Jingillar panohidagi chechak

O'zbekiston jurnalistlar uyushmasi yo'llanmasi bilan

 

(Uchinchi maqola )

 

Sharqda shunday mazmundagi afsona mavjud: (albatta), oshiq-ma'shuq qaysidir yo'llar bilan tanishadilar. Balki tushlarida ko'rishgandir, balki qush havodan ishqiy maktub olib borgandir, xullas, bir-birlarini qattiq sevib qoladilar. Ishq iztiroblari beayov, ammo sevishganlar bir-birlariga yeta olmaydilar: o'rtada o'tib bo'lmas tog'lar bor yoxud bir-birlarini juda yaxshi ko'rishib, Yaratganni unutib qo'yishgan va shunday jazoga loyiq ko'rilgandirlar. Binobarin,   sevgi otashi qancha alanga olmasin, visolga yetish imkoni yo'q. Shunda ikki dil daryoga aylanib, bir-birlarini izlab yo'lga chiqibdilar. Nihoyat,   tog'lardan oshib, bog'larni ortda qoldirib, tekis­liklarni kesib o'tib, bepoyon borliqda uchrashibdilar. Ular visolga yetgan joy jannatiy bir mas­kan ekan…

Xuddi shunday ruhdagi afsona mashhur hind kinofilmi “Sangam”ning asosida mujassamlashgan: Ganga va Jamna – ikki oshiq bir-birlarini izlab, yo'lga chiqadilar va Sangam vodiysida topishadilar. (Filmda uch taqdir yuzasidan gap ketadi).

Afsonalarda hayot haqiqatlari aql bovar qilmaydigan   tarzda aks etadi: daryolar uchrashgan keng­lik rizq-ro'zga boy, dunyoning jami go'zalligi mujassamlashgan o'lka ekan (yoki shunday o'lkaga aylanibdi). Qirg'oqni yorib yuboradigandek osmono'par to'lqinlar shovullagan dengiz ichra marmar baliqlar javlon urar, ummon qirg'oqlarida o'rmon shovullar, unda daraxtlaru o't-o'lanlar mavj urarkan. Xullas, ta'riflashga til ojiz.

Agar sezayotgan bo'lsangiz, bundan yuz yillar oldin Orol havzasi ana shunday maftunkor go'sha bo'lgan. Visolga intilgan ikki qalb – ikki daryo: Amu bilan Sir tutashgan joy chinakamiga jannatiy chiroy kasb etgan, bu boylikdan millionlab odamlar bahramand bo'lgan.

Bugun bu gaplar dahshatli og'riq qo'zg'aydi: qayga ketdi u go'zallik, qani o'sha ro'shnolik, dillarning shodligi, ro'zg'orlarning obodligi?! Ha, ikki oshiqni – ikki daryoni bir-biridan ayirdilar va uning zavoliga qoldilar. Endi dengiz o'rnida sahro guvlaydi, ayrilgan va allaqachon mahv bo'lgan oshiqlar faryodi, to'lg'oq-talvasasi dunyoni larzaga soladi. Ko'tarilayotgan qum bo'ronlari ma'shuqasini izlab sarosar kezinayotgan oshiqning qalb tug'yonlari ehtimol.   Bugun o'sha farahli kunlardan qaytmas sog'inch (nostalgiya) unsiz faryod chekadi, endi butunlay sokinlik komiga giriftor bo'lgan Mo'ynoqning Orolga tutash qirlarini junbushga keltiradi…

Tushmidi u kunlar?! …Mo'ynoqda hayot qaynaydi, dengizda kemalar shovqin soladi, minglab odamlar ish bilan band, ro'zg'orlar to'kin, baliq zavodi konveyerlaridan sarxil mahsulotlar (bir kunda 40 tonnagacha baliq konservasi ishlab chiqarilgan ekan) dunyoning ko'z ilg'amas nuqtalariga jo'natiladi, hatto Chorjo'y, Xo'jaylidan paromlar keladi.

— Dengiz bo'yida bitirish kechalarini o'tkazish urf bo'lgandi, – deydi Mo'ynoqda men bilan suhbatlashgan pensioner Bibixon O'tametova, — tong otguncha qirg'oqda sayr qilib, oydin orzularimizni suvlarga aytardik. Bunday tadbir oxirgi marta 1978 yilda, biz maktabni bitirgan yili o'tkazildi, menimcha.

Bugun esa ko'ngil kechinmalarini qumlar tinglamoqda. Shu joyda muzey tashkil qilingan, uning jihozlari olis o'tmishdan bugungacha bo'lgan tarixdan so'zlaydi. Shu joyda sayyoh­larga duch keldik. Ular Germaniya va Polshadan kelishgan ekan. O'z avtomobillarida.

— Bu urfga aylangan, – deyishdi hamrohlar, – yo'lini topib, kelishadi. Ishqibozlar ko'p. Endi bu joylar sayyohlikdan katta daromad keltiradigan maskanlar bo'lib qolsa, ajab emas.

Internet tarmoqlarida dunyodagi ekologik halokat manzillari haqida ma'lumotlar joylashtirilgan. Tabiiy emas, texnogen halokat hududlari sifatida qayd etilgan maskanlar ro'yxatini ko'zdan kechirsangiz, qaysidir mamlakatda avariya tufayli dengiz yoki daryoga zaharli ashyolar tushib ketgani, daryo dambasini suv yuvib yuborgani singari halokatlar jahon jamoatchiligining nazarini tortganligiga, shu holatlarga dunyo beparvo bo'lmay, munosabat bildirganiga guvoh bo'lasiz. Ammo ro'yxatdagi atom quroli yoki atom inshootlaridan zarar ko'rgan Xirosima va Nagasaki, Chernobil, Fukusima fojialarining dahshati haqida yetarlicha bong urilganini ham yaxshi bilamiz. Bunday mislsiz qurbonlar keltiradigan falokatlarning oldi olinishi uchun ko'rilgan choralar ham yaxshi ma'lum.

Ammo shu ro'yxatning belidan joy olgan “Orol dengizining halokati – dengizning qurishi” tarzida qayd qilingan falokatning ko'lami ulardan ham bemisl ekanini har qanday ma'lumotli odam tasdiqlaydi. Bunday holat – ulkan hududdagi suv manbasi – dengizning qurishi bu sivilizatsiyada kuzatilmagan va atrofidagi hududlarda istiqomat qiluvchi 50 milliondan ortiq aholining yashash sharoitini izdan chiqarib yuborgan bu qadar katta fojia dunyoda hali qayd qilinmagan. Bu tabiiy halokatning ko'lami butun dunyoni qoplab olayotgani ham haqiqat. Har yili 30-50 kun davom etadigan, baland­ligi 4 kilometrgacha ko'tarilgan, olti yuz kilometr kenglikkacha tarqaladigan buhronlar dunyo iqlimiga kuchli salbiy ta'sir etmoqda.

Bunday manfur “natija”ga erishish uchun yetmish yil, balki undan ham ko'p vaqt talab qilindi. Odamzod bu holni tomoshabin sifatida kuzatib turdi. Balki kimdir “Bolam cho'kib borayapti!!” deya qirg'oqda hayqirib, uvvos solib yurgandir, biroq unga chinakam jonkuydi bo'lmadi. Ko'rilgan choralar ham, rezolyutsiya va qarorlar ham naf bermadi, chunki bosh maqsad sir tutilgan, ko'rilayotgan choralar dengizga tomchi ham bo'lmasligini o'shalar tushunib turardi. Xullas, ulkan kema halokat sari ketayotganida uning rulini najotga burib yuboradigan kuchli qo'l topilmagan.

O'zi, falokat ana shunday sezdirmay keladi. Ko'lami jihatidan Oroldan keyingi o'rinda turuvchi Xirosima (1945 yil 6 avgust), Nagasaki (o'sha yil 9 avgust) fojiasini ham jamoatchilikning anglab yetish tadriji qiziq ekan. Xirosimada tong payti bomba portlaganda hech kim nima bo'layotganini bilmagan. Poytaxt Tokio bilan aloqa butunlay uzilgan. Bunday holdan hayron qolgan ma'muriyat ahvolni bilish uchun bir uchuvchini Xirosimaga yuboradi. U 160 km. masofani 3 soatda bosib o'tib, manzilga kelsa, shahar usti qalin tutun bilan qoplangan, pastda olov – atrof yonayapti. Shu xabar bilan ortga qaytgan.

Shunda ham aqlli yaponlar nima ro'y berganini aniq bilmagan ekan, chunki bu ko'rgulik oldin uchramagan-ku. Oradan 16 soat o'tib, Vashington “yangi urushga tayyorlanayotgan Yapo­niyaga” atom bombasi bilan zarba berilgani haqida rasman e'lon qilmaguncha dunyo jamoatchiligi gapning tagiga yetmagan. Orol fojiasi esa yillar davomida rivojlanib borib, voqe bo'ldi. O'shanda Yaponiyada bir urushda 80 ming odam, ikki portlashda 1945 yilning oxiriga kelib nurlanish va onkologik kasalliklardan Xirosimada 90 mingdan 166 ming, Nagasakida 60 mingdan 80 minggacha odam nobud bo'lgani qayd etilgan. Orol fojiasi qanchalab insonlarning umriga zavol bo'ldi va bo'layapti – buning hisob-kitobi bormikan?!

Butun jahon meterologiya assotsiatsiyasining xulosasiga ko'ra, Orolning qurishi XX asrdagi eng yirik antropegen ekologik xalokatlardan biri hisoblanadi. Dengizning burungi chegarasidan 100 km. radiusda iqlim keskin kontinental (qishda 50 darajagacha sovuq, yozda 50 darajagacha issiq) o'zgarishga uchradi. Qor-yomg'ir yog'ishi bir necha martaga qisqardi, 130 dan ortiq hayvon turlari, 30 turdagi baliqlar yo'qoldi, to'qay o'rmonlar kunpaya-kun bo'ldi. Dengiz tubida paydo bo'lgan qum va kimyoviy zaharlar bilan qorishgan chang bo'ronlari uzoq-uzoqlarga tarqalmoqda. Har yili 60-100 million tonna qum va tuz osmonga ko'tariladi. Orol hududining zaharli tuzlarini hatto Antarktidadagi pingvinlarning qonidan topishdi, Grenlandiya muzliklarigacha yetib borgani isbotlandi. Shuningdek, Niderlandiya o'rmonlari hamda   Belarus dalalari va boshqa joylarga ham yetib bordi bu zahri qotillar. Bugungi ahvol mana shunday ayanchli.

Mutaxassislarning fikricha, Orolni to'ldirish uchun Amu va Sirning o'tgan asrdagi 60-yillar hajmida suv quyganda ham yuz yil kamlik qiladi. Vaziyat   eng kamida qariyb yuz mingta ish o'rinlari yo'qolishiga olib keldi. Bugun u yana bir bor dunyo hamjamiyati e'tibori markazida. Endi uning “qutqarilishi”dan umid yo'q. Orol inqirozi — zamonamizning eng yirik ekologik fojiasi. Endilikda yuzaga kelgan muammolarni hal qilishda Markaziy Osiyo mamlakatlari hamkorlikda ish olib bormoqdalar. Buning uchun 1993 yilda “Orolni qutqarish xalqaro jamg'armasi” tuzilgan. AQSh, Yaponiya, Germaniya, Fransiya va boshqa rivojlangan davlatlar, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon banki va turli davlat hamda nodavlat xalqaro tashkilotlar bu asr muammosini ijobiy hal qilishga o'z hissalarini qo'shmoqdalar. Ayni chog'da Norvegiya hozirning o'zidayoq trast fondiga 1,2 million dollar miqdorida hissa qo'shishini e'lon qildi. Afrikadan Nigeriyaning hamkor davlatlar qatoriga kirishi e'tiborli.

Gap shundaki, BMT o'zining 77-sessiyasidagi muhtaram Yurtboshimizning nutqida ko'tarilgan dolzarb masalalarni e'tiborga olib, O'zbekiston tashabbusini ma'qulladi va Orolbo'yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo'­yicha ko'p tomonlama sheriklik asosida, bir nechta hamkorlar ishtirokida trast fondi tuzilishini e'lon qildi. Bu to'rtta dolzarb vazifani hal etishga ko'mak beradi: Birinchidan, Orolbo'yining barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga mablag'lar yo'naltiriladi. Ikkinchidan, kompleks integral yondashuvlar ta'minlanib, xalqaro jamoatchilik, BMT institutlari va boshqa tashkilotlar sa'y-harakatlari birlashtiriladi. Uchinchidan, moliyaviy mablag'larni o'zlashtirish uchun yangicha yondashuvlar ishlab chiqiladi hamda ular mintaqani innovatsion rivojlantirishga qaratiladi. Bu esa mablag'lardan oqilona foydalanib, ko'proq vazifalarni hal etish imkonini beradi. To'rtinchidan, ajratilayotgan resurslar samarali ishlatiladi.

Keyingi 4-5 yilda Orol va Orolbo'yi mintaqasida ekologik ahvolni yaxshilash bo'yicha amaliy choralar ko'rilayotgani odamlar hayot tarzida o'z amaliy ifodasini topmoqda. Ayniqsa, dengiz tubini o'rmon bilan qoplash choralarining ko'rilayotgani chang-to'zonlar ko'tarilishini kamaytirmoqda. Ammo gapning sirasini aytganda, tadbirlarning yana ham samarali bo'lishi, ko'proq naf keltirishida hozir ham byurokratik to'siqlar mavjudligi, “ish o'rnida gap” ko'payayotgani yoki aniq maqsadga xizmat qilmaydigan majlisbozliklarning kamaymayotgani ham bor gap. Mana, e'tibor bering: “Agenstvo MFSA” o'z saytida quyidagi xabarni joylashtirgan (u rus tilida bo'lib, o'zbekcha nusxasini boshqa saytlardan topa olmadik, shuning uchun baholiqudrat o'zbekchalashtirdik). Uni o'qib, mukammal xulosa chiqarish uchun juz'iy qisqartirishlar bilan e'lon qilishni ma'qul ko'rdik:

“Shu yil 20 sentyabrda Toshkent shahrida Orolni qutqarish xalqaro jamg'armasi (OQXJ) ijroiya qo'mitasi (IQ)ning 3-muvofiqlashtiruvchi yig'ilishi bo'lib o'tdi. Yig'ilish Jahon bankining CAWEP dasturi qo'llab-quvvatlashi bilan tashkil qilindi. Unda OQXJ ta'sischi davlatlarining qishloq xo'jaligi, energetika, suv xo'jaligi vazirlari, ekologiya, geologiya va tabiiy resurslar vazirining o'rinbosarlari, Qozog'istondagi Niderlandiya   Qirolligining elchisi, Turkmanistonning O'zbekistondagi elchisi boshchiligidagi delega­siyalar qatnashdi.

Shuningdek, tadbirda OQXJning hududiy tashkilotlari (NIS MKVK, NIS MKUR) (?) rahbarlari, MKVK (?), MKUR(?) kotibiyatlari,   “Sirdaryo” BVO (?), “Amudaryo” BVO (?), OQXJ IQ ning Qozog'iston, O'zbekiston, Tojikiston Res­publikalari filiallari va Nukus filiali rahbarlari, Markaziy Osiyo respublikalari Tashqi ishlar vazirliklarining vakillari, suv xo'jaligi, tabiat muhofazasi bo'yicha ekspertlar, shu qatorda manfaatdor boshqa idoralar, nodavlat va jamoat tashkilotlari, akademik muassasalar, ilmiy jamoatchilik, xususiy sektor vakillari va boshqalar qatnashdi.

…Yig'ilish yakuniga ko'ra, hamkorlar OQXJ IQ faoliyatini keyinchalik ham qo'llab-quvvatlashlarini bildirdilar. Ular OQXJ ta'sischi davlatlari va hamkorlar o'rtasida axborot almashish va ishlarni muvofiqlashtirib borish OQXJ platformasini ijro etish, hududda dastur va loyihalarni amalga oshirishda muhimligi ta'kidlandi”.

Albatta, rasmiy axborotlarga xos uslubda yozilgan hisobotdan biror ma'ni ajratib olish bir oz malakani talab qilishi aniq bo'lsa-da, o'qib chiqib, bir oddiy haqiqatga ishonch hosil qilish mumkin: qarang, Orol taqdiri bilan qancha tashkilot qiziqar ekan? Ular shunchaki “havaskorlar to'garagi” emas, balki qo'l ostida yetarlicha mablag'i va imkoniyati bor muassasalar! Xo'sh, bunday yig'ilishlarning, ya'ni tadbirlarning aniq maqsadga nechog'lik daxli bor? Oldin ta'kidlaganimizdek, ular Orolga “qaldirg'och tumshug'ida olib kelgan suv”chalik naf qilarmikan?

Aslida, Orolni ana shunday yuzaki yondashuvlar quritmadimi, loqaydlik, byurokratizm dengizning boshiga yetmadimi? “Orolni to'ldirish umuman mumkin emas!” deb turilganda “Orolni qutqarish…” deb jar solinishini qanday tushunish mumkin? Xullas, bu boradagi mulohazalarni davom ettirishni har kimning o'ziga qoldiramiz. Nafsilambrini aytganda, vazirlar, elchilar, nufuzli xalqaro tashkilot vakillari ishtirokida o'tgan mashvaratning tashkiliy tomonlari ham ancha sarf-xarajatni talab qilgandir. Agar bu tadbirning 3 kun (sho''balar va umumiy yig'ilish tarzida) davom etganini hisobga olsak, savollar ham 3 hissa ko'payadi.

…Xalqimizda “Oqqan daryo — oqadi” degan purma'no maqol bor. Insoniyatning million yillar bilan o'lchanuvchi tarixida yuz-ikki yuzlar bir lahzadek gap. Tarixiy ma'lumotlar Orol dengizi bir necha marta qurib, yana to'lganini ham insho etar ekan. Zamonlar kelib, bu hol takrorlansa, ne ajab?!

“Hind tilida “sang” – birlashish, tutashish degan ma'noni bildiradi, deb izoh bergandi filmning o'zbek tilidagi tarjimoni marhum Amir Fayzulla, — “Sangam” esa mustahkam birlashish, ajralmas bo'lib birlashish ma'nolarini ifodalaydi. Ganga va Jamna uchrashgan vodiy Sangam deb atalgan va joy Yer yuzining chinakam jannati bo'lgan: unumdor yerlarda mo'l-ko'l rizq-ro'z ungan, qut-baraka yog'ilib turgan, odamlar baxtli yashashgan. Go'zal ishqiy sarguzashtlar asosida qurilgan film mohiyatida oshiqlarning baxti umum­insoniyatning baxti sifatida talqin qilingan. Sangam – baxt-iqbol porlagan o'lka ramzi”.

Bunday taqdirning aksi Amu bilan Sirda ham takrorlandi chamasi. Ikki oshiq mangu ayriliqqa mubtalo etildi va vohadan hamma yaxshiliklar yo'qoldi. Talvasaga tushgan jabr­diydalar esa najot izlaydi. Bugun inson va tabiat Orol hududida xuddi jang maydonidagidek yuzma-yuz turibdi. Bir tomonda o'zaro munosabatlarning tushunmovchiliklari, balki xatolari tufayli yuzaga kelgan Orolqum, ikkinchi tarafda esa o'z nomardligidan iztirob chekkan va shafqat so'rab yolvorayotgan (balki hamon tavba qilmagan) Odam avlodi.

Muhoraba davom etmoqda. Endi jang natijasi butkul aniq bo'lib qolgan. Mag'lub taraf o'z xatolari tufayli tup­roqqa belanib kechirim so'rab turibdi. Uning iltijolari kerakli joyga yetib borarmikan, ohu faryodlar, najot tilab chekilgan nolalar ijobat bo'larmikan?! Bir narsa deyish qiyin. Ammo tabiat zug'umi to'xtamayapti, inson esa o'z irodasini garovga qo'yib, bor imkoniyati bilan harakat qilayapti. Bu harakat talvasa emas, balki vaziyatdan chiqib ketish, uni yumshatish uchun qilinayotgan ongli harakat. Biz ham bir ojiz banda sifatida tabiatdan shafqat so'rab qolamiz.

…Biyday dalani butasimon daraxtlar, sho'r va taqirga moslashgan o'simliklar qoplagan. Hozirgi texnika asrida bir kombayn   yaratilsa-yu, hammasini sartaroshdek tarashlab, mo'l-ko'l ozuqa bazasi (!) yaratsa va minglab bosh chorva mollari boqilsa, to'kin turmush yuzaga kelarmidi? Haqiqatan, bu joylarda chorvachilikni rivojlantirish imkoniyatlari cheksizdek (faqat suv bo'lsa!). To'rang'illar qoyadek ko'zga tashlanadi, saksovullar shamolda raqs etadi, oq pushtimi, qizil-qirmizimi, betimsol bir rangda jing'il (yulg'un)lar gullagan. Bu rang borliqqa go'zallik taratib turibdi. Ana shu qirmiz-qizil gulli jing'illar panasidagi sahro chechagi butun bo'y-basti bilan hayotga muhabbat qo'shig'ini kuylayotgandek. Million yillarning yuzini ko'rgan bu kengliklarda hayot mangu davom etaveradi…

Hakim SATTORIY

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 − 14 =