Samarqand radiosi: kecha va bugun

Keyingi yillarda barcha sohalar qatori teleradio tizimida ham sezilarli o'zgarishlar, texnologik jihatdan qayta jihozlash ishlari amalga oshirildi. Ayniqsa, Prezidentimizning barcha turdagi ommaviy axborot vositalarini rivojlantirishga, so'z erkinligini ta'minlashga qaratayotgan yuksak e'tibori bugun o'zining amaliy natijasini ko'rsata boshladi. Bu jarayonda soha vakillari ham bugungi davr shiddati va islohotlar jarayoniga moslashishga, odamlarning xolis axborotga bo'lgan talab va ehtiyo­jini qondirishga harakat qilmoqda.

Ommaviy axborot vositalari orasida o'z o'rniga ega bo'lgan radio eshittirishlarida turli sohalarda kechayotgan islohotlar, ochiqlik va oshkoralik siyosatining natijalari, hududlarda olib borilayotgan bun­yodkorlik ishlari, yurtdoshlarimiz hayotidagi o'zgarishlarga   alohida e'tibor qaratilmoqda.

O'zbekiston milliy teleradiokompaniyasi tomonidan mahalliy hokimliklar bilan birgalikda tizimdagi hududiy teleradiokompaniyalarning moddiy-texnika bazasini tubdan yaxshilash, ularni so'ng­­gi rusumdagi texnikalar bilan ta'minlashga ham alohida e'tibor qaratildi. Shu o'rinda aytish kerakki, bugungi kunda zamonaviy telekommunikatsiya texnologiyalarining jadal rivojlanishi ra­dioning ijodiy, texnologik, efirga uzatish sifatini tubdan yaxshilash, faoliyatimizni rivojlantirish borasidagi imkoniyatlarni kengaytirmoqda.

Keyingi davr Samarqand viloyat teleradiokompaniyasi uchun ham o'ziga xos ijodiy yuksalish yillari bo'ldi. Bugungi kunda viloyat ra­diosining bir kunlik efir hajmi 18 soatni tashkil qiladi.

Har kungi   efirimizdan respub­likamiz, viloyatimiz hayotida ro'y berayotgan ijtimoiy-iqtisodiy,   madaniy-ma'rifiy yangiliklar   o'rin   olgan. Shunisi diqqatga sazovorki, ijodiy xodimlarimiz tomonidan tayyorlanayotgan efir mahsulotlari orqali deyarli hech bir soha e'tibordan chetda   qolmaydi. “Radio reportaj”, “Xayrli kun”, “Davlat das­turi amalda”, “Samarqand sadosi”, “Viloyat xabarlari”,   “Radio sayohat”, “Kun mavzusi” singari qator dasturlarni shular jumlasiga kiritish mumkin.

Ma'lumot o'rnida aytishim kerakki, bugungi kunda viloyat radiosida Zilola Pirnazarova, Rahima Davirova, Zebo Tog'ayeva, Diloro G'oziyeva, Erkin Yusupov,   Sobir Burxonov kabi tajribali radiojurnalistlar faoliyat ko'rsatishmoqda. Ular endigina sohaga kirib kelayotgan yoshlarga ustozlik qilishyapti. Eshittirish tayyorlashda an'anaviy usullar bilan birga yangi va zamonaviy imkoniyatlardan foydalanish borasidagi tajribalarini o'rgatishmoqda.

Haftaning dushanba kunidan juma kuniga qadar ertalab soat 09.00 dan 12.00 gacha efirga uzatiladigan “Xayrli kun” dasturi orqali muxlislar o'z yaqinlariga sms va telefon qo'ng'iroqlari orqali salom va tabriklarini yo'llashadi. Dastur davomida turli sohalarga oid qiziqarli ma'lumotlar beriladi. Tinglovchilar bilan kommunikativlikning yo'lga qo'yilganligi dastur eshitimliligini oshirmoqda deb o'ylayman. Bundan keyin ham shu kabi dasturlarni rivojlantirib borish ustida ishlaymiz.

Aytish joizki faoliyatimiz   davomida yechimini kutayotgan   muam­molar ham yo'q emas. Bizni qiynayotgan eng katta   muammolardan biri bu     efir uzatish   radiusning   qisqaligidir. Bu borada muxlislardan ko'plab asosli e'tiroz­lar kelib tushadi. O'ylaymanki mazkur muammo   hal   etilar ekan   viloyatimizning   chekka hududlaridagi muxlislarimiz ham   ijodkorlarimiz tomonidan tayyorlanayotgan   rang-barang eshittirishlardan bahramand   bo'lishar edi.

Bugungi radiotinglovchi kechagisidan ancha farq qiladi. Ularning talabi ham oshgan. Yurtdoshlarimiz sohalar, tarmoqlar, jamiyat hayotiga oid o'zgarishlar xususida ma'lumot olishni istashadi. Qanday o'zgarish va yangilik­lar yuz berayotganligi, ularning tafsilotlarini batafsil bilishni xohlaydi. Bundan tashqari, joylardagi turli ijtimoiy va boshqa muammoli masalalarning ko'tarilayotganligi, unga nisbatan mahalliy hokimlik­lar, mas'ul idora va tashkilotlar mutasaddilarining munosabat bildirishlari ham ularni e'tiborsiz qoldirmaydi.

Ana shu talabga munosib bo'lish har birimizning zimmamizga mas'uliyat yuklaydi.

Sherzod YuLDOShEV,

Samarqand viloyat radiosi

bosh muharriri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty − 15 =