Garrincha

“Asrga tatigulik kun…”

1960 yilning 27 mart kuni Braziliyadagi mashhur “Marakana” stadionida bir voqea yuz beradi.

“Fluminense” va “Botafogo” jamoalari o'yinida mehmonlar ketma-ket hujum uyushtirar ekan, hujumchi to'pga teginsa bas, u darvoza to'riga tushadigan vaziyat vujudga keladi. Biroq…

…oniy lahzalar ichida vijdon bilan nafs, insoniylik bilan insofsizlik, tantilik bilan shuhratparastlik o'rtasida ayovsiz kurash kechadi.

To'p hujumchi Manuel dos Santosning shundoqqina oyog'ida. Nima qilsin?..

“Marakana” g'alati sukunat og'ushida qoladi (odatda mehmon jamoa gol urganida shunday holat yuz beradi).

Futbolchi biroz ikkilanadi-yu, to'pni ochiq darvozaga kiritmasdan, maydon tashqarisiga tepib yuboradi.

Muxlislar hayron: “Bu bola aqldan ozmaganmi?”.

Gap shundaki, o'sha lahzada himoyachilardan biri maydonda yotar, raqibning qiyin holatga tushib qolganidan foydalanib gol urishni Manuel o'ziga ep ko'rmagan edi.

Shikastlangan o'yinchi tezda safga qaytadi. To'pni maydonga kiritishi zarur bo'lgan sheriklari esa nima qilishni bilmasdan kalovlanib qoladi.

Qoida bo'yicha to'pni bir-biriga tashlab, o'ynab ketish kerak. Xo'sh…

Mushkul lahzalarda Yaratganning o'zi ularni qo'llaydi. Go'yo oldindan kelishib olgandek, to'pni avval maydonga kiritib, so'ng raqib foydasiga yana yon tarafdan tashqariga – autga chiqarib yuboradilar!

Bu – futbolning yuz yillik tarixida kuzatilmagan ajoyib hodisa – odamgarchilik hissining tomoshaga ishqiboz olomon hissidan g'olib kelishi edi.

Sirasini aytganda, hech qanday g'ayrioddiy hodisa yuz bergani yo'q. Garrincha odam qilishi kerak bo'lgan ishni qildi, xolos!

O'sha kundan boshlab Braziliya, keyinchalik butun jahon futbolida bu harakat yozilmagan qoidaga, ezgu an'anaga aylandi.

Bugungi kunda bunday harakatlar “feyr-pley”, ya'ni halol o'yin deb atalib, yil so'ngida maxsus sovrin bilan mukofotlanmoqda.

Xo'sh, jahon futbolida ma'naviy inqilob yasagan, futbol – qanday bo'lmasin, raqibni dog'da qoldirish ishtiyo­qida odamzod o'zini o'tga-cho'qqa uradigan oddiy sport turi emas, insoniy tuyg'ularni tarbiyalaydigan betimsol san'at ekanini ko'rsatib bergan bu tanti yigit kim edi?..

Bu braziliyalik Manuel Fransisko dos Santos – Garrincha edi. Uning nomi tilga olinsa, chinakam to'p sehrgari ko'z oldimga keladi.

Bemisl mahorati, ajoyib o'yinlariga guvoh bo'lgan kam sonli roviylarning hikoya qilishlaricha, u to'p oyog'iga tekkan zahoti yeldek yelib, raqiblarni ko'z ochirgani qo'ymas edi.

U o'ynamasdi, go'yo raqs tushardi.

1933 yilning 28 oktyabrida Braziliyaning Pau Grande shaharchasida oddiy qorovul oilasida dunyoga kelgan Manuel, ulg'ayib, professional sportchi bo'lib yetishgach, xuddi hayotdagidek maydonda ham samimiyat timsoliga aylandi.

Xudbinlik nimaligini bilmas, na mol-davlat, na mashhurlikka intilar, aksincha, boylik, shon-shuhrat uning ortidan “quvib” yurardi.

Professional faoliyatini boshqalarga nisbatan kechroq – 20 yoshida boshlaganiga qaramasdan (ungacha yoshlar jamoalarida o'ynagan), darrov muxlislar nazariga tushadi. To'g'ri, uni birinchi marta maydonda ko'rganlar bo'yining pastroqligi (169 santimetr), yurish-turishiga qarab mazax qilgan, deyishadi. Ammo ular bu qilmishlaridan tezda uyalib qolganlariyam bor gap. Negaki, Manuel aql bovar qilmaydigan o'yin texnikasi, aldamchi harakatlari (fintlari), chiroyli gollari bilan raqiblarniyam, muxlislarniyam o'zini hurmat qilishga majbur eta olardi.

Maydondagi “Charli Chaplin”

Bunday shaxslar haqida odatda turfa afsonalar yuradi. Garrincha hayotiga oid ana shunday gap-so'zlarga ishonilsa, uning bir oyog'i ikkinchisidan bir necha santimetr kaltaroq bo'lgan. Kim bilsin, bu rostdir, balki g'animlari o'ylab topgan anchayin bir uydirmadir, nima bo'lganda ham, bu gap-so'zlar uning maydonda mo''jiza ko'rsatishiga aslo xalaqit bergan emas.

Garrincha faoliyati davomida kamdan-kam futbolchiga nasib etadigan baxtga erishdi: ikki marta jahon chempionati shohsupasiga ko'tarildi.

1958 yil Shvetsiyadagi musobaqaning qahramonlaridan biri, 1962 yil Chilida o'tgan turnirda esa asosiy qahramon bo'ldi: olti o'yinda maydonga tushib, to'rtta gol urdi va musobaqaning eng yaxshi to'purari hamda eng kuchli futbolchisi deb tan olindi.

Avvaliga chorak finalda Angliya, keyin esa yarim finalda Chili terma jamoalari darvozasiga ikkitadan to'p kiritgan Garrinchaning chindan ham “yulduzi porlagan edi”.

Ayniqsa, futbol vatani vakillari bilan o'yinning 31-daqiqasida hisobni ochgan hujumchi, 53-daqiqada Vavaning gol urishiga imkoniyat yaratib beradi. Oradan olti daqiqa o'tib esa o'zining ikkinchi, jamoasining uchinchi golini urib, hisobni 3:1 ga yetkazadi. Shu tariqa Braziliya terma jamoasi Angliyani musobaqadan chiqarib yuboradi.

Garrincha yuzlab ajoyib o'yinlarni o'tkazgan, sanoqsiz mo''jizalar ko'rsatgan. Shunday esa-da, bir masalada aksariyat muxlisu mutaxassislar yakdil fikr bildirganlar: inglizlar bilan kechgan ushbu shiddatli “jang” Garrincha faoliyatining eng yorqin sahifasidir.

Taniqli sport jurnalisti Igor Fesunenko “Pele. Garrincha. Futbol” kitobida ma'lumot berishicha, Braziliya – Angliya uchrashuvi nihoyasiga yetgach, mag'lub jamoa bosh murabbiyi Volter Vinterbottom bunday degan:

– Men to'rt yil mobaynida shogirdlarimni futbol jamoalari ustidan g'alaba qozonishga tayyorlagan edim. Afsuski, Garrincha degan yigitga duch kelishimizni o'ylamagan ekanman…

Muxlislar Manuel dos Santosni ana shunday qahramonliklari tufayli ham “Xalq quvonchi”, “Futbol dahosi” deb ko'kka ko'tardi.

San'atkorona harakatlari tufayli “Maydondagi Charli Chaplin” degan e'tiroflar ham yangradi.

Kichik jussasiga ishora qilib, Garrincha (“O'rmon qushchasi”) deb e'zozlaganlar ham bo'ldi.

Omad qushi, buncha og'irsan?..

Hech kuzatganmisiz, hayotda boshqalar tinimsiz mehnatu mashaqqat chekib erishadigan natijalarga ba'zi insonlar bir urinishda yetadi.

Bilgichlar bu hodisani iste'dod bilan bog'laydilar. Biz esa oddiy qilib: “Ha, ularga Xudo bergan-da”, — deymiz.

Garrincha ana shunday omadli inson edi. Lekin… u omad qushini bir umr yelkasida olib yurolmadi.

Maydonda mo''jizalar ko'rsatib, hammaga shodlik ulashgan, ne-ne raqiblarni dog'da qoldirib, davrining eng zo'r futbolchisi bo'lgan Garrincha… hammani yengdi-yu, o'zini, butun vujudi-yu ruhini borgan sari chirmab, halokat botqog'iga yetaklagan nafsini yengishning uddasidan chiqolmadi. Jamoasining ulkan g'alabalariga beqiyos hissa qo'shgan futbolchi, shon-shuhrat yoxud mol-dunyo oldida emas, bir qultum ichkilik qarshisida hamisha o'zini ojiz va notavon his etdi. Bu balo ortidan avtofalokatga uchrasa-da, ichishni tashlay olmadi. Oqibatda… Bu ishning oxiri avvalgi zamonlarda qanday bo'lgan esa, Garrincha taqdirida ham shunday iz qoldirdi: avvaliga sog'lig'idan ayrildi, bora-bora odamlar nazaridan qoldi. Begonalar, unga befarq kimsalar u yoqda tursin, kechagina uni boshlari uzra ko'tarib yurishga tayyor muxlislar ham qachonlardir suyukli qahramonlari bo'lgan inson qismatiga achinish bilan boqishdan o'zga chora topolmas edi.

Shifokorlar unda dastlab yurak xastaligini aniqlashadi. So'ngra jigarida sirrozi borligi ayon bo'ladi.

Boladek sodda, hayotni oppoq rangda ko'rgan Garrincha nochor ahvolda qoladi.

Kim bilsin, u pokiza qalbi bilan har qanday mushkulotdan xuddi maydondagidek fintlar yordamida chiqib ketaman, deb o'ylagandir?

Biroq hayot – futbol maydoni emas, uning o'yinlari, shartlari butunlay boshqacha.

Xastalik ojiz tanini yemirib, vujudini og'riq, ruhini tushkunlik zabt etgan Garrincha 1983 yil yanvar oyida, hali ellik yoshga ham yetmasdan, yorug' dunyoni tark etdi.

 

Futbol!

Meni asra shu futbol haqqi!

Nahot, xatolarga kunlarim bog'liq?

Umrim – yuzga nogoh tushgan tarsaki,

Yam-yashil maydonda qoldi daholik.

 

Menga ochilmagay qayta bu eshik…

Stadion! Qara! Bu men – Garrincha!

Menga to'p tekkanda qalqigansan tik,

Qarsaklar chalgansan qo'ling tolguncha.

                                    (Usmon Azim. “Garrincha”)

 

… U vafot etganda butun Braziliya yig'ladi. Suyukli futbolchisi bilan vidolashish uchun millionlab odamlar ko'chalarga chiqdi. Ular atigi bir martagina bo'lsin, Garrinchani yana to'p bilan ko'rishni istar, afsus­ki, endi uni yashil maydonda ko'rishning sira iloji yo'q edi.

Elmurod KARVONLI

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

sixteen − thirteen =