Ayriliq (Orol bo'yidagi o'ylar)

O'zbekiston jurnalistlar uyushmasi yo'llanmasi bilan

 

(Ikkinchi maqola)

 

Kemalar qumda “suzmoqda”…

 

Orol! Dengiz!! Seni bu holda ko'raman, deb o'ylamagandim. Axir “Dengiz” eding, bugun ne ko'yga tushibsan?! Sening bu holga giriftor bo'lganingni bilganimda, tilimning tagida asrab bo'lsa ham bir tomchi suv keltirmasmidim? Eh, odamzot nima qilib qo'yding?! Bu dardni takrorlayverib, oh uraverib, faryod chekaverib, to'lqinlar bilan birga g'oyib bo'ldi. Endi ularning nolalarini mayin qumlar shivirlamoqda, shamollar uvlamoqda, yuzlab kilometrlarga cho'zilayotgan bo'ronlar guvlamoqda: “Odamzot! Nima qilib qo'yding?!”

Ha, Orolning qurishi umumsayyoraviy fojia va uning “nash'u namolari”dan hech kim bebahra qolmayajak. Zero, bu ko'rgulikka yer tarvuzi ustida umrguzaronlik qilib yurgan hamma jonzotning aybi bor.

Shu tufayli baliqlar qirilib ketdi, qirqdan ziyod hayvonot turi manzillarini tark etdi, o'simlik olami kunpayakun bo'ldi. Endi o'z jigarlaridan ajralgan tuproq uvvos solib yig'lamoqda, quyosh olovi battar kuchayayotir, uning taftidan qumlar yonmoqda. Bu gulxanni o'chirishga kelgan shamolllar qum-to'zonlarni, yonib kulga aylangan tuproq-kullarni ming metrlab tepaga ko'tarib, olamga sochayotir, go'yo kibr va havolanishdan ko'r bo'lib qolgan ko'zlarni ochayotir.

Endi nima bo'ladi? Bosh masala – ana shu. Bu esa yo hayot, yo mamot masalasi. Mutaxassislarning eng oxirgi xulosalariga ko'ra, bu marvarid javohirning qurib bitishida 70 foiz inson omilining, qolgan 30 foizda esa tabiat hodisalarining aybi bor ekan. Shu sabab fojia ro'y berdi, qilg'ilikni qilib qo'ygan   inson esa bu hol qarshisida ojiz, notavon turibdi.

Dengiz mavj urib, bandargohni ko'tarib tashlagudek sho'xlik bilan shaddod o'ynagan qirg'oqda bugun qum o'ynaydi. O'sha sharafli kunlardan yodgor bo'lib bor-yo'g'i mayoq qolibdi. Endi uning uchidagi chiroq yonmaydi, kemalarni qirg'oqqa chorlamaydi. Axir kemalar yo'q, suv yo'q axir! Kema degani suvda bo'ladi-da. Suv o'rnida bo'shliq, ya'ni sahro! Quyida qum dengizi, qirq metrlar quyida; demak, suvning chuqurligi shuncha bo'lgan. U joyga tushish uchun zinalar yasalibdi (ularning soni72 ta, xuddi dengiz qurigan yillarga tengdek). Keyin esa qumga cho'kib yotgan kemalar. Ularni nufuzli mehmonga ko'rsatish, shu bilan dunyo e'tiborini jalb etish va najot kalitini qo'lga kiritish maqsadida uzoq-uzoqlardan sudrab kelishgan ekan. “Juda kattalarini ishbilarmonlar bo'laklab, metallomga topshirib yuborishgandi” deyishadi hamrohlarim ahvolga izoh berib. Ozgina sabr qilishganda qolganlari ham “kalla-pocha” qilinib, XXI asr inshootlariga ishlatilib yuborilar ekan. Endi kemalar bo'lganini, ular suvda suzganini eslatib, zanglab ketgan temir kulbalar qo'nqayib turishibdi. Ularni suratga tushirish, ustiga chiqib, uzoq-uzoqlarga mahzun termulish, atrofini aylanib, paypaslab, kema ekaniga ishonch hosil qilish mumkin. Ular qumga cho'kkan va jon taslim qilgan tuyalardan ham xarob holda turibdi. Soni ham ko'p emas. Afsuski, “kemalar qabristoni” edi bu joy. Dunyoda yana shunday boshqa ekzotika maskani, tomoshagoh bormikan?

Bunday katta ko'lamli fojia bir kunda sodir bo'lmagan yoki tabiatning tasodifiy zug'umi ostida ro'y bermagan. Unga uzoq tayyorgarlik ko'rilgan, hisob-kitoblar bo'lgan, muhokamalar, ilmiy mashvaratlar o'tkazilgan. Axir yer yuzidagi to'rtta moviy va yirik ko'llar: Kaspiy, Shimoliy Amerikadagi Virjiniya, Afrikadagi Viktoriyadan birining xaritadan yo'q bo'lishi shunchaki jo'n hodisa emas. Bu harakatning tad­riji hujjatlarda muhrlangan.

Ba'zi ma'lumotlarga quloq tutilsa, hali rus knyazi Ivan Grozniy (1530-1584) paytida, balki undan ham oldin Orol borasida va uning shahobchalaridan hovuchlab oltin olinishi haqida xabarlar yetib borgan ekan. Keyin esa imperatorlardan biri kemada Hindistonga borishni orzu qilgan. Buning uchun Kaspiy va Orolni birlashtiradigan shlyuz barpo qilish kerak bo'lardi. O'shanda Amudaryo to'lib oqqan va uning suvi Sarimqamish ko'lini ham to'ldirib turgan. Tarix kitoblarida qayd etilishicha, aslida Chingizxonning Xorazmni bosib olishidan keyin dambalar buzib tashlangan va Amudaryo O'zboy tomon urib ketgan. Faqat XVII asrga kelib, yana o'z o'zaniga qaytgan…

Faqat endi yana O'zboy o'zanini suvga to'ldirib, bu yo'lni Kaspiygacha davom ettirish kifoya edi. Voqealar rivojlanib boravergan, savdogarlar, sayyohlar, avvalo, qumlarida oltin yaraqlab yotgan, dalalarida jannat mevalari pishib turuvchi, odamlari mehnatkash o'lka haqida bir-biridan qiziq va ohanraboli ma'lumotlarni tarqataveradilar. Nihoyat, 1717 yil imperator Pyotr I Bikovich-Cherkasskiy boshliq maxsus ekspeditsiyani O'zboy o'zani kartasini tuzish maqsadida razvedka   uchun jo'natadi. Ularning niyati buzuqligini, ya'ni ayg'oqchi ekanini (ayg'oqchilik islom aqidalarida juda qattiq qoralangan) bilgach, bu “sayohatchi”lar Xiva xonligi tomonidan qattiq jazoga mustahiq topiladi. Bunday yondashuv endi masalani mantiqan boshqa o'zanga solib yuboradi: ham qasos, ham istilo. Bu harakat uzoq davom etadi va 1863 yilda Xivaning ishg'ol qilinishi bilan nihoyalanadi. Aslida bu yangi bosqinchiliklarning boshlanishi edi.

 

Gullash o'rniga …cho'llash

 

Mohiyati pardalangan, faqat ezgu maqsadlardan so'zlovchi gap-so'zlar yuqori doiralarda aylanib yurar, garchi tuzum o'zgarib, yangi jamiyat yuzaga kelgan bo'lsa ham munosabat o'zgarmay qolayotgandi. Albatta, o'tgan asr boshlarida bu mavzu qanchalik jamoatchilik nazarida bo'lgan, balki dolg'ali voqealar girdobida Orol taqdiri keyinga surilgandir, ammo tinch taraqqiyot yillarida u diqqat markazida turavergan. Jumladan, O'rta Osiyoda qishloq xo'jaligini ekstensiv rivojlantirish masalasi ko'rilganda Amudaryo deltasida o'zlashtirilmayotgan unumdor yerlar, bundan tashqari Orol havzasida katta miqdordagi suv zaxirasi borligi ham diqqat markaziga chiqqan. Jumladan, ilmiy doiralarda   qurg'oqchil yillarda 17 kub km., seryomg'ir yillarda esa 35 kub km. ortiqcha suv Orol dengizi havzasida mavjud bo'ladi, ular xo'jalik maqsadlarida foydalanilmaydi va bekorga havoga bug'lanib ketadi, degan faraz aytiladi. Bu fikrni o'sha davrning yirik gidrolog va irrigatorlaridan biri bo'lgan V. V. Sinzerling olg'a suradi va u bilan ko'p olimlar hamfikr bo'ladi. Endi maqsad “havoga behuda bug'lanib ketayotgan va xo'jalik maqsadlarida foydalanilmayotgan” suv zaxirasini istifoda etish ustida ketadi.

V. V. Sinzerling (1884-1954) shved millatiga mansub bo'lib, katta hayotiy tajribaga ega olim edi. 1927 yilda e'lon qilingan 800 sahifaga yaqin “Amudaryoning sug'orish tizimi” (“Oroshenie na Amu-dare”) monografiyasi bilan dunyoning cho'llangan yerlar bo'yicha eng yirik mutaxassislari qatorida e'tirof etilgandi. U 1918 yildan boshlab yirik inshootlarni qurish davlat qo'mitasi tashkiliy byurosi tarkibida irrigatsiya, melioratsiya va o'rmonlarni tiklash loyihalarini tuzish bilan shug'ullangan.   Qoraqum kanalini loyihalashtirishda ham qatnashadi. Ana shunday uzoq muhokamalardan keyin davlat reja qo'mitasi 1932 yil 25 dekabrda 4-8 yil davomida 30 dan 50 kub km.gacha Amudaryo suvini Sariqamishga olish haqida qarorni ma'qullaydi. Qarorda bu hol Orolbo'yida suvdan foydalanish sharoitlariga ta'sir qilmasligi ta'kidlangan.

Bu masalaning muhokamasi munozaralar bilan uzoq davom etgan. Qolaversa, Orol dengizining asosiy manbasi Amudaryo va Sirdaryoning suviga da'vogarlar ham yetarlicha topilardi. Jumladan, 1950 yilda Katta turkman kanali qazila boshlandi. Rejaga ko'ra Amudaryo suvi O'zboy o'zani bo'ylab Kranodarskkacha yetib borishi va 1200 kilometrga cho'ziladigan kanal Orol va Kaspiyni birlashtirmog'i lozim edi. Albatta, inson va tabiatning bu darajadagi katta “muloqoti” ilmiy doiralarni befarq qoldirmasdi. O'z paytida V. V. Sinzerling me'yoridan ko'p suv olish Orol havzasining siyraklashishiga olib kelishini va bu atmosfera havosiga keskin ta'sir qilishini eslatib o'tgandi. Boshqa bir guruh esa (masalan, geograf va iqlimshunos Aleksandr Voeykov va boshqalar) Orolni “tabiat xatosi” deb atab, uning o'rnidagi yerlardan dehqonchilik va boshqa samaraliroq maqsadlarda foydalanishni taklif qilishardi.

A.Voeykov (1842-1916) deyarli dunyoni kezib chiqqan yirik mutaxassis, tadqiqotlarida tabiat va inson munosabatlarini chuqur o'rgangan. U tevarak-atrof muhiti insonning tabiiy va ruhiy salomatligiga bevosita ta'sir etadi, deb hisoblagan. Gigienist sifatida aholi turli qatlamlari turmush tarzining ular sog'ligiga ta'sirini o'rganib, ko'plab mijozlar qulay iqlim sharoitidan kuch olishini ta'kidlagan hamda Kislovodsk, Sochi va Borjomining tabiatini tahlil qilib, bu joylardan kurort sifatida foydalanishni chor hukumatiga taqdim etgan. Ana shu mutaxassisning Orolni quritishga xayrixoh bo'lganini qanday tushunish kerak? Uning 1913 yilda Rossiyada nashr etiladigan “Qishloq xo'jaligi va o'rmonchilik” jurnalida 30 sahifaga yaqin “Turkiston ocherklari” bosilgan ekan. Balki uni obdon o'rganish masalaga oydinlik kiritadi).

Albatta, 25 foiz Amudaryo suvining Katta turkman kanaliga olinishi Orolning sayozlanishiga olib kelmasligi mumkin emas edi. Uzoq tortishuvlardan keyin quyidagi xulosaga kelindi: Amudaryodan 30-50 kub km. suv olinishi bilan ko'l maydoni 15-20 ming kv.kmga, hajmi 700 kub km.ga, chuqurligi 6-7 metrga qisqarishi, tuz miqdori 1 l/1, 5 gr.gacha bo'lishi mumkin, xolos. Butunittifoq geografiya jamiyatida bo'lgan o'sha munozara ishtirokchilari bu hol 200-300 yildan keyin shu darajaga yetishini tasdiqlashgandi. Bil'aks, suv sathining cho'kishi Amudaryoning quyi qismida yangi yerlarni o'zlashtirish imkonini beradi,   botqoqlanish va sho'rlanishning oldini oladi. 1951 yil 27 martda bo'lgan ilmiy munozarada ko'zda tutilgan bu bashoratlar qanchalik xato ekanini bugungi ahvol ko'rsatib turibdi.

Albatta, mavjud ahvol ilmiy jamoatchilikdan sir tutildi, turli bahonalar bilan vaziyat chalkashtirildi, aholi esa umuman xabardor qilinmadi. O'tgan asrning 50-yillarida Moskvadan chiqadigan “Komsomolskaya pravda” gazetasi Orol sathi bir necha santimetr pasaygani haqida informatsiya e'lon qiladi. Uni o'sha paytda Mo'ynoqda chiqadigan “Orol baliqchisi” gazetasi ko'chirib bosadi. Bu “xoin”ligi uchun gazeta rahbariga qattiq chora ko'rilib, ishdan olinadi. Aytish mumkinki, Orol fojiasining sabablari va oqibati oxirigacha temir sandiqlarda o'ta maxfiy saqlandi.

Ammo oyni etak bilan yopib bo'lmaganidek, bu behad katta bo'hronni ham berkitib turish mumkin emasdi. Dengiz sathining sezilarli pastlagani bilinib qolayotgandi. Shundan keyin ilg'or ziyolilar bong urishni boshlagan, “Orolni qutqarish” muassasalari tuzilgan, katta-katta yig'ilishlar o'tkazilgan, lekin bularning barchasi qaldirg'ochning tumshug'ida olib kelgan bir tomchi suvichalik naf bergani yo'q. Orolning qurishi qaytarilmas jarayonga aylangandi. E'tibor bering, o'jar raqamlar nimalardan so'zlaydi: 1960 yilda Orolning chuqurligi 53 metr, suv hajmi 1068 kub km., maydoni 66 ming kv. km. bo'lgan. Suvning sho'rligi 10 g/l. darajasida. Qirg'og'ining uzunligi 4430 km.ni tashkil qilgan. 1911-1960 yillar davomida dengiz sathi bor-yo'g'i 30 sm. pastlagan.

 

Mana,   …“rezultat”!

 

Bugungi kunda vaziyat o'tgan asrning 70-yillariga kelib keskin yomonlashishga yuz tutgani qayd qilinadi. Ilmiy kuzatishlar 1971-1985 yillar orasida suv sathi har yili 67 sm.dan pastlab boraverganini tasdiqlaydi. Oqibatda, 1986 yilga kelib dengizning chuqurligi 41 metrga tushib, u ikkiga bo'linib qoladi. Barcha choralar havoga uchib ketaverdi. G'ildirak aylanishni boshlagan, uni to'xtatish uchun undan ham katta kuch kerak edi.   Najot Sibir suvlari bo'lishi mumkin edi. Aslida, Amu va Sirdaryo suvlarini sug'orishga olish jarayonida bu hol ko'zda tutilgan, ya'ni Sibir daryolari suvlarini O'rta Osiyoga oqizish ko'zda tutilgan, obro'li minbarlardan bu ta'kidlangan edi. Ammo turli sabablar (aslida bahonalar) bilan loyihaning ikkinchi talabi bajarilmadi va jabrdiyda Orol bu noto'g'ri, nopok yondashuvning qurboni bo'ldi. Masalaning mohiyati – shu!

Jarayon davom etdi. 2002 yilga kelib, dengiz sathi 20 metrdan ko'proq sayozlashib, qirg'oqdan yuzlab kilometr chekinishga ulgurdi. Dengiz bo'yidagi flora va fauna o'nglanmas zarar ko'rdi, qum bo'ronlari ko'paydi va kuchaydi. Havzaga umuman suv tushmay qoldi, natijada 2014 yildan dengiz to'la quriy boshlagan. Shunday qilib, 1960-2016 yillarda Orolning maydoni 9 marta, suvning umumiy hajmi 21 marta qisqardi. Endilikda Orolni saqlab qolish haqida gap ham bo'lishi mumkin emas: tabiat o'z so'zini aytdi, hudud biosferasini tartibga solib turgan tarozi vayron qilindi. Bir necha ko'llardan iborat bo'lib qolgan dengizning tubi allaqachon botqoqlikka aylanib, so'nggi nafasini olayotgani haqida xabarlar bor…

Mutaxassislar tasdiqlaydiki, Orolning qurishi sabablarining uchdan ikki qismi insonning tabiatga noto'g'ri munosabati, madaniyatsiz zug'umi tufayli yuzaga kelgan. Aytish mumkinki, unga Sahroyi kabirning qismati nasib etdi. Afrika qit'asining o'ttiz foizga yaqin maydonini egallab yotgan, qariyb 9 mln.kv. m.ni tashkil etuvchi bu ulkan quruqlik ham bir necha yuz ming yil oldin dengiz bo'lgan ekan. Hozir uning hududida 2,5 mln.dan ortiq odam yashaydi, o'ziga xos hayot tarzi, tirikchilik maromi shakllangan. Endi Orol emas, Orolqum hududida ham shunday bo'lishi tabiiy. Hozir sun'iy saksovulzorlar barpo qilinayapti. Keyingi 4 yilda 1 732 796 gektar maydonga cho'l o'simliklari urug'i qadaldi. Yangi resurslar izlanayapti. Masalan, aritmiya sistalari daromadli sohaga aylanayapti. Bu joylardagi qamishning yuqori sifatliligini mutaxassislar ta'kidlagan, undan samarali foydalanilayapti, chorvachilikning turli tarmoqlarini rivojlantirish imkoniyatlari oshib-toshib yotibdi. Xullas, endi Orolqumda sahro hayotini yo'lga qo'yish haqida ko'proq qayg'urish kerakka o'xshaydi.

Masalaning bir nozik tomoni shundaki, vaziyat taqozosi bilan bu hududda o'ziga xos va boshqa joylarda uchramaydigan iqtisodiyot hamda aholining turmush tarzi yo'lga qo'yilishi, shakllanishi lozim. Ma'lumki, Orol havzasi O'zbekiston va Qozog'iston hududida yoyilgan. Bu ma'muriy bo'linish falokat hududida tiklanish ishlarini muvofiqlashtirib olib borishda ma'lum qiyinchiliklar tug'dirmog'i tabiiy. Hatto masalani har kim o'zicha yechishga urinishlar ham bo'lgan: Sirdaryo suvini kichik Orolga burib, uni to'ldirish uchun dambalar, kanallar qazilgan, biroq tabiat amri Orol yaxlit holda yashashi shart, degan qonunni tasdiqlab, bu urinishlar natija bermagan. O'zbekistonda barpo qilinayotgan yashil maydonlar Qozog'iston mutaxassislari e'tiborini tortdi, ular bu tajribani o'rganib ketishdi.

Demak, Orol hududining taqdiri ham, kelajagi ham bir. Shunday sharoitda O'zbekistondan Mo'ynoq, Bo'zatov, Qo'ng'irot, Taxtako'pir tumanlari, Qozog'istondan Orol, Qizil O'rda, Qazali, Chalqar avdanlarida olib borilayotgan qutqarish va tiklash yumushlarini yaxlit holda muvofiqlashtirib turish ehtiyoji mavjud. Mabodo amalga oshirilayotgan tadbirlar bir markazdan boshqarilsa, uning samaradorligi ham yuqoriroq bo'lardi. Hozir falokat hududiga xalqaro tashkilotlar (masalan, “Trast-bank”, Jahon banki va boshqalar), jamoat birlashmalari yordam berayapti, xalqaro jamoatchilik ham beparvo emas. Bu borada muhtaram Prezidentimizning BMT 77-sessiyasidagi chiqishi katta ahamiyat kasb etdi.

Shunday sharoitda, ko'rilayotgan choralarning samaradorligini o'ylab, Orol hududini   alohida Xalqaro tabiiy falokat zonasi deb e'lon qilish va uning maqomini belgilab qo'yish maqsadga muvofiq emasmi? Qolaversa, bu tuzilmaning yagona o'z moliya manbalari, yo'l xaritasi, qolaversa, ma'muriy tuzilmasi bo'lishi kuchlarni birlashtirishni ta'minlagan bo'lardi.

Shovqin-suronlarga to'la XX asr ikki yirik voqea bilan umrini yakunladi: 1). Qizil imperiya quladi; 2). Orol dengizi quridi. Bu vo­qealarning qandaydir ichki mantiq bog'lab turgangan o'xshaydi. Inson qavmining bir bo'lagi hozirgacha shakllangan hayot tarzini ostin-us­tun qilib, “Dunyo materiya asosiga qurilgan, ong ikkilamchi omil” deb chiqdi va davom etib, “Tabiatni bo'ysundirib, o'zimizning haqligimizni isbotlaymiz” deya dag'dag'a qildi. Shu kibr bilan Orolga hujum bo'ldi va mahv etildi. Endi esa haq va nohaqni farqlashning aniq isbotlari mavjud: baribir tabiat, tabiiy qonunlar hukmron bo'lib qolaveradi!

* * *

…Mo'ynoqda bo'lgan kunlarim shimolda kuz nafasi sezilib qolgan, havo beg'ubor, osmon tiniq edi. Muazzam kengliklardan teran mohiyat va mazmundan xabar berib, vazmin sabolar esib turardi. Bunday havo kishiga juda yoqimli, bu havoda Orol qumliklarini kezish allaqanday maroqli edi. Men hamrohlarim: tuman ma'naviyatining bayroqdorlari Gulchehra To'qsonboyeva va Fatima Karimovaga yuzlanib:

— Qanday go'zal tabiat! Noliydigan hech narsa yo'q, — dedim. Ular baravar kulib yuborishdi va jo'r bo'lgancha tagdor qilib:

— Orol kelgan odamning niyatiga qarab muomala qiladi! – deyishdi. Gap nimadaligini bundan ortiq lo'nda ifodalab bo'lmaydi.

Hakim SATTORIY

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

thirteen − 1 =