Urush Usmon ota taqdirida
Noxush xabarni kimdan eshitdi?
1941 yilning 21 iyun subhidamida urush boshlagani haqida radio xabar berdi. Noxush voqeadan O'zbekiston ham ogoh bo'lgan. Biroq respublikaning o'sha vaqtdagi birinchi rahbari Usmon Yusupov bundan hali bexabar – u Toshkentdan uzoqda, g'alla masalalari bo'yicha tog'li Nurotada edi.
Cho'l zonasida uning mashinasi yurib boryapti. To'satdan o'q ovozi eshitildi. Ovchi, deb o'yladi birinchi kotib, to'rg'aynimi, yovvoyi echkinimi nishonga olyapti chog'i.
Ammo o'q ovozi ustma-ust takrorlangach, bezovtalandi. To'xtat, dedi haydovchiga. Shoshib mashinadan tushib, o'girildi-yu…
Ular tomon usti ochiq mashina tez harakatlanar, kimdir tik turgan holda oq furajkasini boshi ustida aylantirardi. Usmon Yusupov uni tanidi – Samarqand viloyati partiya komitetining sekretari Chikovani.
U:
— Urush, Usmon Yusupovich, – dedi iztirob bilan. – Sizni Moskva so'rayapti.
Bekorga “ota” demasdilar
Urush ketyapti. Front orti – ikkinchi front. Birinchi kotib goh Toshkentda, goh Angren yo Yangiyo'lda.
Ana, u baraklar oralab yurib boryapti. Issiq ko'rinarkan: “E, Usmon otamizmi?” – ko'zlariga ishonmasdi odamlar.
U ishchilar oshxonasiga kirar, cho'mich bilan qozonni kovlar va…
Asabi buzilan holatlar ko'p bo'lgan: “Kartoshkasi qani? Oshpazni chaqiring!”
Tun bo'yi ishlab, tonggacha Markazqo'mda qolib ketishiga oila a'zolari ko'nikib qolishgandi.
Toshkentning Gogol ko'chasida oddiygina uyi bor edi. Allamahalda eshikni ochganida qizalog'i Inna “dadajon!” deb bo'yniga osilar, bir ahvolda qaytgan otaning charchoqlarini tarqatardi.
“Sovqotdim!”, derdi qizcha.
Eski mebellar bilan jihozlangan nimqorong'u uy haqiqatan sovuq edi. Otaning otashin bag'ri isitardi murg'ak vujudni.
Olovli mehridan ko'chada qolgan bolalar, yetim-esirlar ham bahramand bo'lishgan. Katta o'g'li Leonid frontda, Sobir Rahimov boshqarayotgan harbiy qismlarda xizmat qilar, o'zi ko'chalarda daydib yurgan, vokzal ichidagi xaraklarda cho'zilib yotgan bolalar va o'smirlar, soch-soqoli o'sib ketgan daydi-yu bekorchilar qismatiga befarq qaramasdi. “Kimsan, qaerdansan, nima qilyapsan bu yerda? Eh,bolam, eh…”
Kattaroqlar ishga, kichiklar “bolalar uyi”ga jalb etilardi.
U Viktor ismli hech kimi yo'q sarson yigitni uyiga olib keldi. Harbiy bilim yurtiga kirishiga ko'maklashdi. Viktor leytenant unvoni bilan frontga jo'nadi, g'alabaga hissa qo'shdi.
Bir kuni temir yo'l stansiyasida uxlab qolgan bir qizni ko'rdi. “Qiz bola ham shu ahvolda yotadimi? Qanday zamonlar bo'ldi, a?”
Tojik millatiga mansub qizning onasi o'lgan ekan, otasi frontda. Qiynalganidan kelaveribdi boshi oqqan tomonga. “Uni boqqa olib boring, supuruvchi qilib qo'ya turinglar”.
Sanoat xalq komissariatida xizmat qiladigan rafiqasi Yuliya Leonidovna ham bolajon edi. Ayolning bir qadami – bolalar uyida. Bir qizcha onasiga o'xshatib “oyi!” deb chaqirdi-yu, uning vujudi his-hayajonga to'ldi.
Yuliya har bir ishni turmush o'rtog'ining roziligi bilan qilar, ammo bu gal maslahatlashib o'tirmay yetim qizni to'g'ri uyiga olib keldi…
Yetim-esir va mehrga zorlar bejizga “ota” demasdi Usmon Yusupovni.
Usmon Yusupov va Aziz Qayumov
Usmon otaning bag'rikengligi mashhur akademik Aziz Qayumovni ham chetlab o'tmagan.
Birinchi rahbar Qo'qonga kelganida Charxiy domla qobiliyatli yosh shoirlar ishtirokida “choyxo'rlik” uyushtirdi. 18 yoshli Aziz ham bor edi qatorda. Ustozining ishorasi bilan u paxtakorlar qurultoyiga bag'ishlangan o'z she'rini o'qidi. Uzundan-uzoq, ancha zeriktirarli edi she'r. U. Yusupov dedi: “Biz shoir emasmiz, albatta, lekin tuzukroq urinib ko'rsak, shunga o'xshash narsani yoza olardik. Boshqasini o'qi!”
Aziz Qayumov bu gal g'azal o'qidi. “Bunisi ma'qulroq, qaerda o'qiysan?”
Aziz mahalliy charm texnikumida o'qiyotganini aytgandi: “Ilojsizlikdan o'qiyotgani ma'lum, dedi Usmon Yusupov shahar partiya komiteti mas'ullariga, adabiyotga shavqi bor, Toshkentga jo'nating, o'z sohasida o'qisin…”
Aziz 3 so'm pul bilan Toshkentga jo'nadi, birinchi rahbarning huzurida bo'ldi, uning maslahati bilan Do'rmon yordamchi xo'jaligida bir muddat bog'bon sifatida ishlab, hozirlik ko'rib, ToshdU (hozirgi O'zMU) ning sharqshunoslik fakultetiga o'qishga kirdi.
Bir zanjirning ikki halqasi
Hamma narsa frontga!
Janggohlarga qurol-yaroq va o'q-dori yetkazib berish harbiy burchimiz, derdi Usmon Yusupov.
Faqat aslaha kerakmi mamlakatga? Paxta-chi? G'alla-chi?
Harbiy zavod ham, paxta ham, don ham kerak. Har bir donni hisobga olish – hayotiy ehtiyoj, paxta hosili uchun kurash bilan frontda hujumga o'tish – bir zanjirning ikki halqasi, – tushuntirardi Usmon ota.
Xonasidan joy berarkan deb…
Xonasidan joy berarkan deb, “Toshkent – non shahri” ekan deb hay kelishyapti, azamatlar. Oxiri nima bo'ladi?
Hammasi yaxshi bo'ladi, der edi Usmon ota, bir amallab bu kunlarni ortda qoldirsak, marra bizniki.
U kunlarni ortda qoldirish oson kechmasdi. O'zi yemay yedirgan, kiymay kiydirgan yerli xalq avj olgan kissavurlik, “bebosh kelgindilar”ning jabrini ham tortdi.
Toshkent “bedarvoza shahar”ga aylandimi?
— O'rtoq Yusupov, Toshkentda keraksiz elementlar to'lib-toshib ketdi, eshelonlarni nariroqqa jo'nataylik?
— Qayoqqa? – lov etib yonardi birinchi kotib, – Rim papasigami?!
Va u darhol o'zini qo'lga olar, yonidagilarni vazminlikka chaqirar, sharoit shuni taqozo etayotganini qayta-qayta tushuntirardi.
Kimdir:
— Shundoqku-ya… – dedi tabassum bilan, – urush ketyapti deb kelaverishsa, kiraverishsa, kabinetni ham bo'shatib, o'zimiz ko'chada qolmaymizmi?
Birinchi kotib jiddiy edi:
— Idoralarni siqishtiramiz. Stullarimizni yo'lakka opchiqamiz, loaqal bitta xonani bo'shatamiz, vaqtincha kapalar quramiz.
— Kapalar quramiz?
— Hammamiz “jangchi”miz hozircha. Mudofaa uchun zarur bo'lsa Xalq Komissarlari Sho'rosi bilan MK binosini ham harbiy zavod uchun moslashtirishga tayyor turamiz!
Men arz qilaman!
Umrini darig' tutmay, ko'p ishlar qilgan – ulgurgan va uddalagan g'amxo'r siymo o'z sog'ligi haqida o'ylashga vaqt topolmasdi go'yo…
1944 yilning kuzi, dushman sovetlar chegarasidan quvib chiqarilgan, lekin betanaffus ish va tashvishlarning chek-chegarasi hali ko'rinmayotgandek. MK ning navbatdagi byurosida birinchi kotib hushidan ketib qoldi…
Tibbiyot fanlari doktori Katsenovich unga qarar, oila a'zosidek munosabat qilardi. Lekin bir kuni, uch-to'rt kun o'tar-o'tmas U.Yusupov yana koridorda paydo bo'lgach:
— Men arz qilaman! – dedi asabi buzilib. – MK sekretari bo'lganingiz uchun istagan narsamni qilishim mumkin, deb o'ylaysiz shekilli. Yotib dam olish, muolaja me'yoriga rioya qilish kerak-ku?
Past bo'yli, semizligiga qaramay U.Yusupov chaqqon-tetikligi bilan hammaning havasini keltirardi. Yotib qolishiga nima sabab bo'ldi?
— Undan ko'ra “kasal bo'lishning mavridimi?” deb jerkib bering. Urush ketyapti-ku. Uff, bu kasofat qayoqdan ilakishdiykin?
— Balki Bekobodda. Balki Farxodstroyda… Lekin kasallikmas, o'zimiz aybdormiz, – dedi Katsenovich. – A'zoyi badanning ham uvoli bor.
Toshkent urush yillarida
Qiyinchilikka qaramay, 1941-1945 yillar adabiyot, san'at, madaniyat to'xtab qolmadi, kinolar olindi, ilm ravnaq topdi, kitoblar, gazetalar chop etildi. Teatrlar tomoshabinga to'la, birinchi kotib premyeralarga qatnar, mulohazalar bildirishga ulgurardi.
Toshkent nafaqat “yirik aslahaxona” – harbiy sanoat markazlaridan biri, balki ilm, adabiyot, madaniyat markaziga ham aylangandi. SSSR Fanlar Akademiyasi bir necha institutlari (400 ta olimi bilan), Belorusiya FA, Leningrad konservatoriyasi, Franko nomidagi Ukraina akademik drama teatri, Moskvadagi davlat yahudiy teatri endi respublikamiz markazi Toshkentda faoliyat olib borar, Aleksey Tolstoy, Anna Axmatova, Yakub Kolas singari buyuk adiblar shu yerda ijod qilar, har bir mehmon o'zbek xonadonini o'z uyidek bilar, oddiy xalq o'z mehmoni oldida odamiylik san'atini namoyish etardi.
Muqimiy teatri ham o'sha vaqtlar bunyod etilgan. Poydevor qo'yilayotganda: “G'alabaga bo'lgan ishonchnigina yodgorligi bo'lib qolmay, bu bino arxitektura, binokorlik nuqtai nazardan ham namuna bo'lishi kerak”, degandi Usmon Yusupov.
Usmon Yusupov bir qancha yuksak ordenlar bilan mukofotlangan edi. Tabiiyki bu orden va medallar o'sha sobiq Ittifoq davrining eng obro'li mukofotlaridan edi. Albatta, Usmon Yusupov ham o'sha davrning odami edi. Lekin u xalqimiz uchun tinim bilmay ishlagan rahbar, fidoyi zot edi. Bugun istiqlol zamonida o'zligimizni, tariximizni yanada chuqur bilish uchun ham ularni unutmasligimiz, qanchalik qattol siyosat zamonlari bo'lsa-da, o'sha og'ir davrlarda ham shu yurt, Vatan, el taqdiri uchun tinim bilmay umrini, hayotini baxshida etgan otalarimizni yod etish burchimiz.
Muhammad ShODIY