Qadimiy G'ovaning buguni

Namangan viloyati Chust tumanining shimoliy qismidagi tog' oralig'ida, tiniq va zilol suvi, so'lim havosiga ega G'ova qishlog'ining dovrug'i o'lkamizda mashhur. Bu yer aholisi asosan dehqonchilik, bog'dorchilik, chorvachilik va asalarichilik bilan shug'ullanadi. Qishloqqa sayohat qilar ekansiz, o'zingizni misoli jannatga tushib qolganday his etasiz. Bahor faslida qo'sh bilan yer haydayotgan dehqonlar, mevazor bog'larni parvarish qilayotgan bog'bonlar, yozda esa soy bo'yida dam olayotgan shaharliklar, soya-salqinda do'ppi tikayotgan qiz-juvonlarni ko'rib, ko'zingiz quvonadi. Odamlarning mehmondo'stligi, bir-biriga mehr-oqibati, kattaga hurmat va kichikka izzatda bo'lishlari, sharqona an'anaviy xususiyatlar saqlanib qolgani xalqimizning durdona urf-odatlari avloddan-avlodga bezavol o'tayotganidan dalolat.

Qishloqning G'ova deb nomlanishi haqida turli qarashlar mavjud. Ammo bir to'xtamga kelingan emas. Zahiriddin Muhammad Bobur o'zining “Boburnoma” asarida G'ovada bir muddat bo'lgani haqida yozgan, ammo G'ova so'ziga izoh bermagan. Alloma yozadi: “Axsidan ketgach, undan ikki shar'iy uzoqlikdagi Sang suvi bo'ylab yuqori yurdik… Bu suv yuqorirog'ida unga qo'shiluvchi suvli irmoq uchradi, bu irmoq bilan yana yuqori yurib borib suvli irmoqni o'ng qo'lga qo'yib, unga qo'shiluvchi suvsiz chap irmoq bilan Tuzga Chust chiqdik. Tuz tomondan bir qoya ko'rindi, bizni quvlovchi dushman bilib boshqa yo'lga yurishni maslahat qildik. Dedilarkim, oldimizda G'avo (hozirgi G'ova) yo'li yaqindir. Ul yo'l bilan Farkatga osharlar. Ul yo'lga yurdik. Karnon soyi G'avodan chiqib keladi. Ul orqali G'avoga borib, bir muddat turdik, undan keyin Andijon tomon yo'l oldik”.

Chust tumanida olib borilgan ilmiy tadqiqotlar tufayli arxeolog V.I.Sprishevskiy fan uchun g'oyat qimmatli bo'lgan yana bir muhim noyob topilmani qo'lga kiritdi. U G'ova qishlog'i yaqinidagi adirli yerlarda toshdan yasalgan gumbaz mozorlarni ochib tekshirib yurganda eramizning III-IV asrlariga doir bir tutam paxta ipi va chigit qoldig'ini topadi. Bu ip yog'och naycha ichida bo'lgani uchun ming yillar davomida chirimay turgan. Bu topilma yurtimizda paxtachilik tarixini o'rganishda katta ahamiyatga ega bo'ldi. G'ova qishlog'ining qadimgi aholisi hozirgi o'rnidan Sharq tomonda joylashgan (bugungi Oqqir atroflari hisoblanadi). Shu yerda g'ovaliklarning azaldan mavjud Ko'klammozor qabristoni bor. Qishloq ayni paytdagi o'rnidan G'arb tomonga kengaygan. Chunki soy ham tabiat qonunlari asosida G'arb tomonga surilib borgan. Asosiy mashg'ulotlari dehqonchilik, chorvachilik bo'lgan. Irrigatsiya masalasida ancha tadbirkor xalq. Soydan ko'tarma usulida dasht yerlarga suv chiqarishgan, yangi yerlar ochib, bog', uzumzorlar barpo qilishgan. Bugun ham dasht yerlarda dehqonchilik qilish uchun sha­roitlar yaratilmoqda.

G'ova asosan kartoshka yetishtirishga ixtisos­lashtirilgan. Mazkur qishloqda kartoshka ekmaydigan, uni uzoq muddat qoyillatib saqlamaydigan xonadonni topish amrimahol.

Dehqonchilikning qiziq tomoni, ekinni yerga qadash, unga ishlov berish va hosilni yig'ish ishlari ot va eshaklar yordamida amalga oshiriladi. Kartoshka shunchalik ko'p ekiladiki, mavsumda qish­loqda kartoshkani ulgurji sotuvchi alohida bozor tashkil qilinadi. Dehqonlarning aytishicha, ba'zida bu bozordan kuniga 500 tonnagacha kartoshka boshqa hududlarga sotilarkan.

Yaqinda “Varzigon” va “G'ovasoy sohili” MFYda tibbiyot punkti ochildi.

— Yo'l azobi haqidagi naqllar bejiz aytilmagan. Ayniqsa, keksalar va bolalar, bemor kishilar uchun uzoq masofaga qatnash yanada qiyin kechadi, — deydi mehnat faxriysi Ortiqposhsha momo Nasimova. — Muammoni tasavvur qilish uchun esa aynan cho'lda yashash shart emas, mutaxassis sifatida jiddiyroq o'ylab ko'rilsa kifoya. Qishloq oilaviy poliklinikasigacha 6-8 kilometr piyo­­da borib, qaytishda yana shuncha chaqirimni bosib o'tishga majbur edik. Bu esa bizga ko'rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatiga ham salbiy ta'sir qilardi. Ammo shu yil erta bahorda Prezidentimizning sog'liqni saqlash xodimlari bilan o'tkazgan ochiq muloqoti davomida og'riqli masalaga yechim topildi. Qishloq oilaviy poliklinikasining mahallalarga yaqin filiali tashkil qilinishi munosabati bilan yangi tibbiyot konteynerlari o'rnatildi. Zamonaviy inshootda malakali tibbiy xizmat ko'rsatishyapti va barcha turdagi zarur dori-darmonlar bilan ta'minlangan.

Ba'zilarga gul qalamchasi (kichik shoxi)dan bersangiz ham parvarishlab, ko'paytira oladi, ayrimlar esa tayyor ko'chat sovg'a qilsangiz ham eplasholmaydi, chunki ularda ishtiyoq yo'q. Qolaversa, gul parvarishining o'ziga xos sir-asrorlari bor.

Gullarning ham tashqi muhit ta'sirini sezishi aniqlangan. Urush-janjal bo'ladigan xonadon yoki joylarda tez nobud bo'lib qoladi, tinch va osuda go'shalarda esa yashnab o'sadi. Chust tumanining “Tinchlik” mahallasida yashovchi Nargiza opa Saydullayeva xonadonida qish faslida ham bahoriy muhit hukmron. U tomorqasida gul yetishtirish hadisini olgan.

— Gulchilikni boshlaganimga ikki yil bo'ldi va avvaliga bu ish shunchaki qiziqish edi. Oilamiz a'zolari bilan havasga gul yetishtirganmiz, — deydi Nargiza opa. — Keyin faoliyatni kengaytirdik. Hozirda ikki sotixga yaqin yerga 30-40 xil gul ekkanmiz. Gul yetishtirish xuddi chaqaloqni parvarish qilish, unga mehr berish bilan barobar. Mehr qo'yasiz, issig'u sovuqdan, yomonliklardan asrab-avaylaysiz. Daromadi ham maqtansa arzigulik. Shu mehnat orqasidan uy-joylarimizni zamonaviy qiyofada ta'mirladik. Issiqxonada yetishtirilayotgan gullarimizga nafaqat ichki bozor, hatto qo'shni Qirg'izistondagi gulchilarning ham ishqi tushyapti va eksportga jo'natish niyatidaman.

Yana bir fidoyi gulchi Matluba opa Imomxo'jayevani suhbatga tortdik. U “Yangi hayot” mahallasida istiqomat qiladi. Bir necha yillardan buyon qalb qo'rini berib, gulchilik bilan mashg'ul. Xonadonida 20-30 xildan ortiq gullari bor. Hovlisi doimo ozoda va turfa gulu chechak­larning xushbo'y isi kelib turadi.

— Gullarni bolalikdan yoqtiraman, shuning uchunmi, doim rang-barang gullarni ekib, yaqinlarimga ulashardim, — deydi Matluba opa. — O'simlik olamiga qancha mehr ko'rsatsang, kundan-kun gurkirab o'saverarkan. Boshida oddiy qiziqish bo'lib tuyulgan bu mashg'ulot endilikda asosiy daromad manbaimga aylandi. Mana, gullarimni asta-sekinlik bilan bozorga olib chiqib, yaxshigina pullayapman. Inson chin dildan intilsa, niyatiga albatta erishadi, deganlaridek, mehnatimga yarasha barakasini beryapti.

Ha, Chust markazidan 20 kilometr olisda joylashgan G'ova qishlog'ining mavqei tumanda yuqori. Ayni paytda qishloqda 20 ga yaqin nodavlat toifadagi bog'chalar faoliyat yuritmoqda. “Tinchlik” mahallasidagi “So'g'diyona” va “Durdona” nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalarida 50 nafardan ziyod kichkintoy ta'lim-tarbiya olishmoqda. Yakka tartibdagi tadbirkor bankdan 40 million so'mlik kredit asosida loyihasini rivojlantiryapti. Muassasadagi sharoitlar ko'ngildagidek, qamrov ko'rsatkichi ham baland. Yuqoridagi ikki xususiy bog'cha qishloqda nomdor. Tinib-tinchimas Muharramxon Usvaliyeva yetakchiligida tashkil qilingan mazkur muassasalarda namunali tartib-intizom yo'lga qo'yilgan.

Saraton oyi jaziramasida vujudimiz sokin va salqin maskanlarda hordiq chiqarishni tusaydi. Yoz fasli kirib kelishi bilan ko'pchilikning tilidan tushmaydigan G'ova qishlog'i ham shunday bahavo joylardan. Issiq kunlarda tog'li hududlardagi g'oyat so'lim va xushmanzara diyor o'ziga chorlaydi. Atrofi tog'lar bilan o'ralgan benazir makonga butun mamlakatdan mehmonlarning qadami yetadi. Aholi tog' yonbag'irlaridagi yerlardan unumli foydalanishadi. Dorivor o'simliklar va daraxtlar mo'lligi uchun asalarichilarning sevimli go'shasiga aylangan. Bog'larning ichki qismi va tepaliklarda qator asalari uyalarini uchratasiz.

Xullas, O'zbekistonning eng chiroyli manzillaridan biri G'ova desak, ayni haqiqat. Imkon topib, bu yerga bir kelsangiz, aslo afsuslanmaysiz. Ha, G'ova qishlog'i yaqin besh yil davomida sezilarli o'zgarishlarga yuz tutdi. Sababi aholi o'sishi hamda daromadli bo'lishi uchun har qarich yerdan maqsadli foydalanish ilinjida turli dizaynda dam olish maskanlari, 20 ga yaqin oilaviy uy mehmonxonalari tashkil qilinyapti. Tarixi yaqin 3 ming yilga borib taqaladigan G'ova o'zining g'oyat betakror tabiati, qiru tog'lari va toshqin soyu jilg'alari bilan asrlar davomida minglab sayyohlarni o'ziga ohanrabodek tortib kelgan. So'nggi yillarda qishloqning turizm salohiyatini yanada yuksaltirishda keng ko'lamli ishlar bajarilmoqda.

— Jamiki harakatlarimiz zamirida G'ovani rivoj­lantirish, turizm infratuzilmasini yaxshilash, qish­log'imiz mehmonlari uchun qulayliklar yaratish va shu qatori aholini ish bilan ta'minlash maqsadi mujassamlashgan oilaviy uy mehmonxonalari tashkillanmoqda, — deydi yosh tadbirkor Ziyoviddin. Bunday issiq havoda xushmanzara G'ovada miriqib dam olib ketishga nima yetsin?!

Agar ayol zoti odam etib yaralmaganida, u kapalak bo'lib dunyoga kelardi, deb yozilgandi bir risolada. Chunki bu jonsarak xilqat nozik bo'lishiga qaramay, yelkasida bir dunyo armonlarini orqalab, qalb tubidagi olam-olam orzulariga ko'milib, osmonlarda parvoz etib yashaydi, go'yo. Turfa fe'l atvori ila ham ko'ngil olishga qodir, ham ro'zg'or degan g'orning yetib-etmaganini hech kimga oshkor etmay, kerak bo'lsa, o'zi barchasini uddalaydi. Shuning uchun u hamisha e'zozu e'tiborga loyiq bo'lib yashaydi va yashayveradi. G'ova qishlog'ining mahallalarida yuz yosh bilan yuzlashayotgan duogo'y momolarimiz to'g'risida qisqacha so'z yuritmoqchimiz.

Bashorat momo Ergasheva salkam bir asr umr kechirib, bu yil o'zining 92 bahorini qarshiladi. Farzandlar ardog'ida, nabiralar quchog'ida umrguzaronlik qilmoqda. Piru badavlat onaxonimiz 1930 yil Chustning “Yangi hayot” mahallasida tug'ilgan. O'g'li Jo'ravoy hamda kelini Marhamatxon, o'g'il-qiz va nabiralari bilan birga yashab kelmoqda. Onaxon ortda qolgan yillarga nazar solar ekan, shunday hikoya qiladi: “Boshlang'ich sinf­­ni zo'rg'a bitirdim. Bolaligimiz ocharchilik, qatag'on yillariga to'g'ri keldi. Ko'pchilik qatori suronli yillar mashaqqatini ko'rdik. O'n to'rt yoshimdan boshlab uy yumushlari bilan birga kolxoz ishlarida oilamga yordamlashardim. Ikkinchi jahon urushidan qaytgan mard o'g'lon – rahmatli turmush o'rtog'im Husanxon Mamatov bilan turmush qurdik. Toki nafaqaga chiqquncha kolxozda ishladim. Hamqishloqlarimiz bilan doimo bir-birimizni qo'lladik, og'ir damlarda suyandik, yelkadosh bo'ldik, oqibatni yo'qotmadik…”.

Onaxonning yoniga o'tirib, so'zlarini diqqat bilan ting­laymiz.

— Bolalarim, boshimizdan o'tgan qiyinchiliklarni sizlar umuman ko'rmanglar. Kolxozda bug'doy, paxta ekilardi. Bizni bahordan to kuzgacha paxtani parvarishlab, yaganalab, chopib, “chekanka” qilib, ochilganida terib, qish bo'yi paxtani ko'sagidan sug'urib, davlatga topshirardik. Kelin bo'lib tushgan yerimda ovsinim, qayin egachim, qayinsingillarim bilan ahil yashadik. Hammamiz bir-birimizni ayardik, ko'maklashardik. Taqchillik bo'lsa ham mehr-oqibat kuchli edi. Paxta dalalarida xalq qo'shiqlarini kuylab, o'zimizni o'zimiz xursand qilib, uqubatlarni yengib o'tardik. Bugun esa faqat shukurli, sabr­-toqatli va bardoshli bo'lib yashash lozim. Negaki, davlatimiz tinch, har jabhada mehnat qilsa, rohatini ko'rishlik bisyor.

G'ova qishlog'ining “Tinchlik” mahallasi Qirg'izis­ton Respublikasi Olabuqa tumani “Ko'ktosh” ovuli bilan 2,5 kilometr masofada chegaradosh. Mahallada istiqomat qilayotgan 2 ming 675 nafar aholining 609 nafari yoshlardir. Turli millat vakillari ham ahil-inoq yashashmoqda. Yoshlar yetakchisi barcha xonadonlarga kirib, muammolarni o'rganish barobarida iqtidorli, izlanuvchan, tashabbuskor yoshlarni topib, ularning kamolotiga alohida vaqt ajratmoqda. “Baxt” ko'chasida yashovchi Gulhayo Rahmonova, Ozoda Ibrohimova, Mahmuda Ahrorovalarga turli shirinliklar pishirib, daromadga ega bo'lishi uchun pechlar taqdim qilindi. Olti nafar yosh talaba shartnomasining 50 baravarigacha miqdoridagi to'lovi o'tkazib berilganidan mamnun. Yigit-qizlarning masalalari va murojaatlari mahallalar kesimida ijobiy hal bo'layotganidan barcha xursand.

Viloyat hokimining tashabbusi bilan mahallalarga 500 million so'mlikdan iborat sport inventarlari topshirilmoqda. Eng olis qishloq mahallasi sifatida “Tinchlik”ka ham mazkur anjomlar tuman hokimi va sektor rahbarlari ishtirokida tantanali tarzda yetkazildi.

Mavzumiz markazidagi G'ovada beshta – Tinchlik, Yuqori, Yangi hayot, G'ovasoy sohili hamda Varzigon mahallalari joylashgan va qariyb 19 mingga yaqin aholi ushbu qishloqda baxtli-saodatli istiqomat qilmoqda.

Orifjon JO'RAYEV,

O'zbekiston Jurnalistlar

uyushmasi a'zosi,

Otabek QOBILOV,

Chust tumanining

G'ova qishlog'idagi

“Tinchlik” MFY

yoshlar yetakchisi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × 2 =