Mening Qutlibeka opam

O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi Qutlibeka Rahimboyeva bilan tanishuvimiz “Saodat” jurnali tahririyatida ilk ish boshlagan kunimda bo'lgan. Bosh muharrir Oydin Hojiyeva qabuliga kirib chiqqach, qo'limdagi kitobchamni ustozga tuhfa qilmoqchi bo'ldim.

Berilib yozib o'tirgani uchun mening tashrifim unchalik yoqmagandek tuyuldi. Kitobni qo'liga olgach: “Men sizni tanimas ekanman, albatta, o'qib chiqaman, ijodingizga baraka bersin”, deganida ko'nglimga yorug'lik indi. Sababi bosh muharrir mening faoliyatimga oid yo'l-yo'riqlarni berayotganda: “Bizda hammaga alohida xona berish imkonimiz yo'q. Qutlibekaning yonidagi joyda o'tirishingiz mumkin. Ishi ko'p, ortiqcha kirdi-chiqdini, ko'p gapirgan odamni unchalik xushlamaydi. Shunga e'tibor bering”, – deb tayinlagandi.

Ma'naviy-ma'rifiy dasturlarda, ayniqsa, bahorning ilk kunlarida ustoz Zul­fiyaxonimning tavallud ayyomlariga bag'ish­langan ko'rsatuvlarda ko'rib havas qilgan ustoz shoiraga hamkasb, hamxona bo'lganimdan quvonardim. Kuni bilan bir og'iz so'z aytmay yozib o'tirgan opaga qarab nimalardir degim kelar, nimalarnidir so'rab gurunglashgim kelardi. Rahbarning so'zlari yodimga tushib, tilimni tishlab men ham qo'limga qalam olardim. Koshki o'sha paytda bir maqolani arzitib yoza olsam ekan…

Ko'pchilik meni tanimasa ham o'z nazdimda shoira edim. Ilk faoliyatim iqtisoddan bosh­lanib, keyin ta'limga ulanib ketgan. Tahririyatga ishga kelishdan oldin mingga yaqin o'quvchisi, yuzdan ziyod o'qituvchilari bor akademik litseyda “ma'naviyatchi” edim. Yoshlarning dardu quvonchida kecha-kunduz tinimsiz g'ayrat bilan ishlayotgan, kengliklarda baqir-chaqir qilib hammani tartibga chaqirib yurgan “opoy”­­ga bu kichkina xonalar torlik qilardi. Ammo xonadoshimning kamgapligi, faqat qog'oz-qalamga dard to'kishi ko'nglimdagi g'alayonga suv purkagandek bo'lardi.

Xullas, tahririyatdagi ilk kunim shunday o'tgan. Ertasi kuni tushlik payti ish stolim ustiga chiroyli dasturxon yozdim. Ustozning yoniga kelib: “Opa, keling birga choy ichamiz”, dedim. Opadan: “Juda zarur yozadiganim bor, men shu yerda choy ichib qo'ya qolaman, siz bemalol”, degan javobni eshitib, hafsalam sovidi. Birozdan keyin mendagi tushkun holatni ko'rib istamayotgan bo'lsa ham (ayol-da) sekingina yonimga kelib o'tirdi. O'sha kundan boshlab gurunglarimiz kunlarimizni bezay boshladi. Men opamni, ustoz esa singlisini topgandek shod edik. Bir kuni radiodan kelgan jurnalist ayol opaga tug'ilgan yurti, bolaligi haqida savol berganda suhbatlariga beixtiyor quloq tutdim.

— Bolaligim quvonchlarga to'la o'tgan, deb ayta olmayman. Besh yoshli bola paytimda oilamiz boshiga kulfat tushgan. Otam rahmatli xo'jalik rahbari edi. Kolxoz omboridagi urug'lik donni och qolib, arzihol qilib kelgan odamlarga kuzda qaytarish sharti bilan berib yuborgan ekan. Taftish payti bu ishi xato hisoblanib otamga jinoiy jazo berilgan. Akam, men va singlim norasida yoshda onamning qo'lida qolganmiz. Onam maktabda boshlang'ich sinf o'qituvchisi edi. Tomorqamiz unchalik katta bo'lmasa ham ekin ekib ro'zg'or kamini to'ldirardik. Hatto o'zimizdan orttirib bozorga olib borib tirikchilik qilganimizni ham eslayman. Oilada to'ng'ich qiz bo'lganim uchun oiladagi qayg'u meni erta ulg'aytirdi. Tengqurlarim qo'g'irchoq o'ynab, bolalik gashtini surib yurgan paytda onamning asosiy ko'makchisi, yordamchisi bo'lganman. Onaizorim beshik boshida yig'lab o'tirgan paytida qanday yupatishni bilmasam ham, ko'z yoshini artib qo'yishga aqlim yetardi. Yolg'iz boshiga ro'zg'or tashvishi tushgan onam boshini tik tutib yurishi uchun akam ikkimiz qo'shqanot bo'lganmiz. O'sha qora kunlar yodimga tushganda onam juda g'ururli, irodali ayol ekan-da, deb o'ylayman.

1961 yilning mart oyida yaxshi xulqi va xizmati uchun dadam muddatidan oldin uyga qayt­­di. O'shanda birinchi sinfda o'qirdim. Ammo quvonchimiz ko'pga bormadi. Dadam u yerdan yurak kasalini orttirib kelgan ekan, to'rt oygina yashadi xolos. Bu bolaligimning eng qayg'uli kuni edi. Eng yorqin xotirasi esa onam maktab kutubxonasidan olib kelgan kitoblar bo'lgan…

…Qutlibeka Rahimboyeva Farg'ona pedagogika institutining o'zbek tili va adabiyoti yo'nalishiga o'qishga hujjat topshirganda 17 yoshda edi. 1973 yili oliy ta'lim dargohini tamomlab Farg'onada ishlay boshladi. Har gal onasining roziligi bilan ustoz Zulfiyaxonim huzuriga kelganini hayajon bilan eslaydi:

— O'shanda 1976 yil avgust oyi edi. Toshkentga, “Saodat” jurnaliga kelganimda Zulfiya opam yo'q ekan, olisdan kelganimni bilishgach, she'rlarimni qoldirib ketishni tavsiya qilishdi. Men ham ertaga kelaman deb yozganlarimni qoldirdim. Lekin yuragimni bir hadik g'ijimlab turardi – yozganlarim yoqarmikin?! Shu ikkilanish bilan ertasiga tahririyatga bordim, o'zimga bo'lgan ishonchimdan hech qanday cho'g' qolmay, hayajon bilan xonalariga kirdim. Ostonada titranib turganimni ko'rib jilmayib: “Bu she'rlarni yozgan qiz senmisan?”, – deb meni bag'riga bosib peshonamdan o'pdilar. Bu mehr va iliq munosabatdan yuragim nurafshon bo'lib ketdi. Stulga yuzma-yuz o'tirib men bilan ancha suhbatlashdilar.

— Qanday kitoblarni sevib o'qiysan?

— Marina Svetayeva, Nozim Hikmat…

— Toshkentga kelishingga uyingdagilar rozimi?.. El e'zozidagi shoira mendek oddiy qalamkash bilan suhbat qilib o'tirganiga ishongim kelmasdi. Hayajondan tomog'im qaqrab, yutinishga qiynalardim. Beixtiyor stol ustiga qo'yilgan paxta gulli taqsimchadagi qora uzumga qo'l uzatdim. Keyinroq o'sha holatimni o'ylab uyalib yurganman.

Shundan keyin she'rlarim ilk bor muhtasham jurnalning sahifalaridan joy oldi. Men o'zim bolalikdan Toshkentda o'qishni orzu qilardim, she'rlarim “Saodat”dek jurnalda nashr qilinganidan so'ng shoira bo'lishga ishonchim ortdi. Toshkentda o'qib, ishlaydigan tog'am (tog'am deganim kursdosh dugonamning otasi edi) yordami bilan poytaxtga kelib ishga joylashdim. Ota yurtim, Toshkent, vodiy orasi men uchun “bir qadam” bo'lib qoldi. Har bir yo'lagi, giyohi, toshu tuprog'i hammasi birdek qadrdon edi…

Qutlibeka Rahimboyeva o'zi aytganidek, Turk­manistonning Toshovuz viloyatida tug'ildi, lekin vodiyda ulg'aydi. Do'stu qadrdonlari, bag'riga olib uyidan joy bergan, hayit bayramlarda o'z bolalari qatorida unga ham holva tutgan daryodil insonlarning mehridan ko'ngli o'sdi, qalami charxlandi. Zulfiya opadek mehribon inson bag'riga bosib: “She'rlaring yaxshi ekan”, degan lahzalarda yuragida yana bir shoir uyg'ondi…

Katta shaharni orzulab kelganlar kabi uning ham boshidan ko'p sinovlar o'tdi. Ijara balosi boshiga soya solgan kezlarda, doimiy ro'yxatdan o'tish uchun yaxshi odamlar ko'magiga muhtoj bo'lgan pallalarda ham ushoqqina jonini nisor qilib, ikki yurt odamlari yuragiga qadr ipini bog'ladi. Hech qachon, hech kimga ko'z yoshini ko'rsatmadi. Bir so'z bilan aytganda, shoirlik qismatidan rozi bo'lib yashadi. Ustoz aytganidek, Yaratgan oddiy odamga bir hissa muhabbat bersa, shoir odamga ikki hissa muhab­bat ato etadi. Oddiy odamga bir misqol dard bersa, shoir olam dardi, odam dardi bilan yashaydi. Qutlibeka Rahimboyeva ham ana shu pokiza ishqi bilan yurtni sevdi. Tug'ilgan tuprog'ini, ota uyini sog'inganda bir dard tort­sa, millat dardiga yelkadosh bo'lib ming dard tortib qalam tebratadi.

Xotira sandig'imda bunga jonli misollar juda ko'p. Qutlibeka opa ikkimiz Sirdaryoga xizmat safariga bordik. Odamlar orasida, dehqonlar dalasida yurib dolzarb mavzuda materiallar tayyorladik. Bir saxovatli oila egalari mahalla bolalari shaxmat-shashka o'rganishi uchun alohida uy quribdi. G'isht quyib, sinch ko'tarib qurilgan mo''jazgina xonada hamma sharoit mavjud. Mahallaning bolasiga shaxmat sirlarini o'rgatayotgan odamning umid­lari bir olam edi. Yana bir olis viloyat safarida besh nafar farzandi bor tadbirkor ayol mahalladagi kam ta'minlangan oila farzandlari oliygohga kirsa, shartnoma pulini to'lar ekan. Manzildan qaytayotgan paytimiz orqa o'rindiqda opaning ko'z yosh qilib o'tirganiga ko'zim tushib: “Nima bo'ldi, opa, kimdir xafa qildimi?” deb so'radim.

— Yo'q, shunday yurtda, xokisor, mehribon odamlar orasida yashab yurib xafa bo'larmidim. Sevinib yig'ladim, g'ururlanib yig'layap­man. Paxsa devori o'rniga pishgan g'isht bilan uy ko'tarsa bo'lardi, mahalla bolasiga mo''jazgina shaxmat maktabi bunyod qilganini qarang, hovlida turgan eski “jiguli” mashinasini yangisiga alishtirib, mol-dunyo yig'ish o'rniga kambag'alning bolasini o'qitayotgan tadbirkor ayolni yaxshi ko'rmay bo'ladimi? Voh, zahmatkash elimdan-a!.. Shunday odamlarni yozmay bo'ladimi, suymay bo'ladimi?..

Men va men kabi ko'plab shogirdlari Qutlibeka opaga bir ta'rif aytamiz. Yuragi o'zidan o'n marta katta ayol!..

Bir kuni Qashqadaryoga safar qildik. Ke­yingi paytlarda toblari bo'lmay yurgani uchun (kovidga chalinib ancha betoblangan edi) ularga aytishga iymanib, yosh shogirdimiz bilan yo'lga otlandik. Yonimga kirib: “O'zingiz qiynalasiz, shuncha sahifani tayyorlash og'ir kechadi, boraman, bahonada havo almashtirib kelaman”, dedilar. Safarning ikkinchi kuni holsizlanayotgan opani ko'rib, darhol o'sha yerga “tez yordam” chaqirdik. Qon bosimlari balandligidan yuragida ham qattiq og'riq bo'layotgan ekan. Zaruriy muolajalardan keyin biroz dam olsin deb, oyoq uchida yurib chiqib ketdik. Tadbirkor Salomat opa ish jarayonlari bilan tanishtirdi. Sexni aylanib yurib, to'p­lanib turgan ishchilarga ko'zim tushib yaqinroq bordim. Qarasam, Qutlibeka opa temir uyumlari ustiga o'tirib olib, ishchilar bilan suhbat qurardi… Bir necha daqiqa oldin dard chekib, dokadek oqargan yuzida tabassum, ko'zlarida quvonch balqirdi.

 

Beixtiyor ko'zlarimga yosh keldi…

Ilohim, ustozimiz yuz yoshga kirsin!

 

Munavvara USMONOVA,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan

madaniyat xodimi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nine − 7 =