Yoshlar tarbiyasiga baxshida umr

Urganch shahar   markazidagi bir tomoni “Avesto”   bog'iga tutash “Nihol”   xususiy maktabiga taniqli pedagog Umida Sobirova   haqida nimadir yozish niyatida keldim. Hovli   sathidan bino ichkarisiga   kirarkanman, go'zal manzaradan hayratlandim. Hammayoq chinniday   top-toza.   Orasta kiyingan   o'quvchilar kishiga tavoze ila   salom berishadi. Navbatchi   niya­timni bilgach, meni direktor qabulxonasiga boshladi.   Devorda qahramonimizning Prezidentimiz Sh. Mirziyoyev bilan birga tushgan surati ilingan. Menimcha, bu surat mamlakatimiz   rahbarining   Xorazmga   tashrifi   chog'ida   tushirilgan   bo'lsa kerak. Devorning bosh­­qa   tarafida esa o'quvchi   va o'qituvchilarning   reytinggi   belgilab boriladigan jadval.   Javon tokchalariga   hujjatlar,   kitob-daftarlar   did   bilan   terib qo'yilgan.   Deraza raxlarida ko'm-ko'k   gullar…

­­Ko'p o'tmay direktor chiqib meni xonasiga boshladi. Uning muomalasi shu qadar samimiy ediki, xuddi ming yillik tanishlardek suhbatga kirishib ketdik.

— Qo'limga   ilk   bora   bo'r   ushlab   “o'qituvchilik”   qila boshlaganimda chamasi olti yoshlarda edim, — deya kulib so'z boshladi Umida Sobirova, — ko'chamizdagi o'zim tengi bolalarni   uyga yig'ib,   ularga “dars” o'tardim.   Kungura pechdan   doska   sifatida foydalanganman.   Qop-qora   pechning ost qismi   mening sharofatim bilan doim oqarib turardi. Rahmatli onam O'g'iljon   Jumaniyazova ham pedagog bo'lgan.   Maktabda ona tili va adabiyot o'qituvchisi, tabiatan tinib-tinchimaydigan, kasbini juda qadrlaydigan inson edi.   Darsliklarda berilgan asar parchalari onamni qanoatlantirmasdi. Shu bois albatta o'sha asarlarni to'lig'icha o'qir, darslarga puxta tayyorgarlik ko'rardilar. Ana shunday muhit taassurotlarda ulg'aydim. Olis bolalikdagi tuyg'ular ta'siridami, yoki onasini xotirlagani uchunmi Umida og'ir tin oldi.

Umida ta'lim olgan Xiva pedagogika   bilim yurtining dong'i mamlakatga yoyilgan, o'sha davrning nufuzli dargohlaridan biri hisoblanardi. Bilim yurtida ko'p yillar rahbarlik qilgan, texnikumda   kuchli, iqtidorli pedagoglar jamoasini shakllantirgan tajribali rahbar Roza Bilolovani esa respublikamizda ko'pchilik tanir   va hurmat qilardi.

Umr kutib   turmaydi, yaxshi-yomon kunlar bir-birini quvalab o'taveradi. Hash-pash deguncha o'qishni bitirdi. Bo'lajak pedagog amaliyotni Xiva shahridagi M. Mirsharapov nomli (hozirgi 6) umumta'lim maktabida o'tadi. Yana kimning qo'lida deng, maktabda qattiqqo'l ustoz deya nom chiqargan, tajribali o'qituvchi Nazira Shomuradovaning.   Suhbatdoshim rahmatli ustozini xotirlarkan, amaliyotni talabchan muallimaning qo'lida o'tab to'g'ri qilganini, o'qituvchilikda sochi oqargan soha mutaxassisdan ko'p narsa o'rganganini mamnuniyat bilan ta'kidladi. O'qishni muvaffaqiyatli tugatgan Umida uyiga yaqin Xiva shahar maktablarining biri Temiryazev nomidagi hozirgi 8-umumta'lim maktabida kuni uzaytirilgan guruh tarbiyachisi bo'lib ish boshladi.

U maktabning ham, bilim yurtining ham a'lochi, jamoatchi o'quvchilaridan biri bo'lgan. Endi ham shunga munosib ishlab o'zini ko'rsatishi kerak! Odatiy kunlarning birida o'ziga biriktirilgan guruhda ochiq dars o'tdi. Ochiq darsni kuzatgan maktab direktori G'ayrat Yusupov unga olti yoshli o'quvchilardan iborat tajriba-sinov sinfini ochib beradi. Buyog'i juda g'aroyib. Kichkintoylar birinchi sinf o'quv das­turini besh oydayoq o'qib tamomlashadi. Qizig'i, yozgi ta'til davridayam tinim bilmay, har kuni maktabga qatnab, uch oy ichida ikkinchi sinf o'quv das­turini ham muvaffaqiyatli o'zlashtirishadi. Bu “shov-shuv”li xushxabar tezda vohada ovoza bo'ladi. Bu orada viloyatdagi malaka oshirish institutining boshlang'ich sinflar bo'yicha metodisti Dilbar Usmonova boshchiligida bir guruh komissiya a'zolari maktabga kelib, uning o'quvchilaridan ikkinchi sinf o'quv dasturi bo'yicha nazorat ishi olishadi. Hayratomuz natija. 26 nafar o'quvchining barchasi ham faqat a'lo baho oladi. Bu natijadan hamma lol qolgan. Ha, bu maktabda bir kun ham dars qoldirmay, faqat a'lo bahoda o'qigan, bilim yurtining “yuzi” — faoli bo'lgan kechagi talaba — Umida Sobirova edi. Undan buni kutsa bo'ladi. Voqealar rivoji bundan-da qiziq kechgan: o'sha o'quvchilarning bari yangi o'quv yili — sentyabr oyidan uchinchi sinfga o'qishga qabul qilinadi. Bu uning muallima sifatidagi ilk muvaffaqiyati edi.

So'ng turmushga chiqdi — yaxshi oilaga kelin bo'ldi, farzandlar ko'rdi. Hayot achchiq-shirin tashvishlarning hech biri uning irodasini bukolmadi, aksincha u o'z ustida yanada qattiqroq ishlashga harakat qildi. Chunki u o'z kasbi, farzandiday bo'lib qolgan jonajon o'quvchilarini sevardi. Aslidayam boshqacha bo'lishi mumkin emas. Hayotda har doim peshqadamlikka intilib yashash kerak. Bu uning o'zgarmas shiori. Yana u shuni ham anglab yetdiki, tahsilni davom ettirishi shart!

Shu tariqa Umida 1999 yilda UrDUning bosh­lang'ich ta'lim va tarbiyaviy ishlar fakultetining sirtqi bo'limiga o'qishga kirdi. O'qish davridayam universitetning eng faol talabasiga aylandi, oliygohdagi ustoz­lar nazariga tushdi. Keyinchalik uni universitetda ishga olib qolmoqchi ham bo'lishdi. Biroq Umida qadrdon o'quvchilari bag'riga qaytdi. O'zining sevimli maktabiga kelib ishini davom ettirdi. Qo'shimcha o'tilgan darslar uchun ortiqcha haq to'lanishini kutmasdan o'quvchilarga darsdan tashqari mashg'ulot o'tkazishni odat qildi. Xivalik­larning ko'pchiligi farzandlarini Umida Sobirovaning qo'lida tahsil olishini xohlashar, noyob ustoz sifatida ovozasi viloyat miqyosiga yoyildi.

Xom sut emgan banda o'zini ertaga nimalar kutib turganini bilmaskan. Eng aziz inson — onasini yo'qotgach, oilasi bilan Urganchga ko'chib kelishdi. Kasbiga chin muhabbat qo'ygan inson hamisha mulohazali bo'ladi. Urganchda qaysi maktabda ishlayman, yangi jamoa bilan til topishib keta olamanmi, degan o'y unga tinchlik bermasdi. Aslida bu tashvishlar uning uchun ortiqcha. Chunki yuqorida ta'kidlaganimdek, u allaqachon viloyat miqyosida tajribali ustoz sifatida tanilgan. Darhaqiqat, Urganch shahridagi 5-son umumta'lim maktabiga ishga joylashishi bilan jamoaga kirishib ketdi. Maktab direktori, oliy toifali o'qituvchi, xalq ta'limi a'lochisi Nodira Vafoyeva ham   uni yolg'izlatib qo'ymadi. Bilmaganlarini o'rgatdi, harakatchan Umidaning tashabbuslarini xayrixohlik ila qo'llab-quvvatladi. Shu bois, u bu dargohda o'n olti yil ishladi.

Ma'lumki, O'zbekistonning yangi yuksalish davrida mamlakatimizning barcha hududlarida birin-ketin xususiy maktablar ochila boshlandi. Sobiq o'quvchilaridan birining otasi — ishbilarmon Maqsud Zoirov unga, sherikchilik asosida birga ishlash taklifini bildirdi. “Men maktab qurdiraman, siz esa uni boshqarasiz,” — dedi. Ta'sischi so'zining ustidan chiqdi. Maktab qurilishi uzoqqa cho'zilmadi. Shu tariqa, 2018 yili sentyabr oyidan “Nihol” xususiy maktabi o'z ish faoliyatini boshladi. Yevropa rusumidagi maktab, barcha shart-sharoitlar muhayyo. Keng, yorug', zamonaviy jihozlar bilan bezatilgan shinam sinfxonalar. Xullas,   havas bilan o'qigulik, jon kuydirib ishlagulik maskan bunyod bo'ldi. Biroq to'lov masalasi ham bor. Xususiy maktabda yetarlicha o'quvchilar kelib o'qirmikan, umuman xarajatlar qoplanarmikan? Ish boshlamasida Umidaniyam, ta'sischiniyam bu kabi savollar o'ylantirdi, albatta. Ammo o'quvchilar ortig'i bilan yig'ildi. Mahoratli pedagoglar suhbat asosida tanlab olindi.

— Bilasizmi, 2018 yil men uchun tafsilotlarga boy yil bo'ldi, — deydi Umida Sobirova, — shu yilning 30 noyabrida mamlakatimiz rahbari muhtaram Prezidentimiz   Shavkat Mirziyoyev Xorazmga safari chog'ida bizning maktabimizga ham tashrif buyurdilar, meni mamnun etgani Prezidentimizning o'quvchi-yoshlarimizga yuksak ishonch bildirganlari bo'ldi. Davlatimiz rahbari tomonidan har bir o'quvchiga planshet, maktabimizga yap-yangi avtobus sovg'a qilindi. Yangi maktab loyihasi uchun shundoqqina “Avesto” bog'i hududidan 3000 kv.m. joy ajratildi.

Ko'p o'tmay 2019 yilning avgust oyida Umida Sobirova shaxsan Prezident qo'lidan “Do'stlik” ordenini olishga sazovor bo'ldi. Bu maktab jamoasi zimmasiga yanada mas'uliyat orttirdi. Bugungi kunda 208 nafar o'quvchi o'qiydigan “Nihol” xususiy maktabida 45 nafar o'qituvchi, 15 nafar ishchi-xodim xizmat qiladi. Tashkil etilganiga endigina to'rt yil bo'lgan maktab o'quvchilari jahon olimpiyadalarida qatnashib, faxrli o'rinlarni egallashdi.

“Nihol”da o'quvchilarga uch mahal issiq ovqat beriladi. Va yana maktabda mantiq ilmi, ingliz tili va matematika fanlari chuqurlashtirib o'tiladi. O'quvchilar badiiy gimnastika bilan muntazam shug'ullanishi mohir murabbiylardan shaxmat o'yinining barcha sir-asrorlarini o'rganish imkoniyatiga ham ega. Umida Sobirovaning sulolaviy davomchilari — farzand­lari Behzodbek va Shahzodbeklar ham eng nufuzli oliygohlarni bitirib, ona kasbini davom ettirishyapti. Bir-biridan shirin-shakar, biyron tilli jajji nevaralarni aytmaysizmi, ular allaqachon turli tillarda she'r yodlashni boshlab yuborishgan. Olmaning tagiga olma tushadi, deyishgani shu bo'lsa kerak.

Xullas, go'zal chehrali, farishtali ayol Umida Sobirova ibratli oila sohibasi, mehribon ona, jonkuyar pedagog, uddaburon rahbar. Aminmizki, shu rahbar yetakchiligidagi ustozlar mehri va kasbiga bo'lgan sadoqati ta'sirida albatta bu dargohdan ham xalqparvar, vatanparvar, olijanob, ulug' insonlar yetishib chiqadi.

Sayyora SOLAYEVA,

“Hurriyat” muxbiri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nine + 8 =