Ayol ziynati va jasorati

Ayollardagi boshqaruvchanlik fazilati haqida eramizdan avvalgi zamonlarda ham ko'p yozishgan. Shu ma'noda boshqaruvchi ayollar xususida so'z ketganda, matriarxat davrini misol sifatida keltirish mumkin. Vaqt o'tishi bilan vazifalar o'rni almashdi, lekin ayolning oiladagi o'rni pasaymadi. Dunyo fani va madaniyatiga ulkan hissa qo'shgan yuzlab mutafakkir olimlarimiz qatorida To'maris, Qurbonjon Dodxoh, Saroymulkxonim, Nodirabegim, Gulbadanbegim, Zebunisobegim, Uvaysiy va boshqalar ilmiy daraja va unvonlari bo'lmasalar-da, o'z davrining olima-yu fozila ayollari sifatida jamiyat taraqqiyotida o'z ovozlariga, munosib o'rinlariga ega bo'lganlar. Noto'g'ri xulosalar oqibatida xotin-qizlarimizning bilim olishi cheklanayotgan bir paytda jadidchilik harakatining boshlanishi ayni muddao bo'ldi. Jadidlar otasi bo'lmish Mahmudxo'ja Behbudiy boshchiligidagi bir guruh ajdodlarimiz xalqni faqat diniy bilim bilan cheklanmay, dunyoviy bilimlarni ham o'rganishga da'vat etdi. Ahamiyatlisi shundaki, qizlarning ta'lim olishi uchun qattiq harakat qilishdi. Ko'p qarshiliklar bo'lishiga qaramay, jonlaridan kechib bo'lsa ham ma'rifat ulashishni maqsad qilgan jadidlarimiz asriy niyatlariga erishdilar.
Ana shu jadidlarimiz orasida Xayriniso Majidxonova ham bo'lgan. Shunday qiyin vaziyatda Germaniyaning Darmstard shahrida tibbiyot kursida o'qib, nemis tili va adabiyotini chuqur o'rgangan. Germaniya tadqiqotlarini o'z yurtida qo'llashni maqsad qilgan Xayriniso bir qancha nemis tilidagi ilmiy asarlarni o'zbek tiliga tarjima qilishga kirishgan, ammo ular tugallanmasidan olovda kul bo'ldi. Otasi qizini shunday eslaydi: “Ezilgan millatlar, qorong'ilikda qolgan yurtini kelgusida chin bilim bilan yoritmoq uchun bu yil xorijga ketgan talabalar orasida qizim Xayriniso ham bor edi. Bilim uchun uzoq ellarga birinchi o'zbek qizini yuborish sharafi, shukrlar bo'lsunkim, menga nasib bo'lmish”. Otalar qizlarini o'qitishi bu millatni tarbiyalovchi shaxsni o'qitishi bilan teng ekanligini anglashdi.
Xayriniso Majidxonova bilan birga bir shaharda o'qigan Maryam Sultonmurodova o'qituvchilik seminariyasida ta'lim olgan hamda “Fraunshul” ayollar maktabida amaliyot o'tab, yurtimizga qaytgan va universitetda dars berib, bir nechta jurnallarda ishlagan. Germaniyadek davlatga borib, u faqat shu bilimlar bilan cheklanib qolmadi, Berlindagi professor Genrix Finkelshteynning olti oylik hamshiralik kursini bitirib kelib, O'zbekiston Sog'liqni saqlash komissarligiga qarashli bolalik va onalikni asrash institutida hamshira bo'lib ishlaydi.
Yana bir mana shunday ma'rifatparvar ayollardan biri Diloro Yusupovadir. U birinchi huquqshunos o'zbek ayoli bo'lib tarixda qoldi. 24 yoshida O'zbekiston Respublikasi prokurori yordamchisi lavozimiga tayinlangan Diloro Yusupova ham hamma jadid ayollar singari tuhmat bilan qamoqqa olingan. Boshqalardan farqli ravishda, oqlangan. Aslida, o'sha vaqtda ularning safi yanada kengayishi mumkin edi. Ammo moddiy ta'minotning uzilib qolishi natijasida ularning imkoniyatlari cheklandi. Bugun hamma sharoit bor va shu sababli ularning har sohada ilg'or ekanligini ko'rish mumkin.
Bugungi kunda hamma yo'nalishda ilmiy salohiyati, ijodiy fikrlashi bilan yetakchilik qilib kelayotgan xotin-qizlar bor. Ularning sonini sanasak, sanog'iga yetolmay qolamiz. Ushbu maqolada jamoat orasida faol bo'lgan tadqiqotchi ayollarning faoliyatlari haqida so'z yuritiladi.
Umuman olganda, dunyo tarixida xotin-qizlarning qilgan kashfiyotlari ham bugungi kun farzandlarining nimalarga qodirligini belgilaydi. Masalan, dunyodagi ilk asar — “Genji” hikoyasi yaponiyalik adiba Murasaki Shikibu tomonidan milodning 1000 yilida yozilgan. Ilk universitet asoschisi ham musulmon ayoldir. Fotima al-Fixri 859 yilda Marokashda Al-Karauin universitetiga asos solgan. Bu universitet hozirda ham faoliyat yuritadi va Ginnesning rekordlar kitobida eng qadimiy o'quv maskani deb tan olingan.
Mutafakkir Yusuf Xos Hojib ayollarning ilm olishi haqida shunday degan: “Yaxshi tahsil ko'rgan va ilm nuri bilan xulqini yaxshilagan ayol har yerda izzat topadi. Ilm — ayol uchun ziynat. Aqlini nodonlikdan qutqargan har bir ayol nomus, izzat, ayollik qadrini tushunib yetadi. Bunday ayol hech bir ishda adashmaydi”.
Bugungi kunda yurtimizda fidokorona mehnat qilayotgan xotin-qizlarning ulushi tibbiyotda 77 foizni, ta'lim sohasida 74 foizni, iqtisodiyot va sanoat tarmoqlarida esa 46 foizni tashkil etmoqda.
Ayollar hamma davrda ham bilimli bo'lishga haqli edi, ammo davr taqozosi bilan oilasidan ortmagan yoki bilim olish uchun imkoniyat bo'lmagan. Qizlar aynan mana shunday bir taqiqlar ostida bo'lgan bir paytda, bu qoliplarni buzib, ilm yo'liga kirganlarni e'tirof etish kerak. Tibbiyot sohasida Zulfiya Ibragimovnaning yurak-qon tomir kasalliklarining tarqalish xususiyatlarini va Toshkentning issiq iqlimining inson yurak-qon tomir tizimiga ta'siri va miokard infarkti klinikasi xususiyatlarini birinchilardan bo'lib o'rgangani ayollarning tibbiyot sohasidagi faolligini belgilaydi. Ilmiy faoliyati davomida doktor 80 ta maqola yozgan, 32 ta nomzodlik va 3 ta doktorlik dissertatsiyalariga ilmiy rahbarlik qilgan. Biologiya sohasida Zarina Murodova O'rta Osiyo ekotizimlarini o'rganish bo'yicha ko'plab tadqiqotlar olib borgan. U, xususan, O'zbekistonning tabiiy resurslari va ularning barqaror boshqarilishi masalalariga e'tibor qaratgan. Uning “O'zbekistonning o'simlik dunyosi va uning barqarorligi” mavzusidagi dissertatsiyasi xalqaro miqyosda tan olingan va shu orqali tarixga o'z nomini muhrlab qo'ydi.
Abdulla Avloniy qizlarning bilim olishi qay darajada muhimligini bir so'zi orqali ifodalagan edi: “Qizlar bilim olishga hammadan ko'proq intilishlari lozim, zero, bu bilimlar bilan ular kelajak avlodni tarbiyalaydilar”.
Jurnalistika sohasida ilk professional jurnalist ayol Sobira Xoldorova bo'ldi. U oilaviy muammolar va qarshiliklarga qaramasdan, ilm va ijod yo'lini tutib, Rossiyada ham o'qib kelib, yurtimizda ayollar jurnalistika maktabining shakllanishida poydevor bo'ldi. Shu bilan birgalikda Xadicha Sulaymonova, Zarifa Saidnosirova, Galina Pugachenkova, Suyima G'aniyeva, Ra'no Ubaydullayeva, Sayyora Rashidova, Fozila Sulaymonova, Mazluma Asqarova, Sabohat Azimjonova kabi olimalar har bir o'zbek ayoliga o'rnak bo'la oladi. Suyima G'aniyevaning adabiyotimizga qo'shgan hissalari katta. U Alisher Navoiyning uzoq yillar davomida fanga noma'lum bo'lgan “Munojot” asarini topdi va nashr etdi, o'zbek mumtoz adabiyoti va uning jahon madaniyatidagi o'rni to'g'risida tadqiqotlar olib bordi. 14 ta monografiya, 350 dan ortiq ilmiy va nazariy maqolalar, 20 dan ortiq o'quv qo'llanmalar muallifi hisoblanadi.
Bu kabi jamiyatda o'z o'rniga ega ayollarning safi kundan-kunga kengayib bormoqda. Bunga asosiy sabab — bilim olishlari, tadqiqot qilishlari uchun imkoniyat bor. Yaratilgan shart-sharoitlardan foydalangan holda bugun har bir xotin-qiz bilim olish huquqiga ega. Ayniqsa, farzandli ayollarga oliy ta'limda o'qish uchun yaratilgan qulayliklar ayni muddao bo'ldi. Negaki bu qaysidir ma'noda olima ayol, bilimli onalarning safi kengayishi yo'lida tashlangan katta qadam bo'lib xizmat qiladi. Nafaqat bilim olishlari, balki tajriba almashishlari uchun turli loyihalar ishlab chiqilmoqda. Masalan, Yoshlar ishlari agentligi tomonidan tibbiyot sohasidagi tadqiqotchi yosh ayol-qizlar uchun bepul haftalik “Ilm-fan oromgohi” loyihasi ularning ilmiy tadqiqot ishlarining natijadorligini oshirish, ularni ilmiy faoliyatga keng jalb qilish, iqtidorli tadqiqotchi qizlarni izlab topish, rag'batlantirish, ilmiy-tadqiqot ishlariga qiziqishlarini orttirish, ilm-fanga jalb qilish maqsadida tashkil etildi va muvaffaqiyatli yakun topdi. Bu kabi loyihalarning bugungi kunda soni ko'p. Ularning ilmiy faoliyati jarayonida sezilarli darajada o'sish bo'ldi, albatta. Ma'lumotlarga qaraganda, yurtimizda 2017 yilda xotin-qizlarning boshqaruv sohasidagi ulushi 27 foiz bo'lgan bo'lsa, bugungi kunda 33 foizga, siyosiy partiyalar safida 40 foizdan 47 foizga, tadbirkorlikda 21 foizdan 37 foizga yetgan.
Jumladan, yurtimiz ilmiy ta'lim muassasalarida 660 nafar ayol fan doktori, 7 nafar ayol akademik mehnat qilayotgan bo'lsa, O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot institutlarida 3 ming nafarga yaqin ayol-qiz tadqiqot olib bormoqda. Xotin-qizlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlashga kiritilayotgan sarmoya — bu millatning taqdiriga, kelajagiga qilingan sarmoya. Zero u o'z natijasini ko'rsatmay qolmaydi. Jadid bobomiz Abdurauf Fitrat aytganidek, o'zbek xotin-qizlari — millat onalaridir. Ular tarbiya, ilm olishlari lozim hamda axloq va bilimlarini kamolga yetkazishlari zarur.
Zulhayo MINGBOYEVA