Jilg'ani ummonga aylantirgan kuch yoxud oyoqqa kirgan tikonning sog'inchlari

Maysalarning oyoqqa urilishi, chopaverib namiqib ketgan oyoq kiyimingizni qoqib qo'yishingiz… bularning bari – naqadar BAXT!

Inson zoti o'zidagi bor ne'matning qad­riga hamisha ham yetavermaydi. Qachonki, uni yo'qotsagina qadrlay boshlaydi. Masalan, isitmalab yotganingizda sog'lom yurgan kunlaringizni sog'inasiz yoki arzimas sabablar bilan hayotingizdan noligan vaqtlarni eslab afsuslanasiz. Bu barchada uchrab turadigan tanish holatlar, shunday emasmi?

O'n yil. Bu vaqt bir insonning dardlarini his etib ko'rmoqqa, anglamoqqa yetarmikan?!

Hamqishlog'im, G'allaorol tumanidagi “Xo'jakaput” qishlog'ida yashovchi hunarmand, “Jasorat” medali sohibasi, Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomchilik   va dizayn ins­titutining 2-bosqich talabasi Barno Narzullayeva bilan tanishganimga roppa-rosa o'n yil bo'libdi. Bu vaqt ichida Barno opa hayotning ko'p sinovlarini yengib o'tib, bir qancha yuksak mukofotlar bilan taqdirlanishga erishdi. Ularni suhbatga taklif etganimda biroz qimtingandek bo'ldilar. Go'yo bu qimtinishning zamirida “men nima ham qilib qo'­yibmanki, maqtanib gapirsam”, — degan istihola mujassamdek edi.

Ammo ko'pincha tog'ni ursa talqon qiladigan yigitlar, to'rt muchasi sog' ayrim qizlar, ayollarning hayotdan nuqul nolib gapirishini eshitib o'yga toladi kishi. Aslida turmushning achchiq-chuchugini, sinovlarini yengib o'tgan insongina maqsadiga erishishi mumkinligini anglash unchalik qiyin ish emas. Buning uchun sizga zamondosh bo'lgan oddiy, kamsuqum lekin sabr-qanoatli yurtdoshlarimizga e'tibor qilinsa, shuning o'zi yetarli bo'lsa kerak.

Demak, bugungi suhbatdoshimiz og'ir hastalik tufayli sog'lar singari yura olmasa-da, mehnat qilib, izlanib elu yurtga naf keltirayotgan bir zamondoshimizdir.

— Barno opa, endi hech qachon yura olmasligingiz haqida eshitgan kuningizdan to bugungi yutuqlarga erishib kelguningizcha sizni oldinga boshlagan   kuch haqida gapirib bera olasizmi?

— Bilasizmi, nafaqat bolalikda, ulg'ayganda ham inson o'zida mavjud imkoniyatlarning qadriga yetavermas ekan. 12 yoshimda yurishga qiynala boshlagandim. O'sha kezlar juda qattiq og'riqni his etganman. Oyoqlarim hech narsani sezmay qolganida esa, hatto oyoqqa kirgan tikonning og'riqlarini his etish ham katta BAXT ekanligini anglab yetdim. Birdan oyoqdan qolgan odam uchun hayot naq to'xtab qolgandek bo'lar ekan. Yaxshiyam, ota-onam, yaqinlarim bor. Ular menga oyoqdan qolmagan Barnoga qaragandek, odatdagidek munosabatda bo'lishardi. Bu esa mening o'zimga bo'lgan ishonchimni oshirgan. Ana shu ishonch sabab ham hunarga bor e'tiborimni qaratganman. Maktab davridan rassomchilikka qiziqar edim. Keyinchalik bisserda laganlarga bezak berishni, turli suratlarni   munchoqlar yordamida kartinalarga solishni o'rgandim. Hozirgi kunga qadar 500 ga yaqin festival va turli tanlovlarda o'z ijodiy ishlarim bilan ishtirok etdim. Xudoga shukr, men kutgan, kutmagan e'tiroflarga ham sazovor bo'ldim.

 — Sizningcha, miniatyura rang-tasvir, bisserdan bezakli buyumlar yasashda hunarmandning ijodkorlik mahorati qanchalik darajada muhim ahamiyat kasb etadi?

— Hatto, yaxshi poyabzal ustasi bo'lish uchun ham qunt, sabr va iste'dod kerak. To'g'ri, daromad olish ilinjida ham hunar bilan shug'ullansa bo'ladi, biroq uning chinakam san'at asari darajasiga kelishi uchun, kishida avvalo iste'dod bo'lishi zarur. Haqiqiy mohirlik bilan yasalgan ijodiy ishgina ko'ngillarga ko'chadi…

— Bugungi kundagi faoliyatingiz, shogirdlaringiz haqida ham gapirib bersangiz?

— Hunarmandchilik bilan shug'ullanayotganimga o'n besh yillardan oshdi. Uyimiz maktabning yonida bo'lgani uchunmi, bu san'atga qiziqib qolgan juda ko'p o'quvchi qizlar biznikiga kelardi. O'sha kezlardanoq, maktab o'quvchilari, mahalladagi xotin-qizlarga tikuv-bichuvni o'rgata boshlaganman. Lekin bisserda ijodiy ish yaratish o'ziga yarasha murakkab jarayon. O'sha qiyinchiliklarga qaramasdan, hunarni o'rganib ketganlari juda ko'pchilikni tashkil qiladi. Quvonarlisi, ular ichida muvaffaqiyatga erishib kelayotganlari ham talaygina. Kamola Abdug'aniyeva, Shahlo Umurzoqova singari shogirdlarim “Kamalak yulduzlari” tanlovining respub­lika bosqichi laureati bo'lishdi.

Bizning jamoamiz juda katta. Tumandagi boshqa qishloqlardan ham ko'plab o'quvchilarim bor, hunarmandchilik sabab yaqinlarimning safi kengaygan.

 — Yuqorida ishingizning o'ziga yarasha qiyinchiliklari haqida aytib o'tdingiz, bu hunar bilan shug'ullanish sizga og'irlik qilmaydimi?

— Ba'zida qiynalgan vaqtlarim ham bo'ladi. O'sha vaqtlar onamga suyanaman. Onam meni go'dakligimdan to hozirgacha ko'tarib ulg'aytiryapti, desam haq gapni aytgan bo'laman. Ular hamisha yonimda. Tumovlasam men bilan birga tumovlaydi, yig'lasam birga yig'laydilar. Ayting-chi, qaysi farzand onasini yig'latishni xohlaydi?! Shu sabab ham hech qachon xafa bo'lmaslikka harakat qilaman. Ko'pincha turli tanlov, festivallar sabab uzoq viloyatlarga borishimga to'g'ri keladi. Onam betob bo'lsalar ham o'sha joyga meni o'zlari olib boradilar. Ularning men uchun qilayotgan fidoyiliklari sabab ham, men yanayam ko'proq o'z ustimda ishlashim, ishlarimni rivojlantirishim kerak, deb hisoblayman.

 — Barno opa, kishi iste'dodini ro'yobga chiqarishi uchun unga eng avvalo nimalar zarur deb o'ylaysiz?

— Yaqinlarining ishonchi. Qolgan hammasi kishining harakatiga yarasha bo'laveradi.

— Sog' bo'ling. Hamisha Yaratganning panohida bo'ling.

Sarvinoz MAMANOVA suhbatlashdi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × 5 =