Har qadamda… dorixona. Lekin ularni kim nazorat qiladi?
Har bir inson kim bo'lishidan qat'i nazar mevaning sarxilini, taomning mazali va to'yimlisini va dorining samaradorligini iste'mol qilishga harakat qiladi. Bu jarayonlarda inson iste'mol qilayotgan mahsulotining narxiga ahamiyat bermaslikka harakat qiladi. Negaki, har birimiz o'zimizni yaxshi ko'ramiz va “o'zimiz uchun, sog'ligim uchun kerak-ku” degan mazmunda harakat qilamiz. Shu o'rinda har narsaning asilini iste'mol qilish uchun yashayapmanmi yoki yashash uchun shu asil narsalardan foydalanish men uchun kerakmi, — degan savolni o'zimizga berishimiz kerakka o'xshaydi.
Ma'lum bo'lishicha, bugun mamlakatimizda 14 mingga yaqin dorixonalar mavjud bo'lib, ular tadbirkorlik sub'yektlari hisoblanadi. Ma'lumotlarga ko'ra, Toshkent shahrida 2000 dan ortiq dorixona bo'lib, ba'zi mavzelarda 30 tadan 60 tagacha dorixona faoliyat yuritadi. Dorixonalar ko'pligining yaxshi jihati bu raqobatni kuchaytirib, narxlar tushishiga sabab bo'lishida ko'rinadi. Ikkinchi tomondan esa qaerda dorixona ko'p bo'lsa, shu joyda unga talabning ko'pligi bu esa kasallik va kasallar ham ko'p ekanligini anglatadi.
— Sirdaryo viloyatida bugungi kunda 221ta dorixonalar bor. Ularning shohobchalari 109 tani tashkil etadi. Guliston shahrida esa 92 ta dorixona 57 ta shohobchasi bilan faoliyat yuritadi. Dorixonalar tibbiyot muassasalari tarkibida bo'lgani uning tadbirkorlik sohasi tarkibida bo'lganligidan xalqqa nafi ko'proq tegadi, — dedi Sirdaryo viloyati Farmatsevtika tarmog'ini rivojlantirish bo'linmasi boshlig'i Rasul To'rayev.
Mutaxassislar tahliliga ko'ra, mamlakatimizda o'rtacha ikki ming kishiga bitta dorixona to'g'ri keladi. Lekin hududlar kesimida bu turlicha. Masalan, Toshkentda bir yarim mingga yaqin kishiga bitta, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida deyarli uch ming aholiga bitta dorixona to'g'ri keladi. Guliston shahrida bu ko'rsatkich har 660 ta odamga bitta “apteka” to'g'ri kelishini anglatadi.
Guliston shahrida dorixonalarning ko'pligini yana bir jihati bu shaharda oshxona, kafe, bar, choyxona kabi umumiy ovqatlanish shohobchalarining ko'pligi bilan ham izohlash mumkindir balki. Odamlar to'g'ri turmush tarziga, to'g'ri ovqatlanish me'yorlariga rioya qilmasa, o'sha joyda kasallik bo'lishi, bemorlar soni ham ortib borishi kuzatiladi. Birgina Guliston shahrining o'zida umumiy ovqatlanish shohobchalari 50 ga yaqin.
Bir (Fast food) zumda tayyorlanadigan taomlar shohobchalari ham shunchani tashkil etadi. Qiziq tomoni qaysi dorixona va yoki ovqatlanish maskaniga borsangiz hamisha odam gavjumligini ko'rishingiz mumkin.
Jamiyat hayotida barcha sohalar inson uchun, uning manfaati uchun xizmat qilishi lozim. Bu jihatga Prezidentimiz har bir ma'ruzasida, har Murojaatnomasida qayta-qayta to'xtalib o'tadilar.
Bugungi OAVlarida ham ko'cha-ko'ydagi banner va reklama shitlarida ham asosan atoqli shaxslar tomonidan dori vositalari, oziq-ovqatlarning reklamalarini kuzatamiz.
Ma'lumotlarga qaraganda, Yevropada 2500 odamga bitta dorixona ochilishi belgilangan ekan. Lekin sog'liqni saqlash tizimi juda yaxshi ishlaydigan Daniyada 17 ming aholiga bitta dorixona xizmat ko'rsatarkan. Dori-darmonga sog'liqni saqlash tizimining muhim bo'lagi sifatida qaraladi va davlat tomonidan juda qattiq nazorat qilinadi. Bizda esa… “Elga xizmatdan ko'ra el xizmatidan umidvorlik” birlamchidek…
Aytish kerakki, dunyoning aksar mamlakatlarida bizning yurtdagidek dorixonalardan dori sotib olish oson emas. Bizda esa o'n yashar bola qo'lida qog'ozi bilan eng og'ir bemorlar uchun mo'ljallangan dorilarni so'rasa ham, “marhamat” deya berib yuboraverishadi. Resept so'rash deyarli yo'q.
Bu yaxshimi, yomonmi?
Bir qaraganda yaxshiroqqa o'xshaydi. Lekin sohada nazorat va tartibning yo'qligidan ham bu dalolat beradi.
Agar qat'iy nazorat va tartib bo'lganida edi, bir necha kunlardan buyon ijtimoiy tarmoqlarda qancha muhokamalarga sabab bo'layotgan Samarqand shahridagi voqea ehtimol yuz bermagan bo'lar edi. Sog'liqni saqlash vazirligining tekshiruv natijalariga ko'ra mamlakatda o'tkir respirator kasalliklarga chalingan 21 nafar bolaning 18 nafarida Dok-1 Maks siropini ichish natijasida o'lim holati aniqlangan.
Vafot etgan bolalar statsionar davolanishga kelguniga qadar ushbu preparatni uy sharoitida boshqa dorilar bilan birga, 2-7 kun davomida, kuniga 3-4 mahal 2,5-5 millilitrgacha qabul qilgan. Tabiiyki, bu bolaga me'yoridan ancha ortiq miqdor hisoblanadi.
Barcha bolalarga preparat shifokorlar reseptisiz berilgan. Dori vositasi tarkibidagi asosiy modda paratsetamol bo'lgani uchun Dok-1 Maks siropi ota-onalar tomonidan mustaqil yoki dorixona sotuvchilarining tavsiyasi bilan shamollashga qarshi vosita sifatida noto'g'ri qo'llangan. Bu esa bemorlarning ahvoli yanada yomonlashishiga sabab bo'lgan.
SSVning ma'lum qilishicha, o'rganish davomida aniqlangan barcha qonunbuzilish holatlari e'tiborga olinib, xizmat vazifasiga loqayd va bee'tibor munosabatda bo'lgani, bolalar o'limi tahlilini o'z vaqtida yuritmagani va kerakli choralarni ko'rmagani uchun 7 nafar mas'ul xodim egallab turgan lavozimidan ozod etilgan va qator mutaxassislarga intizomiy jazo choralari qo'llangan. To'plangan barcha hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilgan.
Qo'shimcha qilinishicha, ayni paytda Dok-1 Maks tabletka va sirop dori vositalari barcha dorixonalar savdosidan o'rnatilgan tartibda qaytarib olingan.
Biroq vafot etgan bolalarni endi hech qanday chora va jazolar bilan qaytarib bo'lsa edi. Ha, uning aslo imkoni yo'q. Bu mudhish voqea sohada jiddiy islohotlar zarur ekanligini ko'rsatib qo'ydi, nazarimizda.
Bahrom BOYMURODOV,
jurnalist