El xizmatida bo'laylik

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 24 noyabr kunidagi “O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PF-252-sonli Farmoni bilan Xalq qabulxonalariga qo'shimcha huquq va vakolatlar berilgan.

Xalq qabulxonasi jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini o'z vaqtida to'liq va xolisona ko'rib chiqishda yo'l qo'yilgan qonunbuzilishi holatlari yuzasidan chora ko'rish masalasida mahalliy hokimiyat, davlat boshqaruv idoralari va tegishli tashkilot hamda korxonalarga joriy yilning 15 apreliga qadar 7 ta ko'rsatma, 5 ta taklif, 7 ta taqdimnoma, Xalq deputatlari tuman Kengashiga 2 ta axborot, 1 ta ma'muriy bayonnoma yubordi.

Xalq qabulxonasi tomonidan murojaatlarni o'rganish va hal qilishda tumandagi sektorlar, tuman Kengashi deputatlari va jamoatchilik bilan o'zaro hamkorlik yo'lga qo'yildi. Natijada jismoniy va yuridik shaxslardan Virtual va Xalq qabulxonasiga 2023 yilning 3 oyi davomida 2022 yil shu davriga mos ravishda 2 835 (3 634) ta masalalarda murojaatlar tushib, murojaatlar 799 ta, ya'ni 22 foizga kamaydi va murojaatlarning 36,8 foizi ijobiy hal qilindi.

Ayrim murojaatlar bevosita Xalq qabulxonasi tomonidan o'rganilib, shulardan 11 tasi ijobiy hal qilindi. Har 10 ming aholiga nisbatan tahlil qilinganda Sho'rchi tumanida 127 ta murojaat to'g'ri kelmoqda. O'tgan yilga nisbatan murojaatlar asosan elektr ta'minotidagi muammolar haqida 261 (212)ta, ichki yo'llarni ta'mirlash 96 (88) ta, ichimlik suv bilan ta'minlash 68 (53) ta, mol-mulk va qarzlarni undirish 42 (24) ta, ish bilan ta'minlash 68 (45) haqidagi murojaatlar oshgan bo'lsa, aliment undirish 182 (128), bolalar nafaqasi 423 (121) ta, maishiy gaz ballon bilan ta'minlash 143 (75)ta, muhtojlarga bir martalik moddiy yordam 65 (101) ta, uy-joy bilan ta'minlash 46 (97) ta   haqidagi murojaatlar sezilarli darajada kamayishiga erishildi.

Tumandagi “Hurlik” (136 ta) va “Navro'z” (121 ta) mahallalaridan murojaatlar ko'p tushmoqda. Mazkur mahallalarda murojaatlarning ko'payish sabablari o'rganilib, mavjud muammolarni hal qilish choralari ko'rilmoqda.

Xalq qabulxonasi faqat fuqarolarning murojaatlarini ko'rib chiqish bilan cheklanmasdan tumandagi obodonchilik, ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish kabi sohalarga ham e'tibor berib kelmoqda. Tumandagi ichki yo'llarni ta'mirlash, maktabgacha va maktab binolari, tibbiyot maskanlarini ta'mirlash yoki yangidan qurish ishlariga ham o'z hissasini qo'shib qelmoqda.

2023 yilning 1-choragida ichimlik suv sohasida 22 km. ichimlik suv tarmog'i tortildi. Tuman bo'yicha 60 dan oshiq fuqarolarga 2 mln. so'mdan 5 mln. so'mgacha jami 119 mln. 900 ming so'm moddiy yordam pul mablag'lari ajratib berilgan. Nogironligi bor ijtimoiy himoyaga muhtoj 4 ta fuqaroning har biriga 7.250 ming so'mdan quyosh batareyasi bepul o'rnatilib berildi.

Bir necha yildan buyon tumandagi ichki yo'llarni hashar usulida ta'mirlash kam xarajatligi, tez bajarilishi, sifati bilan har tomonlama qulayligi sababli bir necha yildan buyon ichki yo'llar hashar usulida ta'mirlanmoqda. Hashar usuli bilan o'tgan yil tumanda jami 85,5 km. ichki yo'llar qum-shag'al aralashmasi bilan ta'mirlangan bo'lsa, joriy yilda jami 115 km. ichki yo'llar hashar yo'li bilan qayta ta'mirlanadi. Hozirgi kunda tumandagi “Oliyhimmat”, “Qora ariq”, “Kakan”, “Ozod” mahallalaridagi ichki yo'llar hashar yo'li bilan ta'mirlanmoqda.

Shuningdek, aholining ehtiyojmand qatlamini turarjoy bilan ta'minlash muammosini hal qilishda ham Xalq qabulxonasining o'z o'rni bor. Xalq qabulxonasi tuman oila va xotin-qizlar bo'limi bilan birgalikda joriy yilning 1-choragida turarjoyga muhtoj bo'lgan 20 tadan oshiq ehtiyojmand fuqarolarning oilaviy sharoiti o'rganilib, bu haqdagi hujjatlar viloyat miqyosidagi komissiyaga ko'rib chiqish uchun taqdim etildi.

Tumandagi “Oliy himmat”, “Shakarko'l”, “Qora ariq”, “Ozod”, “Ezgulik” mahallalarida toza ichimlik suv muammolari mavjud. Tumanda ichimlik suv muammosi yechilmaganligi sababli ichimlik suv muammosi masalasida 68 ta murojaatlar tushdi.

Hozirda “To'palang” suv omboridan ichimlik suv keltirish maqsadida viloyatda davom etayotgan bunyodkorlik ishlari yakunlanishi ham aholining ichimlik suvga bo'lgan ehtiyojini to'liq qanoatlantirib, murojaatlarning kama­yishini ta'minlaydi.

“Insonga e'tibor va sifatli ta'lim yili” bo'lgan 2023 yilda “Xushchekka” mahallasidagi 57-maktab o'rnida yangidan 240 o'rinli, “Qora ariq” mahallasi “Yangier” qishlog'ida 220 o'rinli, “Baxshtepa-1” mahallasi “Qorasuv” qishlog'ida 176 o'rinli, “Laylakxona” mahallasi “Beshtom” qishlog'ida 176 o'rinli, “Do'stlik” mahallasida 220 o'rinli, “Joyilma” mahallasining “Beshkapa” qishlog'ida 180-200 o'rinli maktab binolari qurib bitkazilsa, olamshumul ish bo'ladi. Tumanda maktabgacha ta'lim sohasida ijobiy ishlar qilinganligini e'tirof etishimiz kerak. O'tgan yilda   “Oliy himmat” mahallasida 20 o'rinli, “Tolli” mahallasida 90 o'rinli, “Obodon” mahallasida 120 o'rinli, “Konobod” mahallasida 90 o'rinli maktabgacha ta'lim tashkilotlari qurilib ishga tushib, bog'cha yoshidagi bolalarni qamrab olish tumanda 59,5 foizni tashkil qilmoqda. Yaqinda “Saksonkapa” mahallasi “Mingjar” qishlog'ida 150 o'rinli   maktabgacha ta'lim tashkilotining ishga tushishi “Mingjar” qish­log'i aholisining kayfiyatini yanada ko'tardi.

Rayimberdi XO'JAQULOV,

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining

Sho'rchi tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nine − 8 =