Har bir xonadonga gazeta-jurnal borsa…

Bugun yana maktabga yo'l oldim. O'quvchilarimning shodon chehralarini, men tomon oshiqib, yugurishlarini tasavvur qilib, shirin entikdim. Shu qorako'zlarning borlariga shukur. Ular sabab hayotga, ijodga qiziqishim ortadi. Bolajonlarimning chug'urlashib bergan savollari, o'zlaridek beg'ubor o'y-xayollari diqqatimni tortadi. Bir-biridan dono o'g'il-qizlarimning bugungi holatlarini xayolan tasavvur qilib, manzilga yetib kelganimni ham sezmay qolibman.
Doimgidek qarshimga peshvoz chiqqan o'quvchilarim diydoridan sarmast, navbatdagi mashg'ulotni boshladim. Kitob mutolaasi va uning hayotimizdagi ahamiyatini turfa badiiy asarlar misolida tushuntira ketdim. Orada ommaviy axborot vositalari, ayniqsa gazeta va jurnallarni muntazam o'qib borish ijodiy salohiyatimizni oshirishi haqida ham alohida to'xtalib o'tdim.
— Ustoz, savolim bor edi…
Qimtinibgina so'z boshladi qiziquvchan, ziyrakkina o'quvchim Nafisaxon. — Bizning she'rlarimiz qachon gazeta va jurnallarda chiqadi?
Meni qiynab kelgan va kelayotgan og'riqli savol…
Nimayam derdim, ochig'i ustozlarni, targ'ibotchilarni ezib borayotgan bu masala qachon yechim topadi, o'zim ham hayronman…
Har gal o'quvchilarimni sevintirish maqsadida ijodiy mashqlarini dastalab tahririyatlarga chopaman, qorako'zlarimning quvonchi uchun ham imkon qadar bolalar va o'smirlar nashrlariga obuna bo'lib, hamkorligimizni mustahkamlashga harakat qilaman.
Axir bizning bolalik paytlarimizda har bir xonadonda ota-onamiz uchun 3-4 nomdagi gazeta, “Sharq yulduzi”, “Saodat”, “Fan va turmush” singari jurnallar, biz bolalar uchun esa “Lenin uchquni”(hozirgi “Tong yulduzi”) gazetasi, “Gulxan”, “G'uncha” jurnallari muntazam kelardi.
Ming afsus, ayni paytda oila boshiga bittayam gazeta-jurnal to'g'ri kelmaydi. Ma'naviyatimizning oqsashiga aslida shu katta sabab deb o'ylayman.
Endi o'z vaziyatimizni tahlil qiladigan bo'lsak, ijodiy-madaniy masalalar bo'yicha targ'ibotchining ish rejasida matbuotdagi ishtirok asosiy o'rinda. O'zimiz va o'quvchilarimiz ijodiy ishlarini matbuotda chop ettirishimiz mehnatimizning natijasini yaqqol ko'rsatib beradi. Shuningdek, adabiy to'garaklarimiz faoliyati jarayonida ushbu gazeta va jurnallar uslubiy qo'llanma sifatida juda asqotadi. Oladigan maoshimizning arzimas qismini obunaga, faol o'quvchilarni rag'batlantirishga sarflasak, nur ustiga a'lo nur bo'lardi.
O'zim obuna bo'lganim holda, yuqorida aytganimdek, iqtidorli o'quvchilarimni rag'batlantirish maqsadida imkon qadar gazeta va jurnallar bilan hamkorlik qilib kelmoqdaman. Bu naqadar maroqli ekanligini tasavvur ham etolmaysiz…
Bu borada ota-onalarga suyansak, obunani har bir xonadonga gazeta-jurnal kirib boradigan qilib tashkillashtirishsak maqsadga muvofiq bo'lardi. Chunki rangli va qiziqarli sahifalardan iborat bolalar va o'smirlar nashrlarining narxi u darajada qimmat emas. Buningi ustiga farzandlarimiz yoshiga munosib nashrlarni mutolaa etsa, o'z tengdoshlariga havas qilib, gazeta-jurnallar sahifalarida chiqishga intilsa buning nimasi yomon?!
Men bolalar va o'smirlar nashrlarini ko'kda porlab turgan quyoshga o'xshataman, hayotimiz mazmuni, kelajagimiz egalari bo'lmish o'g'il-qizlarimiz esa shu porlab turgan quyosh nurlaridan bahramand bo'lishga haqlidirlar.
Targ'ibotni obunadan boshlasak, farzandlarimizni kitobga, ayniqsa gazeta va jurnallar mutolaasiga undasak, shundagina jamiyatimiz shaffoflikka erishadi, go'yoki “quyosh yuzin to'sgan bulutlar”dan halos etgan bo'lamiz. Menimcha, kelajagimiz egalarining ertasi porloq bo'lishini istagan har bir inson bunga befarq qaramaydi.
Muhabbatoy ABDUQODIROVA