Qahraton qishning qilichi yoxud e'tirozlarga qanday javob berilmoqda?

Qish qishligini qiladi. Sovuq tushib, ketma-ket yomg'irlar qorga aylanib, yo'llar muzgalakka do'nishi yangilik emas. O'zi shunday bo'lishi ham kerak-da. Har faslning o'z xislati, o'z fazilati bor deganlaridek, bu yilgi qish fasli ham oppoq qorlar bilan boshlandi…

Bundan ayniqsa bolajonlarning quvonchi cheksiz. Ular qordan Qorbobo yasab, Yangi yilni intiq bo'lib kutishayotgani-chi…

Dehqonlarning ham kayfiyati ko'tarildi: qor mo'l yog'sa, bu — baraka.

Ha, qurg'oqchilikdan asrasin.

Bularning bari yaxshi. Ammo qishning sovug'i ko'p muammolarni ham har doimgidek, ko'ndalang qo'ydi. Aholiga gaz yetkazib berishning darajasi yomonlashdi. Elektr uzilishlaridan endi xalos bo'ldik, deb o'ylaganlar til tishlab qolishdi. Ayniqsa, chekka tumanlarda na gaz bor, na elektr toki ko'ngildagidek bo'lmagach… Yana avtotransport vositalariga metan-gaz shoxobchalaridagi ahvolni ko'rib, maymunlar ham yig'lab yuborgan bo'lsa kerak: kunning shu sovug'ida tonggacha yo'q metan-gazga kilometrlab cho'zilgan nav­batlar…

Bularning bari odamlarni qanchalar qiynayotgani sir emas. Afsus.

Prezidentimiz xalqni rozi qilish, ertaga, yaqin kelajakda emas, odamlar bugun farovon yashashga haqli deb tursalar-u, tegishli mutasaddilar o'z vazifalariga sovuqqonlik qilsalar, nima deyish mumkin?

Shu bois bir necha kundirki, ijtimoiy tarmoqlardagi “oh-voh”lar kuchaygandan-kuchayib bormoqda. Bugun ijtimoiy tarmoqlar, internet nashrlari va turli telegram sahifalari ana shu qishki ahvol haqida bong urayotgan yurtdoshlarimizning murojaatlari bilan to'lib-toshgan desak mubolag'a bo'lmaydi.

Jurnalist Ro'ziboy Qo'ldoshev Facebook tarmog'idagi o'z sahifasida shunday yozdi: …Vaziyatdan chiqish uchun avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarini yopib, gaz ta'minotidagi muammoga yechim izlanmoqda. Shu bilan birga bolalar bog'chalari va maktab o'quvchilarini   ta'tilga chiqarish kerak, ana o'shandayam gaz va elektr energiyasi tejaladi, degan takliflar aytilyapti. Holbuki, qish endi boshlandi. Qish bo'yi yuqoridagi takliflar bo'yicha yashaymizmi? Elektr energiyasi va gaz ta'minoti idoralari mas'ullari shu paytgacha qish g'amini yemagan bo'lsa… Nega, nodon kadrlarning bilimsizligi uchun oddiy xalq jabr ko'rishi kerak ? Nega?

Ushbu tarmoqda Shohruza Sattorova esa shunday post qoldirgan:

Butun boshli Respublika yoz bo'yi nimaning g'amini yeydi, hayronman. Aqlimni tanibmanki, ob-havoning biror-bir o'zgarishiga tayyor bo'la olmaydi. Issiq bo'lsa ham bir balo, sovuq bo'lsa ham. Issiq bo'lsa, havoning quruqligidan nafas olib bo'lmaydi, yomg'ir yog'sa, ko'chalar daryoga aylanadi, qor yog'sa – har metr muz maydoni.

Bir kungina qor yog'di hali, ikki-uch kundan beri sovuqdir, lekin ko'chadagi ahvolni qarang?! Yo'llar yurib bo'lmas darajada. Gaz quyish shoxobchalari yopilgan, taksi ikki-uch barobar qimmat. O'lay-o'lay deb turgan jamoat transporti oraliq intervali cho'zilganmish.

Xonadonlardagi ahvolni esa aytib bo'lmaydi. Yangiyo'lda turaman, gaz yo'q, uyni isitay desa tok pastligidan elektr plitalar ishlamaydi, ovqatni o'choqda qilyapmiz, uylar muz bo'lib yotipti…

Bunday achinarli, achchiq gaplar ming-minglab yog'dirilyapti desak, xato bo'lmaydi.

“Elektr, gazni cheklayapsiz, chidayapmiz! Metangazli moshinlar sarson, endi AI-80 benzingayam chek­lov qo'ymoqchisiz?”

Ijtimoiy tarmoqdagi bu zaharxandali post esa jurnalist Norqobil Jalilga tegishli.

Ha, muammo chindan ham tashvishlanarli. Nahotki, uning yechimi bo'lmasa? Nahotki, imkon bor-u, uzoq yillardan buyon deyarli bir xil holga tushib qolgan kommunal sohadagi bunday ahvolni o'nglash uchun tegishli tashkilotlar o'z vaqtida chora-tadbir ko'rishni “yodlaridan chiqaraverishadi?”

Taniqli diniy ulamo Mubashshir Ahmad bu haqda Telegramdagi kanalida ayrim taklif va mulohazalarini quyidagicha bayon etadi:

– Elektr va gaz bizda 30 yildan beri yechilmas muammo. Lekin nega shunday qiyinchilik va muammoda ekanimizni bilmayman. Qancha gaz yoki elektr keragu, hukumat nega bular bilan ta'minlay olmayotganini tushunmayman. Kichik va nochor bir ro'zg'orda ham muammolar asta-sekin yechiladi. Lekin katta va energiya resurslariga boy mamlakatda bir necha o'n yillardan beri bu masala nega hal etib bo'lmayotganini anglamayman.

Sovuq xonada tong ottirish nima ekanini esa bilaman. Tana holsizlanib, soviydigan, shu sababli tashqaridan issiqlikka muhtoj bo'lgan qari va xastalarning hollarini yaxshi tushunaman. Qorong'ida dars tayyorlay olmayotgan avlod kelajagini, metan-gaz zapravkalarida vaqtlari uvol bo'layotgan aholi dardlarini yaxshi his qilaman. Bularni shuning uchun yozyapman.

Demakki, muammo bor, yechim yo'q ekan (hukumatda), kelinglar masalani ommaga oshkor qilaylik. “Aholimizga qancha gaz va qancha elektr kerak, shundan qanchasini hukumat yetkaza oladi va qolganini qay yo'l bilan hosil qilish mumkin?” Shu kabi savollarga javoblarni hamma bilsin va hamma bosh qotirsin. Chunki non kabi zarur bu ehtiyojlarni xalq har yili umid bilan kutadi.

…Agar gaz va elektr muammosiga shu sabab bo'lsa, narxni ko'targan yaxshi emasmi? Yo'q narsani arzonga ishlatgandan ko'ra, bor narsani qimmatga ishlatgan ma'qul-ku. Imkoni yo'qlar imkoni qadar iqtisod qilib ishlatar edi…

Xullas, yuqoridagidek fikr va mulohazalar kam emas. Iqtisodchi Otabek Bakirov “muammoning ildizi bozor yo'qligi bilan bog'liq”, deb hisoblasa, yana bir yurtdoshimiz Aziza Qurbonova “hatto Toshkent shahrida ham gaz muammosi yuzaga kelgani” haqida tashvishlanib yozadi.

Xo'sh, nima qilmoq kerak?

O'zbekiston bosh vaziri o'rinbosari – energetika vaziri Jo'rabek Mirzamahmudov energota'minotdagi uzilishlar yuzasidan izoh berdi. Uning so'zlariga ko'ra, hozirgi ob-havo sharoiti jiddiyroq talafotlarning oldini olish maqsadida rejali cheklovlar o'rnatishni taqozo etmoqda.

“Bizning vazifamiz – odamlarimizni xonadonida gaz bilan ta'minlash, shuningdek, tabiiy gaz yordamida issiqlik elektr stansiyalarida elektr energiya ishlab chiqarib, elektr energiya yetkazib berishdir.

To'g'ri, e'tirozlar bor. Hammaga ham yetib bormayapti, juda ko'p o'chishlar bo'lyapti. Biz buni tan olamiz, hech kim inkor etmayapti. Shu ob-havo sha­roitida rejali cheklovlar kiritgan holda (vaziyatdan) chiqib ketmasak, ertaga bundan-da jiddiyroq talafot bo'lishi mumkin. Shuning uchun bunday keskin choralar ko'rishga majburmiz”, – degan vazir.

Ahvol tez kunlarda ijobiy tomonga o'zgarishiga shubha yo'q, degan umiddamiz. Chunki OAV va ijtimoiy tarmoqlarda hukumatimiz tomonidan qish kunlaridagi hozirgi ahvolni yaxshilash bo'yicha chora-tadbirlar ko'rilayotgani aytilmoqda.

Yaxshi umiddamiz, albatta.

Kamoliddin RO'ZIMATOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × 1 =