Yurakdagi so'zimiz

(O'zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali 80 yoshda)

 

Dadamlar haqida yozish… Bu ham oson, ham qiyin. Osonligi – ularga bog'liq voqealar, ma'lumotlar menga yaxshi ma'lum. Qiyinligi – o'sha bilganlarimdan qaysi birlarini yozish, qaysi birlarini tanlash oson emas. Ha, bu chindan ham oson ish emas. Biz Nargiza opam, Nodira opam, Aziza singlim va ukam Komron bilan o'zimizcha kengashgan bo'ldik. Qaysimiz yoza olamiz?! Bu qutlug' vazifa mening chekimga tushdi. Jondan aziz ayajonimiz – (qo'shni kampir-xolalar ularni “Manzuraxon” deb chaqirishardi) yetti yil bo'ldi, olamdan o'tdilar. Agar bugun hayot bo'lganlarida mening bu yozganlarim yanada kengroq, yanada boyroq bo'larmidi. Chunki men ayajonimdan ham albatta maslahat, fikrlar olgan bo'lardim-da. Ayajonimiz va dadamlar tabiatan xushchaqchaq, hazilni yoqtiradigan odamlar. Dam olish kunlari nonushtadan keyin choy ichib o'tirganlarida dadam Nasriddin Afandi latifalarini aytib berishni yaxshi ko'radilar. Bizlarga juda mehribon, hadeb tergayvermasdilar, erkin fikrlashga o'rgatdilar. Faqat doimo: “bilim ol, kitob o'qi”, derdilar. Qaysi o'qishga kirish haqida dadamlar o'zimizga erk berardilar. “Qaysi fanni, sohani yaxshi ko'rsang, o'shanga harakat qil, hamma fan ham yaxshi”, derdilar. Nargiza opamning in­­­­­­­­­­­g­liz tili o'qituvchisi bo'lishga, Nodira opamning vrach-allergolog kasbiga, mening filologiyaga, Azizaning xalqaro jurnalistikaga, Komronning moliya sohasiga qiziqish­larimiz barchasi o'z xohishimiz bilan bo'lgan. Dadamlar ham, ayamlar ham bu ma'noda bizlarni qo'llab-quvvatlardilar. Har birimiz o'zimiz sevgan kasbga o'qidik, oliy ma'lumotli bo'ldik.

Oilada bayramlar, har birimizning tug'ilgan kunlarimiz alohida nishonlanadi. Shunday kunlarda butun oila   puxta tayyorgarlik ko'rardi. Ayniqsa, bolalik chog'larimiz… Har bir nishonlanadigan sana o'sha kuni bayram bo'lib ketar, ayamlar ertalabdan tin bilmay bizlarga yoqadigan taomlar pishirar, somsalar yopardilar. Har birimiz yod olgan she'rimizni aytib berardik, o'yinga tushardik, tab­rik so'zlarini aytardik. Katta yapon magnitofonimiz bor edi, o'sha paytda yozib olingan audiokassetalarni qayta-qayta eshitardik, hozir ham ba'zan qo'shilishib tinglab turamiz. Olis ovozlarimizni eshitganda quvonib ketamiz, ayniqsa, Komronning juda qiziq, shirin gaplari hammamizga yoqib tushadi, ammo Komron ukamiz: “men bunday gapirmaganman”, deb bugun tan olgisi kelmaydi…

Dadamlar ko'p mutolaa qiladilar, tarixiy mavzudagi asarlarni o'qiydilar, ayniqsa, V.Skott, V.Gyugo, L.Tolstoylarning romanlarini yaxshi ko'radilar. Tong sahardan — soat 4:30 larda   turib ishlaydilar. Oqshomlari, tunlari ijodiy ish bilan kam shug'ullanadilar. Televizorda yangiliklar yoki futbol, boks ko'rib dam oladilar. Ertalab turib ish kabinetlariga kirsam, doim chiroqlari yoniq, ijod bilan mashg'ul bo'lganlarini ko'raman. Buni yoshligimdan buyon kuzatib kelaman. Stol ustida har xil kitoblar, gazeta-jurnallar tartibsiz, ayrimlari yarim ochiq holda yotadi, xonaning o'rtasidagi kattaroq stolda esa lug'atlar, ensiklopediyaning hamma jild­lari ayqash-uyqash bo'lib ketgan, bir chetda pala-partish taxlangan yangi kitoblar ham ko'zga tashlanadi.

Bir kuni Aziza singlim, (juda ham tartibni yaxshi ko'radigan, tozalikni baland tutadigan fe'li bor) dadamlar ishga ketganlarida, kelgunlaricha hamma narsani tartibga keltirib qo'yay, dadamlarning vaqtlari bo'lmayapti, xursand bo'ladilar, deb o'ylabdi, kitoblarning barini taxlab, saranjom qilib, bir chekkaga chiroyli qilib terib qo'yibdi. Stollarning ustlari ham top-toza emish.

Dadamlar ishdan kelib, xonalariga kirsalar, ahvol shunaqa…

— Kim bunday chaqqonlik qildi? – so'rabdilar jahllari chiqib.

— Men… – debdi Aziza. – Tartibga keltirib qo'yuvdim…

— O'zi tartibli edi, endi bari betartib bo'libdi… Kerakli kitoblarni ochib qo'yaman. Bu yerda zarur kitoblar, jurnallar turadi. Darrov topaman. Sen esa barini taxlab bir chetga yig'ishtirib qo'yibsan… Endi hammasini yangidan qidirib olib tartibga solishim kerak…

Hali-hali buni eslasak,   kulib qo'yamiz.

Singlim Aziza ismining o'ziga xos tarixi bor… Oilada ketma-ket uch qiz tug'iladi… Shuni aytish kerakki, dadamlar bu – qiz, bu – o'g'il, deb ajratmasdilar. Teng ko'rardilar. Hech boshqacha gap eshitmaganmiz. Faqat bu ayamlarga uncha ma'qul kelmasdi, ammo bildirmasdilar. To'rtinchisi o'g'il bo'lib qolar, degan umidda yurardilar.

Lekin… to'rtinchi farzand… ham qiz tug'iladi! Ayamning iztiroblarini tasavvur qilardik. Ittifoqo, tug'ruqxonada onamlarning yonidagi ayol   oilada to'rtinchi marta o'g'il ko'ribdi! Ular uch o'g'ildan keyin qizaloq bo'lsin, deb kutishgan ekan… Ayol birdan qiziq va hech kutilmagan nojoiz bir taklif aytibdi: “Ikki kunlik chaqaloqlarni … almashtirib olsak-chi?.. Sizlarga o'g'il kerak, bizga – qiz…” Bunday ishni xayoliga ham keltira olmagan ayamlar qo'rqib ketadilar: “Yo'-o'-o'q… nimalar deyapsiz?! Gunohi azim-ku!? Undog' demang!! Yo'-o'-o'q!..”   Qo'shni ayol qo'yarda qo'ymay, dadamlarga xat tushirtirib yuboradi… Dadamlar pastda – deraza tagida turgan ekanlar. Xatga darhol javob yozib chiqaradilar. Javob qisqa edi: “Bitta tukini ham almashtirmayman!!! Ismini “Aziza” qo'ydim!..” Qo'shni xotin hayratda debdi: “Agar uch o'g'ildan keyin qiz tug'ilsa, Aziza deb ot qo'yilardi. Sizlarda to'rtinchi qiz Aziza bo'libdi-da…”

Oradan ikki yil o'tib, ukam Komron tug'ilganda, dadamlar ayamlarga kulib: “Ko'rdingizmi, nima uchun to'rtinchi qizimiz “Aziza” bo'ldi o'shanda? Chunki uning izidan o'g'limiz Komron dunyoga keldi… ” degan ekanlar.

Dadam va ayamlar bizga doim kamtar bo'lishni, halol mehnat bilan yutuqlarga erishishni uqtirib kelganlar. Har bir boshlangan ishni oxirigacha   yetkazishni o'rgatishardi. Birovdan hech narsani so'ramay olish mumkin emasligini, yetti o'lchab bir kesishni, shoshilmay ravon so'zlashni, kattalarni hurmat qilishni, opa-ukalar bir-birimizga oqibatli va inoq bo'lishimizni ta'kidlashardi.

Ajoyib bir voqeani eslamay o'tolmayman. Ukam Komron Toshkent Moliya instituti magistraturasini bitirgan kunlar edi. Biz, opa-uka xursand Amir Temur xiyoboni yonida gavjum Sayilgoh ko'chasida   rassomlarning ko'rgazmalarini, sotuvga qo'yilgan yoyma kitoblarni ko'rib yuribmiz. Birdan kitoblar ichida   sharqshunos olim V.Bartold asarlarining bir jildini ko'rib qoldim. Darrov dadamlarning bir kun qandaydir do'sti bilan telefonda gap­lashganlari, undan Bartoldning ikkinchi jildini oz muddatga berib turishini iltimos qilganlari esimga tushdi… “Komron, — dedim, — mana bu kitob dadamlarga nihoyatda zarur. Dadamlarda yo'q… Sotib olib sovg'a qilamiz!”. Komron ham quvonib ketdi: “Sotib olaylik!”, — dedi u ham. Ma'lum bo'ldiki, hozir sotuvchida Bartoldning to'qqiz jildligi to'liq holda yo'q ekan. U yetishmagan bir jildni uyidan olib kelishga va'da berdi. Ertasiga Bartold asarlarining o'n jildligini dadamlarga sovg'a qildik. Dadam kutmagan ekanlar, avvaliga hayron bo'lib qoldilar, keyin xursand bo'lib ketdilar, mang­layimizdan o'pib: “Ilohi, baxtimizga unib-­o'sib yuringlar!” deb duo qildilar va tabassum bilan ayamlarga qarab qo'ydilar… Bizlar ham qilgan ishimizdan mamnun edik.

Men o'zim haqimda ham qisqacha gapirsam, O'zbekiston Milliy universiteti magistraturasini bitirib, 2002 yilda AQShning Sietl shahridagi Vashington universiteti magistraturasiga o'qishga kirdim. Shu paytlar dadamlar dunyoda taniqli turkshunos olima, (mening ham ustozim!) Vashington universiteti professori, O'zbekiston Milliy universiteti Faxriy doktori Ilza Laude Sirtautas tashkil etgan Markaziy Osiyo tillari Yozgi dasturiga taklif qilingandilar, Amerika yoshlariga o'zbek tili va adabiyotidan saboqlar berardilar. O'zim ham ularning darslarida ishtirok etardim. Tinglovchilar dadamlarning saboqlarini juda ham yaxshi ko'rishardi, chunki ular nafaqat tildan, balki tarix, adabiyot va san'atimizdan ham bilimlar berardilar. Hatto o'zbek xalq og'zaki ijodidan qo'shiqlar ham o'rgatardilar. Amerikalik talaba-shogirdlar haligacha ularni yo'qlab, iliq salomlar yo'llab turishadi.

Bir kun dadamlar mendan magistrlikni bitirgandan so'ng izlanishlarni qanday davom ettirishim haqida so'rab qoldilar. Meni umuman adabiyotimizning AQShda o'rganilishi qiziqtirishini aytdim. Shu yo'nalishda “Boburnoma” ingliz tilida”   nomli maqola yozdim va u “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasida bosilib chiqdi. Birin-ketin “Tarixiy Rashidiy,” Rabg'o'ziyning “Qissas ul-anbiyo” kabi asarlarning ingliz tiliga tarjimalari, Navoiyning Amerikada o'rganilishi va boshqa mavzularda maqolalarim e'lon qilindi.

— Xoja Ahmad Yassaviy shaxsiyati va ijodi juda qiziq, bag'oyat muhim, — dedilar bir kun dadamlar. — Bizda mashhur, Navoiy ul zotni “Turkistonning shayxul-masho­yixi” deb ataganlar. Adabiyotimizda “Hikmat” janrini yaratganlar. G'ururimiz cheksiz. Ammo uni Shaxs va Shoir sifatida olam bilmaydi. O'sha ulug' zot ijodini, hayotini o'rganishga kirishsang, ruhini shod etib, uning hikmatlarini ingliz tiliga(qofiyali bo'lmasa ham) tarjima qilsang,   olam ahlini ulug' donishmand shoir ijodidan bahramand etsang, deb orzu qilaman… Ingliz tilini chuqur o'rganding, bundan xursand­man. “Abadiy sog'inchlar” kitobimni inglizchaga tarjima qilding axir. Yaxshi chiqdi… Rahmat senga. Zahmat chekib olgan biliming endi ishlasin! Bu ishingni ingliz tilida ado etasan! Toki keng yoyilsin!

Ha, bu — ulug' orzu! Bu haqda izlanishlar olib bormoqdaman. Alloh o'zi yo'l bersin deyman.

Dadamlarning ijodiga, albatta, men baho berolmayman. Lekin bu o'ziga xos ijod yo'li o'zbek adabiyotida   birinchi epopeya muallifi, mehnat qilib   tolmaydigan ijodkorlar. Qutlug' 80 yoshga to'lgan shu kezlarda yoshlik shi­joati bilan uzoq tariximizni chuqur o'rganib, “Kleopatra” romanini yozib o'quvchilarga taqdim etdilar.

Aziz dadamiz biz uchun bugungi kunda ham dadamiz, ham ayamiz. O'n beshta nabiralari bor – 8 o'g'il, 7 qiz. Nabiralarining oldi oliy o'quv yurtini bitirishni boshladi…

Shu kunlarda Alisher Navoiyga bag'ishlangan bir asar ustida ishlayotganlarini eshitib, nihoyatda quvonib ketdim!

Dadajonimizga uzoq-umr tilab, qo'limni ko'ksimga qo'yib, barcha farzand va nabiralari nomidan tabarruk yoshlari   bilan chin dildan muborakbod etishdan baxtiyorman.

Dilbarxon AHMEDOVA,

Vashington universiteti magistri,

adibning qizi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eleven + fifteen =