Matbuot taqdiri – jamiyat taqdiri

Davlat va jamoat tashkilotlari matbuotning munosabatiga bee'tibor bo'lar ekan, uning roli hamda yashab qolishi haqida gapirish mushkul bo'ladi.

Gapning indallosini aytganda, iqtidorli jurnalist, tajribali bosh muharrir Husan Ermatovning “Bosma nashrlarning transformatsiyasi: nimalarga bog'liq bo'lib qolmoqda?” (“Hurriyat” gazetasi, 2022 yil 2- noyabr №43-son) sarlavhali mushohadali maqolasi kaminani ham juda qayg'u-o'yga toldirdi va ayrim fikrlarni o'rtaga tashlab, mushtariylarning xohish-istaklarini o'rganishga da'vat etdi. Nazarimda muallifning bosma nashrlar to'g'risidagi o'nga yaqin o'ta jo'yali takliflari bugunning dolzarb, ertaning hal qiluvchi jihatlarini tashkil etadi. “Mening nazarimda, — qayd etadi maqola muallifi. – Bu ham bir “proekt” bo'ldi. Bu loyihadan maqsad internetga kuch berish, odamlarni ko'proq axborot texnologiyalari orqali band qilish va pirovardida yangi axborot makonida kattaroq va mo'mayroq tushumlarga ega chiqish edi.

Va nihoyat, bu amalga oshdi ham. Xo'sh, nima o'zgardi, jamiyat nima yutdi? Nima yutgani ochiq savol. Boy berilayotgan narsa shulki, jamiyat bugun ma'rifat olishda variantsiz qolmoqda? Ha, ochiq tan olish kerak, bugun bosh voizlik internet tarmoqlari qo'liga o'tdi: so'kishlar, haqoratlar, oldi-qochdi, qo'ydi-chiqdi haqidagi mish-mishlarga to'la internetdagi milliy laxtagimiz (sigment) bugun bosh “tarbiya­chi”ga aylandi. Ma'rifatdan ko'ra ko'proq jaholat, samimiyatdan ko'ra ko'proq razolat qaynayotgan bu “qozon” bizga ertaga yana nelarni taqdim etarkan hali?!

Bir zamondan beri maktab darsliklari haqida gapirilmoqda. Darvoqe, ayni borada ahvolimiz endi butun bo'y-basti bilan ayonlashdi. Kishi shunday o'yga boradiki, bunga o'sha boyagi “proekt”larning ham ta'siri katta bo'lgan bo'lishi ehtimoldan uzoq emas. Chunki ma'rifat go'shasi bo'lgan maktabga gazeta bormay qolgani, u yerlar ham “ijtimoiy tarmoqlar” tomonidan “ishg'ol” etilganiga ancha bo'lgan?”

Faxriy jurnalist To'lqin Qozoqboyev esa shunday fikr bildiradi: “Umr bo'yi o'zim ishlagan matbuot sohasini olaylik. Bolalar matbuotining bugungi ahvoli menga tushunarsiz. Nima, bolalarimizga ommaviy axborot vositalarining xizmati kerakmasmi? Bolalar matbuoti taqdiri bilan kim shug'ullanishi kerak? Mutasaddi tashkilotlar bu masalada qachon uyg'onadi? Bolalar qo'liga “sotka” emas, kitob va gazeta tutqazishimiz kerak-ku! Meni o'ylantirgan narsa bu ham shunga bog'liq, yoshlar tarbiyasiga juda kuchli ta'sir etuvchi masaladir. Bu borada Xalq ta'limi vaziri qabuliga kira olmadim. Ba'zilariga xat yozdim. Javoblarda va'dadan bosh­­qa narsa ko'rmadim. Maktablarimiz kutubxonalaridan: “Tong yulduzi” gazetasi, “G'uncha” va “Gulxan” jurnallarini izlab ko'ring. Topolmaysiz. Nega? Bolalarimiz orasida shunday nashrlarning ular uchun chiqayotganini bilmay katta bo'layotganlar juda ko'p. Axir, kitobxonlik shu bolalar nashrini o'qishdan bosh­lanadi-ku! (“Hurriyat”. 2022 yil, 9 noyabr).

O'zbekiston xalq shoiri, senator Sirojiddin Sayyid yaqinda “Madaniyat va ma'rifat” telekanalida “Olamning qalbi” ko'rsatuvida o'zi o'qigan maktabda kutubxona tashkil qilgani, kitoblarni Toshkentdan Sariosiyoga saralab olib borgani, o'zi ta'riflaganidek sulolasining adabiy-badiiy solnomasini yaratayotgani, kutubxona kiraverishida “Kitob o'qimaslik – jinoyat”, “Kitob – bu ijodiy saltanat xazinasi” deb yozib qo'yilgani, mashhur ijodkorlar, chunonchi O'zbekiston Qahramonlari – adabiyotshunos Ibrohim G'ofurov, ustoz-shoirlar: Abdulla Oripov, Erkin Vohidovlarning kitoblari mavjudligi haqida gapirib berdi.

Ikromjon Asliy-Andijoniy: “Maktabda kitob yo jurnal kam, bo'lsa ham, uni o'qiydigan yoshlar oz. Mushtday bolamizning, kechagina tug'ilgan va tili chiqqan nabiramizning ham “Samsung”dek murakkab apparatlarimizdan bizdan ko'ra chapdastlik bilan foydalanishidan g'ururlanib, davralarda gapirib yuramiz.

Afsuski, bolaga uyali telefon ham jismonan, ham ma'nan, o'zimizga esa iqtisodiy zarar keltirayotganidan qayg'urmaymiz?! Go'yoki, hammasi shunday bo'lishi kerakdek” – deb o'zining xalqona fikrlarini bayon qiladi.

Yana bir gap, maktab kutubxonasi bugun istaymizmi-yo'qmi, jamiyatning pinhona tish og'rig'i. Kutubxonalari bo'shab qolgan maktablar qancha?

Shunday. “Hurriyat” gazetasida chop etilgan qator maqolalarda taqdiri qil ustida turgan gazetalar haqida ko'plab fikrlar yuritiladi. Ammo muammo barham topmayapti. Qachon bunday g'oyaviy fikrlardan tegishli xulosalar chiqarib, biroz bo'lsa-da, o'zimizni qiynaymiz, axir! Prezidentning so'zlari bunga da'vat etishi kerak!

Bu fikrlarni o'ylab, shunday xulosaga keldim: soatlarimiz millarini to'g'rilab oladigan vaqt allaqachon kelgan. Vazirlik va hokimliklar, davlat va jamoat idoralari, barchasi quloq solmas ekan, matbuotning roli va yashab qolishi haqida qancha gapirsak ham foydasiz. Eng asosiy masala esa bu – OABga bo'lgan munosabat o'zgarishi darkor. Ochig'ini aytganda matbuotda chiqayotgan juda ko'plab mavzular ishimiz rivoji uchun asqotib qoladi. Buning uchun matbuotga quloq tutish lozim. Ba'zan soha mutaxassislaridan turli masalalarni jurnalistlarning yaxshiroq tushunishiga guvoh bo'lyapmiz.

Albatta, o'z navbatida bosma nashrlarning darajasini hozirgi zamon texnologiyalariga mos hamda iste'molchilarga manzur bo'ladigan holga ko'tarish ham juda muhim.

Karim NORMATOV,

professor

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × five =