So'ylab berardi buvim…

Jadid bobomiz Mahmudxo'ja Behbudiyning ikki jildlik “Saylanma”sini varaqlab o'tirib, ko'zim mana bu purma'no hikmatga tushdi: “Taraqqiy etgan millatlarni onalari o'qitur ekan, biz avval onalarimizni o'qitub, ularga til o'rgatmog'imiz kerak, chunki bizning ilm va tilsizligimiz ulardandur”. “Yalt” etib xayolimga xalqimizning: “Otasi o'qiganning biri o'qiydi, onasi o'qiganning bari o'qiydi”, degan qanotli so'zi keldi.

Darhaqiqat, farzand tarbiyasida onalar bosh rolni o'ynashi isbot talab qilmaydigan haqiqatdir. Shu jumladan, bolani ma'naviyatli, kitobxon qilib tarbiyalash ham birinchi galda onalarning zimmasidagi vazifalar sirasiga kiradi. Ulug' shoirlarimiz va allomalarimiz bolaliklarini esga olganlarida bejiz buvilari, onalari aytib bergan ertaklar, o'qib bergan kitoblarni ko'ngillari oftob misol yorishib tilga olishmaydi. Atoqli shoir Hamid Olimjonning quyidagi quyma satrlari esingizdadir: “Bolalik kunlarimda, Uyqusiz tunlarimda, Ko'p ertak eshitgandim, So'ylab berardi buvim”.

Ha, buvilarimiz, momolarimiz bugungi davr tili bilan aytsak, bolaligimizning chinakam ma'naviyat targ'ibotchisi bo'lgan ekan. Bir-biridan qiziq ertaklar, she'ru hikoyalar, xalq hikmatlarini qulog'imizga quyishgan. Xo'sh, bugun-chi?

Bugungi kunga kelib diyorimizda yoshlarni kitobga oshno qilish yo'lida ulkan ishlar bosh­lab yuborilgan. “Yosh kitobxon” tanlovidan tortib, ta'lim muassasalarida tashkil etilayotgan rang-barang tadbirlargacha shular sirasiga kiradi. Boz ustiga, kutubxonalarni badiiy, ilmiy-ommabop kitoblar bilan boyitish maqsadida “Kitob karvonlari” hududlarga peshma-pesh yo'l olib turibdi. Hatto amal kursisini egallab o'tirgan rahbarlar ham o'zlari tahsil olgan maktablarga jild-jild kitoblar sovg'a qilishmoqda. Albatta, bu sa'y-harakatlar vaqti kelib o'z natijasini ko'rsatajak…

Biroq kaminani ko'proq Behbudiy bobomizning fikrlari tafakkurga chorlaydi. Kelajagimiz egalari bo'lgan o'sib kelayotgan yosh avlodni kitobxon qilib tarbiyalashda onalarimizning o'rni sezilayaptimi? Xizmat taqozosi bilan joylarga chiqqanimizda mahalliy rahbarlardan kitobxon oilalar haqida so'rab-surishtiramiz. Aksari hollarda jo'yali javob ololmaymiz. Hatto maktablarda bolalarga nafis adabiyotdan dars beradigan o'qituvchilardan: “Uyingizda shaxsiy kutubxonangiz bormi?” deb so'rasak, ko'pchiligi yer shoxlab qoladi. Uyda kitob bo'lmagach, bola qanday qilib kitobga havas qo'ysin?! Yangi o'quv yili bosh­lanishi arafasida o'tgan bir mashvaratda Sirdaryo viloyat xalq ta'limi boshqarmasining boshlig'i Otabek Donaboyev maktab kutubxonalariga so'nggi yillarda 200 ming jild­­ga yaqin badiiy adabiyotlar kirib kelganini ochiqladi. Bu juda katta ma'naviy to'lqin. Men o'zimcha shunday fikr yuritaman. Viloyatimizga oqib kelayotgan “yaxshi do'st”larning (“Kitobdan yaxshi do'st yo'q jahonda”, Abdurahmon Jomiy) bir qismini oilalarga tarqatsa bo'lmaydimi? Chunki ko'pchilik oilalar ro'zg'orini butlashga harakat qilishadi-yu, ma'naviy boyishni esdan chiqarishadi. Qolaversa, ro'zg'ordan orttirib kitob xarid qilishga qurbi yetmaydigan oilalar ham bor. O'tkir Hoshimovning bir gapi bor-ku: “Bir narsani hech tushunmayman: kitob o'qiydiganlarda pul yo'q. Puli ko'plar kitob o'qimaydi…” Uyda kitob bo'lsa, albatta, ota-ona qo'liga kitob oladi. Farzand ham ularga tasib qilib kitobga intiladi. Qush uyasida ko'rganini qiladi, deya bejiz aytishmagan-da, mashoyixlar.

Bu borada Sirdaryo viloyatida eshitgan quloqni quvontiradigan tajribalar bor. O'tgan 2020-2021 o'quv yilida Boyovut tumanidagi 35-umumiy o'rta ta'lim maktabi viloyat hokimligi, viloyat xalq ta'limi boshqarmasi hamda “GLOBAL BOOKS” MChJ hamkorlikda tashkil etgan “Eng kitobxon maktab” tanlovining g'olibiga aylandi. Ta'lim muassasasi “Spark” avtomobilini qo'lga kiritdi. Yoshlar festivalida g'olib ta'lim dargohiga yengil mashinaning kaliti tantanali ravishda topshirildi.

Tanlov o'z yo'liga. Biroq nazarimizda o'sha paytda maktab rahbariyati olg'a surgan e'tiborga molik tashabbus muhim. Maktab ma'muriyati hududdagi har bir oilada mo''jazgina kutubxona tashkil etish tashabbusi bilan chiqdi. Ota-onalar ma'muriyat tashabbusini qo'llab-quvvatlab, farzandlari uchun badiiy kitoblar xarid qilishdi. Pirovardida har bir xonadonda 30-50 jilddan iborat kutubxonalar paydo bo'ldi. Qarshisida kitob to'la javon turgan oilaning bolasi albatta, kitob o'qiydi-da!

Bugungi kunda oilaviy kitobxonliklarni yo'lga qo'yish qiyinmi? To'g'ri, hozir radio-televidenie, ijtimoiy tarmoqlar farzandlarimiz qiziqishlarini o'z o'zanlariga ohanrabodek tortib ketayotgani bor gap. Biroq bu qusurni tuzatsa bo'ladi-ku! Buning uchun ota-­onaning o'zi bolalariga ibrat bo'lishi kerak. Farzandlarni quruq nasihat bilan yo'lga solib bo'lmaydi. Balki bunda shaxsiy namuna muhim ahamiyat kasb etadi. Ishdan qaytgan ota-ona yalpayib televizorning tagiga yotib olmay besh-o'n varaq kitob o'qisa, buni ko'rgan bolasi ham mutolaaga qiziqib qoladi. Katta arava qaerdan yursa, kichik arava ham shu yerdan yuradi, deganlaridek, ona kitobxon bo'lsa, albatta, farzandi ham unga tasib qiladi. Yurtdoshimiz, taniqli olim Qozoqboy Yo'ldoshning shunday gaplari bor. “Menimcha, millat darajasini shu millat ayolining darajasi belgilaydi. Chunki xalq ayolidan baland bo'lolmaydi. Negaki, xalq ayolning mahsulidir. Xuddiki, meva og'ochdan ortiq bo'lolmaganidek, farzand ham onasidan uzoqqa ketolmaydi. O'zbekdagi: “Alpni ham, olimni ham ona tug'adi”, degan hikmat bejiz emas”. Bas, shunday ekan, oilada ayollarimizning emin-erkin bola tarbiyalashiga keng yo'l ochib berishimiz joizdir. Ayol ongi yuksalmay turib, xalq ma'rifati ko'tarilmaydi.

Yana o'zim guvohi bo'lgan bir voqea. O'tgan asrning 70-yillari oxirlarida kaminani Toshkentga, O'zbekiston radio qo'mitasiga malaka oshirishga jo'natishdi. Ajoyib kunlarning birida hajvchi yozuvchi Ne'mat Aminov bilan uchrashuv bo'lishi e'lon qilindi. Belgilangan paytda u kishi majlislar zaliga kirib keldilar. O'rta bo'yli, sochlarini orqaga silliq taragan Ne'mat aka menga Oybek domlaning qiyofasini eslatib yubordi.

Adib uchrashuv chog'i o'zbek ayollari va ularning ma'naviy qiyofasi haqida suhbat qurdilar. Qiziq-qiziq misollar keltirdilar. Darvoqe, ayollari o'qigan yurtning ma'naviy darajasi yuksak bo'lishi bot-bot tak­rorlandi. Chunki o'sib kelayotgan avlodning bosh tarbiyachisi onalar ekanligi alohida ta'kid­landi.

Ne'mat akaning uchrashuvdagi bir gapi kechagidek esimda.

— O'ris ayollari tug'ruqxonaga tushib, chaqalog'ini qo'lga olgancha besh-oltita kitobni o'qib tashlaydi. Bizda-chi?.. – deya zalga murojaat qilgandi adib.

Albatta, yumorga moyil bu gapning tagida achchiq haqiqat bor edi.

Ha, bugungi yoshlarning durkun o'sib-ulg'a­yishlari, ma'naviy yuksalishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Ko'p kitob o'qigan yigit-qizlarga Prezident sovg'asi — avtomashinalar sovg'a qilinayotir. Hatto mamlakatimiz rahbari she'rni qoyillatib o'qigan Toshkent viloyatidagi bir qizning otasiga shu yerning o'zida yengil mashina in'om etib yubordi. Bu sa'y-harakatlarning zamirida o'sib kelayotgan yosh avlodni kitobga oshno qilishdek ezgu g'oya yotibdi. Chunki, Prezidentimiz to'g'ri ta'kid­laganlaridek: “Yoshlarimizning kitob o'qishga bo'lgan qiziqishini oshirishga, ularning kitob bilan do'st bo'lishiga, aholining kitobxonlik saviyasini yanada oshirishga alohida e'tibor qaratishimiz lozim”.

Muhammadali AHMAD,

O'zbekiston Jurnalistlar

uyushmasi a'zosi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × 5 =