Madaniyat xodimi kim?

Madaniyat xodimi kim yoki qanday kadr, mutaxassis bo'lmog'i kerak, degan savol ko'pdan beri mutaxassislarni, tadqiqotchilarni qiziqtirib keladi. Hamon esimda, 1974 yili oliy ma'lumotli madaniyat xodimi tayyorlovchi Toshkent davlat madaniyat instituti ochilgach, “O'zbekiston san'ati”, hozirgi “San'at” jurnali “Madaniyat xodimi kim?” degan ruknda mutaxassislarning chiqishlarini, bahslarini uyushtirgandi. Uni institutimiz rektori Azizxon Qayumov ochib bergandi. Domla, ustozim, madaniyat xodimi yuksak axloqiy fazilatlarni targ'ib etadigan, elini, xalqini sevadigan, ularga sodiq, fidoiy inson, oliyjanob kasb egasi bo'lmog'i zarur, degan konseptual g'oyani ilgari surgandilar. Bu g'oyada o'sha paytdagi ideologiyaning ta'siri ham bor edi, albatta, balki shu bois unga hech kim e'tiroz bildirmagan. Ustozimning g'oyasi aslida o'zbek xalqining ma'naviy-axloqiy tajribalariga, Navoiy (ustozimiz navoiyshunos edi-da) ma'rifiy g'oyalariga qurilgan edi. Kommunistik ideologiya, sinfiy yondashuvning tarafdori bo'lsa-da, Navoiy gumanizmiga hech qanday to'siq qo'ya olmagan.
Xullas, ustozimning, madaniyat xodimi ma'naviy-axloqiy tajribalarni targ'ib etuvchi, oliyjanob, gumanistik qadriyatlarni shakllantirishga xizmat qiluvchi fidoiy inson, kasb egasi, degan g'oya davlat tomonidan ishlab chiqilgan kvalifikatsion tavsiflarga ham asos qilib olingan.
Keyin davlatlar o'zgardi, ideologik ustqurma yangilandi, madaniyat xodimi kim va kim bo'lishi zarur, degan savol yana paydo bo'ldi. Madaniyat institutiga teatr va rassomlik instituti qo'shilib, u hozirgi O'zbekiston davlat san'at va madaniyat institutiga aylantirildi. Ochiq aytishim kerak, ular qo'shilgunga qadar Madaniyat instituti havaskorlik jamoalarini tashkil etuvchi, aholi bo'sh vaqtini uyushtirib, ularda axloqiy qadriyatlarni shakllantirishga xizmat qiluvchi kadrlarni tayyorlab kelgan. Kadrlar asosan ommaviy san'at va havaskorlik ijodini rivojlantirishni zimmasiga olgan. Ikki institut qo'shilgach, endi Madaniyat instituti kabi ommaviy, havaskorlik san'atini qo'llab-quvvatlaydigan kadrlar tayorlanishi kerakmi yoki Teatr va rassomchilik instituti kabi professional sa'atkorlar tayyorlanishi kerakmi, degan savol paydo bo'ldi. Ming afsuski, bu savol ayrim mutaxassislar o'yida aylanayotgan bo'lsa-da, u jiddiy muhokama qilinmagan. Natijada O'zbekiston davlat san'at va madaniyat institutida ommaviy, havaskorlik san'ati uchun ham, professional san'at uchun ham kadrlar tayyorlash davom etmoqda. Bunda men biror g'ayrihayotiylik ko'rmayman, yuqorida ikki yondashuv bir biriga muvofiq kelavermasligini bilaman. Professional san'at ommaviy, havaskorlik san'atidan yuqori. Aslida ham shunday bo'lmog'i kerak. Ko'pgina professional san'atkorlar havaskorlardan o'sib chiqqan, K.Stanislavskiy, M.Yaxontov, M.Turg'unboyeva, S.Eshonto'rayeva, K.Otaniyozov, O.Otajanov, F.Umarov kabilar shular jumlasidandir. Gap diplomda, qaysi institutni bitirganingda emas ekan, gap qanday mahoratga ega ekaningda ekan.
2021 yili Yoshlar kuniga bag'ishlangan tantanada Prezident, ko'p sohalarda, shu jumladan, madaniyatda ham, ko'p lavozimlar bo'sh turganini, bunga diplom talab etish sabab bo'layotganini aytdi. U mazkur tartibni o'zgartirish zarurligini bildirdi.
Agar o'ringa da'vogar qobiliyatli bo'lsa, shu sohani sevsa, nega uni bo'sh lavozimga qo'ymaslik kerak? Ma'lumotlarga qaraganda, Madaniyat, turizm tizimidagi madaniyat muassasalarida xizmat qilayotganlarning juda oz qismi oliy ma'lumotli kadrlar. Lekin har yili San'at va madaniyat institutini 400 dan ziyod kadrlar tugatayotganiga qaramay, madaniyat muassasalarida ularning o'sish dinamikasi kuzatilmaydi.
Ming afsuski, bu hol ko'p yillardan beri o'zgarmay qolmoqda. Demak, oliy ma'lumotli madaniyat xodimi tayyorlayotganimiz behuda ekan-da?! Yo'q, oliy ma'lumotli madaniyat xodimida sharoitga, davr talablariga moslashish kuchli.Bir misol keltiray. 1979 yili biz, 74 ta yosh Madaniyat institutining metodist-tashkilotchi bo'limini bitirganmiz. Oradan qirq yil o'tgach uchrashdik, ularning aksariyati o'qituvchi, ba'zilari tadbirkor, fermer, quruvchi, shofyor, hatto mayda tijoratchi bo'lib ishlayotgan ekan. Faqat bittasi qishloq klubi mudiri bo'lib ishlayotgan ekan. Ko'rinib turibdiki, o'tish davri murakkabliklariga duch kelgan oliy ma'lumotli xodim o'zini yo'qotib, diniy mutaassiblik yoki ichkilikbozlik kabi g'ayriijtimoiy qiliqlarga berilib ketmagan. Tinmay o'zgarayotgan hayot talablariga moslashish bilim, sof aql, iroda va yangi sohalarni o'zlashtirishga moyillikni taqozo etadi. Shu sababli institutimizni tugatayotgan kadrlarning turli sohalarga o'tib ketishini tasavvur etish mumkin. Baribir jamiyatimiz yutadi, kadrlarimiz ijtimoiy hayotga, ma'naviy muhitga nimanidir olib kiradi.
Menimcha, 1997 yili qabul qilingan Kadrlar tayyorlash milliy dasturi bugungi reallikka muvofiq emas. Endi kadrlar tayyorlashning yangi dasturi kerak. Unda asosiy e'tibor milliy ta'lim taraqqiyoti manfaatlari ustuvor bo'lishi kerak. Chet ellik filiallarda milliy ta'lim ehtiyojlaridan yaxshi xabardor, xalqimizning gumanistik merosi va qadriyatlarini hurmat qiladigan mutaxassislar dars bersin. Ba'zan shunday bo'lyaptiki, hatto xalqimizning salomlashish urfini bilmaydigan xorijiy professor o'z tilida istagan narsasini va'z qilib ketyapti. Ularni nazorat qiladigan, va'zini kerakli tomonga buradigan mexanizm yo'q. Ularning ma'ruzalari kutubxonalarda yo'q, borlari esa o'zbek tiliga o'girilmagan. Xullas, biz xorijiy ta'lim modellarini keng joriy etyapmiz, lekin ularning milliy ta'lim manfaatlariga qanchalik muvofiq kelishini hozircha yetarlicha o'rganmadik, bilmaymiz.
O'zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti davlat muassasalari uchun kadrlar tayyorlashga yo'naltirilgan. Ammo negadir keyingi yillarda uning o'quv rejalarida kommersiya, tadbirkorlik predmetlari ustuvorlik qila boshladi. Davlatning bosh buyurtmachi ekani unutilib, talabalarni kommersiya va tadbirkorlikka o'rgatish avj oldi. Buni ba'zi “mutaxassislar” iqtisodiyotni o'qitish, ba'zilari esa g'arbning kommersiya tajribalarini uluq-yuluq o'zlashtirish asnosida amalga oshirdilar. G'arbdagi madaniyat muassasalari kommersiya, tadbirkorlikka qurilgan, bizda ular asosan davlat yoki davlat ta'sirida bo'lgan kasaba uyushmalari, ijodiy tashkilotlar, Yoshlar ittifoqi tasarrufidadir. Davlat ularni byudjetidan qo'llab-quvvatlaydi, barcha sharoitlarni yaratib berishni o'z zimmasiga oladi. Shunday ekan, davlat madaniyat muassasalari xodimlari bosh buyurtmachining talablarini bajarishi shart. Kommersiya, tadbirkorlikning maqsadi esa pul, mablag' topish, mulk orttirish. Bizda davlat madaniyat muassasalari davlatning madaniy-axloqiy tarbiya, innovatsion tafakkurli yoshlarni Yangi O'zbekiston bunyodkori qilib tarbiyalashga o'z hissasini qo'shishga da'vat etilgan. Shu nuqtai nazardan davlat madaniyat xodimlarini vatanparvar, ommani ijodga o'rgatuvchi, fidoiy bo'lishga undaydi. Kommersiya va tadbirkorlarda bunday ma'naviy-axloqiy va fidoiy, vatanparvar bo'lishga da'vat kuzatilmaydi, ular turli shou, ommaviy tryuklar orqali mo'may pul topishni istashadi. G'arb kommersiya o'choqlariga xos bu jihatlarni yetarli o'rganmay, bilmay, yuzaki tasavvurlar bilan davlat madaniyat muassasalariga tadbiq etish taajjub uyg'otmaydimi? Bo'lg'usi davlat madaniyat muassasalari xodimlariga g'arbona tajribani singdirish ularni real voqelikdan uzoqlashtirib qo'ymaydimi? Axir real hayotimizda madaniy tadbirlarga aholimiz pul to'lash imkoniga egami? Mayli, bir-ikki ashulachining chiqishiga u kelishi mumkindir, ammo bu bilan u madaniyat xodimlarini pul bilan ta'minlagan bo'lmaydi-ku? Tuman va qishloqlardagi madaniy ehtiyojlardan jindek xabardor kishi pullik madaniy xizmatga tentakning xom xayoli, deb qarashi turgan gap. O'quvchi meni kommersiya, tadbirkorlikka qarshi deb o'ylashi mumkin. Men 1997 yili “Madaniyat muassasalarida iqtisodiy boshqarish usullari” degan monografiyani chop ettirganman. Unda madaniyat o'choqlari istiqboli xo'jalik hisobida, o'zini o'zi mablag' bilan ta'minlashda, degan fikrni ilgari surganman, keyinchalik uni doktorlik dissertatsiyasi sifatida himoya qilganman. Himoya paytida ustozim, ilmiy rahbarim, akademik Azizxon Qayumov bilan bahs kelib chiqqan. Ustozim, madaniyat xodimi madaniy-axloqiy yetuk, vatanparvar, fidoiy bo'lishi zarur, deb menga e'tiroz bildirgan. Men o'z fikrimni takrorlaganman. Mana, shundan beri 23 yil o'tdi, endi angladimki, ustozim haq ekan.
Kommersiya muassasalarining buyurtmalari davlatnikidan farq qiladi, shuning uchun ular o'zi uchun zarur kadrlar tayyorlovchi tizimga, dasturlar va ilmiy potensialga ega bo'lishi darkor.Ular kommersiyaga, marketingga intensiv o'qitishga muhtoj, uzog'i bilan bir yil ularga yetarli. Davlat ta'lim standarti esa to'rt yilga mo'ljallangan.
Davlat madaniyat muassasalari xodimlari ham kommersiya, tadbirkorlik asoslariga o'qitilishi mumkin, davlat — sherikchilik bunga imkon beradi. Biroq ular bosh buyurtmachining talablari doirasida bo'lishi shart, aks holda o'qishni bitirgan yosh kadr real hayotda mutlaq o'zgacha, nazariyaga to'g'ri kelmaydigan vaziyatga tushib qoladi, uning kasbiga bo'lgan qiziqishi so'nadi. To'g'ri, nazariyaning sal oldinda yurgani ma'qul, lekin real hayotdan uzoq nazariya nokerak va'zga aylanishi mumkin. “Quruq gapdir har qanday g'oya, mangu tirik hayot daraxti” (Gyote).
Nazariyani hayot talablaridan kelib chiqib yaratish kuchli ilmiy salohiyatni taqozo qiladi, albatta. Institutni bitirgan, hatto oliy o'quv yurtida ikki-uch yil ishlagan ham ilmiy salohiyatli bo'lavermaydi. Davlat madaniyat muassasalarini kommersiya madaniyat o'choqlaridan, davlat madaniyat xodimini tadbirkordan farqlash, davlatning milliy madaniyatni rivojlantirish konsepsiyasini anglash, kadrlar tayyorlash va ularning modellarini ishlab chiqish ilmiy potensial orqali amalga oshiriladi. Madaniyat xodimi kim, degan savolga ham avvalo u javob berishi darkor. Nazariya zaifligi — amaliyot zaifligi, amaliyot talabidan orqada qolgan nazariya esa o'zini o'zi avrashdir. Biz quruq, havoyi so'zlar bilan o'zimizni o'zimiz avrash uchun kadrlar tayyorlayotganimiz yo'q, ijtimoiy-madaniy rivojlanishimizni real voqelikka aylantirish birinchi galdagi vazifamizga aylanmog'i kerak.
Viktor ALIMASOV,
falsafa fanlari doktori,
O'zDSMI professori