Chin yurtida hokim bo'lgan yurtdoshimiz

Shaxsiy qiziqishim bo'yicha – ijodkor, xizmat vazifam bo'yicha esa ilmiy xodimman, shu bois ham, hamisha izlanishda, hamisha boy tariximizning yoritilmagan jihatlarini xalqimizga yetkazishda o'z hissamni qo'shishga baholi qudrat harakat qilib kelyapman. Keyingi tadqiqotlarim, ayniqsa, buyuk ajdodlarimizning o'zga davlatlarning taraqqiy etishida amalga oshirgan juda katta ishlari ko'pchilik qatori meni ham hayratga soladi, quvontiradi. Yosh avlod bularni bilishi zarur, chunki bu tarix Vatanimizga bo'lgan mehrimizni yanada oshirishga, salohiyatli ajdodlarimizdan o'rnak olishga, o'zligimizni anglashga, eng muhimi, g'ururimizni ko'tarishga yordam beradi. Zero, g'urursiz insondan unumdor kesak foydaliroq, degan gap behuda aytilmagan. Bugun arzimagan choychaqaga yurt g'ururini sotayotgan ba'zi omi kimsalarning millatimiz sha'nini yerga urayotganlarini esa hech narsa bilan oqlab bo'lmaydi. Bu juda uyat va sharmandali holat.
Bil'aks, o'tmishda ma'naviyatsizlik tufayli tamom inqirozga yuz tutgan davlatlar, yo'qolib ketgan tillar, tarix sanasidan tushib ketgan millatlar ham borki, bu voqealar bizni ogohlikka da'vat etmasdan qolmaydi. Misol uchun, bir zamonlar Andalusiya – eng taraqqiy etgan davlat edi, Eron qoldi-yu, Turon nomi esa o'chirib tashlandi. Achchiq haqiqat! Birovlarga hamon yoqmaydigan gaplar! Na iloj, bugungi imkoniyatlardan foydalanib, ortimizga bir qarab qo'yishga majburmiz. Chunonchi Xitoyga borib, uning ichki va tashqi siyosati, iqtisodi va harbiy sohasida faoliyat yuritgan yurtdosh ajdodlarimiz juda ko'p. M.Azimov, A.Xo'jayev, S.Tursunov, Q.Rashidov singari ijodkor va tarixchilarimiz ular haqida ba'zi qiziqarli manbalarni e'lon qilishgan. Bizningcha, ularni xulosalari ham tadqiqotchi Sh.Madayevaning fikrlariga mosdir, bil'aks, “Xitoy milliy qadriyatlari, milliy an'analari mamlakatning hech bir qismida, hech qachon zamonaviy qadriyatlar bilan to'liq almashtirilmagan”, ya'ni chetdan kirib kelgan har qanday g'oya va ta'limot “xitoylashib” ketgan va bu jarayonni haligacha kuzatish mumkin.
Jumladan, ular buyuk ajdodlarimizning salohiyatidan o'z manfaatlari uchun juda o'rinli foydalanishgan, hatto bir qator qiyin muammo, kamchiliklarni ham ularning yordami bilan hal etishgan.
Ana shunday yurtdoshlarimizdan biri termizlik budda avliyosi Dxarmamitra bo'lib, o'quvchilarimizga bu mashhur vatandoshimiz haqida hali to'liqroq ma'lumot ham berilgan emas.
Ko'hna Termiz milodiy I-VII asrlarda budda dini markaziga aylangan edi. V asrda Termizga kelgan Xitoy sayyohi Syuan Szan bu yerda 12 ibodatxona va 1000 ga yaqin mubod-rohib borligini yozib qoldirgan. Dxarmamitrani “Quyosh yog'dusi”, “Baroqqosh ustod” deya sharaflab, e'zozda tutishgan. U o'tkir aql sohibi, o'ziga juda talabchan, diniy rasm-rusumlarga qattiq rioya qiladigan, elu yurtning hurmatiga sazovor inson edi. Xitoy poytaxtidagi Siyuan-si ibodatxonasiga kelganda, Sun sulolasidan bo'lgan imperator Ven'di rafiqasi – malika Yuan hamda taxt vorisi bo'lmish shahzoda va boshqa aslzodalar uni Guygun saroyiga taklif etishib, budda diniga o'tganliklariga shohid bo'lishni so'rashgan. Boz ustiga, uni Xitoyda olib qolishib, ilmi va salohiyatidan yetarlicha foydalanishgan. U Chan Szin, Chan fa yao, pu yan guan, Syuy kun szan kabi tafsir va sharhlarni Xitoy tiliga tarjima qilgan. Va buyuk xizmatlari evaziga budda dinining butun dunyo bo'yicha yetuk targ'ibotchisi, “Dx-yandagi ulug' ustod” unvoniga musharraf bo'lgan.
Shu o'rinda bir masala xususida jiddiy to'xtalishga to'g'ri keladi.
Bizning tarixchilar o'zga xalqlarning joy va shaxs hamda boshqa soha nomlarini o'z shakliday yozishni talab etishadi. Xitoylarda bunday emas. Shu bois, Xitoy manbalari bilan ishlaganda, juda ehtiyotkor bo'lmoq kerak. Ayniqsa, hali katta ilmga ega bo'lmagan maktab o'quvchisi Xitoy manbalarini o'qiganda, yurtimizga oid juda ko'p manbalarni to'la o'zlashtirolmasligi aniq. Masalan, qadimda xitoyliklar Farg'onani – “Sao davlati”, Samarqandni – “Kang”, Buxoroni – “An”, Toshkentni – “Shi” deb atashgan. Farg'onadan borib, o'sha yerda yashab qolgan hokim ajdodlarimiz – Sao Syaosyao, Sao Tulichjini hamda samarqandlik Kang Fu, buxorolik An Xaozi, shoshlik Shi Sho'lo'dan, Shi Mopo'larning asl ismlarini aniqlash zarur deb o'ylayman! Bu ishni Xitoy ierogliflari bo'yicha maxsus mutaxassislar aniqlashlari mumkin. Xuddi shuningdek, Muhammad ismli kishilarni “Ma” yoxud “Maxamu” deb talaffuz etishgan. Bunday misollar shunchalik ko'pki, ular katta bir tadqiqotni talab etadi. Va bu tadqiqotlarni, albatta, amalga oshirish kerak, chunki endi ma'lum bo'lyaptiki, yevrotsentrizm, chinparastlik, “dengiz orti” gegemonchiligi va bugungi “ommaviy axloqsizlik” targ'ibotlari bizga qimmatga tushgan, tushyapti. Dunyoga shuncha ko'p taraqqiyot davrlarini, buyuk ixtirolar, yangiliklarni berganiga qaramay, keyingi bir yuzu ellik yil davomida xalqimizning buyuk o'tmishini inkor etib, chalkashtirib, soxtalashtirib, ongi ostini faromush etgan yovuz kuchlarga qarshi turish uchun ham tariximizning asl haqiqatlarini yoshlarimizga ko'proq va to'liqroq yetkazishimiz kerak. Aslini olganda ham, ana shu mavzunin o'zi vatanparvarman, degan yosh tadqiqotchilarimiz uchun eng muhim doktorlik ishlaridan biri bo'lishi mumkin.
Endi ajdodlarimizning Xitoyga ketib qolishganlarining sabablari haqidagi fikrlarga oydinlik kiritadigan bo'lsak, aytish kerakki, bu borada bir xillik ko'zga tashlanmaydi, aksincha, ularning ko'plarini Xitoy imperatorlari taklif etishgan bo'lsa, ayrimlari sayyoh sifatida borib, ularning nazariga tushgan, ba'zilari esa yurtning g'irrom kimsalari tufayli uzoqlarga, xususan, Chinga bosh olib ketishga majbur bo'lishgan. Masalan, samarqandlik ikki aka-uka – Halim hamda Rahmon mahalliy din peshvolari bilan o'rtalarida nizo chiqib qolganda, ular bilan kelisholmay, Sharq tomonga qarab bosh olib ketishgan va yashash uchun qulay joy qidirishib, oxiri sersuv, havosi mo''tadil, dehqonchilik uchun qulay bo'lgan Syunxua tumaniga yetib borishib, Jezi degan joyda to'xtashgan. Jezi bizning tilda “ko'cha” ma'nosini berar ekan. Ularning ortidan yana 45 nafar kishi borgan va o'sha yerlarda uy-joy qilib, o'rnashib olishgan. Iloji bo'lsa, ana shu joylarga ekspeditsiyalar uyushtirish lozim, chunki davlatchilikning boshida bunday ishlarning amalga oshirilishi juda katta foyda keltiradi, chunonchi rus davlati biz tomonlarga, Sibir va Antartikaga aynan davlatchilikning ilk yillaridanoq ko'plab ekspeditsiyalar uyushtirgan edi.
Kezi kelganda aytish lozimki, “Yuan” sulolasining maxfiy tarixi” (“Yuanchao bishi”)da keltirilgan ma'lumotlarga ko'ra, hammamiz yaxshi biladigan Mahmud Yalavochni Chingizxon va uning avlodlari davlat ishlariga jalb etishib, rejalarini amalga oshirishda undan o'rinli foydalanishgan edi. Albatta, o'sha paytlarda elchini “yalavoch” deb atardilar. Xitoy manbalarida Maxama, Maxama Yalavachi, Yalavashi, Maxamu-Yalavachi, deya atalgan ajdodimiz mohir elchi bo'lgani bois ham, “yalavoch” deya e'zozlangan. Bu zot haqida yetarlicha ma'lumotga ega bo'lganimiz bois, uning haqidagi qaytariqlarni takrorlab o'tirmaymiz. Lekin Xitoyda faoliyat ko'rsatgan yana bir qancha yurtdoshlarimiz, xususan, Umar Kamoliddin va Mahmud Chjen haqidagi ma'lumotlardan albatta xabardor bo'lishingiz kerak, deb o'ylaymiz. Chunonchi Xitoy tarixchilari Yan Xueychjun, Chjpn Xunglar ular to'g'risida qoldirgan muhim manbalari biz uchun juda qimmatbaho hisoblanadi.
Chjan Xung yozadiki, Xitoyning Yunnan hududi muammolar sirtmog'iga tushgan notinch o'lka edi, Umar Kamoliddin ana shu o'lkaga hokim etib tayinlanadi. Bu hududni faqat shu inson rivojlantira olishiga to'la ishonishadi. Bir kuni xitoy dehqonlari bilan suhbatlashgan Umar Kamoliddin:
— Agar biz sizlarga mushkulingizni oson etib, yer haydash uchun kerakli jihozlarni hamda ekin uchun urug' ham bersak, 15 gektardan qancha hosil olishingiz mumkin? – deb so'raydi.
Dehqonlar:
— 120 kg.dan hosil olishimiz mumkin! – deya javob qilishadi.
Umar Kamoliddin:
— Unda bizga qancha soliq to'laysizlar? – deya ularning fikri bilan qiziqadi.
Dehqonlar bu safar:
— Hosilning yarmini topshiramiz! – deydilar.
— Unda sizlar qiynalib qolasizlar! – deydi Umar Kamoliddin. – Bizdan olgan mollaringiz nobud bo'lsa, o'rniga mol sotib olish, uskunalarni ta'mirlash lozim bo'ladi, buni hisobga oldinglarmi?
Dehqonlar yana katta va'da berib yuborishadi:
— Unda hosilning uchdan bir qismini topshiramiz!
— Yo'q, bu ham ko'p! Agar shu hajmda soliq to'lab borsangizlar va bu an'anaga aylansa, kelajakda bolalaringiz va avlodlaringiz qiynalib qolishadi, natijada, hukumatga qarshi chiqishlari mumkin! – deydi Umar Kamoliddin.
Dehqonlar undan mamnun bo'lishib:
— Hukumatga qancha soliq to'lasak, adolatli bo'ladi? – deb so'rashadi.
Umar Kamoliddin:
— Biz sizlardan hosilning 10 dan bir qismini olamiz. Xohlasangizlar, don yoki pul bilan soliq to'lashingiz mumkin! – deya fikr bildiradi.
Xitoy dehqonlari hozirgi kungacha ham bu haqda mamnun gapirib yurishar ekan.
Xo'sh, biz nima uchun bu voqeani birinchi o'rinda keltirdik, vaholanki, yurtdoshimizning tug'ilganidan, ya'ni tarjimai holini batafsil keltirib, so'ng shunday ibratli ishlari xususida so'z yuritishimiz kerak edi. Aslida esa uning tarjimai holi emas, balki bugungi kunimiz uchun biz namuna oladigan faoliyati muhimdir. Zero, Umar Kamoliddinning bitta shu siyosati bilan butun Yunnan o'lkasi gullab, rivojlanib, taraqqiy etgan zaminga aylangan edi.
Ana endi mazkur yurtdoshimiz haqida aytadigan bo'lsak, u 1211 yilda Buxoroi sharifda tug'ilgan edi. Otasi Kamoliddin Sayyid, xitoylar uni Gumalding-Saydyanchi, deb atashgan. Onasi Bibixonim (Bibuyxa) – dono va mehribon ayol bo'lgan. 1219 yilda Chingizxon Buxoroi sharifni bosib olgach, Umarning buvasi Sayyid Shamsiddin xalqni qirg'indan saqlab qolgan. Otasi Umar Kamoliddin esa yollanma sifatida harbiy xizmatga jalb etilgan.
Umar Kamoliddin noyob qobiliyatli, juda ilmdor, zukko inson edi. Turkiston tamom zabt etilgach, uni Xitoyga olib ketishadi. Bu yerda u turli sohalarda faoliyat yuritgan va ularni o'rganar ekanmiz, hayratimiz tobora oshib bordi.
Masalan, Umar Kamoliddin – eng yaxshi hokim.
O'qtoyxon davrida u Ichki Mongoliya viloyatlari hokimi etib tayinlangan edi.
Munkexon taxtga o'tirgan paytda, Xitoyning juda katta hududiga egalik qila boshlaydi. Ammo bu hududda idora ishlari hali yo'lga qo'yilmagan edi. Mazkur ishni aynan Umar Kamoliddinga topshiradi. Zimmasiga yuklangan vazifani bajarish jarayonida Umar Kamoliddin davlat qurilishi ishlarida yuksak iqtidor egasi ekanligini namoyon etadi. Shu bois, u Pekin hokimi etib tayinlanadi.
Yana bitta jihati – Umar Kamoliddin – mohir ta'minotchi.
1258 yilda Munkexon Xitoyning janubiy viloyatlarini zabt etishga kirishadi va qo'shinning ta'minot vazifasini Umar Kamoliddinga ishonib topshiradi. Ana shu yerda yurtdoshimizning salohiyati yorqin ko'zga tashlanadi. Xususan, u bu muhim ishda “birorta kamchilikka ham yo'l qo'ymagan” va doimo olqishlarga sazovor bo'lgan.
Umar Kamoliddin – mohir moliyachi.
U mamlakat pul birligini ta'minladi va inflyatsiyani jilovlay bildi. Uzoq davr mobaynida pulning qadrsizlanishiga yo'l qo'ymadi.
Chingizxonning nevarasi Hubilay esa Xitoyni o'n viloyatga bo'lib, uning muhim qismi bo'lgan Pekin viloyatini harbiy va ma'muriy jihatdan boshqarishni Umar Kamoliddin zimmasiga yuklaydi. 1264 yilda esa uni o'ziga siyosiy maslahatchi etib tayinlaydi. Aslida esa bu lavozimni Xonning iqtidorli farzandi egallashi kerak edi. Demak, yurtdoshimiz, turkistonlik Umar Kamoliddinning bu mas'uliyatli lavozimga tayinlanishi bizga bir necha jihatdan ibratlidir. Bu jihatlardan biri shuki, hatto mo'g'ullar ham “sen falonchining odami, falonchining dumi, falonchi xalq vakili” deya ularni siyosiy maydondan chetga uloqtirib tashlamagan.
Umar Kamoliddin – yirik gubernator.
1264 yilda u birdaniga ikki hududga – Shenshi, Sichuan o'lkalariga gubernator etib tayinlanadi va bu vazifada ham 9 yil xizmat qilib, Hubiylayning ishonchini oqlaydi: eng muhimi, u xalqni o'zidan rozi qiladi, ya'ni ikkala hududni ham bog'u-rog'larga aylantiradi, maktablar ochadi, ariqlar qazdirib, dashtu biyobonlarga ham suv olib keladi, hatto baland tog'lar orasida yashaydigan aholiga qulaylik yaratish uchun jarliklar uzra osma ko'priklar qurib, uzoq yo'llarni yaqin qiladi. Uning bu ishlaridan mahalliy aholi behad minnatdor bo'lib, nomini hurmat bilan tilga olishib, o'zini e'zozlashadi.
Yuqorida aytganimizdek, 1267 yillarda Janubiy Xitoydagi Yunnan o'lkasida notinchlik hukm sura boshlaydi. O'lkaning kichik xoni etib tayinlangan Xugechi, ya'ni Hubilay xonning beshinchi farzandi siyosiy kurashlarning qurboniga aylanadi. Xullas, Yunnan xon uchun juda katta bosh og'riq masala bo'lib qoladi. Noiloj qolgan Hubilay yana Umar Kamoliddinni huzuriga chorlab, vaziyatni tushuntirib, undan yordam so'raydi.
Ana shu o'rinda Umar Kamoliddinning usta diplomat ekanligi ham o'z tasdig'ini topadi.
1247 yilda u hokim sifatida Yunnan o'lkasiga keladi. Xush, u bu yerda qanday yo'l tutdi? Biz undan nimalarni o'rganishimiz mumkin? Odatda, o'quvsiz kimsa bir viloyatga bosh bo'lib qolsa, ishni nimadan boshlashni bilmay, har shoxga yurg'alay boshlaydi va kulguga qoladi. Bu salbiy holatni biz hozir ham ayrim no'noq amaldorlar misolida ko'rib, bilib turibmiz, xalq esa ulardan rozi emas. Demak, Umar Kamoliddin qanday yo'l tutdiki, bu o'lka xalqi unga itoatda bo'ldi, degan savol yana oldimizda ko'ndalang bo'ladi. Birinchi galda, u o'lkani yaxshi biladigan aqlli kishilarni atrofiga to'plab, ularning fikrlarini bosiqlik bilan eshitdi, ikkinchidan, o'lka hududlarini, ularning shart-sharoitlarini, xalq an'analari va urf-odatlarini, harbiy jihatlarini chuqur o'rganib chiqdi va so'ngra harbiy yo'l xaritasini tuzdi. Qaerda istehkom qurish, qaerda qo'shinni joylash masalalarini ham teran hal etdi. Lekin u aholi bilan tinchlik borasida muzokaraga kirishdi. Ba'zi mulozimlari: “Nima uchun bu itoatsizlarga bunchalik rahmdillik qilyapsiz?” deb so'rashganda, u: “Hoqon meni odam o'ldirishga emas, xalqni itoat etishga yuborgan. Qon to'kish yo'li bilan xalq itoat qildirilsa, bizdan yuz o'girishi mumkin”, deya javob qiladi va bu fikri bilan davlat uchun asosiy najotkor xalqning o'zi ekanligini isbot etadi.
Umar Kamoliddin – kambag'alparvar inson.
Mashhur ajdodimizning olis tarix qo'ynidan eshitilayotgan so'zlari nechun biz uchun saboq bo'lmasligi kerak?! Chunonchi Umar Kamoliddin kelgunga qadar Yunnan o'lkasida tuzukroq maktab ham yo'q edi, 1278 yilda u ilk bor Shanchan viloyatidagi Uxuashan tog' qo'ynida faqat maktab qurib berdigina emas, o'quv dargohiga ikki gektar yer ajratib, uni xarajatlari uchun ham imkoniyat yaratdi. Bir qancha joylarda shifoxonalar, dorixonalar qurdi, kambag'allarni bepul davolashni yo'lga qo'ydi, hatto ularni bepul dori-darmon bilan ta'minlashni joriy etdi.
Yana eng muhim jihati, Yunnanda ilk bora Rasadxona barpo etdi. “Konfutsiy ibodatxonasi”ni ham qayta qurdi. Ana shu buyuk ishlari tufayli Yunnanda ilm-fan rivojlandi, falakshunoslik, qonunshunoslik va tibbiyot taraqqiy etdi, shuningdek, savdo, hunarmandchilikka e'tibor qaratdi, yo'llar, karvonsaroylar qurishga katta ahamiyat berdi. Islom dinini targ'ib etishga ham e'tibor qaratib, adolatli tadbirlar qo'lladi, chunonchi u masjid qurmoqchi bo'lgan inson avvalambor, maktab qurmog'i lozim, degan g'oyani ilgari surdi va o'zi ham shu qoidaga amal qildi.
Yurtdoshimiz, ulug' ajdodimiz Umar Kamoliddin 1279 yilda 69 yoshida vafot etdi. Xalq uni izzat-hurmat bilan dafn etdi. Mangu qo'nim topgan manzili esa ziyoratgohga aylandi.
Uning Nasriddin va Husayn degan o'g'illari, avlod va ko'plab zurriyodlari ham Xitoy davlatiga baholi qudrat xizmat qilishdi. Va umuman olganda, bu katta tarix, birgina maqolada ularning amalga oshirgan ulkan ishlarini to'la ko'rsatishning iloji yo'q. Lozim bo'lsa, keyingi maqolalarda ular haqida alohida to'xtalib o'tamiz. Ayni paytda esa biz sizlarga yana bir buyuk yurtdoshimiz, Xitoy davlati tarixida katta iz qoldirgan Mahmud Chjen haqida hikoya qilmoqchimiz, zero, bunisi yanada qiziq, yanada hayratlanarlidir.
Mahmud Chjen hozirgi Xitoy Xalq Respublikasining Yunnan o'lkasidagi Kun'yang viloyatida tug'ilgan. Ota-bobolarining bari “hoji” bo'lishganligi bois, ularni “xojamlar” deb atashgan. Otasini xitoyliklar Milijin, Ma deb chaqirishgan. Ma'lumki, xitoy ieroglifida Ma sharifini yozish uchun buyuk ot ieroglifidan foydalanishadi. Mahmud, Muhammad, Mansur singari musulmonlar ham “Ma” deb ataladi. Shu bois, otasining ismi Muhammad bo'lgani aniq. 1381 yilda 39 yoshida vafot etgan. Bu paytda Mahmud 12 yoshda edi.
Onasi Venlar avlodidan edi. Oilada oltita farzand bo'lib, ulardan ikki nafari o'g'il farzandlardan edi. Mahmudning akasini Venmin, deb atashgan.
Dastlab Mahmudga Pekin hokimi Chju Li e'tibor qaratadi. Bir tomondan, alpomishsimon kelbati, serg'ayrat, farosatli, o'tkir zehni va kuchli irodaga ega ekanligi, ikkinchi tomondan, ota-bobolarining Xitoy davlati uchun sadoqat bilan xizmat qilganliklari ham hokim janoblarining nazaridan chetda qolmagan edi. Va xuddi o'ylaganidek, yosh Mahmud uning hokimiyat uchun olib borgan kurashlarida juda katta yordam ko'rsatadi. Nihoyat, uzoq kurashlardan so'ng Chju Li hokimiyat tepasiga keladi. Va o'zini ChENGZU (1404-1424) deb ataydi. 1404 yilning boshida o'ziga yordam ko'rsatgan barchani mukofotlaydi. Mahmudga o'z qo'li bilan ieroglifda “Chjeng”, ya'ni “eng hurmatli”, “olijanob” so'zini bitib, unga shu yuksak unvonni beradi. Shu tariqa u Mahmud Chjen nomi bilan tarixga kiradi.
Buyuk vatandoshimiz Mahmud Chjen haqidagi Xitoy manbalarida aytilishicha, Chju Li hokimiyat uchun kurashayotgan kunlarda Mahmud Chjen jangovar harbiy kemalarni boshqarishda juda uddaburon va qobiliyatli ekanligini namoyon etgan. Shu bois, davlat ishlariga kirishgan Chju Li uni Xitoy harbiy flotining qo'mondoni etib tayinlaydi va unga dastlab 67 ta, so'ngra 249 harbiy kemalarini ishonib topshiradi.
Uning dastlabki dengiz safari 1405-1407 yillarda amalga oshiriladi. 63 ta kemada 27 ming kishi bilan yo'lga chiqqan Mahmud Chjen Indoneziya orollariga yetib boradi. Kemalarining uzunligi 59,5, eni esa 14,5 edi. 1409-1411 yillarda 250 ga yaqin harbiy kema bilan Hind yarim orolining g'arbiy qirg'oqlarigacha, 1413-1415 yillarda Fors ko'rfazidagi yirik savdo markazi Xormosgacha, 1416-1419 yillarda Afrika qit'asining sharqiy qirg'oqlarida joylashgan davlatlargacha yetib boradi va zimmasiga yuklangan harbiy va savdo xizmatlarini a'lo darajada bajarib, hech bir talafotsiz holda Xitoyga qaytib keladi. Shu bilan birga, u o'z diniga bo'lgan e'tiqodini ham o'rniga qo'yadi. Chunonchi 1430-1432 yillarda 61 ta kemada qariyb 28 ming kishi bilan amalga oshirilgan rejasi “Makka safari” nomi bilan atalgan edi. Kemalar Saudiya Arabistoniga yaqinlashganda, Mahmud Chjen kemalarda xizmatda bo'lgan bir qancha musulmonlarni hajga yuboradi.
Mahmud Chjenning vafoti 1433 yilda deb aniq qayd etilgan. Bu paytda u 64 yoshda edi. Uni juda katta izzat-hurmat bilan Xitoyning Nankindagi qabristonga dafn etishgan. Va unga bo'lgan hurmat shu bilan tugagan emas. 1985 yilda Xitoyning buyuk dengiz elchisi, yuksak martabali saroy ayoni bo'lgan Mahmud Chjenning ilk dengiz safariga 580 yil to'lishi munosabati bilan uning mangu qo'nim topgan manzili qayta ta'mirlanib, xotirasiga yuksak ehtirom ko'rsatilgan edi.
Xalq ta'biri bilan aytganda, bu xamir uchidan patir! Chunonchi Xitoy davlati rivojiga ulkan hissa qo'shgan buyuk ajdodlarimizning har biri haqida alohida yozsak arziydi. Va ular haqida qayta-qayta yozishga ma'nan haqlimiz va bu e'tiroflarimiz bugungi avlod qalbida yangicha g'urur, vatanparvarlik tuyg'ularini uyg'ota oladiki, bu jarayonni nazardan chetda qoldirmasligimiz kerak. Chindan ham, Xitoyda faoliyat yuritgan astronom va geograf olimlar Jamoliddin Buxoriy, Kamoliddin Buxoriy, Muhammad Buxoriy, Shayx Muhammad Kosoniy, Shayx Ali Imomaddin Buxoriy, yana bir yurtdoshimiz Ma Ju Chin – Yusuf ismli faylasuf olim hamda yana bir hokim Ahmad Fanokatiy haqidagi ma'lumotlarni o'rganish va bu manbalarni xalqimizga yetkazish uchun ularga jiddiy e'tibor qaratish lozim.
Maqolaga nuqta qo'yishga oshiqayapman-u, ammo Umar Kamoliddin ajdodimizning xitoy dehqonlari bilan soliq oldi-berdisi haqidagi zukko tadbiri ko'z oldimdan ketmayapti. Bitta hokimning adolatli qarori butun boshli xalqni Vatanga bo'lgan mehrini oshirib yuboradi, aksida esa, bitta zulm yurtda katta nafratni vujudga kelishiga sabab bo'ladi. Tarix nima uchun kerak, degan safsata sotayotgan kimsalarga ham bu yaxshigina saboq bo'lishi kerak deb o'ylayman. Bizdan keyin taraqqiy etgan Vatan qolsin, xalq bizdan rozi bo'lsin, degan yurtdosh borki, bunday tarixiy manbalardan saboq chiqara bilishi kerak.
To'lqin HAYIT,
O'z FA Temuriylar tarixi
davlat muzeyining
katta ilmiy xodimi