Bizga falsafa begona emas!

Insonning kamolotga yetishishida har bir fanning, har bir ta'limotning o'ziga xos o'rni va roli bor. Ziyolilik yo'lini tutgan odam imkon qadar barcha fanlardan xabardor bo'lishi lozim. Shuni alohida qayd etish joizki, bugungi rivojlangan davr har bir kishidan ijodiy, tanqidiy fikrlashni talab etmoqda. Bunday fikrlashni shakllantirishda esa falsafa va falsafiy-ijtimoiy fanlarning o'rni beqiyos.

Ammo ming afsuski, oxirgi bir necha yilda oliy ta'lim muassasalarida falsafiy-ijtimoiy fanlarning soatlari kamaytirildi. Bu fanlar soatlarining kamaytirilishi yoshlarda fikr qaramligi, o'zgalarga ishonib ketaverish kabi holatlarni yuzaga keltiradi. Falsafiy-ijtimoiy fanlar bo'lajak kadrlarni kitob o'qishga, izlanishga shu asosda tanqidiy fikrlashga undaydi. Shunda fikrlar rang-barangligi shakllanadi. Mus­taqil fikrlaydigan, o'z qarashiga ega bo'lgan mutaxassislarning yetishib chiqishiga zamin hozirlanadi. Bu esa jamiyatda fikrlash mada­niyatini shakllantiradi, sohalarning rivojlanishiga turtki beradi.

Tabiat, jamiyat va inson tafakkuri taraqqiyotida ham birdek ahamiyatga ega bo'lgan falsafiy qonuniyatlar yoshlarning yetuk kadr sifatida shakl­lanishida juda muhim o'rin tutadi. Har bir odam jamiyatda o'z fikri va o'rniga ega bo'lishi zarurligi, bunda erkin va asosli fikrlash muhimligi mazkur qonuniyatlarda go'zal tarzda ifodalangan. Jamiyat hayotida turli yangi qarash va naza­riyalarning vujudga kelishi shu asosda taraqqiyotga erishish mumkinligi falsafa fani o'rganadigan ushbu qonuniyatlarda aks etadi.

Shu sababdan ulug' insonlar, xususan, ajdodlarimiz ham aniq, ham tabiiy, ham ijtimoiy fanlarni birday o'rganishgan. Ularning barchasi muhim ekanini tushunishgan. Ulug' olim Umar Hayyom matematik bo'lishi bilan birga go'zal ruboiylar bitgan. Go'zal she'r yozish uchun ham ilm kerak, to'g'ri masala yechish uchun ham. Mirzo Ulug'bek astronomiya sirlarini shogirdlariga yetkazish uchun ijtimoiy fanlarning imkoniyatlaridan unumli foydalangan.

Olib borilayotgan davlat siyosati falsafiy-ijtimoiy fanlarga tayanib jamiyatga tushuntiriladi. Matematikaning dolzarbligi ham, shaxmatning jozibasi ham, sportning foydasi ham fikrlar orqali ijtimoiy ongga yetkaziladi. Fikrlar esa yuqorida aytganimizdek falsafiy-ijtimoiy fanlar orqali shakllantiriladi.

— Hozirda oliy ta'lim muassasalarining barcha yo'nalishlarida falsafa faniga 60 soat ajratilgan. Shu 60 soatning tarkibida inson axloqini mustahkamlaydigan etika, his-tuyg'u olamini boyitadigan estetika, to'g'ri fikrlashga, to'g'ri mulohaza yuritishga va shu asosda to'g'ri xulosa chiqarishga o'rgatadigan logika, inson imoni, e'tiqodini to'g'ri tarbiyalaydigan dinshunoslik kabi falsafiy fanlar ham qo'shib yuborilgan. Ayrim oliy ta'lim muassasalarida ma'naviyat asoslari va korrupsiyaga qarshi kurashish fanlari ham shu soatlar tarkibiga kiritilgan. Iqtisodda iqtisod nazariyasi, huquqda davlat va huquq nazariyasi, fizika va amaliy matematikada kvant nazariyasi, sonlar nazariyasi kabi fanlar doimiy o'qitiladi. Negaki, ular falsafiy mazmunga ega. Zamon tezkor, ayniqsa bu texnologiyalar rivojida ko'rinadi. Shu sabab ishlab chiqarish yo'nalishini tamomlagan talabalarning bilimlari agar doimiy izlanish va o'rganishda bo'lmasa eskiradi. IPHONE 14, 15, 16 ishlab chiqarilishini talaba 1-kursligida o'rganadi, bitirguncha esa ayfon 50 chiqarilayotgan bo'lishi mumkin. Falsafiy fanlar falsafiy dunyoqarashga o'rgatadi. Falsafiy dunyo­qarash esa olam va odamning eng umumiy qonuniyatlarini o'rgatgani bilan universallik kasb etadi, – deydi Guliston davlat universiteti “Milliy g'oya, ma'naviyat asoslari va huquq ta'limi” kafedrasi mudiri Umidjon Mavlonov.

Haqiqatan ham zamonaviy o'qituvchi va o'quvchilar tanqidiy fikrlashga moyil bo'lishi, axborot kommunikatsiya texnologiyalarini bilishi, mediosavodxon bo'lishi, berilgan dasturni o'zlashtira olishi zarur.

Taniqli faylasuf, professor Viktor Alimasov ta'biri bilan aytganda “Fikrlash chanqog'i, fikrlash lazzati, fikrlash san'atiga undaydigan falsafa fani dars soatlarining qisqarishi insonni fikrlarga faqat chanqoq etadi. Fikrlarning san'at darajasiga ko'tarilishiga xizmat qila olmaydi”.

O'qituvchilik sharafli va mas'uliyatli kasb. Biroq qaysi fan o'qituvchisi bo'lishidan qat'i nazar uning auditoriyasi cheklangan. Boshqa ijtimoiy soha vakillari faylasuflar, jurnalistlar, yozuvchilarning yozgan maqola va kitoblari auditoriyasining chegarasi yo'q. Ular bu orqali nafaqat hozir balki kelajak ijtimoiy ongiga ham ta'sir ko'rsata oladi. Ularning qalbiga ezgu g'oyalarni singdira oladi.

Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, bugun biz oliy ta'lim muassasalarida o'qitiladigan falsafa va falsafiy fanlar soatlarini qisqartirmaslik lozim. Shunda nafaqat ijtimoiy balki aniq, tabiiy va amaliy fanlardan yetishib chiqayotgan kadrlar ham o'z fikrlarini falsafiy mushohada orqali ifoda etish qobiliyatini yanada mus­tahkamlagan bo'lardi.

Bahrom BOYMURODOV,

jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 + 8 =