Gazeta o'qishga ehtiyoj bor, lekin…
Yoshligimizda qishlog'imizdagi har bir xonadonning kirish eshigida pochta qutisi bo'lar edi. Ayrim xonadonlarda hozir ham saqlanib qolgan. Faqat bu qutilarga “zamonaviy kishilar” ajablanish va hayrat ila boqadilar. Chunki, unga hozir hech kim gazeta jurnallarni solib ketmaydi. Esimdan chiqmaydi har tong ota-onalarimiz ishga ketishidan avval, pochta qutisiga kelgan gazeta va jurnallarni mutolaa qilib keyin ishga otlanar edi. Obuna mavsumida farzandlardan so'ralar edi. O'g'lim yoki qizim seni qaysi jurnalga yoki gazetaga obuna qildiray? “G'uncha” ma'qulmi yoki “Gulxan”? Farzandlar o'zlarini qiziqtirgan gazeta va jurnallar nomini aytar edi. Oilada har bir farzandning o'zi qiziqtirgan nashrlarga obunasi albatta mavjud bo'lar edi.
Biz bugun o'tmishning jamiyat uchun ijobiy jihatlaridan andoza olmay faqat tosh otib uning yomon jihatlarini aytishga o'rganib qolgandekmiz. Har bir jamiyatning ham ijobiy ham salbiy tomonlarini inobatga olib, yaxshi tomonlaridan o'rnak olsak maqsadga muvofiq.
Bir vaqtlar otalar farzandlaridan qaysi gazeta yoki jurnallarga obuna bo'lasan deb so'ragan ekan, o'ylaymanki, ulardan ham so'ralgan. Qaysi ijtimoiy-siyosiy gazeta jurnallarga obuna bo'lding deb. Hozir esa obuna masalasi ayrim rahbarlarimiz nazdida jamiyat illatidek go'yo. O'zlari biror gazeta yoki jurnalga obuna bo'lmaydi va buni boshqalardan ham so'rab o'tirmaydi. Shunday bo'lgach tabiiyki o'qimaydi, o'qimagandan keyin, fikrlarida o'sish bo'lmaydi, yangicha yondashuv qila olmaydi.
Bu masalani ikki tomonlama, uch tomonlama, to'rt tomonlama umuman jamiyatning barcha jabhalarini inobatga olib tahlil qilsak ham barchasida o'z aksini ko'rsataveradi. Ya'ni, ijtimoiy hayot gazeta jurnallarga obuna bo'lar ekan uning orqasidan tahririyat, bosmaxona xodimlari, tarqatuvchi tashkilotlarda qancha odam ishli bo'ladi, oilasini tebratadi. Eng muhimi, jamiyat hayotida plyuralizmning shakllanishi, ilm-ma'rifatning tarqalishiga zamin yaratiladi. O'z vaqtida Ishoqxon To'ra Ibrat Orenburgdan litografik mashina sotib olib kelganida bu orqali ilm, ziyo tarqatishni maqsad qilgan. Ijtimoiy hayot ham unga labbay deb javob berib bundan inson va jamiyat faqat manfaat topishini tushungan. Bugungi zamonaviy ko'rinishdagi bunday dastgohlarni olib kelgan matbaachilarimiz faoliyati nima bo'ladi. Ular bu orqali qancha odamni ish bilan ta'minlashi mumkin. Gazeta jurnallarga obuna yo'qmi odamlarga ish yo'q, ish yo'qmi maosh yo'q, maosh yo'qmi, kambag'allik bor, kambag'allik bormi, boqimandalik bor, boqimandalik bormi, bilim yo'q, bilim yo'qmi, saviya yo'q, saviya yo'qmi, o'z fikr va qarashiga ega shaxs kamoloti haqida gapirmasak ham bo'ladi. Odamlarda pessimistik qarashlar, ishonchsizlik, barchadan shubhalanish, ruhiy zo'riqishning vujudga kelishi ham mana shu omillarga bog'liq mening nazarimda.
Voqea
Yaqinda bir kitob taqdimotiga bag'ishlangan tadbirda Senat a'zosi bo'lgan ziyoli shaxs bilan muloqot qilib qoldim. So'ralgan hol ahvoldan so'ng: — Gazetada nima yangiliklar?
Nashr bo'lyaptimi yoki to'xtab qoldimi? — deya so'radi. Chiqyapti. Kuzatib bormayapsizmi dedim. U:
— Bilasizmi gazeta, kitob, jurnallarning davri o'tdi. Men yigirma yildan beri gazeta, jurnal o'qimayman. Bunga ehtiyojim ham, xohishim ham yo'q, desa bo'ladimi. Bir ziyoli odamning ko'pchilik oldida aytgan gaplari unga bo'lgan hurmatimni yo'qqa chiqardi. Yashirmayman, ochig'i xayolimdan “senator” emas “sen-attor” bo'lishing kerak ekan” degan o'y o'tdi.
Endi tasavvur qilaylik o'zimiz gazeta, jurnal, kitob o'qimasdan yoshlarga qanday o'qi deb aytamiz. Qaysi kitob va yoki gazeta jurnallarni o'qishni tavsiya etamiz.
Bu o'rinda kitob o'qinglar, gazeta, jurnal varaqlab turinglar, dunyoqarashlaring oshadi, fikrlash qobiliyatlaring teranlashadi degan umumiy gaplardan nariga o'ta olmaymiz.
Bugungi istalgan o'quvchidan qaysi gazeta, jurnal yoxud oxirgi o'qigan kitobi haqida so'rasangiz, ko'pchiligi vaqtli nashrlar haqida umuman ma'lumotga ega emasligi oydinlashadi. Kitoblar haqida esa asosan kino qilib ishlangan “O'tkan kunlar”, “Shum bola” kabi asarlar nomini yoki maktab darsliklarida mavjud asarlar nomini keltirib o'tadilar. Zamondoshlarimizning aksariyati adiblarimizdan O.Sharofiddinov, A.Oripov, E.Vohidov, M.Yusuflarning nomlarini zikr etishadi xolos.
Yoki “oynai jahon”dagi bir ko'rsatuv bo'lyapti. Maktab o'quvchilariga bugun nima yetishmayapti, nega ular o'qimayapti, nega o'qituvchilarni hurmat qilmayapti. Milliy an'analarimiz qaerda qoldi degan mazmunda. Boshlovchining ismi ham kiygan kiyimi ham milliylikni, an'anaviylikni, axloqiylikni aks ettirmaydi.
Taklif
Bugun aksariyat rahbarlarimiz tomonidan uyushtirilayotgan shou, festival yoki tushunarsiz chellenj, piarlarning jamiyat uchun nafi yo'q. Rahbarlarimiz jamiyatni olg'a tortuvchi ma'naviy jihatlarga e'tibor berib, obuna masalasida chellenj o'tkazishsa, bundan davlat ham jamiyat ham faqat va faqat foyda topadi. Aksincha bo'lsa…
Bugun har bir rahbarning fikrini ma'qullab, u qilgan yoki buyurgan ishni qilishga odatlangan o'zida ijtimoiy-siyosiy fikr yo'q ayrim tashkilot rahbar va xodimlari vaqtli nashrlarga topshiriq bo'lmasa obuna bo'lmasligi kunday ravshan. O'zida fikr bo'lmagan kishiga esa buning ijtimoiy salbiy oqibatlarini tushuntirish toshga suv quyib ko'karishini kutgandek gap.
Bahrom BOYMURODOV,
“Yangi Sirdaryo” gazetasi
bo'lim mudiri