Amir Temur va To'xtamishxon

To'lqin HAYIT

(esse)

Sohibqiron Amir Temurning To'xtamishxonga qarshi jangi haqida o'qib chiqdim. Amir Temur bu jangda yettita usulni qo'llagan ekan. Jasorati, o'z askarlarini mardonavor tarbiyalashi bilan birga, janglarni ham o'zi boshqargan. O'zim uchun bu yangilik bo'ldi. Keyin kimdir shu jang usulini o'rgangani bilan qiziqdim. Hech kim o'rganmagan ekan. Eng avvalo, bobolarimizning usullarini o'rganishimiz kerak.

Shavkat MIRZIYOYEV,

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti

Chindan ham, bu tarixni o'rganish kerak.

Turon sultoni Sohibqiron Amir Temur bilan Oltin O'rda xoni To'xtamishxon o'rtasida sodir bo'lgan jang shunchaki oddiy voqea emas, uning zamirida Amir Temur shaxsi, harbiy mahorati, insoniyligi, shuningdek, sadoqatli safdoshlari, bahodir jangchilarining yuksak ma'naviy qirralari, o'zga xalqlarni yangi mo'g'ul-tatar asoratidan saqlab qolgani va boshqa ezgu ishlari mujassamki, uni o'rganish, tahlil etish, qiyoslash bizga juda katta ma'naviy-axloqiy davlatchilik saboqlarini beradi, zero, dunyoni adovat emas, adolat qutqaradi, qolaversa, gap kuchda emas, ko'p jihatdan bandasining haqiqatiga ham bog'liqdir. Agar shunday bo'lmaganda, harbiy jihatdan ustun bo'lgan To'xtamishni yengish aslo mumkin emasdi.

KUCh VA ADOLAT MASALASI

Agar dunyodagi harbiy kuchlar tarixiga nazar tashlaydigan bo'lsak, ko'ramizki, kuch va adolatni birlashtirishda Iskandar — Aleksandr Makedonskiy ham, Atilla ham, Napoleon ham, Chingizxon ham to'la maqsadlariga yetolmadilar va shu tariqa zamonlar osha bu masala asrlar yelkasida og'ir yukday osilib turaverdi. Zero, Sohibqiron Amir Temurga donishmand Zayniddin Toyobodiy tomonidan “Rosti-rusti” degan ulug' hikmat bitilgan oltin uzukning sovg'a qilinishi behuda emasdi. Jismoniy olam bilan ruhiy dunyoning uyg'unligiga erishishni inoyat deb qarash kerakmi yoxud bu o'rinda asosiy omil insonning o'zimi? Albatta, bu savolga juda ko'plar javob izlab ko'rishgan va o'z xulosalarini ham berishgan. Modomiki, biz boy tariximizning o'tmish mafkurasi taqiq etgan eng nozik qirralariga bugun xalqimiz nuqtai nazari bilan baho berishga intilayotgan ekanmiz, Amir Temur dahosining ruhoniyat bilan bog'liq jihatlariga alohida to'xtalib o'tishimizga to'g'ri keladi. Chunki buyuk hukmdorning barcha sa'y-harakatlarida samo va Yer qonunlaridan tashqari chiqmaslik ko'zga tashlanadi, xususan, uning To'xtamishxonga ko'rsatgan otalarcha iltifotlari, uning hatto bir necha xiyonatlarini ham kechira bilishi zamirida juda katta mohiyat borki, bularni tilga olmasdan o'tish mumkin emas.

O'tmish saltanatlarning tarixidan ma'lumki, g'alaba uchun jangovar muntazam armiya, zamonaviy qurol-yarog'lar, yetarli mablag', puxta taktika va strategiya, eng bilimdon sarkardalardan iborat kuchli markaz, ya'ni bosh qo'mondonning haqiqiy ishonchi va suyanchi bo'lgan aqlli “miya” va yana boshqa narsalar juda-juda zarurligi yaxshi ma'lum. Ammo baribir, ulardan farqli o'laroq, Sohibqiron Amir Temurning yengilmas jihati, Allohga yoqqan xislatlari, sa'y-harakatlari nimalardan iborat bo'lganiga diqqat qilmoq zarurdir:

uning birinchisi va eng muhimi — insonga muhabbatdir. Chunki xalq qudratli kuch, unga mehringni bersang, o'zi seni boshiga ko'taradi va har so'zingga “labbay”, deb javob beradi. Amir Temurda shu xislat bor edi. U eng og'ir lahzalarda ham, 27 davlatni birlashtirib, buyuk hukmdor darajasiga yetganda ham hatto eng quyi tabaqa askarining muammosi, dardiga sherik yashadi, chunonchi, janglari tafsilotlarini ko'zdan kechirib, xulosaga keldimki, uning qat'iy qoidasi mavjud bo'lgan. Masalan, u askarlarini halok etgan har qanday dushmanni darhol qattiq jazolagan, jang maydonida mardlik ko'rsatgan sarbozlarini esa darhol mukofotlagan, hatto halok bo'lganlarining oilasiga yordam qo'lini cho'zgan. “Navkarlarining o'z hukmdoriga muhabbati, sadoqati benihoya yuksak edi” (Mahkam Abdurahmonov. Temur va To'xtamish. Toshkent, G'.G'ulom, 2000, 16-b., 80v.). Bu maqtov emas, buyuklarning haqiqatini ham tan ola bilish kerak. Ularda ziddiyatli holatlar, ba'zi xatolar, tabiiy zarurat tufayli noo'rin xatti-harakatlar bo'lishi tabiiy, ammo baribir, Amir Temurga o'xshagan hukmdorlar dunyoda barmoq bilan sanarlidir. Tariximizda shunday hukmdor o'tgani biz uchun sharaf, albatta;

ikkinchi jihati — inson ehtiyoji bo'lib, Amir Temur bu borada ochko'z hukmdorlarning xatosini takrorlagan emas. Zero, har bir inson ehtiyoji har qadamda, ayniqsa, hukmdor uchun birinchi masaladir. Shu bois ham Amir Temur har bir askari ehtiyojini o'zining har qanday manfaatidan ustun qo'ya bilardi. Lozim paytlarda askari, do'sti, o'zga hukmdorlardan hech narsasini ayagan emas: masalan, yetti yillik yurishga otlanganda, har bir askarining yetti yillik maoshini oldindan bergani ham bor haqiqat. Bunday ibratli jihatlari shunchalik ko'pki, ularni sanab adog'iga yetolmaysiz;

uchinchi omil shuki, Amir Temur o'z qo'shinida shu darajada adolatni o'z o'rniga qo'ygan ediki, uning barcha tadbirlari, o'ylari, orzularining muvaffaqiyati ana shu odilligining natijasi edi, desak, yanglishmaymiz. Muarrix Natanziy yozadiki, Amir Temur mamlakatda adolat o'rnatishda shu qadar jiddu jahd qilgan ediki, kerak bo'lsa, fil pashshaga salom berardi. Klavixo yozadiki, uning behisob askarlari, ustalari yuzlab chodirlardan chaqqonlik ila katta shahar barpo etarkanlar, harakat paytida biror baqir-chaqir, shovqin-suron eshitilmas, har bir kishi o'z ishini bilib, puxta bajarar edi. U zot har bir yurishining va jangning strategiyasini ipidan-ignasigacha jiddiy ishlab chiqar, ya'ni jang taqdiri oldindan hal qilib qo'yilgan bo'lardi. Har bir jangchisi shiddat bilan jang qilib, elu yurt bergan non haqini oqlasa, bee'tibor qolmasligini ham yaxshi bilar, qarib qolsa, davlatdan nafaqa olib, doimo izzatda bo'lishi naqd ekanini ham yodidan chiqarmasdi.

Xullas, Sohibqiron Amir Temur kuch va adolatni birlashtirgan zot ediki, haqni aytganda, bugun ham uning “Kuch — adolatda” shiori juda yoqimli jaranglab, qalbga sof insoniy tuyg'ularni oshno etadi. Uning To'xtamishxonga bo'lgan munosabatida ham biz yuqorida sanagan va yana tilga olmagan barcha ezgu xislatlari namoyon bo'ladi, ochiq ko'zga tashlanadi.

SOHIBQIRONNING ILTIFOTI

Katta amaldorlarni qo'ya turing, oddiy kishi ham qiyin, murakkab vaziyatlarga tushib qolsa, o'ziga adolatli najotkor izlaydi. To'xtamishxon davrida ham mamlakatlar, hukmdorlar ko'p edi, lekin uning nima uchun yordam so'rab aynan Amir Temur huzuriga kelganida juda katta ma'no bor. Chunonchi, O'rusxon tomonidan kutilmaganda To'yxo'ja o'g'lonning qatl etilishi uni juda sarosimaga solib qo'ydi. Otasi To'yxo'ja o'g'londek panohidan ayrilgach, birinchi navbatda, o'ziga iltifotli hamkor izlab, dunyoning to'rt tomoniga ko'z tikkani ham rost. Xo'sh, o'shanda kimning huzuriga bosh urib borishi kerak edi? Misr yo Rumga, Chinga yoxud farang qirollarigami?! Donishmand no'yonlar, yulduzni benarvon zabt etuvchi ko'ragonlari bilan maslahat qilganda, barisining fikri bir joydan chiqib: “Faqat Turon sultoni Amir Temur joningizga ora kirishi mumkin!” degan qarorda to'xtashdi. “Turonliklar bag'ri keng odamlar, hatto ostonasiga yordam so'rab kelgan g'animini ham yuksak hurmat bilan kutib oladilar. Mehmon ular uchun atoyi Xudo”, degan gaplarni ham aytishdi. O'zi ham eshitib yurgani borki, Amir Temur degan zot juda iltifotli emish, haq gapni aytsa, o'ziga do'st qilib olishi aniq ekan.

O'z navbatida, Amir Temur Jo'ji ulusida kechayotgan voqealarni ziyraklik bilan kuzatib borar, sanoqsiz ayg'oqchilari, xufiyalari ham deyarli har kuni bu ulusda bo'layotgan har bir voqeani o'z paytida yetkazib turishardi. Chunki Shimoliy Xorazm va Oq O'rda Turon davlatiga chegaradosh bo'lib, mo'g'ullarning uzoq mustamlakachilik siyosatidan so'ng, qayta ko'z ochgan mamlakat hukmdori uchun ularning dushman emas, hamkor va bir bo'lishi har jihatdan manfaatli edi. Boshqa tomoni, Mo'g'uliston (Sharqiy Turkiston) hukmdori Qamariddin xavfi kuchayib, unga qarshi yurish zarurati ham tug'ilgan edi. To'xtamishxonning kelayotganini eshitgach, yurishni orqaga surib, uni kutib olishga tayyorgarlikni boshlab yubordi.

Nizomiddin Shomiy bu voqeani quyidagicha bayon etgan:

“To'xtamishxon kelganda, beklar uni Temurbek qabuliga olib kirishdi. Hazrati oliylari uni yetarlicha hurmat-ehtirom bilan qarshi oldi. Samarqandga borgach, uning sharafiga katta shohona ziyofat berildi. Unga va yo'ldoshlariga qimmatbaho sovg'a-salomlar ulashdi: tilla va qimmatbaho bezaklar, mol va gazmol, ot va xachirlar, chodir, nog'ora va bayroq hamda jangovar qo'shin berdi. O'tror va Sabron viloyatiga hokim etib tayinladi”.

Bundan ko'rinadiki, Amir Temur unga haddan ziyod iltifot ko'rsatgan. Tarixiy voqealardan bilamizki, goho shoh ota o'z o'g'lini ham bunchalik siylamagan.

Xo'sh, To'xtamish shuncha katta siylovga munosib javob qaytara oldimi? Yo'q, albatta! G'animi bo'lmish O'rusxon uni bir zarbadayoq mag'lubiyatga uchratdi. Oqibatda To'xtamishxon hech bir uyalmay, yana Amir Temur huzuriga panoh izlab keldi. Boshqa ziqna hukmdor bo'lganda, shuncha katta kuch va yordamini havoga sovurgan bunday kimsaning boplab adabini berib qo'ygan bo'lardi. Ammo Amir Temur uni avvalgidan ham yaxshiroq qarshi olib, hurmatini joyiga qo'ydi: yana katta qo'shin berib, “in'om etilgan” viloyatlarni egallashga yubordi.

Lekin bu gal ham taqdir uni qattiq jazoladi:

To'xtamishxon o'zining eski raqibi O'rusxonning o'g'li To'xtaqiyadan chunonam zarba yediki, baqo olamiga jo'nashiga bir baxya qoldi. Ammo ajali yetmagan ekan, Sirdaryo bo'yidagi qamishzorga kirib yashirinib, jon saqladi.

Amir Temur uni yana hurmat bilan qarshi oldi va qo'shinini yetarlicha qurol-yarog' bilan ta'minladi.

Bu orada O'rusxondan elchilar kelib, To'xtamishni topshirishni so'rashdi. Lekin Amir Temur bir so'zli inson bo'lgani uchun o'z ittifoqchisini himoya etib, ularga rad javobini berdi. Hatto bu gal o'zi uni jangga boshlab borishini ham baralla aytdi.

O'sha yili qish qattiq keldi.

O'rusxon ulkan qo'shini bilan Sig'noqni makon tutdi.

Amir Temur O'trorga kelib, qarorgoh ko'tardi. Lekin qish-qirovli kunlarda ikki tomon ham uch oy davomida jangga kirolmadi. Shu bois davlatchilik yumushlari ko'payib ketib, ularni hal etish uchun Amir Temur Keshga qaytishga majbur bo'ldi.

1375 yil O'rusxon uchun omadsiz keldi, avval uning o'zi, so'ngra o'g'li To'xtaqiya vafot etdi. Uning o'rniga Oltin O'rda taxtiga Temur Malik ismli o'g'li o'tirdi. U ham otasidek kuchli lashkarboshilardan edi.

To'xtamish jangga kirib, g'alaba umidida yaxshi jang qildi, ammo har jihatdan kuchli bo'lgan Temur Malik undan ustun kelib, ketma-ket zarba berib, tinkasini quritdi. Amir Temur sovg'a qilgan uchqur ot joniga ora kirmaganida, bu safar To'xtamishxonning dorilbaqoga ravona bo'lishi aniq edi. Xullas, uchinchi jangda ham u chilparchin bo'lib, yana Amir Temur huzuriga yetim kimsadek bosh egib keldi. Albatta, Amir Temur yana hotamtoylik qilib, unga behad katta iltifot ko'rsatgani tarixdan ma'lum.

1376-77 yil qish oyida Amir Temur o'zining eng jangovar beklari: Tuman Temur o'zbek, Baxti hoji, O'rik Temur, G'iyosiddin Tarxon, Qovchin bangilarni jangga tayyorlab, To'xtamishxon qo'shini safida Sig'noqqa jo'natdi. Bu safar shaxsan Amir Temurning o'zi tuzgan puxta reja ish berib, To'xtamishxon Turon beklari yordamida Temur Malik qo'shini ustidan g'alaba qozondi va 1380 yilga kelib, Jo'ji ulusini batamom fath etdi.

Ammo netongki, To'xtamishxon har tomonlama kuchayib olgach, o'z homiysi, suyanchig'i bo'lgan Amir Temurga adovat ko'zi bilan qarab, unga tish qayray boshladi, shuncha qilgan yaxshiliklari va iltifotini tez unutdi. Endi u Yevropani Old va Markaziy Osiyo bilan bog'lab turuvchi yirik va muhim savdo yo'llariga ega edi, ya'ni Rus janubidan Qora va Qulzum (Kaspiy) dengizi sohillari bo'ylab o'tuvchi savdo karvonlaridan keladigan daromadlar uning xazinasini to'ldira boshlagandi. Ammo och odam qancha topsa, yana shuncha ko'p topishni xohlaydi, chunonchi, endi To'xtamishxon ikkinchi savdo yo'li — Kaspiydan janubroqdagi Shom va Kichik Osiyo — Kavkazorti, Eron, Samarqand orqali o'tuvchi savdo yo'liga ham ega chiqishni xohlab qolgandi. Bu borada Amir Temur bilan bemalol bamaslahat ish tutishi mumkin emasmidi?! Mumkin edi, ammo baxil kimsa bo'lgani uchun hatto o'z homiysi Sohibqiron Amir Temurning o'limini istab turardi. “Birovga o'lim tilaguncha, o'zingga umr tila!” deydi xalqimiz. Biroq, To'xtamishxon hatto boy Tabriz shahrini qo'lga kiritib, Amir Temurning bu yerlarga uzatgan qo'lini tamom kesib tashlashni, boz ustiga, Dashti Qipchoqning shimoliy qismini ham egallashni reja qildi. Agar u maqsadiga erishsa, xuddi Botu va Berkaxon singari Turon davlatining ichki ishlariga aralasha olardi. Boshqa bir sabab, To'xtamishxon Oltin O'rdaning oldingi mavqeini tiklashni istagan edi. Jumladan, Xorazm ham XIV asrning 60-yillariga qadar Oltin O'rdaning Sharq mamlakatlari, xususan, Markaziy Osiyo va Xitoy bilan savdo-sotiq aloqalari borasida muhim o'rin tutgani bois, u yerda o'z hokimiyatini tiklamoqchi, yana o'zining malaylari bo'lmish so'filar avlodlarini Xivaga qaytarmoqchi edi. Xorazmning Oltin O'rda uchun muhim strategik makon ekanligi to'g'risida ibn Arabshoh o'zining “Amir Temur tarixi” asarida: “Sayohatchilarning ot-aravalari Xorazmni chetlab o'tmas, ular hech qanday xavf-xatarsiz holda Qrimga qadar bemalol yetib olardilar”, deb yozgan edi. Voqealardan ko'rinadiki, ikki o'rtadagi “ota-bola” munosabatlarining ziddiyatga aylanishida To'xtamishxonning xiyonati, uning o'z manfaati uchun insongarchilikni yig'ishtirib qo'yib, manmanlikka berilishi, Oltin O'rda xonligining yana buyukligini ko'rsatmoqchi bo'lgani asosiy sabablar, deb ko'rsatish mumkin.

Boshqa tomondan, Amir Temurning Eronga yurish qilish niyati yo'q edi. 1386 yil boshlarida To'xtamishxonning 90 ming qo'shin bilan Darband orqali Tabrizga o'tib, uni talab, vayron qilgani hamda Ozarbayjonning boshqa shaharlarini ham g'orat qilib, so'ng ortiga qarab ketgani uni hushyor torttirdi. Zukko hukmdor bunday qaltis ishlarga bee'tibor qaramaydi. Masalan, Qo'qon xoni Xudoyorxon O'rinburunni o'rislar bosib olganda: “Ikki oylik yo'l uzoqlikdagi bir joy ekan, olsa olishibdi-da”, degan mazmunda qo'l silkigan ekan. Ammo Amir Temur o'z poytaxtidan bir necha ming kilometr uzoqlikda kechgan bu voqealarga sira beparvo qaragan emas. Qolaversa, To'xtamishxonning hech bir kelishuv yoxud maslahatsiz qilgan o'zboshimchaligini o'zi uchun haqorat deb tushungan edi. Biz esa uning bu ko'rnamakligini otasi o'rnida qilgan iltifotlariga nisbatan yuzsizlik edi, desak, xato bo'lmaydi.

To'xtamishxon Eronni butunlay zabt etmoqchi edi. Shu bois Amir Temur “uch yillik yurish”ga chiqishga majbur bo'ldi va uning shimol tarafdan Eronga kirib kelishiga to'sqinlik qildi. Mohiyatan, Eronni yangi mo'g'ul-tatar istilosidan saqlab qoldi (Amir Temur jahon tarixida. Toshkent, “Sharq”, 2006, 70-b.)

1387 yili To'xtamishxon kutilmaganda Shimoliy Ozarbayjonga bostirib kirib, ko'p joylarini taladi va juda ko'p odamning yostig'ini quritdi.

Amir Temur zudlik bilan askar yuborib, ularni Ozarbayjondan quvib yubordi. Shu to'qnashuv paytida To'xtamishxonning bir necha taniqli beklari asir olindi. Boshqa hukmdor bo'lganida, ularni qatl etardi, ammo Amir Temur asirlarning gunohidan o'tdi va: “To'xtamishxon bizga o'g'il turur, oramizda ota-bola hurmati bor, unga aytinglar, bunday yomon ishlarga qo'l urmasin”, deya tayinlab, barini ozod etib, ortga qaytarib yubordi (Ali Yazdiy, “Zafarnoma”, Toshkent, 1996 y., 42-b.)

(Davomi kelgusi sonlarda)

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

15 + twelve =