Ta'masiz, mumtoz ijod

Badiiy adabiyot ham jonli, dolg'ali vujud sifatida zamonlar evrilishida o'zgarib turadi. Ayni texnika rivojlangan, axborot-kommunikatsiya vositalari inson faoliyatiga kuchli ta'sir etayotgan davrda adabiyotda hujjatlilikka talab kuchaydi. Hozir kitob muhiblari memuarlar, esdaliklarni ko'proq o'qishlari ma'lum bo'lib qoldi. Ana shunday sharoitda bizning adabiyotimizda ham badiiy publitsistikaning go'zal namunalari paydo bo'la boshladi, yozuvchilarimiz safida hozirjavob janr ijodkorlari qatori kengaydi. Ularning ro'yxatida Hakim Sattoriyning alohida o'rni bor. Uning navbatdagi “Yerda yulduz ko'rdim” kitobida ham badiiy publitsistikaning turli janrlariga xos asarlar kiritilgan. Odatda, yerda nima ro'y bersa, bu osmonda darak bergan voqelikning in'ikosi, deyishadi. Hatto odamlar taqdiri ham osmonda hal bo'lar ekan. Osmon yoritg'ichlari – yulduzlar nafaqat inson nigohlarini o'ziga qaratadi, balki yerning, unda umrguzaronlik qilayotgan bandalarning bedor soqchilariga o'xshaydi: ko'zini ochsa, taqdirini o'ziga topshirib g'oyib bo'ladi, uxlasa, uning osudaligini qo'riqlagandek, bedor turadi. Kitobning bunday nomlanishida ham ana shunday teran falsafiylik va ramziylik bor.

Hakim Sattoriy — Yakkabog' tumanidagi Tosh­qo'rg'on qishlog'ida tug'ilgan. Maktabni bitirib, o'zi o'qigan bilim dargohida ishlash bilan birga Qarshi davlat pedagogika institutining o'zbek tili va adabiyoti fakultetini sirtdan tugallagan. O'qituvchilik yillarida uning ilk mashqlari yuzaga kelgan, tuman gazetasi bilan hamkorlik qilgan.

1976 yilda tog'dagi qishloqning cho'lga ko'chirilishi ko'plab yurtdoshlari singari Hakimning ham hayotida o'zgarishlar bo'lishiga izn berdi. Chekka, tog'lar qurshovidagi hududda kun ko'rish qiyinchiliklari yengillashib (bular haqida u keyinchalik “Sog'inch” deb nomlangan asarida batafsil hikoya qilgan), dunyoga emin-erkin boqish imkoni paydo bo'ldi. Bundan ruhlanib, u 1980 yilda ToshDU (hozirgi O'zMU)ning jurnalistika fakulteti kunduzgi bo'limiga o'qishga kirdi. Talabalik yillari haqiqiy hayot dorulfunini bo'ldi, teran ilmiy-ijodiy muhit havosini his qildi, mutolaa va ijodiy hamkorliklar vositasida so'zga, adabiyotga muhabbati cho'g'lanib, u haqiqiy oshiq dilga aylandi.

Tahsilni tugatib, “Qashqadaryo haqiqati” viloyat gazetasiga ishga kelganida, u amaliy faoliyatga tashna, qalbidagi So'z ishqi yaproq yozib, o'z jamolini namoyon etishga intiq edi. Gazetadagi ish jarayonida ijodning sirli olamiga qadam qo'ydi, uning chinakam mashaqqatlarini totib ko'rdi, qiyinchiliklar chig'irig'ida tob­landi. Nima bo'lganda ham ko'nglidagi bolalik orzulari qulf urdi, uni avvalo muxbir, keyin esa istiqbolli qalam sohibi sifatida e'tirof etdilar. Viloyat gazetasida turli mavzudagi tahliliy maqolalari qatorida badiiy lavhalari, esselari, she'rlari e'lon qilindi. Respublika matbuoti sahifalarida ishtirok etdi. Orzular esa yuksak parvozlarga undardi.

Shunday qilib, Hakim Sattoriy 1990 yilda ilm-urfon, fan va madaniyat ka'basi Toshkent shahriga keldi, dastlab qisqa muddat “Saodat” jurnalida, keyin esa yangi tashkil etilgan “Xalq so'zi” gazetasida faoliyatini davom ettirdi. Bu damlar sho'ro imperiyasining tagiga suv ketgan, ulkan hududda boshboshdoqlik avj olgan yillar edi. Ana shunday sharoitda najot kemasi sifatida ziyolilarimiz o'tmish merosiga, boy tariximizga murojaat eta boshladilar. Jumladan, buyuk Amir Temur haqida ham tortinib, qimtinib gapirish boshlandi. Shunday holat ham yoz osmonida momaqaldiroq gumburlagandek gap edi, negaki, sho'ro tutumi bu haqda so'z yuritishni emas, buyuk ajdodimiz nomini tutishni ham butunlay taqiqlagandi.

Endi dolzarb mazulardagi chuqur tahlilga asoslangan maqolalari bilan jamoatchilik e'tiborini tortgan Hakim Sattoriy qadriyatlarimiz, tarixning po'rtanali teran evrilishlari haqida ham qalam tebrata boshladi. Yurak yutib, Sohibqiron Amir Temur o'tgan yo'llar bo'ylab yoshlar yurishi (ekspeditsiya) uyushtirishni   taklif qilib, maqola yozdi. U “Yosh leninchi” (hozirgi “Yoshlar ovozi”) gazetasining 1991 yil 1-sonida e'lon qilindi. E'tiborlisi — zehni tobora ochilib borayotgan zamondoshlarimiz bu taklifni faol qo'llab-quvvatladilar va 1991 yilning 1-20 avgust kunlari shunday safar uyushtirildi. Va oradan ko'p o'tmay, necha nasllar kutgan mustaqillik xalqimizga nasib etdi.

Mazkur safarga “Turkiston” (“Yosh leninchi”ning yangi nomi) gazetasi rahnamolik qilgandi, uning taassurotlari gazeta sahifalarida peshma-pesh yoritildi. Keyingi yil ekspeditsiyaning ikkinchi bosqichi amalga oshirildi. Bu safar ishtirokchilar O'tror shahrigacha borib keldilar. Ana shu safarlar taassurotlari asosida keyinchalik “Xotira karvoni” kitobi yuzaga keldi, u 1994 yilda “Fan” nashriyotida 30 ming nusxada chop etildi. Shungacha muallifning “Qishloqdan kelyapman” kitobi (1991 yil, “Mehnat” nashriyoti) muxlislarga tuhfa qilingandi.

Keyingi yillarda “Xalq so'zi” gazetasida ishlash bilan baravar respublikamizdagi bosh­­qa nashrlar: “Turkiston”, “O'zbekiston adabiyoti va san'ati”, “Hurriyat”, “O'zbekiston ovozi”, “Qishloq hayoti” gazetalari, “Sharq yulduzi”, “Jahon adabiyoti”, “Hidoyat” jurnallari bilan adabiy hamkorlikni yo'lga qo'yib, faol ijod qildi, hozirgacha o'ttizdan ortiq kitob­lari chop etildi. Bu asarlar qatoriga “Yolg'iz daraxt” (1999), “O'zlik suratlari” (1999), “Istig'for” (2004) kitoblarini qo'shish mumkin.

Ayniqsa, buyuk sarkarda va davlat arbobi Sohibqiron Amir Temur va avlodlari haqidagi “Amir Temur sevgan yurt” (1999), “Hazrat Sohibqiron”(2005), “Oltin silsila” (2006), “Sohibqiron abadiyati” (2011), “Solnoma” (2014) kitoblarini jamoatchilik yaxshi kutib oldi. Bu asarlar originalligi, dalillarga boyligi bilan diqqatni tortadi. “Hazrat Sohibqiron” roman-essesida Amir Temur hazratlarining tarjimai holi mavjud ma'lumotlardan imkon darajasida to'la foydalanib, nisbatan batafsil yoritishga harakat qilingan. “Sohibqiron abadiyati”da esa Amir Temur hayoti xronologiyasi va avlodlarining tarixi qomusiy tarzda qisqa va aniq yoritilgan, shu mavzudagi ko'plab esselar joy olgan. Undagi ma'lumotlar turli manbalardan to'p­langanligi, qiyosiy o'rganilgani va to'liqligi bilan ahamiyatlidir.

Shuningdek, ijodi davomida yaratgan pub­litsistik asarlarini saralab, to'rt jilddan iborat tanlangan asarlarini chop ettirdi. Qariyb bir yarim ming sahifani tashkil etuvchi “Imzoli xatlar” (2007), “Mahak toshi” (2008), “Vaqt manzaralari” (2009) va “Umid manzili” (2016) to'plamlari o'zbek milliy jurnalistikasida arzirli ijobiy hodisa bo'ldi.

Ma'lumki, publitsistika so'z san'atining eng hozirjavob va hayotga yaqin janri bo'lib, unda voqelik zudlik bilan, dolzarbligini yo'qotmagan alpozda aks etadi. Publitsistikaning ijtimoiy hayotga ta'siri ham salmoqli bo'ladi, u orqali odamlar taqdiri, turmush tarzi va jamiyat hayotida jiddiy o'zgarishlar yuz berishi mumkin. Hakim Sattoriy publitsistikasining o'ziga xosligi shundaki, masalalar aniq qo'yiladi, muammolarning ildizlari atroflicha inkishof etiladi, shuning bilan birga ularni bartaraf etish yo'llari ham taklif qilinadi. Bunda obrazlilik, falsafiy mushohada, tilning imkoniyatlaridan samarali foydalanish qo'l keladi. H. Sattoriy bitiklarida raqamlar, holatlar, manzaralar obraz darajasiga ko'tariladi, qahramonlar va voqea-hodisalarni gavdalantirishda qiyos­lash, umumlashtirish, xulosa chiqarish usullari samarali ishlaydi, ayniqsa, uning tili shirali, ravon, so'zlar anvoyi go'zalligini to'la namoyish etadi – bu borada muallifning yutug'i alohida tahsinga loyiq. Umuman, Hakim Sattoriy milliy jurnalistikamiz ob-havosiga jahon jurnalistikasining iqlimini olib kira olgan qalamkash hisoblanadi. Uning har bir bitigi alohida tadqiqot mavzusi bo'la oladi.

Shuningdek, muallif 2012 yilda “Sog'inch” romanini e'lon qildi. Yangi romanchilik yo'lidagi izlanishlar ruhida yaratilgan yirik asarda epik nasr va badiiy publitsistikaning eng ilg'or an'analari qo'shilib ketganga o'xshaydi.

Roman uch qismdan iborat. “Onaizor” deb nomlangan bo'limda voqea kechadigan maskan — chekkadagi tog' qishlog'i haqida umumiy ma'lumot berilgach, asosiy maqsadga o'tiladi. Ko'rimsiz imoratlar sirasidagi hovli, unda er va xotin yashaydi. Bir qaraganda hammasi ko'ngildagidek: er jamoa xo'jaligida kichik­roq bo'lsa-da, mavqega ega. Yana “maydonlarni qoq yorib” ko'pkari chopadi, shul sabab tevarak-­atrofda katta-kichik taniydi. Ayol ham tirikchilik ilinjida baholi qudrat kuymanib yuribdi, ajdodlaridan qolgan ulkan bog'ning yumushidan ortmaydi. Ammo oilani bir armon qiynaydi: ayol ona bo'lishni, farzand ko'rishni xohlaydi. U dunyoga inson, xotin kishi bo'lib kelishning saodatini Ona bo'lishda, deb biladi, o'zidan zurriyod qoldirishni ayolning muqaddas burchi deb qabul qilgan. “Itga, bitga, qurt-qumursqaga marhamatini ayamagan Xudoyim” ularni shu a'moldan qisgan. Asarda ayolning bu boradagi iztiroblari juda ta'sirli ifodalangan. Bugungi kunda o'z zurriyodini qiynalmay tashlab ketayotgan yoki uni qursog'idayoq mahv etayotgan zolim xotinlar qilig'ini ko'z oldingizga keltirsangiz, farzandtalab onaning buyuk qalbi oldida bosh egasiz.

Ikkinchi qism esa “Toshqo'rg'on” deb ataladi. Endi voqealar asta-sekin mohiyatga yaqinlasha boshlaydi. Karami keng Olloh ayolning iltijolarini mustajob etadi, kamtargina xonadonda farzand ulg'aymoqda. Ular qaynoq hayot og'ushida, ularning dargohini hech kim chetlab o'tmaydi, qatordan kam emaslar. Bola voyaga yetganda, uni maktabdan so'roqlab kelishadi, kechagi go'dak endi o'quvchi. Shu asnoda kitobxon davrning, tuzumning qiyofasi bilan oshna bo'lib boraveradi. Bir paytlar urush fojialari zor qaqshatgan qishloq ba'zi sohalarda ro'shnolikka erishgan bo'lsa-da, bu “yutuq”lar o'zlikni unutish, azaliy qadriyatlardan voz kechish, katta qozonda qaynab, “mashinaning bir vintiga aylanish” tamoyilida amalga oshirilgan. Voqealar shu tarzda rivoj­lanishda davom etadi. Asar markaziga qo'yilgan uch asos ham tobora asrorini, borlig'ini namoyish eta boradi. Bularning hammasi uch timsol: qishloq, ona, go'dak-bola-o'smir-yigit badiiy qiyofasining tadriji bilan yuzaga keladi.

“So'ngi suron” deb nomlangan bo'lim ancha dramatik voqealarga boy.   Nihoyat, kutilgan kun keladi, necha yillardan buyon tilda aylanib yurgan ko'rgilik ro'y beradi: qishloq azaliy o'rnidan ko'chiriladigan bo'ladi. Gap hali nimadaligini to'la tushunib yetmagan qishloqliklar bu xabarni shodumonlik bilan qarshi oladilar, hatto o'zlari tashabbuskor bo'ladilar. Tirikchilik tashvishlari ramaqijon qilib tashlagan odamlar “orqalaridan yov quvgandek hovliqib” azaliy makonlarini tark etadilar. Ota-bobolarining xoki-turobi qolgan qabriston go'yo “o't ichida qoladi”. Insonning tabiati shu ekan-da, bu odatiy holning sabab va oqibatlari romanda muallif tomonidan ancha teran ifodalanganki, uni o'qigan kitobxonda kindik qoni tomgan tuproq mehri, uning qadri yurakkka yaqinroq bir tarzda sado beradi.

Har holda ular sarobga duch kelmagan edilar. Cho'lning o'z boyligini darig' tutib kelayotgan saxovati ularga chinakam mehnat evaziga o'z bisotini oshkor etadi, turmush farovonlashadi, yangi tartiblar amal qila boshlaydi. O'g'il uchun ham porloq imkoniyatlar ochiladi, u endi oliy o'quv yurti talabasi, keyinchalik viloyat gazetasining xodimi… Faqat odamlar zehnidagi loqaydlik, o'z o'tmishiga nisbatan beparvolik iztirobi tinchlik bermaydi. Turli ruhiy holatlar asarda zohiriy vo­qealarni his etishda ko'maklashadi. Kitobxon yana uning davomi borligini tushunib, mutolaani tugatadi.

Roman so'nggida havola qilingan “Uchlamchi fazo” deb nomlangan muallifning yakuniy so'zi anchagina katta hajmli badiiy asarga munosib falsafiy xulosa bo'lgan. Qolaversa, unda bayon qilingan qoidalar roman syujetidagi ko'plab o'rinlarni qayta idrok etishda va tushunishda kalit vazifasini bajaradi.

Hakim Sattoriy badiiy adabiyotning bosh­­qa janrlarida ham o'z iste'dodini sinab ko'rgan. She'rlar (uning “Adashgan yo'l” va “Tosh­qo'rg'onnoma” to'plamlari chop etilgan), hi­koyalar yozgan, kinossenariylar (“To'rt tomon qibla” kinokomediyasi va Sohibqiron Amir Temur hayotidan “Sher hamlaga chog'lanadi” badiiy film uchun) ijod qilgan. 1996 yil “O'zbektelefilm”da “Amir Temur” hujjatli filmi suratga olingan. Mutarjimlikda o'z imkoniyatlarini sinab ko'rishga jazm qilib, jahon adabiyotining ulkan namoyandalaridan biri, buyuk rus yozuvchisi Lev Tolstoyning “Sergiy ota”, “Bechora Ivan Ilich” hamda “Kreyser sonatasi” qissalarini o'zbek tiliga tarjima qildi. Tarjimalar “O'zbekiston” va G'afur G'ulom nomidagi nashriyotlarda chop etildi va tezda o'z kitobxonlarini topdi.

Bugun o'zining qutlug' yoshini nishonlayotgan kamtarin va sermahsul ijodkorga uzoq umr tilagan holda, kelajakda yanada ajoyib asarlar ilhomini tilaymiz.

Ha, yulduzlar kavkabistonida ayon bo'lgan voqelik yerda jamol ko'rsatishi rost bo'lsa, balki somon yo'llarida miltillab turgan bir shu'la ham zaminda o'zining nurli manzilini izlab yurgandir. Bu borada Hakim Sattoriyga yorug' tole' nasib etishiga tilakdoshmiz.

Boynazar YO'LDOShEV,

filologiya fanlari doktori,

professor

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

15 + 17 =