Ijtimoiy tarmoqlarning “qarmoq”lari

yoki bu borada huquqiy madaniyat darajasi qanday ahvolda?

 

Barcha sohalarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari kirib kelgan bugungi kunda hayotni ijtimoiy tarmoqlarsiz tasavvur qilish mushkul. Sababi ijtimoiy tarmoqlar hayo­timizning bir bo'lagiga aylanib ulgurdi.

Fuqarolarning hukumatga murojaati, davlat va jamoat tashkilotlarining aholiga axborotiyu murojaatlari, turli savdo kompaniyalarining reklamalari, har xil sohalardagi bahs-munozaralar bugun aynan mana shu – ijtimoiy tarmoqlarda olib borilmoqda. Ammo ko'ngilni xira qiladigan bir narsa bor, bu ijtimoiy tarmoqlardagi huquqiy madaniyat masalasidir.

Bugun hatto maktablarning boshlang'ich sinf o'quvchilaridan tortib, yoshi bir joyga borib qolgan ayrim pensionerlargacha har kuni kamida uch-to'rt soat vaqtini ijtimoiy tarmoqlardagi turli xabarlarni o'qish, kontentlarni tomosha qilish bilan o'tkazmoqda. Hatto qandaydir muhim ish ustida ishlayotgan odam ham bir necha daqiqa tanaffus vaqtida bir bor ijtimoiy tarmoqlarga ko'z tashlayman deb soatlab qolib ketadi.

Sababi, dunyodagi har bir soha, ilm-fan deysizmi, savdo-sotiq yoki shou biznes deysizmi, hamma-hammasi mana shu tarmoqlarda jam bo'lgandek go'yo. Qolaversa, ma'lum bir tashkilot va korxona vakillari tomonidan qilingan, qilinayotgan ishlar haqida tez va oson axborot tarqatish ham aynan ijtimoiy tarmoqlar orqali amalga oshirilmoqda.

Odamlar ham yo'l-yo'lakay qandaydir voqeaga guvoh bo'lsa, zudlik bilan ijtimoiy tarmoqlarga joylamoqda. Xo'sh, bu kabi axborotlar jamoatchilikka qanday ta'sir qiladi? Foydalimi, foydasizmi, rostmi yoki yolg'onmi, degan masalalar – ikkinchi o'rinda.

Katta-yu, kichik ijtimoiy tarmoqlarga shunchalik o'rganib, bog'lanib qolganki, ko'rib o'ylanib qolasan kishi.

Qiziq, odamlar bu dunyoga yashash uchun kelganmi yoki qanday yashayotganini soatma-soat, daqiqama-daqiqa boshqalarga rasm va videolar orqali namoyish etib borish uchunmi?!

Ishonmasangiz siz ham bir kuzatib ko'ring, qandaydir kattaroq, hashamdorroq restoran yoki kafe yo bo'lmasa tabiati go'zal bo'lgan biror joyga borgan odamlar u yerlarga o'zaro suhbatlashish, chaqchaqlashib ko'ngil yozish yoki sayohat qilish uchun emas, go'yoki hammalari rasm, videoga tushish hamda ularni ijtimoiy tarmoqlarga joylab boshqalarga maqtanish uchun borishgandek tuyuladi go'yo. Yurgan-turgan yo'lida to'g'ridan-to'g'ri efir qilishlarini aytmaysizmi yana.

Tan olish kerakki, ijtimoiy tarmoqlarning o'zbek segmentida huquqiy madaniyat hali yetarli darajada shakllanib ulgurmadi.

Xo'sh, ijtimoiy tarmoqlarda huquqiy madaniyatning yetishmasligi nimalarda namoyon bo'lyapti?

Birinchidan, shaxs qadr-qimmatini kamsituvchi holatlar ijtimoiy tarmoqlarda juda ko'payib bormoqda. Masalan, biror foydalanuvchi “Facebook” ijtimoiy tarmog'iga hali aybi isbotlanmagan, sud tomonidan aybdor deb topilmagan insonning suratini joylab “mana bu o'g'ri” yoki “jinoyatchi”, “poraxo'r” kabi so'zlar bilan haqoratlaydi. Hali hech narsadan xabari yo'q omma ham surat joylangan post tagida haqoratlar yomg'irini davom ettiradi.

Bu ayniqsa davlat hokimiyati organlari vakillariga nisbatan ko'p qo'llanadi.

Vaholanki, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 26-moddasida “Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko'rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi” deb belgilab qo'yilgan. Shuningdek, Konstitutsiyaning 27-moddasida “Har kim o'z sha'ni va obro'siga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish va turarjoyi daxlsizligi huquqiga ega” deb qayd etilgan.

Har bir inson shuni yodda tutishi lozimki, erkinlik degani qonunsizlik degani emas. Erkinlik o'z fikrini mus­taqil bildirishni nazarda tutadi, bu kimnidir ijtimoiy tarmoqda haqorat qilish yoki unga nisbatan har xil bo'htonlar yog'dirish mumkinligini anglatmaydi.

Inson o'z haq-huquqlari barobarida boshqalarning huquqlarini ham anglasa unda huquqiy madaniyat shakllangan bo'ladi. Vaholanki, huquqiy demokratik jamiyatning sharti odamlarning o'z haq-huquqlaridan tashqari boshqalarning huquqlarini ham bilishi, hurmat qilishidir.

Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda alohida guruhlar tashkil etib kimlarnidir asossiz ko'kka ko'tarish yoki kimlarnidir yerga urish holatlari ko'payib bormoqda. Bu ko'pincha soxta profillar ochish orqali amalga oshiriladi. Ammo har bir inson shuni unutmasligi kerakki, erkin fikr aytish imkoniyatidan shunday yo'llar bilan foydalanish mumkin deb o'zini oqlash o'sha insonlarning saviyasi nechog'lik ekanidan dalolat beradi. Shuni yodda tushish zarurki, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlangan bugungi kunda xoh sox­­ta profil orqali, xoh ochiq profil orqali kimdir haqorat qilinar ekan, bunga albatta qonun oldida javob beriladi.

Bu borada qonunchiligimizda normalar belgilab qo'yilgan. Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 41-moddasida haqorat qilish, ya'ni shaxsning sha'ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish – bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo'lishi qayd etilgan.

Jinoyat kodeksining “Haqorat qilish” deb nomlangan 140-moddasida haqorat qilish, ya'ni shaxsning sha'ni va qadr-qimmatini beodoblik bilan qasddan tahqirlash, basharti, shunday harakatlar uchun ma'muriy jazo qo'llanilgandan keyin sodir etilgan bo'lsa – bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi belgilangan.

Nashr qilish yoki boshqacha usulda ko'paytirilgan tarzda, shu jumladan, ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki internetda joylashtirish orqali haqorat qilish – bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan to'rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatdan uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yildan ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Yuqorida masalaning qonuniy tarafini ko'rib chiqdik. Yana bir muhim jihati esa o'zining omma tarafidan sazoyi etilganini ko'rgan, eshitgan shaxsda og'ir psixologik tushkunlik paydo bo'ladi odatda. Bundan so'ng u shaxs stress holatida o'ziga yoki atrofdagilariga turli ziyon yetkazishi mumkin.

Shuning uchun kimdir haqida ijtimoiy tarmoqqa ma'lumot joylashdan avval buning huquqiy tomonlari borligini unutmaslik kerak.

Ikkinchi masala. Aksariyat ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ko'p holatlarda tekshirilmagan ma'lumotlarni tarqatishadi. Buning natijasida boshqalarda noto'g'ri fikr va xulosalar paydo bo'ladi. Aslini olganda islom dinida ham, dunyoviy ilmlarda ham asossiz, tekshirilmagan xabarlarni tarqatish ma'qullanmaydi. Masalan, “Telegram” ijtimoiy tarmog'ida ichki ishlar organi xodimlarining bir fuqaroni ushlab xizmat avtomobiliga solishayotgani haqidagi video tarqaldi. Odamlar esa videoga turli salbiy izohlar qoldirishdi. Asl holatdan bexabar insonning bu holatga nisbatan g'azabi, nafrati qo'zishi tabiiy hol albatta. Odamlarning salbiy izoh yozishiga esa foydalanuvchining video tagiga “Ichki ishlar organlari beayb fuqaroni tutib ketmoqda” deb yozgani sabab bo'ldi.

Bu kabi holatlar, albatta, davlat organlariga, ularning mas'ullariga nisbatan aholining noroziligini tug'diradi. Chunki omma ehtirosga to'la, bunaqa holatlarda ommani aql emas, hissiyot boshqaradi. Bundan tashqari falon joyni suv bosdi, falon joyga o't ketdi degan mazmundagi asossiz ma'lumotlar tarqatish holatlari ko'p uchraydi. Tekshirilganda esa dunyoning boshqa bir chetida ro'y bergan hodisa ekanligi ma'lum bo'ladi. Bu ma'lumotni uni tarqatuvchi keyinchalik o'chirib tashlasa ham, lekin bu yolg'on ma'lumot ommada vahima uyg'otishi va turli salbiy holatlarga sabab bo'lishi mumkin.

Jinoyat kodeksining “Yolg'on axborot tarqatish” deb nomlangan 244-6-moddasida shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro'sizlantirilishiga olib keladigan yolg'on axborotni tarqatish, shu jumladan, ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki internetda tarqatish, shunday harakatlar uchun ma'muriy jazo qo'llanilgandan keyin sodir etilgan bo'lsa – bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanishi belgilangan.

Jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg'on axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki internetda tarqatish, ushbu kodeksning 244-1-moddasi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish)da nazarda tutilgan jinoyat alomatlari mavjud bo'lmagan taqdirda, shunday harakatlar uchun ma'muriy jazo qo'llanilganidan keyin sodir etilgan bo'lsa – bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.

Netongki, har xil beo'xshov qiliqlar, odamlarga qo'pol hazillar, nojo'ya savollar berib kontent yaratish orqali obunachilarini ko'paytirishga urinish chindan ham juda ortdi. Bundan ularga nima naf deyishingiz mumkin. Ular qandaydir yo'l bilan bo'lmasin ijtimoiy tarmoqlarda o'z obunachilar sonini ko'paytirib olish, undan keyin esa turli rek­lamalarga buyurtma qabul qilib pul ishlashni maqsad qilishadi. Ishonavering, bu orqali allaqachon yetarli natijaga ega bo'lganlari ham kam emas. Shuning uchun ham o'z sha'ni, hurmati va ota-onasining yuzi yerga qarashini ham o'ylamay obunachi yig'adigan ko'paydi. Hatto ayrim qizlar yarim yalang'och holda o'zini videoga olib ko'pchilikni o'z sahifasiga tortmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlar ma'muriyati bu kabi holatlar ko'paygani bois taqiqlarni kuchaytirish o'rniga ayollarga o'zini yanada ochiq-sochiq namoyish qilishga ruxsat berdi. Bundan ular uchun insoniyatning qay tomonga ketishi emas, balki oladigan foydalari qiziq ekan, xolos degan tushunchaga kelish mumkin.   Ammo hamma odamlar ham insofi va tar­biyasini yutib yuborgan emas. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, bunday tarkib axloqiy me'yorlarga zid bo'lgan bir qator mamlakatlarda Instagram va Facebook blokirovka qilinishi kutilmoqda.

Xo'sh yuqoridagi sabablardan kelib chiqib bu tarmoqlarni bloklash to'g'ri bo'ladimi? Biz bu orqali nimaga erishamiz-u, nima yo'qotamiz? Bu haqda yurtdoshlarimizning fikrini bilishga qiziqdik.

Ro'zimuhammad HOShIMOV, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi Yozyovon tuman bo'linmasi rahbari:

Bugun ijtimoiy tarmoqlarning yaxshi tomonini ham yomon tomonini ham ko'ryapmiz. Odamga qay biri ko'proq ta'sir qilishini bilmadim-u, ammo ayrim vaqtlarda bu tarmoqlar ko'pchiligimizning vaqtimizni behuda olib qo'yayotgani, farzandlarimiz ham bizlarga ergashib, bolaligidanoq ertak kitob, rasm daftar, bolalar uchun mo'ljallangan jurnallarni emas, balki telefon o'ynab ulg'ayayotgani achinarli.

So'nggi vaqtlarda o'quvchi yigit-qizlar tomonidan maktablarda ataylab janjal chiqarilib, buni ijtimoiy tarmoqlarga joylash, kimningdir shaxsiy rasmlarini montaj orqali o'zgartirib, mashara qilish yoki dars o'tayotgan ustozini suratga olib bo'lmag'ur izohlar bilan tarqatish holatlari ham uchramoqda.

Bu kabi kontentlar keng tarqaladigan va turli yaxshi-­yomon munosabatlar bildiriladigan tarmoqlarning safida Facebook va Instagram eng asosiylaridandir. Ayniqsa, Instagramda yoshlar tarbiyasini buzadigan ko'plab videolar jamlangan deb o'ylayman. Sababi, uyidagi avtomashinani ota-onasidan so'roqsiz olib chiqib ketib, katta yo'llarda har xil qiliqlar qilib, o'yinchoq to'pponchalarni haqiqiydek ko'rsatib, o'zini ko'cha bezorisi, zo'ravonlardek tutib videoga olish, tarqatish aynan shu tarmoqda ko'proq ko'zga tashlanadi.

Qolaversa, hozirgi paytda yangi chiqayotgan bloger, vinelarning turli beo'xshov xatti-harakatlari bilan obunachi yig'adigan asosiy tarmog'i ham aynan shu “Instagram”dir.

Aytmoqchi bo'lganim bu ikki tarmoqdan hamma ham yaxshilik maqsadida foydalanayotgani yo'q, menimcha. Endi ma'murlar tomonidan istaganingcha foydalanaver qabilida uyatsizlik va behayolikka-da keng yo'l ochib berilar ekan, bu tarmoqlarning yurtimizda bo'lganidan ko'ra bo'lmagani yaxshiroqmikan deya o'ylab qoladi kishi.

Sarvinoz QOSIMOVA, Samarqand viloyati Paxtachi tumanidagi 8-maktabning ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha direktor o'rinbosari:

– “Facebook” va “Instagram” tarmoqlari ishlatishga qulay, bajarilgan ishni ommaga keng miqyosda taqdim etish imkonini beradigan tarmoqlar deb bilaman. Dunyoga chiqishning, tajriba almashishning qulay usuli ekanini foydalanuvchi sifatida ko'p ko'rdim. Vaziyatga zamonaviylik nuqtai nazaridan qaraydigan bo'lsak, nega butun jahon foydalangan narsadan biz ortda qolishimiz kerak. Bu tanganing bir tomoni. Ammo tanganing ikkinchi tomoni ham bor. Bunda keng tarqalayotgan axloqsizlik targ'iboti nazarda tutilmokda.

Xalqimizning bir mashhur gapini aytmoqchiman, muammodan qochma, uni hal et, deydilar. Bizning bu tarmoqlarni bloklashimiz muammodan qochishimiz bo'ladi. Aksincha, biz xalqimizni ulardan to'g'ri foydalanishga, pornografik fayllarga cheklov qo'yishga, hukumat esa o'z qonunlari bilan milliy mentalitetimizdan kelib chiqib bunday tarmoqlar ustidan yetarlicha nazorat o'rnatishi lozim deb o'ylayman.

Bir hikoyada uy ichidagi ikki nafar bolaga ko'rib turgan manzarangizning rasmini chizing deyilsa, biri derazadagi panjarani, biri esa deraza ortidagi go'zal tabiat tasvirini tushiradi. Demak, har kimning ko'zi har yerda. Biz ham kelajagimiz bo'lgan yoshlarni ma'naviy buzuqlikdan saqlashimiz, ochiq rasmlarni   qo'yishga qaror chiqarganlarga chora ko'rishimiz kerak. Axir texnologiya rivojlangan hozirgi zamonda tarmoqlarga kim tomonidan qanday kortent joylanayotganini aniqlash qiyin emas-ku. Shunday emasmi? Namuna sifatida behayo kontentlarni tarqatishga uringanlarni jazoga tortib keng ommaga ko'rsatish kerak. Shunda balki bu kabi holatlar keskin kamayar.

Mahbuba AHMEDOVA “Farg'ona” radiokanali bosh­lovchisi:

Ijtimoiy tarmoqlarning bloklab qo'yilishi muammoga yechim bo'lmaydi. Ayrim rivojlangan mamlakatlar inson ma'naviyatiga salbiy ta'sir qiluvchi bunday “nozik” muammolarni allaqachon yengib o'tgan deb hisoblayman. Sababi, u davlatlarda ijtimoiy tarmoqlarning bu kabi salbiy ta'sirlaridan saqlanish immuniteti shakllangan. Lekin bizning yoshlarimizda bu kabi illatlarga ko'r-ko'rona ergashish barham topgani yo'q. Bu botqoqdan bizni asrab qoluvchi yo'l oilalardagi yaxshi tarbiya muhiti va yuksak ma'naviy axloqni kamol toptirish deb o'ylayman. Shuning uchun ham ayni damda yurtimizdagi ayrim xotin-qizlarning ijtimoiy tarmoqlardagi axloqsizligi ortib bormoqda. Yigitlarning o'zlarini tutishlari ham albatta bundan qolishmaydi. Ko'cha madaniyati bahonasi bilan qo'pol so'zlar orqali sharqona madaniyatimizga zid imidjini peshma-pesh qilish tasvirlarini tarmoqlarga joylayotgan mualliflarni birdaniga to'g'ri yo'lga boshlash menimcha devorga gapirish bilan teng. Buning oldini olish uchun yoshlarga bolaligidanoq tarbiyani yaxshi berish kerak. Bizda esa yig'layotgan bolani yupatish uchun qo'liga telefon tutqazish odat tusiga aylanib ulgurdi. Albatta, bunday xatti-harakatlar axloqsizlikning turli ko'rinishlari ommalashishiga olib kelishi tabiiy. Buning oldini olish uchun esa ota-onalar farzandining tarbiyasi haqida hali u ulg'aymasidan harakat boshlashi kerak. Ularga ko'proq e'tibor qaratishi lozim. Ammo hozirda ota-­onalarning o'zlari telefon “jinnisi” bo'lib qolgan. To'g'ri, bu tarmoqlarni bloklash bilan nimanidir oldi olingandek bo'lar, biroq yoshlar internetning boshqa tarmoqlaridan ham axloqsiz narsalarni izlab topmasliklariga kim kafolat bera oladi?

Hayotxon NABIYEVA, talaba:

– Hozir ijtimoiy tarmoqlarsiz hayotni tasavvur etishning o'zi bo'lmaydi. Ammo ijtimoiy tarmoqlarning salbiy tomonlarini ko'p gapirishadi. O'zim ham ko'ngilsiz voqealarning anchasiga guvoh bo'lganman. Albatta, bu foydalanuvchining foydalanish istagiga bog'liq deb o'ylayman. Shaxsan men ijodkor sifatida Facebook tarmog'ida borman va auditoriyamni faqat va faqat shoir, yozuvchi hamda jurnalistlar bilan boyitganman. Bundan tashqari boshqa kasb egalari ular ham tom ma'noda ijodkor hunarmand, tadbirkor, o'qituvchi… Doim o'zimga kerakli ma'lumotlarni olib boraman. Ishonasizmi? Farg'onadan yetishib chiqqan yosh ijodkorlar hozirda Toshkentda tahsil olib kelishayotgan o'z she'rlari, tarjimalari bilan adabiyotga kirib bo'lgan ko'plab uka-singillarimni mana shu tarmoq orqali tanidim va yuzma-yuz muloqot qilish nasib etdi. Ularni birma-bir keltirib o'tishni joiz deb bildim. Shahrizoda Botirova, Shohsanam Omonova, Gulzoda O'rinboyeva, Umida Yoqubova, Umidabonu Hasanxo'jayeva Muattar Mamatkarimova singari yosh iste'dodlarning bari she'r olamida o'z so'zini topib borayotgan ijodkorlardir. Yuqorida ismlari qayd etilganlarning aksariyati 2022-yil Zomin seminari ishtirokchilari hamdir. Kunda-kunora she'riy mushoiralar o'tkazib, fikr almashish kishiga zavq bag'ishlaydi. Bu mendek har doim poytaxtga borib “Xiyobon oqshomlari”da qatnasha olmaydigan ijodkor uchun yaxshigina imkoniyatdir.

Yuqoridagi mulohazalardan kelib chiqib aytish mumkinki, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanuvchi har bir shaxs nafaqat tarqatayotgan ma'lumotlarini, balki olayotgan ma'lumotlarini ham tekshirishi, asl holat qandayligini bilishi zarur.

Agarda bu boradagi xorij tajribasiga murojaat qiladigan bo'lsak, bugungi kunga kelib ko'plab mamlakatlar qonunchiligida internet orqali boshqalarni haqoratlash masalasiga qat'iy qarorlar belgilanganini ko'rish mumkin.

Masalan, Germaniyada “Ijtimoiy tarmoqlarda huquqni qo'llashni takomillashtirish to'g'risida”gi qonun amal qiladi. Qonunda konstitutsiyaviy tuzumga, millatlar o'rtasidagi ahillikka zid bo'lgan, natsizm g'oyalarini targ'ib etuvchi, shaxs, uning sha'ni, qadr-qimmatini kamsituvchi, shaxsiy hayot daxlsizligiga daxl qiluvchi, bolalar pornografiyasi bilan bog'liq ma'lumotlarni targ'ib qilish, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish taqiqlanadi. Shveysariyada ham tuhmat va haqorat (Defamation) uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.

Inson qonunga amal qilishni boshqalardan talab qilishdan avval o'zi qonunlarga rioya etishi zarur. Ana shunda huquqiy demokratik davlat qura olamiz.

Maqolamizga fransuzlarning ulug' mutafakkiri Sharl-Lui de Monteskening quyidagi iborasi bilan xulosa yasasak o'rinli bo'lsa kerak: “Siyosiy erkinlik xohlagancha ish tutish degani emas. Erkinlik qonun yo'l qo'ygan har qanday ishni bajarish huquqi bilan belgilanadi. Agar fuqaro qonunda taqiqlangan ishga qo'l ursa, erkinlikdan mahrum bo'ladi”.

Furqat ALIMARDON,

Kamoliddin RO'ZIMATOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nine + 18 =