Tinch elning bog'i gullar
Millatlararo totuvlik va diniy bag'rikenglik xususida
Tolerantlik (bag'rikenglik) tamoyillari dunyodagi ko'pchilik davlatlarning qonun hujjatlarida, insonning asosiy huquqlari va erkinliklari sifatida mustahkamlab qo'yilgan va xalqaro deklaratsiyalarda o'z ifodasini topgan. Bu sohada BMT tomonidan qabul qilingan Inson huquqlari umumiy deklaratsiyasi, shuningdek, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi Xalqaro Pakt, Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to'g'risidagi Xalqaro Pakt eng asosiy hujjatlar bo'lib xizmat qiladi. Yevropa Kengashi doirasida inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish to'g'risidagi Yevropa Konvensiyasi amal qiladi.
Konvensiya yuzasidan tuzilgan va uni ratifikatsiya qilgan davlatlar zimmasiga barcha huquqlarni hech bir kamsitishsiz kafolatlash majburiyatini yuklaydigan va majburiyatlar bajarilmagan taqdirda jazo chorasini qo'llashni ko'zda tutadigan 12-bayonnoma kuchga kirdi. Hozirgi kunda bag'rikenglik butun dunyoda dolzarb muammo sifatida topilib, tegishli xalqaro tashkilotlarda muhokama qilinmoqda. Chunonchi, YuNESKO bag'rikenglikni shakllantirish yo'lida muhim ishlarni amalga oshirmoqda. Uning Parijdagi qarorgohida 1993 yili tolerantlik bo'linmasi tuzildi. Oradan ikki yil o'tib (1995 yil 16 noyabrda) YuNESKO Bosh Konferensiyasi «Declara tio n of princip le s on to lerance” ni tasdiqladi. Bu hujjatni 185 ta davlat, shu jumladan O'zbekiston ham imzoladi. Deklaratsiyada milliy, etnik, diniy va til guruhlariga nisbatan zo'ravonlik, yotsirash va kamsitishning yalpi avj olishiga qarshilik ko'rsatish lozimligi ta'kidlanadi. Bag'rikenglik xalqlar o'rtasida murosaga kelish yo'lini topish, mojarolarni tinch yo'l bilan bartaraf etishning muhim sharti ekanligini keng jamoatchilik e'tirof etmoqda. Mana, ko'p yillardan buyon 16 noyabr kuni Xalqaro tolerantlik kuni sifatida nishonlanishi odat tusiga kirib qoldi. Shu kuni butun dunyoda hamjihatlikni targ'ib qilishga bag'ishlangan qator tadbirlar o'tkazib kelinmoqda. Xalqaro YuNESKO tashkiloti dunyoda tinchlik, dinlar va konfessiyalararo muloqotni o'rnatish, millatlar va elatlar o'rtasida hamkorlikni rivojlantirish borasida bir qator ishlar amalga oshirib, hozirda bag'rikenglikka oid 70 dan ziyod xalqaro hujjatlar qabul qilingan. Ularning yorqin namunasi 1995 yil 16 noyabrda Parijda YuNESKO Bosh konferensiyasining 28-sessiyasida e'lon qilingan “Bag'rikenglik tamoyillari deklaratsiyasi”dir.
O'zbekistondagi barqarorlikni hamda davlat va jamiyat taraqqiyotini mamlakatda istiqomat qiladigan 136 dan ortiq millat va elatning o'zaro totuvligisiz, rasman ro'yxatdan o'tgan 16 diniy konfessiya vakillari o'rtasida bag'rikenglik munosabatlarisiz tasavvur etib bo'lmaydi.Tarkibi va miqdori jihatidan qat'i nazar har bir millat o'z madaniy markazini tuzish huquqlariga ega. Agar 1500 ga yaqin xitoylar, 1300 ta litvaliklar va 200 mingdan kamroq do'nganlarning ham milliy madaniy markazlarini inobatga oladigan bo'lsak, Respublikamizda har bir millat va elat vakillarining milliy qadriyatlari, urf-odat va rasm-rusmlari, tili va madaniyatini saqlash va rivojlantirishlari uchun huquqiy, nazariy va amaliy asoslarga keng imkoniyatlar yaratilganligini ko'ramiz.
O'zbekistonning mustaqil rivojlanish yo'lini tanlashida ham avvalo respublikaning ko'p millatliligiga katta ahamiyat berilganligi e'tiborga molikdir. Chunki gap Vatanimizda yashovchi turli millatlarga mansub yuz minglab kishilarning taqdiri, ularning o'z mamlakati ravnaqi yo'lidagi jipslashgan bunyodkorlik ishlari haqida. Respublikada yashovchi turli-tuman aholining ko'pchiligi uchun O'zbekiston qadrdon vatan bo'lib qolgan. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining ijtimoiy va millatlararo hamjihatligi to'g'risidagi, O'zbekiston – unda istiqomat qiluvchi barcha xalqlarning umumiy uyi haqidagi bayoni, respublikamizning tegishli huquqiy va boshqa rasmiy hujjatlarida o'z ifodasini topgan. Xususan, “O'zbekiston xalqini, millatidan qat'i nazar O'zbekiston Respublikasi fuqarolari tashkil etadi”, — deya ta'kidlanadi Konstitutsiyamizda.
Jahonga ma'lumki, O'zbekiston diyorida yashovchi barcha xalqlarning hamjihatlikka va inoqlikka intilishi barqarorlikning o'ziga xos nishonasidir. O'zbekiston hamisha ko'p millatli va ko'p dinli sharoitda millatlararo hurmat va totuvlik ruhi bilan ajralib kelgan. Huquqiy davlat barpo etish sari borayotgan jamiyatimizning madaniyligi va davlatimizning demokratik darajasi, milliy va etnik guruhlarga yaratib berilgan sharoit va imkoniyatlar bilan belgilanadi. Shu tufayli ular madaniy o'ziga xoslikni qaror toptirib, o'zlarining ma'naviy va aqliy salohiyatini to'la-to'kis tarzda ro'yobga chiqarib kelmoqdalar. Bizda — davlat va jamiyatning siyosiy tuzilishi, tizimini belgilaydigan, fuqarolarining huquq va erkinliklarini kafolatlaydigan xalqaro qabul qilingan me'yoriy hujjatlarga javob beradigan va xalqning tarixiy tajribasiga mos keladigan Konstitutsiya — mustaqil, demokratik, huquqiy davlatni qaror toptirish va rivojlantirishning eng muhim sharti hisoblanadi.
E'tibor bersangiz, Bosh Qomusimizning 18-moddasida ham bu mustahkam asos qilib belgilab qo'yilgan: “O'zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo'lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat'i nazar, qonun oldida tengdirlar” deyilgan. Bu borada bugungi kunda yurtimizda millatlararo ahillik va konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlash, ma'naviy-axloqiy tarbiyani kuchaytirish bo'yicha aniq maqsadga yo'naltirilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Prezidentimizning 2018 yil 28 dekabrdagi Oliy Majlis palatalariga Murojaatnomasida ham bu masalaga alohida e'tibor qaratildi: “O'zbekiston millatlararo totuvlik va diniy bag'rikenglik sohasida o'z an'analariga doimo sodiq bo'lib, bu yo'ldan hech qachon og'ishmasdan ilgari boradi. Mamlakatimizda turli millat va diniy konfessiyalar vakillari o'rtasida o'zaro hurmat, do'stlik va ahillik muhitini mustahkamlashga birinchi darajali e'tibor qaratiladi. Bu – bizning eng katta boyligimiz va uni ko'z qorachig'idek asrab-avaylash barchamizning burchimizdir”. Mamlakatimizda olib borilayotgan millatlararo totuvlik va diniy bag'rikenglik siyosati nafaqat ichki, balki tashqi siyosatda ham o'z aksini ko'rsatmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining yalpi majlisi tomonidan muhim bir hujjat — “Ma'rifat va diniy bag'rikenglik” rezolyutsiyasi qabul qilindi. Ushbu rezolyutsiyani qabul qilish tashabbusi 2017 yil 19 sentyabrda Bosh Assambleyaning 72-sessiyasida O'zbekiston tomonidan ilgari surilgan edi. O'zbekiston Prezidenti tomonidan bildirilgan ushbu taklif Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a'zo bo'lgan 193 ta davlat tomonidan keng qo'llab-quvvatlandi va qabul qilindi. Jahon hamjamiyatida Prezidentimizning bu tashabbuslarini nafaqat O'zbekistonda, balki butun dunyoda tinchlik va taraqqiyotni ta'minlashga qaratilgan yuksak harakat deb baholandi.
Tinch elning bog'i gullar, degan hikmat bejiz aytilmagan. Tinchlik bor ekan – taraqqiyot mavjud. Totuvlik bor ekan – kelajagimiz yorug'. Vatanimizda — O'zbekiston deb atalgan 35 millionli ko'p millatli oilamiz istiqboli uchun diniy e'tiqodi, milliy mansubligi, kasbu kori va yoshidan qat'i nazar, har bir fuqaro mas'ul ekanini anglash, farzandlarimizni shu ruhda tarbiyalash asosiy vazifa etib belgilangan ekan, yangi davrga qadam qo'ygan Yangi O'zbekistonda har bir fuqaro jamiyatda hamjihatlik va barqarorlik, inson huquqi va erkinliklarining samarali himoya qilinishini o'ylab yashashi lozim. Bunga bizni chorlab turuvchi xalqimizning boy tarixiy merosi, madaniyati va san'ati bor.
Rahbar XOLIQOVA,
Toshkent davlat texnika universiteti
professori, tarix fanlari doktori