Amir Temur va To'xtamishxon

To'lqin HAYIT

(esse)

(Davomi. Boshi o'tgan sonda.)

XIV asrning 80-yillari Sohibqiron Amir Temur uchun, chindan ham, juda og'ir keldi. 1387 yilda To'xtamishxon Darband darasi tarafdan yurish boshladi. Amir Temur uning yo'lini to'smasa, o'z elu yurti tinchligiga xavf tug'ilishini anglab, zudlik bilan zafaryor qo'shini bilan yo'lga chiqib, Eron Ozarbayjoniga yetib, u yerlarni tasarrufiga oldi va qishni Qorabog'da o'tkazdi.

Ochig'ini aytganda, u musulmon o'lkalarining va bu yerlik xalqlarning mo'g'ul kallakesarlari zulmidan ozor chekishlarini istamasdi. Aslida ham na Ozarbayjon, na Eron va na boshqa musulmon davlatlarini tasarruf etish uning uchun zarurat emasdi. Lekin o'sha zamon sayyidlari uni islom bayrog'ini ko'targan hukmdor, deya e'tirof etgan edilar va shu bois ham Amir Temur bu o'lkalardagi tinchlik va islom ravnaqi uchun o'zini mas'ul deb bilardi. Mustamlakachilik yillarida bu haqiqatni ochiq yozolmagan edilar. Bugun esa biz o'z tariximizning taqiq nuqtalarigacha e'tibor berib, uning shu jihatlarini ham ochiq bayon etish imkoniyatiga ega ekanimizdan faxrlanamiz.

Yana haqiqatni tan olib aytish kerakki, buyuk hukmdor Amir Temur o'zi ko'targan, qo'llagan To'xtamishxon bilan jang qilishni xohlaganmidi? O'sha zamondagi va muarrixlar bitgan barcha bitiklarni titkilab ko'rganimizda, bu savolga “Yo'q!” degan javob chiqib kelaverdi. Chindan ham, orada ixtilof chiqqan zahoti Amir Temur muzokara olib borish uchun To'xtamishxon huzuriga o'zining eng ishonchli dono kishilarini yubordi. Ammo yo'lda dushman taraf ularga hujum uyushtirdi, katta favj bilan Mironshoh yordamga yetib kelmaganida, elchilarga ziyon yetishi tayin edi. Shunday bo'lsa-da, Amir Temur muzokarani davom ettirdi, hatto To'xtamishxonning qo'lga tushgan askarlarini ot-ulov, oziq-ovqat bilan ta'minlab, ortlariga qaytarib yubordi. Bu ham yetmaganday, ularning ortidan ma'yus ohangda yozilgan noma ham jo'natdi va unda To'xtamishxonga “ota-bola” munosabatini yana bir karra eslatib o'tdi. Biroq To'xtamishxon bunga javoban yana xiyonat yo'lini tutdi: Amir Temurning Eron sari uch yillik yurishga chiqqanidan foydalanib, Turon hududiga lak-lak qo'shinni bosqin uchun jo'natdi. Hatto Sulaymon so'fini ham isyonga chorlab, Sirdaryo bo'ylab hujumga o'tdi. Buxoro vayron qilindi, Qarshi shahridan esa faqat kultepa qoldi. Bibixonimning suyukli makoni Zanjirsaroy ham yoqib yuborildi. Shu janglar paytida amirzoda Umarshayx mirzoning qo'shini O'trorda mag'lubiyatga uchradi va o'zining asir tushishiga bir baxya qoldi.

Bu tahlikali shum xabar Amir Temur qulog'iga yetganda, u Sheroz shahrida edi. Vaziyatni teran anglagani uchun ham, qo'shinni zudlik bilan ortga burdi. O'z elu yurtining tinchligi, osoyishtaligi uning uchun birinchi darajali ish deb bilardi, aks holda, u Shayx Nuriddin yoxud Shohmalikka o'xshagan bahodir beklarini dushmanni daf etishga jo'natishi ham mumkin edi.

Dastlab Umarshayx mirzoning O'tror yonidagi mag'lubiyatini taftish qilish uchun maxsus hay'at tayin qilindi. Amirzoda qat'iy so'zli, irodasi mustahkam sarkarda edi. U nufuzli beklardan iborat hay'at oldida o'zini munosib himoya qilib, nomini oqlay oldi. Shuningdek, uch yuz nafar askari bilan Xo'jand yonidagi jangda dushmanni yer tishlatgan Kuch Malikning jasorati munosib baholandi. O'z jasoratlarini isbotlab berolmagan boshqa beklarning soqoli qirib tashlanib, yuzlariga qizil bo'yoq surtilib, boshlariga ulama soch kiygizilib, sazoyi qilinib, Samarqand shahri oralab oyoq yalang o'tishga majbur qilindi (3). Qudalik rishtalarini unutib, isyon ko'targan Sulaymon so'fi esa jazodan qutulish uchun To'xtamishxon huzuriga qochdi.

1389 yilning qishi qattiq keldi. Hech bir sulhga, kelishuvga, iltifotlarga ko'nmagan To'xtamishxon Dashti Qipchoq, Volga bo'yidagi Bulg'or hududidan to'plagan ulkan qo'shini bilan yil oxirida yana hujumga zo'r bera boshladi. Amir Temur qattiq qish paytida o'z qo'shinini avaylash uchun To'xtamishxonga chap berib, uning umidlarini birin-ketin puchga chiqara boshladi. Farg'onadan amirzoda Umarshayx katta qo'shin bilan kelib, ularga qo'shildi. Qish o'tib, havo biroz isiy boshlagach, Amir Temur qo'shinni kechasi harakatga keltirib, Sirdaryo bo'yida dushman bilan to'qnashdi va uni daryoning narigi sohiliga uloqtirib tashlashga erishdi. Biroq To'xtamishxonning zarbdor kuchlari Turon hududiga shimol tarafdan tahlika solib turar, Amir Temur o'troq aholi yashaydigan o'z hududi xarobaga aylanishini, ya'ni o'z xalqiga zahmat yetishini xohlamasdi. Boshqa tomoni, juda kuchayib ketgan To'xtamishxonni daf etish uchun qo'shimcha kuch kerak edi. O'z beklari orqali qo'shin to'plasa bo'lmasmidi, degan savol ko'ndalang bo'lishi mumkin. Bu yerda boshqa bir nozik masala bor edi. Shu bois u Shahrisabzga kelib, qurultoy chaqirdi. Albatta, bazmi jamshid kutilganidan ham dabdabali o'tdi, ya'ni hukmdor qurultoyga kelganlarni juda yaxshi siyladi. Bildilarki, uning qandaydir talabi bor, dabdabali bazmu jamshid shunga ishora edi. O'sha paytlarda ham hukmdorni aldashga urinishlar bor edi. Buni do'q-siyosat bilan bartaraf etib bo'lmasligini Amir Temur yaxshi tushunardi.

Gap shunda ediki, ko'pgina beklar o'z boyliklarini ishlatmaslik uchun qo'l ostlaridagi yaroqli sipohiylar sonini iloji boricha kamaytirib ko'rsatishga harakat qilishardi. Chunki bu narsa sarf-xarajatlarining oshishiga sabab bo'lar, ya'ni to'plangan yangi kuchlar uchun ot, qurol-yarog' va boshqa urush anjomlarini sotib olishga to'g'ri kelardi. Shu sabablarga ko'ra, tumanlardagi sipohiylar soni biroz kamayib ketgan edi.

Amir Temur hukmdorlik mavqeidan foydalanib, kamchiliklarga yo'l qo'ygan beklariga zulm qilib, ularni jazolashi mumkin edi. Inson degani kaltakka chidaydi, ammo zulmni ko'tarolmaydi. Hukmdor buni yaxshi bilar, o'zi ham zulmdan ko'ra odamlarga mehr berishga oshiq edi. Shu bois u quyuq ziyofat uyushtirdi, ya'ni barcha beklarini shohona to'yga chorladi. “To'y degani mehrga, diydorga to'y”, degani. Boshqa tomoni, o'zingning yaxshi tomoningni ham ko'r, degani! Ana shu to'yda beklarining qalbini chog' etgan Amir Temur sovg'a-salomlar bilan birga beklarining har biriga qo'shini safini kengaytirish uchun chiqargan farmonidan bir nusxadan qo'shib ulashdi hamda aytilgan joyga, belgilangan miqdorda sipohiy yetkazib berish haqida ularning har biridan tilxat yozdirib oldi. Bu qonuniy asos edi. Tan berish kerakki, elu yurt taqdiri hal bo'layotgan murakkab pallada ham Sohibqiron Amir Temur zulm o'rniga insoniy yo'lni tutdi. Buni yozmay yoxud bugungi kunga namuna qilib ko'rsatmay bo'ladimi?! Amir Temurni buncha maqtaysizlar, degan kimsalarga, bu aslo maqtov emas, bor haqiqat, degimiz keladi.

1390 yil kech kuzida Amir Temur poytaxt Samarqanddan chiqib, Dashti Qipchoq sari yo'lga tushdi. Xo'jand shahrida shayx Maslahat qabrini ziyorat qilib, shahar ahliga o'n ming kepakiy dinor sadaqa qildi (M.Abduraimov. Temur va To'xtamish. Toshkent, G'.G'ulom, 2000, 24-b.), ya'ni urushga ketyapman, deb xalqni qiynamadi yoxud ortiqcha soliqlar solmadi.

Toshkentga kelgach, xastalikka chalinib yotib qoldi, ammo shaharda obodonchilik ishlari olib borishni va shu yerda turib, turli davlat ishlarini bajarishni kanda qilmadi. Bu orada o'g'li Mironshoh mirzo boshliq qo'shin ham safga kelib qo'shildi.

Amir Temur sog'aygach, avvalo, jamlangan qo'shinni ko'rikdan o'tkazdi, har bir askarga ulufa, maosh berdi. Temur qutlug' o'g'lon, Kunchi o'g'lon, Idigu O'zbekni qo'shinga yo'lboshchi (qilovuz) etib tayinladi. Cho'lpon Malik oqadan boshqa barcha malika va bekzodalarni Samarqandga qaytarib yubordi va 1391 yil 22 yanvar kuni yo'lga chiqdi. Endi pichoq suyakka yetgan, to To'xtamishxonni sindirmaguncha o'ziga ham, yurtiga ham tinchlik, osoyishtalik bo'lmasligini anglagan Amir Temur o'zi pishirgan osh boshiga balo bo'lganini tushunib yetgan edi.

QUNDUZChA JANGI

1391 yilning aprel oyida Amir Temur Ulug' Tog'ga yetib bordi. To'xtamishxon bu safar ham yolg'on va'dalari bilan Turon qo'shinini ortga qaytarmoqchi edi, ammo Amir Temur uning yolg'onlariga uchmadi. Chunki uni bir emas, bir necha marta kechirdi, hatto yurtiga ikki marta bosqin qilganda ham, kechirim maqomida turib, ittifoqchilik uchun nomalar jo'natdi, ammo qoniqarli javob olish o'rniga, yana uning xiyonatlariga duch keldi. Taxtdan mosuvo bo'lgan bechorahol hukmdorni kechirish mumkin, ammo so'zida turmaydigan kuchli raqibning so'ziga sira ishonch yo'q. Kuchli raqib soxtakor bo'ladi, qiyin vaziyatdan chiqib olish uchun yolg'on ishlatishdan qaytmaydi. Amir Temur uzoqni ko'radigan hukmdor bo'lgani uchun ham, To'xtamishxonning kuchini qirqmasa, o'z tug'ilgan yurti, xalqi yana mo'g'ullar asoratiga tushib qolishi mumkinligini teran angladi. Musulmon olami bo'lmish Turonni ham, Eronni ham yovuz va makkor dushman qo'liga berib qo'ymaydi. 1391 yil 28 aprelda Ulug' Tog' cho'qqisiga chiqib, atrofni kuzatar chog'ida sangtaroshlarni chaqirib, katta toshga bu yerdan o'tgan paytdagi sanani naqsh etishni buyurdi. Toshga: “Tarix yetti yuz to'qson uchda, qo'y yili, ko'klamning o'rta oyida Turon sultoni Temurbek uch yuz ming askar bilan islom dini uchun To'xtamishxonning xonligiga yurdi. Shu yerga yetib, belgi bo'lsin, deb ushbu bitikni yozdirdi. Tangri nisfat bergay, inshoollo. Tangri el kishiga rahm qilgay, (fuqaro) bizni duo bila yod qilgay”, deb yozdirdi.

Oradan uch oy vaqt o'tib, qo'shinning zaxira oziq-ovqat ko'chma ombori bo'shadi, hatto ortdan kelayotgan bozor peshtalarining ham “suyagi” ko'rinib qoldi. Qo'shin esa faqat atala bilan kun ko'ra boshladi. Zaxira un ham tugagach, boshbalmoq o'ti qo'shib pishirilgan bir qozoncha atalani oltmish navkarga ulashadigan bo'lishdi.

Qo'shinni bunday qiyin vaziyatdan talafotsiz olib chiqish birinchi galda hukmdorning vazifasi sanaladi, albatta. Amir Temur ikkilanib o'tirmasdan katta shikor o'tkazishga farmon berdi. Farmonga muvofiq jami qo'shin keng hududda doira bo'lgan harakat qildi. Ikki kun deganda doiraning ichi turli hayvonlar bilan to'lib-toshdi. O'lja tushgan hayvonlarning keraklisini ajratib olib, ba'zilarini, xususan, bolalarini qo'yib yubordilar. Shu bilan nihoyatda katta o'lja qo'lga kiritilib, qo'shinning go'sht ta'minoti yaxshilandi.

To'xtamishxon ham ichidan pishgan sardor edi, ayg'oqchilari orqali Amir Temur qo'shinining oziq-ovqati tugaganini eshitib, ularni ortidan ergashtirib, tamom holdan toydirgach, pistirmadan hujum qilib, parokanda etishni ko'zladi. Tutib kelingan asirlar, ya'ni “til” ham buni tasdiqlaydi.

Amir Temur 1391 yil 29 may kunida Yoyiq (O'rol) daryosi bo'yiga yetib keladi. G'ajarchilar uch joyda kechuv borligini ma'lum qilishadi. Bular Ayg'ir Yoli, Bur kichid, Champa kichid deb ataluvchi qulay kechuv joylari edi. Ammo harbiy ishlarda uquvi baland hukmdor Amir Temur ko'rnamak va xoin, lafzsiz To'xtamishxonning hiylasini, makkor rejasini oldindan seza oldi va olti kun davomida daryo bo'ylab harakat qildi va shu yaxshi tadbiri bilan To'xtamishxonning pistirmadan turib, qo'qqisdan zarba berish rejasini puchga chiqardi.

1391 yilning 18 iyun kuni havo ochilib, quyosh yuz ko'rsatdi. G'ajarchilar ikkala qo'shinning qorovul favjlari to'qnashgani haqida xabar qilganini yetkazgach, Amir Temur harbiy ko'rikdan o'tkazilgan ulkan qo'shinga jang boshlash haqida farmon berdi. Biroq bu gal u qo'shinning jangovar tartibini an'anaviy jarong'or (so'l qanot), mang'lay (markaz), barong'or (o'ng qanot) tartibda emas, yangi taktika — yettita mustaqil qo'lga ajratdi. To'g'ri, bu gal ham uchta asosiy qanot saqlanib qoldi, ammo endi jarong'or, barong'or ham o'z ilg'or yazakiga (avangardiga) ega bo'lib, mang'lay esa, ham yazak, ham zaxira favji bilan kuchaytirildi. Markaz salohiyatli qo'mondon Muhammad Sultonga ishonib topshirildi. Qo'shinning orqa va zaxira qismi Amir Temurning o'z qo'mondonligi ostida qoldi. Bu sara tuman va janglarda ko'zi pishgan tajribali jangchilardan iborat yigirma favj edi. Bu favjlar mang'lay ortida joylashgan bo'lib, jangning biror joyida tanglik sodir bo'lsa, darhol yordamga shay turardi.

Umarshayx qo'mondonligidagi Andijon qo'shini so'l qanotda joylashgan bo'lib, uning javong'origa Berdibek va Xudoydod Husayniylar boshchilik qilishdi. O'ng qanot — barong'origa Mironshoh mirzo qo'mondon tayinlandi, uning yazaki Xo'ja Sayfiddinga berildi.

To'xtamishxon ham jangga qattiq tayyorgarlik ko'rdi, lekin u qo'shinni bu gal ham eskicha usul (o'ng va chap qo'l, markaz)da joylashtirdi. Qizig'i shunda ediki, Xivadan qochib ketgan Sulaymon so'fi ham uning qo'mondonlaridan biri sifatida unga yordamga oshiqdi. Bundan tashqari, janglarda ko'zi qotgan Toshtemir o'g'lon, Bek Yorliq o'g'lon, Navro'z qo'ng'irot ham mo'g'ul qo'shinining asosiy zarbdor kuchlari safida turdi.

Amir Temur juda sovuqqon edi. Hatto butun qo'shinga chodir tikib, dam olishga izn berdi va har bir chodir ichida ikkitadan chiroq yoqishni ham buyurdi. Bu ham dushmanga vahima tug'dirish uchun bir usul edi.

To'xtamishxonning bundan hayratga tushgani ham aniq edi, shu bois ilk jangda butun kuchini jang maydoniga tashlab, g'alaba qilishga intildi va bir qadar maqsadiga ham erishdi. Lekin bu ustunlik Amir Temurga ta'sir ko'rsatolmadi. Jang oldidan otdan tushib, ikki rakaat namoz o'qib, Alloh taolodan adolat va g'alaba tiladi. U barcha qo'mondonlariga chin ko'ngildan ishonar va ular ham nima uchun jang qilishayotganini yaxshi tushunishardi. Har bir askar uning uchun ham qadri yuksakligini teran anglardi. Va shunday bo'ldi ham: Turon qo'shinining o'ng qanbul qanotiga qo'mondonlik qilgan amir Sayfiddin hoji birinchi bo'lib jangga kirdi va javonmard askarlari bilan To'xtamishxon kuchlarini parchalab tashladi. Bu orada Muhammad Sulton boshliq favj ham jangga otildi va To'xtamishxon qo'shinining markaz va o'ng qanotiga zarba berdi. To'xtamishxon boshqa taktika qo'llashga kirishdi, ya'ni butun harbiy kuchini Umarshayx mirzo yetakchilik qilayotgan chap qanotga tashladi va bu gal Turon qo'shinini mushkul ahvolga tushirib qo'ydi. To'g'risini aytganda, juda murakkab vaziyat yuzaga keldi. Ana shu o'rinda, ochig'i, Sohibqiron Amir Temurning harbiy daho qobiliyati ish berdi. U vaziyatni teran angladi va butun diqqatini shu tomonga qaratdi hamda qo'l ostidagi 20 qismdan iborat sara jangovar qo'shinini yordamga tashladi. Bu o'z vaqtida ko'rilgan qat'iy va juda jiddiy taktika edi. Hujum Amir Temur qo'shinining ustunligi bilan boshlandi. Tez orada To'xtamishxon o'z kuchlaridan ajratib tashlandi. Uning mulozimlari ham bu holni zumda anglab, mag'lubiyat yaqinligini sezib, qochishga tushdilar. Bir qism askarlari uning halok bo'lishiga bir baxya qolganini sezib, vahimaga tushdilar. Ali Yazdiy yozganidek, To'xtamishxonning o'zi ham: “…uchqur otining jilovini ortga burdi va ming bir hiyla bilan qutulib qoldi. U qochishni afzal bilgan edi”.

TEREK BO'YIDAGI JANG

Dunyoning o'z hisob-kitobi, biz anglab yetmaydigan sirlari mavjudki, ko'pincha aqli haminqadar kishilar: “Birov bilib o'tiribdimi, hamma o'z manfaati uchun har qanday kir ishga qo'l uradi, bitta menmanmi?!” deya ko'k chizig'idan chiqib ketib, o'zlariga balo-qazoni sotib oladilar. Amir Temurning ketma-ket zarbalaridan To'xtamishxonning ko'r ko'zlari ochilish o'rniga, yopiqligicha qoldi va bu safargi ko'rnamakligi unga qimmatga tushdi.

Amir Temur Qunduzcha jangida uni yer tishlatgan bo'lsa-da, Oltin O'rda davlati hali unga teng qudratga ega edi: ichki imkoniyatlardan foydalangan To'xtamishxon tezda o'zini o'nglab, yana ulkan qo'shin tuzishga erishdi va 1394 yilda Kavkazorti viloyatlariga hujum uyushtirib, qo'shini bilan Darbanddan o'tib, Shirvonshohlar hududiga bostirib kirib, talon-torojliklarni boshlab yubordi. Shirvonshohlar sulolasining to'rtinchi vakili Ibrohim Darbandiy (1382-1417) mazkur o'lkaga hukmronlik qilar, Amir Temurga nisbatan do'stona munosabatda edi. Amir Temur ham uni qo'llab-quvvatlashga moyil edi. Shu bois Turon bahodirlarini Ko'ra daryosi bo'ylab olib yurib, mo'g'ul qismlarini ta'qib etdi. Ikki marta mag'lubiyat alamini tortgan To'xtamishxon ular bilan yuzma-yuz kelishdan cho'chidi va darhol ortga chekindi.

Amir Temur uni ko'zdan qochirmay, har bir harakatini kuzatib turdi. Kerak bo'lsa, abjir xufiyalarini jo'natib, uning rejalaridan ham voqif bo'lib turdi va bahor kelib, issiq kunlar boshlanishi bilan Oltin O'rda hududida qo'shinni jangga tayyorladi. Jang oldidan, har doimgidek, askarlarga maosh — ulufa ulashdi, nomdor jangchilariga imtiyozlar berib, qariyalarga nafaqalar ham tayinladi va ularni malikalar karvoniga qo'shib, ortga jo'natib yubordi.

1395 yil 28 fevralda Qulzum (Kaspiy) dengizi bo'ylab Darband sari yurdi. Shirvonshoh Ibrohim Darbandiy unga peshvoz chiqib, o'z itoatini izhor etdi. Amir Temur ham uning hurmatini o'rniga qo'yib, egniga kimxob chopon soldi hamda toju taxtini idora etish uchun ortiga qaytarib yubordi.

Shu orada Sohibqiron o'zining ezgu diplomatiyasiga muvofiq ish tutib, eng ishonchli va donishmand elchisi Shamsiddin Olmaliqiy orqali To'xtamishxonni insofga chaqirishga urindi, ammo bu gal ham u Turon sultoni Amir Temurga kinoya va masxaraomuz javob qaytarib, ko'rnamaklik qildi.

1395 yil 14 aprelida ikki qo'shin Terek daryosi bo'yida yuzma-yuz keldi. Har ehtimolga qarshi Amir Temur o'z qarorgohi oldida ikkita himoya chizig'ini barpo etishni lozim ko'rdi, ya'ni chuqur kovlanib, atrof mustahkamlandi. Har bir jangchining o'z marrasida turishi, kechasi olov yoqilmasligi, ovoz chiqarilmasligi ham qattiq tayinlandi.

Ertasi kuni — 1395 yilning 15 aprelida ikki qo'shin ham harakatga keldi. Bu safar To'xtamishxon o'z sardorlari bo'lmish Kunchi o'g'lon, Bek Yorliq o'g'lon, Oqtov, Dovud so'fi va boshqa jangchilari bilan Turon qo'shinining chap qanotiga zarba berishni ko'zlab, butun kuchini shu yerga jamladi. Bundan ko'zlangan maqsad shu ediki, hiyla bilan o'zlarini qochgan ko'rsatib, Turon qo'shinini bo'laklarga bo'lib tashlab, so'ng qattiq hujumga o'tib, Amir Temur qarorgohiga kelib, uni mahv etish kerak edi. To'xtamishxonning bu rejasi boshida ish berib, uning askarlari Amir Temurning qarorgohi oldida paydo bo'lib, uning hayotiga tahlika soldi. Nizomiddin Shomiyning guvohligiga ko'ra, agar shu orada Shayx Nuriddin hayotini xavf ostida qoldirgancha, yordamga yetib kelmaganda, Amir Temurning kuni bitishi aniq edi.

Har ikki taraf uchun ham hayot-mamot kurashi boshlandi. Kuchlar teng emasdi. Agar turonliklar jilovni sal bo'sh qo'yishganda, To'xtamishxonning qo'li baland kelib, g'alaba qilishi aniq edi. Ammo janglarda chiniqqan Turon bahodirlari, sheryurak jangchilari zumda dushmanning bir necha harbiy jang aravalarini qo'lga kiritib, o'zlarining shavkatli otasi, Turon sultoni Amir Temur qarorgohining oldida kuchli to'siq barpo eta oldilar. Yordamchi kuchlar ham ularga madadga yetib keldi. Suvoriylari ham otlaridan tushib, jangga tashlanishdi. Ammo baribir Amir Temurning ahvoli murakkabligicha qoldi. Chunki To'xtamishxonning lak-lak askarlari ketma-ket hujum uyushtirdi. Faqat Turon qo'shinining markazi yordamga kelgach, vaziyat biroz yumshadi, qolaversa, Amir Temurning sara jangchilari dushman har qancha zo'r berib urinmasin, barcha qattiq hujumlarini bartaraf etishga kuch topa oldilar. Ularning har biri qahramon edi. Har biri Amir Temurning jonini o'z jonlari deb bilardi. Ayniqsa, chap qanotdagi qanbul yo'lboshchisi Xudoydod Husayn dushman qismlarini yorib kirib, To'xtamishxonning Oqtov qo'mondonligidagi qismning ortidan hujumga o'tib, uni parchalab, tumtaraqay qilib yubordi. Shu orada Amir Temurning nevarasi, mashhur qo'mondon Muhammad Sulton ham markaz qism bilan jangga kirdi va chap qanotni kuchaytirishga erishib, ulug' hukmdor bobosining jonini omon saqlab qoldi.

Turon qo'shinining o'ng qanot qanbuli hamon nochor ahvolda edi. To'xtamishxon qo'shini Hoji Sayfiddinning ortiga o'tib olib, unga tahdid solayotgan edi. Amir Temurning sara beklaridan biri Jahonshoh bahodir qahramonona jang qilib, Hoji Sayfiddin qo'shinining parokanda bo'lishiga yo'l qo'ymadi.

Ko'rnamak To'xtamishxon bu gal ham jangni boy berganini anglagach, tayoq yegan qashqirday oldi-ortiga qaramay, butun qo'shini va boyliklarini tashlab, qochib qoldi.

Turon qo'shini g'alaba qozondi.

Amir Temur g'alaba sharafiga barcha beklarini, qo'shin boshliqlarini, jangda jonbozlik ko'rsatgan jangchilarini sa'y-harakatlariga yarasha munosib mukofotladi. Shayx Nuriddin tilla chopon, qimmatbaho toshlar bilan ziynatlangan bebaho belbog', 100 ming kepakiy dinor pul hamda qimmatbaho uchqur, sara ot bilan siylandi. Jahonshoh bahodir, Muhammad Sulton va boshqalar ham qimmatbaho sovg'alar bilan taqdirlanishdi.

Amir Temurning To'xtamishxon ustidan qozongan bu g'alabasi katta tarixiy ahamiyat kasb etdi: birinchi galda Turon davlati uchun vayronkor kuch-qudrat tamom sindirildi va qolaversa, rus davlati, knyazliklari mo'g'ul zulmidan uzil-kesil qutulib, turli soliqlardan ozod bo'lib, rivojlanish yo'liga kirdi.

Ammo shunisi ham borki, 1405 yili Amir Temur Xitoy sari yo'lga chiqar ekan, jangdan qaytgach, yana To'xtamishxonni o'z taxtiga qaytarish haqida ham so'z yuritgan edi. Kim bilsin, balki rostdir: uzoqni ko'ruvchi buyuk hukmdor Sohibqiron Amir Temur kelajakda shimoldan o'z yurtiga biror boshqa balo-qazoning yopirilib kelishini sezganmikin?! Har holda, u zot bir nimani sezmaganda, bu gapni aytmagan bo'lardi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 + one =