Turkiya: zilziladan keyin…

OAVda e'lon qilinganidek, shu yilning 6 fevral kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog'an bilan telefon orqali muloqot qildi.

Davlatimiz rahbari Turkiyaning Janubi-Sharqiy viloyatlarida ro'y bergan kuchli zilzila oqibatida ko'plab insonlar qurbon bo'lgani va katta talafotlar ko'rilgani munosabati bilan chuqur hamdardlik izhor etdi. Birodar Turkiya xalqiga, vafot etganlar va jabrlanganlarning oilalari va yaqinlariga dalda so'zlari bildirildi.

Tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish maqsadida amaliy hamkorlik masalalari muhokama qilingani va O'zbekistondan Turkiyaga gumanitar yordam va qutqaruvchilar guruhi jo'natilishi rejalashtirilgani haqida O'zA xabar tarqatdi.

Turk xalqi boshiga tushgan bunday ulkan tashvish, tabiiy ofat bois jabrlanganlarni qo'llab-quvvatlab ko'plab yurtdoshlarimiz o'zlarining dil so'zlari, hamdardliklarini matbuotda, ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qilmoqda. Ishonamizki, uzoq o'tmishda ham ne-ne og'ir sinovlarni yenggan Turk xalqi bu sinovni ham matonat bilan yenga oladi…

Kuni kecha Turkiya janubi-sharqida va Suriya shimolida sodir bo'lgan kuchli zilzila natijasida 23 millionga yaqin odam jabr ko'rgan. Bu haqda Jenevada bo'lib o'tgan matbuot anjumanida Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti vakili Adelxayd Marshang ma'lum qildi.

Turkiya hukumati, o'z navbatida, mamlakatda zilziladan bevosita jabrlanganlar sonini 13,5 million kishi deb baholagan.

— Vayronalar ostida qolganlarni qidirish va zilzila oqibatlarini bartaraf etish ishlari davom etmoqda, – degan Turkiya atrof-muhit va shaharsozlik vaziri Murat Kurum. Uning so'zlariga ko'ra, ziyon ko'rgan hududlarda yo'llar vayron bo'lgan, bu esa qutqaruv ishlarini murakkablashtirmoqda. “Bu og'riqni ta'riflab bo'lmaydi”, — deydi Kurum va avvalgi zilzilalardan so'ng qutqaruvchilar 100 soatdan keyin ham qulagan binolar ostida tirik odamlarni topganini eslab.

Ayni paytda, Turkiya va Suriyada so'ng­­gi o'n yilliklardagi eng kuchli zilzila qurbonlari soni 5000 dan oshganligi aytilmoqda. Turkiya Ichki ishlar vazirligi ma'lumotlariga ko'ra, bu mamlakatda zilzila qurbonlari soni 3419 kishiga yetgan. Vitse-prezident Fuad O'qtoy 20 mingdan ortiq kishi jarohat olganini ma'lum qildi. Suriyada, rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, kamida 1602 kishi halok bo'lgan, 2000 ga yaqin kishi jarohatlangan.

Turkiyadagi qutqaruv ishlariga noqulay ob-havo sharoiti to'sqinlik qilmoqda. Meteorologlar kuchli qor, yomg'ir yog'ishi, shuningdek, nol daraja harorat fonida kuchli shamol davom etishini taxmin qilmoqda. Eng ko'p jabrlangan uchta viloyatga – Xatay, Qahramanmarash va Adiyamanga kirishga faqat qutqaruvchilar va gumanitar tashkilotlarning transport vositalariga ruxsat berilgan. Turkiya Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi – AFAD ma'lumotlariga ko'ra, mamlakatda kamida 5775 ta bino vayron bo'lgan. 6 fevral kuni erta tongda sodir bo'lgan zilziladan so'ng 258 ta yer silkinishi (takroriy silkinishlar) qayd etildi, dedi boshqarma vakili.

YuNESKO xalqaro tashkiloti Suriyaning Aleppo shahridagi zilziladan so'ng yuzaga kelgan vaziyatdan xavotirda. Bu yerdagi qal'a jiddiy zarar ko'rgan, deb ma'lum qildi “RIA Novosti” agentligiga tashkilot matbuot attashesi Tom Mallar.

Turkiyadagi tarixiy Gaziantep qal'asi va Suriyadagi Halab qal'asi, ikkalasi ham YuNESKOning Jahon merosi ro'yxatiga kiritilgan. Turkiyada dushanba kuni ertalab 7,4 magnitudali zilzila sodir bo'lgani oqibatida ushbu madaniy meros ob'yektlariga ham jiddiy zarar yetgan.

“Tashkilot o'z hamkorlari bilan merosga yetkazilgan zararni o'rganib chiqmoqda. YuNESKO, ayniqsa, Suriyada xavf ostidagi Jahon merosi ro'yxatiga kiritilgan qadimiy Halab qal'asidan xavotirda. Bu inshoot katta zarar ko'rgan – dedi Mallar. Uning qayd etishicha, shaharning eski qismidagi g'arbiy minora qulab tushgan, konstruksiyalari shikastlangan va zaiflashgan bir necha binolar mavjud.

Evropa Ittifoqi kengashiga raislik qilayotgan Shvetsiya Turkiya va Suriyadagi zilzila munosabati bilan Yevropa Ittifoqining tabiiy ofatlarga eng yuqori javob berish tizimi – Integratsiyalashgan siyosiy inqirozga javob berish (IPCR) mexanizmini joriy etish tashabbusi bilan chiqdi. Bu haqda YeI kengashi saytida ma'lum qilindi.

— Bunday mexanizm Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, institutlari va boshqa tomonlar darajasida qaror qabul qilishni osonlashtirish va tezlashtirish uchun ishlab chiqilgan. Erta tongda Yevropa fuqarolik mudofaasi mexanizmi ishga tushirildi. Endilikda IPCR doirasida yuqori darajadagi amaldorlar zilzila qurbonlariga yordam ko'rsatishni muvofiqlashtirishga jalb etiladi.

Bryussel o'ndan ortiq qidiruv-qutqaruv guruhlarini safarbar qildi, xaritalash xizmatlarini ko'rsatish uchun o'zining “Copernicus” sun'iy yo'ldosh tizimini faollashtirdi va Suriyadagi jabrlanganlarni gumanitar yordam dasturlari orqali qo'llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi – dedi Yevropa komissiyasi vakili.

Internet ma'lumotlari asosida

Kamoliddin DAVRONBEKOV

tayyorladi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

16 − three =