Iste'molchilar huquqi: so'zda emas, amalda

Bugungi kunda har bir iste'molchi o'ziga sifatli xizmat ko'rsatuvchi muassasani tanlab, uning xizmatlaridan foydalanishga harakat qiladi. Bu uning huquqi. Bu O'zbekiston Respublikasi “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida”gi Qonunining 4-moddasida iste'molchi tovar (ish, xizmat)ni erkin tanlash va uning tegishli darajada sifatli bo'lishiga talab qo'yishga haqli ekanligi belgilab berilgan.

Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi iste'molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida muvofiqlashtiruvchi organ sifatida iste'molchilarning moliyaviy xizmatlar bo'yicha murojaatlarini ham ko'rib chiqadi. Bugungi kunda Agentlikka bo'layotgan murojaatlar, shikoyatlar va ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilayotgan murojaatlarda ba'zi banklar tomonidan aholiga sifatsiz xizmatlar ko'rsatilayotganligi bildirilmoqda.

Raqamlarga to'xtaladigan bo'lsak, Agentlikka 2021 yil va 2022 yilning I choragi davomida moliyaviy xizmatlar bilan bog'liq 760 ta murojaat kelib tushgan. Ularda asosan banklar tomonidan kreditlar berilmayotganligi, kredit to'lovlarini kechiktirish, to'lov tizimlari faoliyatidagi uzilish va nosozlik­lar, kredit shartlari, kreditga olingan tovarlarning nuqsonli ekanligi, plastik kartadan pul yechib olinishi, bankomatlar yetishmasligi yoki ishlamasligi, nobank kredit tashkilotlari faoliyati, sug'urta masalalari, kredit tashkilotlarida qo'shimcha xizmatlari va komissiya to'lovlari hamda bosh­­qa masalalar bo'yicha iste'molchilar muammolarga duch kelishganligi bildirilgan.

Agentlik iste'molchilarning bank xizmatlariga oid masalalardagi murojaatlarini ko'rib chiqishda Respub­lika Markaziy banki bilan yaqindan hamkorlikni yo'lga qo'ygan.

Agentlik tomonidan murojaatlar ijobiy hal etilishi natijasida 53 ming nafar iste'molchining huquqlari tiklandi va 810 mln. so'm miqdoridagi mablag' qayta hisob-kitob qilinib, iste'molchilar foydasiga hal etildi. Xususan, mazkur murojaatlarning 70 foizi iste'molchilar foydasiga qanoatlantirilgan bo'lsa, 13 foiziga tegishli tushuntirishlar berilib, 7 foizi vakolatli idoralarga chora ko'rish uchun yuborildi.

Agentlikka iste'molchilarning bankomatlardan foydalanish bilan bog'liq yuzaga kelayotgan muammolar to'g'risida kelib tushgan murojaatlarda 65 foizi bankomatda kartadan pul yechilgan, lekin naqd pul berilmaganligi, 15 foizida bankomatlarda naqd pul yo'qligi va boshqa muammolar qayd etilgan.

Haqiqatan ham murojaatlar va ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan axborotlar tahliliga ko'ra, joylarda bankomatlar yetishmasligi, doimiy ishlashi ta'minlanmasligi, nosozliklar yuzaga kelganda bankomatlarga texnik xizmat ko'rsatish muddati uzoqligi, foydalanuvchilar uchun zarur ma'lumotlar mavjud emasligi ma'lum bo'ldi.

Jumladan, bank faoliyati sohasidagi munosabatlar O'zbekiston Respublikasining “Banklar va bank faoliyati to'g'risida”gi, “O'zbekiston Res­publikasining Markaziy banki to'g'risida”gi qonunlar, Bank xizmatlari iste'molchilari bilan o'zaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qo'yiladigan minimal talablar to'g'risidagi nizom va boshqa qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadi.

Mavjud holatga aniqlik kiritish maqsadida Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan joriy yil may oyining birinchi yarmida respublika hududlarida joylashtirilgan 691 ta bankomat bo'yicha o'tkazilgan kuzatuvlarda, ularning 31 tasida bank nomi, ishonch telefon raqami va to'lov tizimi haqidagi ma'lumot yo'qligi, shuningdek, 5 tasida bank nomi va 57 ta bankomatda mijozlarni qo'llab-quvvatlash markazi telefon raqami yozib qo'yilmaganligi aniqlangan.

Shuningdek, 2 ta holatda 24/7 shohobchasi yopiqligi, 31 ta bankomatlar nosozligi sabab va ishlamayotganligi, 91 ta bankomatda naqd pul yo'qligi qayd etildi.

Yoki, 39 ta bankomatning axborot xavfsizligi ta'minlamagan holda videokuzatuv tizimlari yordamida bankomatlar bilan ishlash jarayonlarii nazoratga olinmaganligi hamda 50 ta bankomatning joylashgan holati qoniqarsizligi aniqlangan.

O'zbekiston Respublikasi hududida bank kartalarining chiqarilishi va muomalada bo'lishi qoidalari to'g'risidagi Nizomga (ro'yxat raqami 3294, 2021 yil 3 aprel) muvofiq, tijorat banklari tomonidan o'rnatilgan bankomatlar va o'z-o'ziga xizmat qiluvchi qurilmalarda (infokiosk) bank nomi, mijozlarni qo'llab-quvvatlash markazi telefon raqami hamda qurilma ulangan to'lov tizimi logotipi bo'lish lozimligi belgilangan (44-band).

Banklar tomonidan o'rnatilgan bankomatlarning ish faoliyati va naqd pul bilan ta'minlanganligi ustidan doimiy nazorat o'rnatilishi lozim.

To'lov tizimlari operatorlari va to'lov xizmatlarini yetkazib beruvchilarining to'lov tizimlarida axborot xavfsizligini ta'minlash to'g'risidagi Nizomga (ro'yxat raqami 3268, 2020 yil 30 iyun) muvofiq, tijorat banklari bankomatlarni videokuzatuv tizimlari yordamida axborot muhofazasini ta'minlashi va bankomatlarga jismonan ta'sir etishni nazorat qilishi kerak.

Bundan tashqari, ayrim yurtdoshlarimiz tomonidan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun bank yoki pochta kassalari orqali to'lov amalga oshirilganda, asossiz ravishda komissiya puli olib qolinayotgani yuzasidan e'tirozlar ham bildirilgan.

Aslida esa kommunal xizmatlar (elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz, issiq va issiq suv ta'minoti, ichimlik suvi hamda maishiy chiqindilarni olib chiqish) tariflari bank xizmatlari xarajatlarini inobatga olgan holda shakllantirilgan. Shunga muvofiq, kommunal tashkilotlar tijorat banklari bilan kelishuv bitimini imzolab, bank xizmatlari uchun ustama haqini o'z tushumi hisobidan amalga oshirishi lozim bo'lsa-da, bunday kelishuv bitimlari tuzilmaganligi sababli, iste'molchilar bir xizmat uchun ikki marotaba haq to'lashga majbur bo'lgan.

Ayrim holatlarda esa ba'zi bir tijorat banklari va to'lov tizimlari xizmatlari uchun shartnomalar asosida kommunal tashkilotlaridan ustama haqi olgan bo'lishiga qaramasdan, qo'shimcha ravishda aholidan ham ustama haq undirib kelgan. Masalan, ATIB “Ipoteka bank” filiallari tomonidan aholidan kommunal xizmatlari uchun to'lovlarni bank kassalari orqali amalga oshirilganda, har bir to'lov uchun qo'shimcha 1 000 so'm miqdorida komissiya puli undirish holatlari kuzatilgan.

Agentlik ushbu masala yuzasidan bankka nisbatan ish qo'zg'atgan, bugungi kunda bank tomonidan ortiqcha olingan mablag'larni iste'molchilarga qaytarish choralari ko'rilmoqda.

Umida MANSUROVA,

Iste'molchilar huquqlarini

himoya qilish agentligi

bosh mutaxassisi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × one =