Ma'rifatni ko'zlagan buyuk hamkorlik

Vatanimizning o'tmishi va buyuk kelajagimizni ma'nan va ma'rifiy ko'prik sifatida bog'lab turadigan, Turkiy dunyo xalqlarini ulug' ajdodlar qoldirgan buyuk merosning vorislari, kelajak davomchilari sifatida Yangi O'zbekistonning ma'rifatli jamiyat sari jahon va zamonning umumbashariy yutuqlariga erishmoqqa yo'l ochib beradigan “Turkiy sivilizatsiyaning yangi davri: umumiy taraqqiyot va farovonlik sari” mavzusidagi sammiti barchamizni e'tiborimizda bo'ldi, daqiqama –daqiqa tadbirni kuzatdik. Uning ahamiyatli jihati esa, uzoq o'timishimiz tufaylidir. Zero, tilimiz, madaniyatimiz hatto buyuk merosimiz ham yaqindir. Ayniqsa, ma'rifat beshigi bo'lgan O'zbekis­ton uchun alohida qadriyat desak xato bo'lmas.

Kolumbiya universiteti professori tarixchi olim, Edvard Ollvort “Zamonaviy o'zbeklar” kitobida “Jadidlar tashqi sivilizatsiya – tamaddun va dunyodagi yangilanishlar haqidagi bilimni boshqalarga o'rgatishga harakat qilib, na an'anaviy, na rus-tuzem maktablari haqiqiy taraqqiyot yo'lini taklif qilmayotgan paytda yangi usuldagi maktablar ocha boshladi” deb yozgan ediki, tarixan xalqimiz ilm-ma'rifatga intilganining guvohimiz. Barcha davrda xalqimiz ilmga chanqoq bo'lib, bu ma'rifatparvarlik g'oyasi hatto G'arb mutafakkirlarining siyosiy, ma'rifiy ta'limotlarida ham tadqiq etilgan va ilgari surilgan. Zero, yangi O'zbekiston ma'rifatli jamiyatga qadam tashlar ekan, uning uchun aholimizning bilimi, saviyasini oshirish avvalo ilm-ma'rifat, yuksak ma'naviyat kerakligi haqida Davlatimiz rahbari bejiz bot-bot takrorlamayotir. Jumladan, maktabgacha ta'lim, prezident maktablari, “Temurbeklar” maktabi, ixtisoslashtirilgan va ijod maktablarining ochilgani, ta'lim-tarbiya borasida xotin-qizlarni qo'llab-quvvatlayotgan “Mo''tabar ayol ko'krak nishoni”, xotin-qizlar uchun OTMdagi ta'lim olish uchun yaratilgan shart-sharoitlar, qulaylik va imkoniyatlardan ko'zlangan maqsad, millat, davlat taqdiri, ertasidir. Zero, Abu Nasr Forobiy bobomiz yozganidek, bitta davlat ma'rifatli bo'lib, atrofdagilari johil bo'lsa, bu davlatning ertasi uzoqqa bormaydi. Shu bois ham, bugun O'zbekiston ma'rifatli jamiyat sari g'oyasini keng xalqaro miqyosga olib chiqqani tahsinga lo­yiqdir. Jadidchi ulug' shoirlarimizdan Cho'lponning ta'lim haqidagi qarashlariga nazar tashlasak, u o'zining ilk mashqlaridayoq jadidlarning bu boradagi ezgu orzu-umidlarini shunday ifodalagan: “Xalq o'z foydasini anglasa, milliy maktab va madrasalar ochsa, Ovro'pa dorilfununlariga bolalarini yuborsa, do'xtur, advokat, muharrir va hunarmand, savdogarlar va muhandis (injener)lar chiqsa, bularning har biri o'z vazifalarinda turib ishlarini tartib ila yurguzsalar va xalqimizning foydasini kuzatsalar, naqadar oliy va naqadar go'zal bo'lardi”.

Darhaqiqat, tariximizning kichik, lekin kelajak uchun ulkan ahamiyatga ega bo'lgan ma'rifatparvarlik g'oya­lari davlat siyosati darajasiga ko'tarildi, desak, mubolag'a bo'lmaydi. Hozirgi davrda dunyoda globallashuv jarayonini kuzatar ekanmiz, dunyoda kechayotgan turli xil maqsad-manfaatlarni ifoda etuvchi mafkuralar ko'payib borayotganiga guvoh bo'lamiz. Bugungi kunda yangi davr, yangicha dunyo­qarash xalqimiz, ayniqsa, yoshlar ongigiga singib borayotgan davrda Yangi O'zbekiston Ma'rifatli jamiyat sari konsep­siyasini nafaqat ilgari surmoqda, balki uni amalga oshirishda ham O'zbekis­tonda keng xalqaro hamjamiyatga olib chiqqani diqqatga sazovordir. Chunki turli xil yot g'oya va mafkuralarni tarqatishdan ko'zlangan asosiy maqsad — inson, avvalambor, yoshlar qalbini egallash, xalqaro hamjamiyat   yoki xalqning ongiga, uning ta'sir o'tkazish, uni ma'naviy jihatdan zaif va tobe etishga qartilayotgan yovuz­likka qarshi bugun O'zbekiston katta tashabbusini ilgari surgani ham e'tiborga molik, albatta.

Turkiy tilli   tarixiy, ilmiy va madaniy merosini o'rganish tadqiqot markazining tashkil etilishi bilan   ushbu markaz qardosh xalqlarning bebaho merosini tadqiq etishi va kelgusi avlodlarga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishining o'zi –ma'rifatli jamiyat chari konsepsiyaning tarixiy-ma'naviy-ma'rifiy asosini tashkil etadi. Bunda bu sohada yosh olimlar, tadqiqotchilar, hatto o'quvchi-talabalarning ilmiy qiziqishi ortadi, hamda yangi ilmiy tahliliy asarlar yaratilishiga zamin bo'ladi.

Ikkinchidan, joriy yilning 11 noyabr kuni Samarqand shahrida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Turkiy davlatlar tashkiloti yig'ilishida ham ma'naviy va ma'rifiy ishlarimizning yuksalishiga yangi qadam tashlangani barchamizga ruhiy tetiklik, bir olam quvonch baxsh etgani bilan tarixga muhrlanadi.

Zero, bu kabi muhim tadbirlar nafaqat xalqlarimizning ulug' ijodkorlari qoldirgan boy ma'naviy merosni keng targ'ib etadi, balki ularni asrab-avaylashga, chuqur o'rganishga ham da'vat etadi.

Bundan tashqari, har yili qadimiy va boy madaniy obidalarga ega, katta ahamiyat kasb etuvchi shaharlar Turkiy dunyo madaniy poytaxti, deb e'lon qilib kelinmoqda.

Masalan, 2012 yilda Ostona, 2013 yilda Eskishexir (Turkiya), 2014 yilda Qozon (Rossiya), bir yil o'tib Marv (Turkmaniston), 2016 yilda Sheki (Ozarbayjon), 2017 yilda Qozog'istonning Turkiston, 2018 yilda Turkiyaning Kostomonu, 2019 yilda Osh shahri bu maqomga ega bo'ldi. 2020–2021 yillarda esa bu maqomni Xiva shahri qo'lga kiritgan edi.

E'tibor bersak, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o'z nutqida tinchlik va do'stlik ramzi, fan va ma'rifat markazi bo'lmish Samarqand shahrini “Turkiy sivilizatsiya poytaxti” deb e'lon qilgani, tarixan navqiron Samarqand shahrining maqomini xalqaro nufuzini oshirgan voqea desak, davlat rahbarlari hududlar o'rtasida fan va ta'lim, texnologiyalar va innovatsiyalar borasidagi hamkorlikning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish tashab­busini ilgari surishgani “Uchinchi Renessans”ning poydevoriga tamal toshi qo'yganining bir isboti bo'ldi. O'zbekiston taklifi bilan 2022 yil Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida “Yoshlar tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash yili”, deb e'lon qilingani esa muhim xalqaro tashabbus bo'lib, uning doirasida Buxoro shahri – Turkiy dunyo yoshlar poytaxti maqomiga ega bo'lgani yoshlarimizga, xalqimizga ma'nan yuksak ishonchni bergan edi. Buxoro — islom ma'naviyati, ma'rifati rivojida chuqur iz qoldirgani, bu meros esa, bugungi Yangi O'zbekistonda yoshlarni bag'riga olgan “Yoshlar tashabbuslarini qo'llab-quvvatlagan poytaxt” bo'lib tarixga kirgani g'urur va iftixor baxsh etmoqda. Yana uning mantiqiy davomi sifatida Prezidentimiz yosh avlodni har tomonlama rag'batlantirish, ularning iste'dod va qobiliyatlarini ro'yobga chiqarish maqsadida boshlagan xayrli ishlar izchil davom ettirilishini ilgari surdi.   Shu bois, 2023 yil yurtimizda Turkiy dunyo yoshlarining ilm va innovatsiyalar xalqaro kongressini o'tkazish taklifi ilgari surildiki, uning doirasida innovatsiya va ta'lim vazirlari, oliygohlar rektorlari va yosh yetakchilar, iqtidorli o'g'il-qizlarimiz, Tashkilotimiz oqsoqollarining keng qamrovli uchrashuvlarini tashkil etish ko'zda tutilgan. E'tibor bersak, Sharq Uyg'onish davri, temuriylar davrining mantiqiy Yangi O'zbekistonning ma'rifatli siyosatidir. Shuningdek, mazkur   ishlarni qo'llab-quvvatlash va natijadorlikni ta'minlash maqsadida Davlatimiz rahbarining Tashkilot Bosh kotibining Yoshlar masalalari bo'yicha o'rinbosari lavozimini joriy etish taklifi ham yoshlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, kreativ g'oya va loyihalarini rag'batlantirish, milliy qadriyatlarimizga yot bo'lgan ta'sirlardan asrab-avaylashga xizmat qiladi.

Darhaqiqat, “Turkiy siviliza­siyaning yangi davri: umumiy taraqqiyot va farovonlik sari” shiorining o'zi barcha a'zo davlatlarning aholisiga, ayniqsa, yoshlariga yangi izlanishlar, imkoniyatlar, ilmiy tadqiqotlar ko'p­rigini ochadi. Ma'rifatli jamiyat xalqlar o'rtasida keng quloch yoygani esa, turkiy dunyo yoshlarining yorug' kelajagini ta'minlashga xizmat qilishiga shubha yo'q. Buyuk ma'rifatparvar Alisher Navoiy o'z davrida turk tilining rivoji uchun beqiyos hissa qo'shganini butun olam ahli yaxshi biladi. Bugun Yurtboshimiz rahnamoligida ana shu ulug' saodat yo'lida olib borilayotgan ezgu amallar yangi mazmun kasb etayotgani faxrlidir. Kelayotgan 2023 yilning “Turkiy sivilizatsiyaning yuksalish yili” deb e'lon qilinishi esa tarixiy voqeadir.

Firuza MUHITDINOVA,

TDYuU professori,

yuridik fanlar doktori

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

6 + seven =