Qayga boradirsan özingdan ketib…

Muallif haqida:

Oydinniso (Yöldoşeva) — Paxtaçi tumanida tuğilgan. 2002 yilda ÖzMUning jurnalistika fakultetini bitirgan. “Mensizlik” (2003), “Nomsiz” (2006), “Qaytiş” (2008), “Hovur” (2011), “Qoralama” (2016), “Serenada” (2018), “Arafa” (2022) nomli şeʼriy töplamlari, “Hayot daraxti” (2016) lirik qissasi, “Afv” (2019) dostoni naşr etilgan. Ijod namunalari ingliz, rus, turk, olmon, tojik, qozoq, qoraqalpoq tillariga tarjima qilingan.

Şoira tarjimon sifatida Ryunoske Akutagavaning bir qator novellalarini, Çingiz Aytmatov va Ikeda Daysakuning “Buyuk ruh qasidasi” nomli suhbatlar kitobini, Öljas Sulaymonovning va boşqa önlab rus şoirlarining şeʼrlarini özbek tiliga ögirgan.

Ayni paytda Özbekiston milliy axborot agentligida yetakçi muharrir va “Oydin” naşriyotida boş muharrir lavozimida faoliyat yuritmoqda.

Özbekiston Yozuvçilar uyuşmasi aʼzosi.

 

                                 * * *

Bir qadam bor baxtga yetişga, ammo,

Köksing içra öksib turar nimadir.

Hislar halal bermas ketişga, ammo,

Yöllaringni tösib turar nimadir.

 

Oq yölga çiqmaysan qaro yuz bilan,

His etmaysan hayot, qazo nimadir.

Jazo berging kelar, ammo bilmaysan

Ketişdan battarroq jazo nimadir.

 

                               * * *

Yurakda orzu bor: “Şunday yaşasak,

sirimiz ğunçaday oçilgan sayin

yuzimiz tobora yorişib borsa!”

degan bir orzu bor yurakda tayin.

 

Va yana armon bor – oyning yuziga

yopilgan etakday oçilgan bir sir

haqida armon bor. Va har sözingga

işonmoq istagan men borman axir.

 

Işonmoqqa tayyor men borman, işon,

Buyuk yolğon ila tölsa-da olam.

Axir… ortiq qanday yaşaşi mumkin,

Faqat ğamingni yeb kun körgan odam?

 

Yonayotgan köngil hovrin bosgali

içmoqqa qasam bor beqasam kunda.

Azizim, azizim, demakki hali

yaşab turiş uçun har ne bor bunda.

 

Sen qasam içasan, men ğaming yeyman,

Içgan sari taşna, yegan sari oç

ikkita köngil bor. Va bordir yana

“işon” degan sözda jon bergan işonç…

 

                               * * *

Yurakda sançiqmi yo toş köçkisi?

Köçayotgan toşsöz va yo toşsukut?

Kimga otilmoqqa şaylangan toşlar

Qayga köçayotir, manzili unut?

 

Yovuzlikmi endi eng oqil çora,

Dunyoga qarşimi tanlangan yöllar?

Sözingga, özingga, uzlatgohingga,

Xudoga qarşimi yollangan yöllar?

 

Azob çekayotib kulmoq ne uçun

Özing tuyayotgan qayğu ustidan?

Kulayotib közyoş tökmoq ne uçun

Özing kulayotgan kulgu ustidan?

 

Neçun kirgan eding beqaror dilga

tutib öz könglingning qarori, ahdin?

Tirik qolarmisan suğurib otsang

Yurakka xanjarday sançilgan baxtni?

 

Qayga oğib borar bu toş köçkisi,

senga köçmoqçimi u sendan ötib?

Dil oyoq ostida, boşing osmonda

Qayga boradirsan özingdan ketib?

 

                       * * *

Jimjit keça, yolğizoyoq yöl,

Oğiroyoq öylar jonimda.

Qaytayapman yoningdan butkul,

Endi qaytmas bölib yoningga.

 

Yuragingni qanday kördim men,

Sotdimikan uni saslari,

Yo şafqatli oçiq çehraning

Köp beşafqat yopiq rostlari?

 

Umr bir dam edi, ayamay,

Bir umrga aylandi bu dam.

Xabar olsin holingdan qanday,

Öz holidan bexabar odam?

 

Juftlaşolmas yolğizoyoq yöl,

Tutaşmaydi sening yölingga –

Tuğsa hamki oğiroyoq öy,

Çinqirsa ham sening töğringda.

 

Könglim çökar tirmaşmay xasga,

Yuragingni körib qöydim men!

Sira qaytmas bölib yoningga,

Qaytayapman yoningdan beun.

 

                             * * *

Vafo kutdim, könglim oynasi uzra

Ayoz çizib ketgan omonat guldan.

Rizqim – işqim edi, Lavhi Mahfuzda

Gunohu savobim bitilgan undan.

 

Qiyomatdan burun Mahdiy hislarim

Dajjol istak-la jang qildi beomon.

Özimni özimdan poklaş istagim

Eng tirik hislardan undirdi tovon.

 

Men jon saqlaş uçun kavşab yuribman

Hislarning jasadin. Keçirar Miğfar.

Umidvor boqyapsiz, körib turibman,

Sizga harom axir ölaksa hislar.

 

                  * * *

Yoriq peşonamda

eng yoruğ bitik,

Çadiqqa bitilgan isming

yortimi?

Nega qismatimga

boqolmaysan tik,

Şu eski çandiqlar

isming yordimi?

Seni

yuragimga bitganman axir,

Har lahza

uçmoqqa şaylangan Jonquş,

Töxta,

közlarimdan öqib körgin sir:

(Sensiz)

Bitiklari ğij-ğij

hayotim böm-böş!

 

Sendan ketsam,

senga oşiqdim tinmay,

Oyoqlarim sinsa,

qanotim ösdi.

Inon şubha qilmay,

inon ökinmay,

Oy sira yitmadi,

bulutlar tösdi.

Közim yoşlarida

körinar aksing,

Labim xandalari –

ötmişdan bir tuş.

Vayrona qalbimga

kömilgan ganjim,

(Nahot)

Könglingga qöl solsam,

hovuçim böm-böş!

 

                               * * *

Menga tölib ketgan olti tomonim,

köksin yerga berib uvlayotgan – men

Va bitta ötkinçi sevgi bahona

yiğlaganim uçun kulayotgan – men.

 

Yöl çetida badmast ağanab yotib,

xorlik içra behuş yayrayotgan – men,

Özimdan jirkanib yo rahmim kelib,

“Essiz odam-a!” deb qarayotgan – men.

 

Şirin suvli daryo, şör suvli dengiz,

bir tanda qorişmay oqayotgan – men,

Sönggi vasiyatu ilk aytilgan söz,

Har zarramga hayron boqayotgan – men.

 

Bir maysa hayoti möʼjizasini

his etib, Xudoni taniyotgan – men.

Dunyoni titratgan közyoş sasini

tinglayolmay, qalbsiz tanda yotgan – men.

 

Dunyoda kimki bor, hammasi özim,

mendagi hammani “siz”layotgan – men.

Men töla vujudni mensiz kezib jim,

Özimdan özimni izlayotgan – men.

 

                               * * *

Özgalar entikib hidlagan sözning

Tikani köksingga sançilsa, çida!

Majnunning Layliga boqquvçi közi

Har gulga Layli deb termilsa, çida!

 

Çida, qölingdagi erkni ğijimlab,

tutqun yurak tomon ota bilmasang,

özingni özingga butunlay jamlab,

uloqib va taşlab keta bilmasang,

 

Yurakdan keçirgan iztiroblarni

yurakdan keçirib, qolging kelganda,

“Sen kuçlisan!” desa erk şamollari,

Ojizu baxtiyor bölging kelganda,

 

Çida, begonaday boqib umringga,

izla malol içra bir bemalollik,

behollik içra hol topgin özingga,

tiyilgan tan içra topib ol şodlik!

 

Çida, örganib ol darddan unişni,

Çida, bebaxtlikdan oğir kelsa baxt!

Örganmoğing uçun baxtli bölişni,

Sen baxtli qilişni örganmoğing şart!

 

                         * * *

Tuşunaman hammadan köproq,

Tuşunaman hammani, biroq,

Tuşunmayman özimni zinhor.

Özimgaça yöl juda yiroq,

Menga meni tuşuntir, ey yor!

 

Öylamasam, faqat his etsam,

Boşdan oyoq his bölib ketsam,

Bari gözal! Mislsiz gözal!

Öylab qöysam, izlasam yeçim,

Dahşat-ku bu taqdiri azal!

 

Balandmi, past men oşgan hadlar,

Hadmi özi balandu pastlar?

Menga meni tuşuntirib ber!

Yöldan çiqdim, çiqqan menmi, yo

Siğib bölmas qadar tormi yer?

 

Hayotimda kemtiklarim köp,

Askar öğil mehr-la tişlab,

Qölga tutgan qadrli nonday –

Kemtiklarim hayotimda köp.

Şonsizlikni asrayman şonday.

 

Derazamga özin urar quş,

Özin urib yiqilar behuş.

Quşning joni oğrişin emas,

Şunçaki bir quşligin öylab,

Boqib qöydim olamga behis.

 

Menga meni tuşuntirib ber,

Yulduzimda jimirlar ne sir?

Körguliklar istarlar neni –

Tobora men boymi yo faqir?

Ey döst, menga tuşuntir meni!

 

                             * * *

Sassiz qanot qoqar havoda bir sas,

Quyoşsiz porlaydi xonada yoğdu:

“Men seni sevaman!” degan söz emas,

“Men seni sevaman!” degan bir tuyğu.

 

Baribir, nimadir izlayman sendan,

Faqat yöqotganin izlarmi odam?

Faqat topmaganin izlarmi çindan?

Izlaş emasmikan har bosgan qadam?

 

Ummonsanu senda qalqigan xas-çöp

qayiqday najotkor men – çumoliga.

Nima axtaraman sendan bunça köp,

Boqmay çökayotgan köngil holiga?

 

Saçrar nigohingdan yurak çöğlaring,

Yulduz kabi porlar tongu tuningdan.

Baribir usturlob – qoraçöğlarim

nimadir istaydi falak – könglingdan.

 

Zaminsan, giyohu guling meniki,

tutsang, har gulbargin ifori özga.

Töşalsang, tikanli yöling meniki,

sançgan har tikaning ozori özga.

 

Sendan har ne topiş va töliş mumkin,

Hatto topiş mumkin sendan meni ham.

Sen bilan yo yaşaş, yo öliş mumkin,

Men esa nimadir istayman sendan…

 

                                * * *

Mana tun, mana sen – mana qarşimda

Odam sayqal bergan hodisot emas,

Hodisalar sayqal bergan bir odam.

Mana, yuragimga oğir botgan söz

Hamda oğir botgan yurak köksimga,

Mana, kulayotgan bir yiği – malham.

 

Mana tun, mana men – mana qarşimda

Öz ozodligiga qamalgan mahbus,

Erksiz erk axtarib kötarar isyon;

Sen – böşliq tomonga otilgan tuyğu

Gumburlab qaytadi quloqlariga,

Sendan seni kutib köz tikar hamon.

 

Mana tun, mana biz – mana qarşimda

Har lahzada takror ölgan marhumlar,

Ölib ham oğriqdan titrayotgan jon.

Yuraklarda toşday osilgan sözning

Köziga tik boqmay yumilgan közlar,

Ölib ham ölimdan qörqayotgan jon.

 

Mana tun, tiriklar yaşaşdan qörqqan,

Öliklar ölimdan qörqqan, mana tun…

 

                        YANA

Yana kördim seni, yana men öşa,

Yana oyoğimda tebranadi jon.

Yana dunyolarga böldi tomoşa

Mening qiyofamni kiygan hayajon.

 

Yana kördim seni, yana men sensiz,

Yana dunyo bilan oramiz oçiq.

Yana men hammadan qildim tanaffus,

Yana faqat sendan bunyod qoraçiq.

 

Yana kördim seni, men tirik odam –

Ölimdan keyin ham ölmas yuragi.

Butkul ğarib bölib tuyilgan olam

Yana boy, uşalgan barça tilagi.

 

Yana kördim seni, özgasi soxta,

Yana baxt yurakda bir aziz mehmon.

Yana haykal qöyib lahzalik baxtga

Men uning poyida sargardon.

 

Yana kördim seni, yana men – menmi?

Yana tirildiyu taraldi bir zum

Kuraşlarda qölga kiritganimu

Yana qöllarimda jon bergan orzum.

 

Yana kördim seni, yana men yomon,

Yana tartibbuzar, tiyiqsiz yurak.

Yana angladimki, dunyoda hamon

Sen keraksan menga, yana sen kerak!

 

Yana kördim seni, yana çalkaş yöl,

Yana kulgan menu, tabassum senda,

Yiğlagan menmanu, sening diling höl,

Yana biz birlaşa olmas oçunda.

 

Yana kördim seni, yana men öşa –

Har yurişi ortga çekingan qadam,

Yana hayotingning içkarisida,

Yana hayotingdan taşqari odam.

Yangiliklarni döstlaringizga ulaşing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan