tiniq oltin ranglar, oltin anjirlar naq Mahmudning şeʼri, Mahmudning satrlari, Mahmudning taşbehlari, Mahmudning jaydari, ammo betimsol falsafasi edi. Ona va anjirlar — ulardagi yurt va yurtdoşlar inʼikosi – Mahmudning eng gözal mavzulari şundan iborat. Nazarimda bu tiriklik va poeziya javhari edi. Mahmudning keyin yozgan yigirmadan ortiq şeʼriy va publitsistik kitoblariga kirgan asarlarda şu rang va taʼmning tovlanişlarini közim ilğaydigan böldi.
Mahmud şoirning universitetda öqigan yillari, harbiy xizmatda burçini ado etgan kezlari, naşriyotlar, redaksiyalarda jurnalistika sirlarini örgangan vaqtlari izlanişlari qamrovi juda katta böldi. U Mirtemirning erk tuyğulariga töla kitobi “Izlaganim”ni boşdan oyoq yodlab oldi. Ozod Şarafiddinov talabasidagi bu iştiyoqni körib, bu kitobni unga diplom işi uçun mavzu qilib berdi. Mahmud endi Mirtemirni ilm va şeʼr nazariyasi közi bilan örgandi. Unda Mirtemirona kayfiyat – el-yurtga qayğuriş uyğondi. Qayğuriş bilan birga sezgir, xotirasi kuçli yigitga ötli şeʼr keldi. Badiiy taʼlimot uçqunlari barq urdi. Badiiy taʼlimot – şeʼr taʼlimoti içiga öz uyiga kirganday kirib bordi. Keyin u dökondan Maşrabning sariq muqovadagi kitobini sotib oldi. Devon unga yod bölib qoldi. Mahmudga Maşrab sözon ğazallari qatori Abdulla Orifning ona haqidagi şeʼrlari tengsiz ohangdor bölib tuyulardi. Mahmud Abdulla Oripovning “ONAJONIM ŞEʼRIYAT” degan manifest şeʼrini barça davralarda gapining avvalida yod öqib yurdi. Bu şeʼr bilan u bir jonu bir tan bölib ketdi. Abdullaning “Yillar armoni” kitobini yostiği tagiga qöyib yotardi.Tungi radio tinglovlar qatori tinmay öqirdi. Mahmud köp şoirlarni qattiq ixlos qöyib örgandi. U Abdulladan çunonçi, Vatanga fidokor farzand bölişni örgandi. U Abdulladan şeʼrni, satr va qofiyani ijtimoiy qirrador qilib yaratişni örgandi. Abdullaning “Onajonim şeʼriyat”idagi: “Haq yölni topdim lekin Sen birlan yongan ötda”, degan satrlari Mahmudga ijod ehtirosining mezoni bölib qoldi. Abdulla Oripov atrofidagi Mahmud Toir, Muhammad Yusuf, Sirojiddin Sayyid, Iqbol Mirzo kabi şoirlar undan ijtimoiy dolzarblik va qabariqlikni programma, dastur kabi qabul qildilar. Bu adabiyotimizning gözal va ijodiy mahsuldor xususiyatlaridandir. Bu şoirlar istiqlolni va milliy erkni şunday maʼrifiy qirradorlik bilan kuyladilar va şeʼriyatga öziga xos mundarija va kötarinki inson tuyğularini olib kirdilar. Mahmud Toir buni şunday ifodalagan: “Voqealarning guvohi bölib yaşamoq, ularni yuksak pardalarda kuylab yaşamoq – eng uluğ saodatdir”. Bu sözlar Mahmudning Abdulla Oripovning yetmiş yilligi munosabati bilan yozgan maqolasidan. U Abdulladan şular barobarida hayratlanib, özi ham şu maqomga kötarildi. U yana Abdulla Oripovdan şeʼrda tuyğularni xuddi toğ maysasiga tuşgan şabnam va uning şaffofligini istifoda qilişni havas qildi. Mahmud ajoyib ikkiliklarida şu havasiga yetdi. Ikkiliklar Gomer zamonlaridan qolgan ajoyib janr. Navoiy fasih namunalar yaratgan. Uning masnaviylari ikkiliklarning betimsol namunalaridir. Mahmud Toir ikkiliklarda şu janrning ajoyib hikmatli namunalarini yaratdi.
Mahmud Toirning şoir bölib yetilişida har bir narsa öz maʼnosiga ega.
Mahmud Toir bağri baland joylarda tuğildi. Baland bağirdor şamolgohlarda ösdi. Baland toğlarga söqmoqlar oçdi. Şeʼriyatning, badiiy sözning konlarini topdi. U qaçon şoir böldi? Mirtemir, Maşrab, Atoiy, Asqad Muxtorni tinmay öqibmi balki. Oçiği, barça şoirlar uni şoir qildilar. Öz saflariga oldilar. Nafsilamrga u ona qornidayoq şoir edi. Ona qornidayoq u bözlagandi. Maşrab kabi dunyoga borligini maʼlum qilgandi. Şunday yuksak maqomli fikr unda tarbiyalanmagan bölsa u viloyatining muammolarini örtoqlaşib, dardlaşib davlat rahbariga xat yozişga jurʼat etardimi? Erkin Vohidov şoirimiz haqida “U istiqlol davrining şoiri” deb katta qamrovlik bilan taʼrif bergan edi. Köplar söng bu taʼrifga bajonu dil qöşildilar. Ammo:
Axir Olloh otani
Osmon qilib yaratgan,
Jannatdan çiqqan gulga
Boğbon qilib yaratgan, –
degan ğoyatda sodda va ğoyatda mislsiz satrlarni Mahmud Toir bitgan, yuragidan çiqargan-da! Davrning har bir şoiriga taqdirdan şunday irfoniy satrlar muyassar bölsin. Mahmud Toir kitoblarida tuyğular baland maqomlarda Haqni taniydi. Haqni taniş yölida el maʼrifatiga jonboz hissasini qöşadi. El-yurt ravnaqidan ilhom va masarrat oladi. Elning ilhomyor kuyçisi kabi kuylaydi. Ğolib hayot maʼno-mazmunini şunda köradi.
Ibrohim ĞAFUROV,
Özbekiston Qahramoni,
Özbekiston Respublikasi sanʼat arbobi
