Mening yozuvchi do'stim
yoki taniqli adib Alisher Ibodinov haqida aytmoqchi bo'lgan gaplarim
Aslida, uni tanishtirib o'tirishning hojati yo'q. Kitob o'qigan, ozgina adabiyotdan xabari bor kishidan so'rasangiz, Alisher Ibodinov kimligini bir zumda aytib berishadi. U — eng yaqin do'stim! Besh yil hozirgi O'zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetida birga tahsil olganmiz. Bizga o'xshab besh yil “oltin davr”ni birga o'tkazganlarni ko'p ko'rganman, uchratganman. Ammo “hammayam bizchalik bo'lavermasa kerak”, degan xulosaga kelganman. Negaki, inson boshida yaxshi-yomon kunlar bo'ladi. Biz esa har doim birgamiz. Dovon oshib yuriladigan masofaning ham biz uchun farqi yo'qdek.
Yillar ham bir-birini quvib o'tib ketaverarkan. Do'stimizning kuni kecha ilk kitobi chiqqanini nishonlab yurgan kunlargayam salkam ellik yil bo'libdi. Qadrdonimiz 70ga kirib qo'yibdi. Shu munosabat bilan yaqinda Oltiariqqa bordik. Bir bayram bo'ldi. “To'y bola”ning o'ziga o'xshash o'ta samimiy bayram… Minbarga ko'p qatori so'zga chiqqan Farg'onaning katta olimi, professor Yo'ldosh Solijonov Alisherning asli tug'ilgan kuni 12 dekabr degan gapni aytdi. Bu viloyatda o'tgan adabiyot kunlariga qo'shib yuborilgan tadbir bo'lganligini ko'pchilik bilardi. Xullas, Alisher Ibodinov to'yi bahonasida Farg'onada katta adabiyot bayrami bo'ldi. Shu kuni, ayniqsa, Oltiariq xalqi o'zining faxrlanadigan bir erka farzandini qanchalar yaxshi ko'rishiga guvoh bo'ldik.
U adabiyot maydoniga kirib kelgan ilk kunlaridanoq yurtimizdagi ikki taniqli adib nazariga tushgandi. O'tgan asrning 70-yillari o'rtalarida Alisherning birdaniga o'sha paytda qo'lma-qo'l o'qiladigan “Guliston” jurnalida “Gulsapsar hidi” va “Dengizchi” hikoyalari beriladi. Adabiy jarayonni muntazam kuzatib boradiganlar bu hikoyalarni o'qigach, yangi ovozni eshitganday, o'ziga xos iqtidor egasini ko'rganday bo'lishgan. Undagi iqtidorni ilk bor jurnal bosh muharriri Asqad Muxtor e'tirof qilgandi. U kishi harbiy dengizchidan kelgan hikoyani o'qib, jurnalning navbatdagi sonida bosishga qaror qiladi. Erinmasdan muallifga xat yozib, dengizchilar hayotiga oid hikoya yuborish topshirig'ini beradi. O'qishga hujjat topshirishiga ham bosh-qosh bo'ladi. Qishloqda qolib, boshqa sohani tanlasa, adabiyot bir iqtidor egasidan ayrilmasin, degan xavotirda uni oliy ma'lumot olishga undaydi. Odil Yoqubov esa mashhur “Alisher haqida o'ylar” degan maqolasini yozadi…
Nega bir boshlovchi yosh ijodkorga shunchalar etibor berildi? Ikki zabardast yozuvchining Alisherga nazari tushishi, mehr-muhabbatining sababi nimada? Bunday savollarga javob topish uchun Alisherning hikoyalarini qayta-qayta o'qish kerak ekan, degan xulosaga kelganman. So'zimning isboti uchun quyida baholi qudrat uning ikki hikoyasi haqida o'ylaganlarimni qog'ozga tushirdim.
“Guliston”da bosilgan “Ko'l bo'yida” hikoyasini biz kursdoshlar talashib-tortishib o'qigandik. Xuddi Shohimardonni eslatuvchi maskandagi ko'l bo'yida, qadrdon qishlog'idan ancha narida chol va kampir yashaydi. Ular nega bu yerni tanlashgan? Cholning nabirasi Amir xalq og'zaki ijodi namunalarini to'plash niyatida kelgan qizlarning savollariga javob qaytarib, barchasiga aniqlik kiritganday bo'ladi:
“— Kim bilsin? — deya yelka qisdi yigit. — Bobomiz enamizni rashk qilganidan toqqa olib chiqib ketgan, deb chala-yarim eshitganman. Odamlarning gapi… Enam yoshligida shu qishloqlik bir yigitga ko'ngil qo'ygan ekanmi-ey. Xullas, shunaqa gaplar”.
Asar davomida “o'tmish dostoni” ochiladi. Amirning enasi haqiqatan ham qishloqdoshi Shahobiddinga ko'ngil qo'yadi. Lekin ko'ngil bilan hisoblashadigan davrmidi?! Uni O'tarboyga uzatadilar. Shahobiddin ham o'zga bir qizga uylanadi. Ilk muhabbat, ko'ngil qurg'ur uni hech bo'lmasa sevgilisini bir ko'rishga undayveradi. Kunlarning birida otda yo'lga tushadi. Kampir tilidan aytilgan uchrashuv tasviri:
“— U ketdi. Taxtaday qotib qolaverdim joyimda. Olapar itimiz g'ingshib etagimdan tortdi. Shundagina hushimni yig'dim…”
Yozuvchi itning g'ingshiganini bejiz keltirmagan. Bu holatning qanchalar og'irligini bechora it sezganidan nola qilgandi. Shu yerda yozuvchi Ibodinov rassomga aylanadi. Qisqa satrlar orqali ayriliq azobi manzarasini chizadi.
Jon berolmay, sevgisiga yetisha olmagan kishisini kutayotgan Shahobiddin. Bunday paytda rafiqasi mardlik qilib, Amirning enasini olib keladi… Bu ham hikoyadagi bir holat. Lekin o'ta hayotiy ko'rinish bo'lganligi uchun o'quvchini o'ziga tortadi…
Bu hikoya dastlab “Hur qizlar” deb nomlangandi. Nazarimda, shundayicha qolaversa ham bo'lardi. Sababi, hikoyadagi “Hur qizlar” afsonasi asarning asosini tashkil etadi.
Tog' bag'rida tinchgina yashayotgan “Hur qizlar”ga dushman hujum qiladi. Bosqinchilar kuchli. Lekin “Hur qizlar” dushmanga taslim bo'lishni istamaydi. Ori bunga aslo yo'l qo'ymaydi. So'nggi chora sifatida ulkan qoya o'z bag'riga olishini aytib, iltijo qilishadi. Nihoyat yorilgan qoya ichkarisiga kirib ketib, mangu qo'nim topishni afzal ko'radilar. Dushmanga bo'yin egmaslik, o'z tuprog'ini o'zgaga topshirmaslik, bo'ysunmaslik istagi ustun edi ular uchun. Asarda bu haqda hech qanday gap yo'q. Lekin yozuvchining maqsadini zukko o'quvchi anglab yetishi uchun vaqt beriladi. Ekspeditsiya safida kelgan qizlardan biri Aziza uchun bunday tuyg'ular begona. Uning o'z olami bor. U gimnastikachi qiz… Lekin dugonasi Gulnora boshqacha. U “Hur qizlar” taqdiriga befarq emas. Shuning uchun ham “Hur qizlar-u-u-u!” deb qichqiradi. Bu hayqiriq o'quvchining qulog'i ostida jaranglaganday bo'ladi… Shu yerda yozuvchi Ibodinovcha tasvir, mahorat yaqqol namoyon bo'ladi.
Alisherning “Bir tomchi yosh” asari 1978 yili yurtimizda “Yilning eng yaxshi hikoyasi” sifatida tan olingan.
“— Hammaning kelini abitta o'tirib kashta tiksa, meniki kitobga termiladi. “Olima”-da!
Qudasi Qurbon kampirning ma'rakada katta-kichikka eshittirib va atayin unga tegizib shang'illashi Sobira xolaga og'ir botdi. Atrofida o'tirgan bir-ikki kampir labini qimtidi. Qo'shnisi Payzi xola uning tizzasiga qo'lini bosib:
— Indamang! — dedi”.
“Bir tomchi yosh” hikoyasi ana shunday boshlanadi. Bu, ayniqsa, yoshi 60dan oshganlar uchun juda tanish manzara. Yozuvchi Alisher Ibodinov bu holatni qanday bo'lsa, shundayligicha o'quvchi ko'z oldiga keltirib qo'yadi. Yozuvchi mahorati deganlari shu bo'lsa kerak. Hikoyadagi voqealar asosiy qahramon Ma'suma atrofida kechadi. Kitob o'qiydigan kelinchak bilan uning turmush o'rtog'i o'rtasidagi farq osmon bilan yercha. Ikkisi – ikki dunyo. Voqealar davomida ana shu oraliq masofa ko'rina boshlaydi:
“— Rajabboy daladan qaytib hordiq chiqarayotsa, Ma'suma unga g'azal o'qibdi. Charchagan emasmi, noilojdan eshitib o'tirgan bolamni uyqu bosibdi. Shunga qancha arazladi-yu…”
Bu qaynonaning navbatdagi diydiyosi. Bechora kelin qishloqdagi ko'plab qismatdoshlar qatori barchasiga chidashga majbur. Lekin 18 yoshida Rajabboyga turmushga chiqqan kelinchakning shirin o'y-orzulari bor. Erini o'zgacha kutib olsa, erkalansa, erkalatsa. Axir ko'ngil deganlari… Yana hikoyadan parcha:
“Ma'suma ust-boshini o'zgartirdi-da, ko'chaga chiqib artezian qudug'idan suv keltirdi. Dahlizdagi obrezda yaxshilab yuvindi. O'sma qo'ydi. Pardoz boshladi.
Shifonerdan yangi “yahudiy” atlas ko'ylagini olib kiydi, o'zini oynaga soldi. Ko'ylak xiyol uzun edi. Etagini bukib boqdi. Baribir ko'ngliga o'tirmadi.
Ko'ylakni tizzasidan to'rt enlik yuqoriga ko'tardi. O-o-o-y! Oynadan unga boqib, kelishgan, beli ingichka, oyoqlari bejirim, sarvqad, sochlari yelkasini qoplab, bir qarashda yuraklarni jizillatadigan jonon qarab turardi. Birdaniga raqsga tushgisi keldi”.
U kitob o'qigan qiz. Otasidan “Kuntug'mish” va boshqa dostonlarni eshitib ulg'aygan. Ba'zan she'r ham yozadi:
Sizni kuta bag'rim ezildi,
Siz-chi, kimga aytasiz roz?
Eri kelgan paytda she'rni yostig'i ostiga qo'yib, o'zini uyquga soladi!
Shunday shirin xayollar bilan yostiqdoshini kutayotgan kelinchakni koshkiydi er qurg'ur tushunsa. Kela solib:
“Padaringga la'nat senday xotinni! Sigir ochdan o'lay deb qopti! Do'mpayib yotishingni qara!” — deb uyqudan uyg'otadi.
Shunda:
“Ma'sumaning ko'zlari tubida ham allaqachonlardan beri payt poylab yotgan bir tomchi yosh sizib chiqib kipriklariga ilashdi, so'ng oftobda qoraygan yuzida iz qoldirib, atlas ko'ylagiga yumaladi, unga ham sig'may pastga oqib tushdi…”
O'quvchi Ma'suma bilan birga yig'lashi mumkin bularni o'qib. Ha, bunday asarlarni qayta-qayta o'qish kerak. Aslo zerikmaysiz. Asar qahramoni bilan birga yashaysiz. Dardiga sherik bo'lgingiz keladi. Ammo osmon yiroq, yer qattiq. Shu yerda ijozatingiz bilan do'stimizning ikki hikoyasiga bildirgan munosabatlarimni to'xtatsam. Bir gapni yozmasam bo'lmas. Hali o'zbek adabiyotshunosligi Alisherning asarlariga yetarlicha bahosini bergan emas. To'g'ri, o'z vaqtida Ozod Sharafiddinov va Umarali Normatovdek katta olimlarning nazari tushgandi. Lekin… “Chaqmoq chaqnaganda”, “Oq… Oppoq bulutlar”, “Quyosh ham olov”, “Zulm bazmi”, “Xudoyorxonning so'nggi kunlari” va boshqa ko'plab asarlarining birortasi kitob do'konlari peshtaxtalarida turib qolgani yo'q. Faqat taniqli adib va o'zbek jurnalistikasining ustunlaridan biri Ahmadjon aka Meliboyevga Alisherning Qo'qon xoni haqidagi asariga bergan bahosi uchun rahmat aytmog'imiz kerak.
Endi yozuvchi Alisher Ibodinov shaxsiyati haqida.
Do'stlikni qadrlashni, do'stga sadoqatni ham Alisherdan o'rgansa arziydi. Bir voqeani batafsil bo'lmasa-da qisqaroq aytib, so'zimni isbotlasam. Besh-olti yil avval dang'aralik do'sti, bir necha kitoblar muallifi Nosir Zohid ustida “qora bulutlar” paydo bo'lib qoladi. Uning asarlari muhokamaga qo'yilganida, ayrimlar nohaq fikrlar bildirishadi. Birgina Alisher: “U mening do'stim, ham Farg'onamizdagi yaxshi ijodkorlardan biri”, deb ko'pchilikka qarshi turadi va o'z fikrini o'tkazadi. Nosir Zohid bilan bo'lgan jarayon “yaqin o'tgan o'tmish”imizni yodga soladi. Aytaylik, 1937 yil voqealarini. Ehtimol, o'sha davrda ham Alisherga o'xshagan adiblar ko'proq bo'lganida, begunoh qatag'on qurboni bo'lgan millat oydinlari Abdulla Qodiriy, Usmon Nosir, Cho'lponlar tirik qolib, xalqimizga aytolmagan gaplarini aytib, o'lmas asarlar yozib qoldirisharmidi, deysan-da. Mirzakalon Ismoiliy, Shukrullo, Said Ahmadlar umrini uzoq o'lkalardagi qamoqxonalarda ne azoblar bilan o'tkazmagan bo'larmidi?! Ularni sotganlar va otganlar orasida o'zimizdan chiqqan xoinlar bor ekanligini arxivlardagi hujjatlar tilga kirib, “gapirayotganligini” ham ko'rib turibmiz. Alisher juda kechirimli. Lekin sotqinni, do'stiga xiyonat qilganlarni aslo kechirmaydi.
Alisher Abdulla Qodiriyni juda yaxshi ko'rardi. Talabalik davrimizdayoq adibning nabiralaridan ijozat olib, “O'tkan kunlar”ning bir bobi asosida roman yozishni niyat qilgandi. Shu maqsadda Qodiriy asarlari qahramonlarining yaqinlaridan birini topgandi. Nimagadir roman yozilmadi. Bu ham bir jumboq. Balki Qodiriy dahosi oldida cho'chiganmikan? “O'tkan kunlar”ga yaqin keladigan asar yozolmayman, deb qo'rqqandir. Yoki buyuk yozuvchining achchiq va alamli qismati asarni yozishga qo'li bormaganiga sabab bo'ldimikan? O'sha yillari adabiyot maydoniga kirib kelgan Ibodinovga ayrimlar juda katta umid bildirishgandi. Alisher yozsa bo'lardi. Bu ish qo'lidan kelishini “Xudoyorxonning so'nggi kunlari” asari bilan isbotladi, deb o'ylayman. Lekin unga turmush tashvishlarimi, sog'ligimi, gazeta tahririyatlaridagi sira tugamaydigan (do'stimiz Alisher Ibodinov uzoq yillar “O'zbekiston ovozi” gazetasining Farg'onadagi o'z muxbiri, viloyat “Farg'ona haqiqati” gazetasining bosh muharriri bo'lib samarali faoliyat yuritdi) yumushlarmi, ishqilib, shu narsalar pand bergani-da haqiqat. Bu tashvishni bundan 40 yil avval Odil Yoqubov “Alisher haqida o'ylar” maqolasida yozgandi. Bunisini yirik adibning bashorati deyish mumkin. Bir umid ham yo'q emas. Alloh yo'l bersa, tayyor materiallarni qog'ozga tushirmoq uchun Alisherda hali imkoniyat bor…
Atoqli shoir Abdulla Oripov Haj amallarini bajarish uchun borganida taniqli ulamolardan biriga: “Hazrat, kimga sig'inmoq kerak?” degan savolni beradi. O'shanda din ulamosi: “Yolg'iz Allohga!” deb javob qaytargach, “Yana-chi?” deb murojaat qiladi. “Undan keyin onaga sig'insa bo'ladi”, degan javobni oladi. “Payg'ambarlar-chi? Ota-chi?” Bu savollarga: “Payg'ambarlar va otalar ziyorat qilinadi”, degan javob olgan ekanlar. Bu savol-javobni eslashimning sababi bor. Alisher universitetni bitirganidan so'ng poytaxtda qolib, adabiy muhitdan kuch olib, ko'plab asarlar yozishi mumkin edi. Balki adabiyotimizning yetakchi ustunlaridan biriga aylanardi. Unda shunday kuch, iqtidor borligiga aslo shubha yo'q. Bu so'zlarni tengdosh ijodkorlar ham o'ziga aytishgan. Lekin u oldinda kutayotgan o'sha mashhurlikni xohlamadi. Yolg'iz o'g'li uchun umrini baxshida etgan, o'ta mehribon onasini ota hovlida yolg'iz qoldirishni istamadi. “Onamning oldida bo'laman”, deb poytaxtning qizg'in adabiy muhitidan voz kechdi. Onasini so'nggi yo'lga kuzatguncha bo'lgan davrda qo'lidan kelganicha e'zozladi. Ko'ngliga qaradi. Duosini oldi. Kitoblari chiqqanida, onasining sevinganlari… Ijodni ham bir chekkaga surib qo'yib, esdan chiqargani yo'q. Shuning uchun ham kam bo'lmadi. O'zi ham tan bergan holda: “O'tgan hayotimdan minnatdorman. U menga hamisha saxiylik qildi”, deb yashayapti.
Alisherning rahmatli shoir Rauf Parfiga mehri boshqacha edi. Rauf aka vafot etgan kunning ertasiga Farg'onadan Toshkentga yetib keldi. Birga buyuk shoir o'zining so'nggi kunlarini o'tkazgan Chorsha'm Ro'zining xonadoniga fotihaga bordik. Tashqariga chiqqach, Chorsha'm akaga minnatdorlik bildirib: “Aka, men dengizchi bo'lganman. Kemamiz ba'zan yirik qoyalarning oldiga yaqin borib, haftalab to'xtab qolardi. O'shanda u bizga kichikroq ko'rinar, unchalik e'tibor ham bermasdik. Lekin qoyadan uzoqlashgach, uning haybatini ko'rib, hayratga tushardik. Rauf aka ham adabiyotimizdagi ulkan qoya edi. Hozir unchalik bilmasak-da, vaqtlar o'tib uning ulug'vorligi ko'rinadi. O'shanda biz dengizchilar qayta-qayta qoyaga qaraganimizday, Rauf Parfini anglaymiz, uni sog'inib yashaymiz”, — degan gaplarni aytgandi.
Alisher O'zbekiston xalq shoiri Oxunjon Hakimovni “ustoz” deb e'zozlar, eng yaqin jigargo'shasiday erkalanardi. Koronavirus degan kasallik boshlangan kunlari qizi va nabiralarini ko'rmoq niyatida Toshkentga kelgan Oxunjon aka shu yerda qolishga majbur bo'ladi. Yo'llar berkilgan. Eng yaqinlar ham bir-biridan o'zini olib qochadigan kunlar. Xalqimizning taniqli shoiri ko'rinmas yov, kasallik avj olgan kunlarda olamdan o'tdi. Farg'ona tugul, Toshkentdagi yaqin do'stlari ham uning janozasida qatnasha olmadilar. Akamizni Toshkentning chekkasidagi qizi yashayotgan hovlidan ko'rinib turadigan qabristonga dafn etishdi. Kasallik biroz chekingach, xastaligiga qaramasdan Alisher Toshkentga keldi. Ozgina yursa, terlab ketayapti. “Qiynalib qolmayapsizmi?” deb so'ragandim, “Nima qilib bo'lsa-da, Oxunjon akamning qabriga bormasam bo'lmaydi”, degan javobni eshitdim. Qabristonni topib bordik. Qabr boshida ikkimiz. Mayin shabboda esib turibdi. Qabr yaqinidagi tepalikda o'sgan nihollar ma'yus egilib, “keldilaringmi?”, — deya salom berayotganday. Qur'on tilovatidan so'ng ortga qaytmoqchi bo'lganimda, do'stim: “To'xtang, akamga aytar gaplarim bor”, deb qoldi:
— Ustoz, bizni kechiring. Qadrdoningiz Yo'ldosh akaga: “Farg'onaga kel, do'stim, qolgan umrimizni shu yerda o'tkazaylik”, deb she'rlar yozgandingiz. Yo'ldosh Sulaymon Farg'onaga borib, anchagina yashab, bandalikni bajo keltirdi. O'zingiz esa bu yerda qoldingiz. Bandasi ertaga nima bo'lishini bilmas ekan-da. Taqdir hukmidan qochib qutulib bo'lmaydi, degan gapning ma'nosini tushunayotgandayman. Vaqtida kela olmadim. So'nggi so'zlaringizni eshitish nasib etmadi. Kech bo'lsa-da, qabringizdan tuproq olib borib, siz sevgan Vodil tuprog'iga qo'shamiz. Shu niyatda ham kelganman…
Alisher bu gaplarni xuddi ustozi eshitayotganday gapirardi. Anchagacha jim turib, ortga qaytdik. Ikkimiz ham bir-birimizga qarayolmaymiz. Ko'zlarda yosh. Rahmatli Oxunjon aka biz ukalarini, ukalar esa uni yaxshi ko'rardik. Tezda qabr boshidagi va'da bajarildi. Ustoz hurmatiga qo'yilgan Vodildagi ramziy qabr qoshiga kelganlar uzoq vaqt turib qoldilar… Ustoz bilan o'tkazilgan bir-biridan ajib kunlar eslanar, xotiralar uyg'onardi.
So'zim avvalida “Nega adabiyotimizning ikki zabardast vakili aynan Alisherga shunchalar e'tibor qaratdi?” — degan savolni qo'ygandim. Birlari yigitlik burchini o'tayotgan harbiyga maktub yozdi, ilk uchrashgandayoq, tag'in “Oltiariqda bodring ekib, dehqonchilikka berilib ketmasin”, degan o'yda Mahmud Sa'diydek ajoyib insonni bir-biriga tutingan aka-ukaday qilib bog'lab qo'ydi. Ikkinchisi esa Alisher haqida o'sha mashhur maqolasini yozdi. Ulkan yozuvchilar Asqad Muxtor bilan Odil Yoqubovning boshqa ishlari yo'qmidi? Shubhasiz, ular o'zbek adabiyotiga bir iqtidor egasi kirib kelayotganligini bilishgani uchun shu ishga qo'l urgandilar. Shuning uchun ham bugun 70 yoshga kirgan do'stimning ana shu ikki adib va ustoz Sa'diy ruhlari oldidagi qarzi katta, deb o'ylayman.
Yana shunga ishonchim komilki, qadrdon do'stim Alisher Ibodinov hali yana ko'plab ajoyib asarlar yozib, muxlislarini, o'quvchilarini xursand qiladi. Negaki, buning uchun unda yetarlicha mahorat, mehnatdan qochmaydigan ulkan salohiyat mujassam. Do'stimga uzoq umr tilash bilan birga, qaynoq ijodiy imkonlar tilayman.
Anvar ABDUVALIYEV.