Chiroq ham yondi, ko'ngillar ham yorishdi…

Hayotda kutilmagan voqealar, vaziyatlar, tasodiflar ham yuz berib turishi bor gap. Ammo… shu yilning 25 yanvaridagi vaziyatga o'xshash voqea yurtimizda qachon bo'lgan, aytish qiyin. Ha, Qozog'iston hududida elektr tarmog'ida yuz bergan katta nosozlik, avariya sabab uzoq yillar davomida bo'lmagan, kuzatilmagan holat yuz berdi.

Markaziy Osiyo yagona elektr tarmog'iga ulangan mamlakatimiz elektr tizimi ham ana shu halokatli voqea tufayli, poytaxt Toshkentdan tortib, respublikamizning deyarli barcha hududlari bir vaqtda elektr ta'minotisiz qoldi.

Bu juda ko'plab muammolarni keltirib chiqardi, albatta. Toshkentda yer osti yo'li—metro to'xtadi. Elektr o'chgan vaqtda metroda bo'lgan yo'lovchilar evakuatsiya qilindi. Hatto ma'lum muddat aeroportlarimiz faoliyat ko'rsatolmay qoldi. Aholini ichimlik suvi bilan ta'minlash, issiq suv yetkazib berish, isitish tizimlarida muammolar yuzaga keldi. Aksariyat AYoQShlar ishlamay qoldi. Ayrimlarida uzun navbatlar hosil bo'ldi…

Bor yo'g'i 5-6 soatlik boring, yarim kunlik kutilmagan vaziyat shuncha tashvish olib keldi. Korxonalar va muassasalarda vaqtincha ish to'xtadi, go'yo.

Rosti, yurtimizda bunaqasi hech qachon bo'lmagan edi. Shukrki, vaziyat tez fursatlarda o'nglangani, aeroportlar ishga tushgani xabar qilindi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot kotibi Sherzod Asadov vaziyat shaxsan Prezidentimiz nazorati ostida ekanligi, O'zbekiston energiya tizimini barqarorlashtirish hamda elektr ta'minoti va boshqa tarmoqlar ishini tiklash bo'yicha olib borilayotgan ishlar haqida deyarli har daqiqa davlatimiz rahbariga axborot berilayotganini ma'lum qildi. Prezident topshirig'iga binoan elektr energiyasi ta'minotida yuzaga kelgan nosozliklar sababini aniqlash va bartaraf etish bo'yicha Bosh vazir huzurida hukumat komissiyasi tuzildi. Komissiya tomonidan, birinchi navbatda, generatsiya jarayonini tiklash hamda yuqori va past kuchlanishli elektr tarmoqlariga kuchlanish berish orqali iste'molchilarning elektr ta'minotini tiklash vazifasi qo'yildi.

Albatta, bu muammo umummintaqaviy energiya tizimi doirasida yuzaga kelgan nosozliklar oqibatida kelib chiqqanidan butun xalqimiz o'z vaqtida xabardor etildi.

Kunning ikkinchi yarmida va kech 24:00ga qadar poytaxt Toshkentda va mamlakatimizning boshqa hududlarida elektr energiyasi ta'minoti bosqichma-bosqich qayta tiklandi.

Elektr energiyasi shu qadar muhim, strategik ahamiyatga molik ekanligini bilardik, bir-ikki soat chiroq bo'lmasa betoqatlanishimiz ham bor gap edi. Lekin mamlakat miqyosida, buning ustiga Markaziy Osiyo­dagi bir nechta mamlakatlarda birdaniga, ya'ni bir vaqtning o'zida elektr energiyadan mosuvo bo'lib qolishi… bu chindan ham kutilmagan favqulodda vaziyat edi, desak xato bo'lmas.

Aytaylik, shaharlarimizda goho svetoforlarning ishlamay qolishi tez-tez bo'lib turadigan kamchilik. Ammo shu narsa bizda yo'lovchilarning, avtoulov boshqaruvchi yurtdoshlarimizning madaniyatini ham ko'rsatadigan omil vazifasini o'taydi: svetofor ishlamaydimi, tamom, hech kim, hech kimga yo'l bermaydi. Hamma zo'r, hammaning ishi zaril, hammaning vaqti yo'q. Chorraha — avtomashinalar ko'pkarisi bo'lar edi, baland signallar chalinib kerak bo'lsa, soatlab “probka” hosil bo'lardi-qolardi.

Kecha esa… IIV YHXX xodimlariga rahmat. Ayniqsa, asosiy chorrahalarda “GAI”lar astoydil mehnat qilishdi. Tirbandliklarning, kerak bo'lsa qancha ko'ngilsizliklarning oldi olindi. Ha, ularga rahmat, yo'lda kun bo'yi qat'iy rejimda transportlar harakatini nazorat qilib   turishning, bunday vaziyatlarda yo'llarda tirbandliklar yuzaga kelmasligini ta'minlashning o'zi bo'lmaydi.

“…Mamlakatimizning ayrim hududlarida elektr ta'minotining favqulodda uzilishi oqibatida, jamoat tartibini saqlash, yo'llarda tartibni ta'minlash, fuqarolar va ularning mulklariga ziyon yetkazilishini oldini olish tadbirlariga Ichki ishlar vazirligining barcha shaxsiy tarkibi jalb etilgan.

Hozirgi vaqtda, respublikada mavjud pat­rullik yo'nalishlariga qo'shimcha ravishda 6600 dan ziyod yo'nalishlar tashkil etilib, 1400 dan ortiq maxsus avtotransport va 12 ming nafardan oshiq shaxsiy tarkib xizmat olib bormoqda”, deb bayonot berdi IIV.

Guruch kurmaksiz bo'lmaganidek, ba'zi odamlar har narsadan bunchalik vahimaga, tahlikaga tushmasa edi. Do'konlarda hech kimga kerak bo'lmagan shamlar tala-tala bo'lib ketdi. 5-10 litrlik suvlarni qo'ying, hatto 1 litrlik hajm­­li idishga qadoqlangan suvlar ham talash bo'ldi. Hatto aytishlaricha, kimlardir gugurt, un, yog' kabi kundalik ehtiyoj mahsulotlarini ham ortiqcha olishga ulgurgani bilan ko'ng­­li tas­kin topibdi.

Xalqimizda “Birni ko'rib shukr qil, birni ko'rib fikr qil” degan hikmat bor.

Bu voqea sabab ko'ngildan ko'p o'ylar kechadi. Axir bundan hatto 40-50 yil avval ota-bobolarimiz svet, gaz nima ekanligini bilganmidi, ko'rganmidi? Qishning sovuq qora kunlarida o'choqda g'o'zapoya yoqib, ovqat pishirib, choy qaynatishgan onalarimiz, momolarimiz. To'g'ri, u zamonlar o'tmish. Bugun hamma narsa boshqacha. Shukrki, shunday.

Lekin o'ylab ko'ring, bugun ham Yer yuzining qancha joyida chiroq, gaz bormikan?! Yo'q!

Chunki tinchlik yo'q, urush, portlashlar ichra oylab, hatto yillab ne-ne balolarni boshidan o'tkazayotgan millionlab odamlarni o'ylab ko'raylik-a! Demak, hamisha yurtimizdagi tinchlikning, xotirjamlikning qadriga yetishimiz kerak. Yana qancha odamlar o'zi ishlatgan elektr, gaz haqini to'lagisi kelmaydi. Bu uchun qancha ijrochilar-u xodimlar sarson.

“Hududgazta'minot” AJ esa kecha iste'molchilarga qulaylik yaratish maqsadida tabiiy gazdan qarzdorlik uchun avtomatik ravishda o'chirish vaqtinchalik to'xtatilganligini ma'lum qildi. Bundan tashqari, gaz iste'moli bilan bog'liq muammolar yuzaga kelgan taqdirda amal qilish lozim bo'lgan yo'l-yo'riqlarni bildirdi.

Energetika, Favqulodda vaziyatlar, IIV, Sog'liqni saqlash, Uy-joy va kommunal xo'jaligi vazirliklari o'z yo'nalishlarida barcha safarbarlik harakatlarini amalga oshirdi.

Yagona umumrespublika protsessing markazi esa UZCARD va HUMO tizimlari ishlashi, moliyaviy operatsiyalarni o'tkazishda tizimlar tarafidan cheklovlar va uzilishlar yo'qligini ma'lum qildi.

Shunday bo'lsa-da, ijtimoiy tarmoqlar va ayrim Telegram kanallari uch kun davomida elektr energiyasi bo'lmasligi, yonilg'i yetishmayotganligi sababli tez orada mobil aloqa ham uzilishi to'g'risida asossiz va yolg'on xabarlarni tarqatdi.

Yolg'onning umri qisqa deganlaridek, bu safsatalar o'rinsiz ekanligi ma'lum bo'ldi. Mana, davlatimiz rahbarining irodasi tufayli barcha kerakli choralar tezkorlik bilan ko'rildi. Xalqimizning esa og'ir va vazmin, mulohazakorlik bilan munosabatda bo'lganligi e'tiborlidir.

Shunday bo'lsa-da, yuqoridagi fikrlar bilan birga shubhasiz bunday vaziyatlarda hali sohadagi ayrim muammolar ham yanada oydinroq, yanada yaqqolroq ko'rinib qolganini ham inkor qilib bo'lmaydi. Ayniqsa, shifoxonalar, bolalar bog'chalari, uzluksiz faoliyat olib boruvchi muassasalarning hammasida ham vaqtinchalik, ya'ni ma'lum muddatga elektr ener­giyasi beruvchi maxsus qurilmalar yetishmas ekan. Ayniqsa, chekka hududlarda, tumanlarda.

Tan olish kerak, yaxshiyam Prezidentimizning uzoqni ko'ra bilgani, zarur chora-tadbirlar, qancha moliyaviy resurslarni jalb qilish yo'lidagi sa'y-harakatlari bois, so'nggi yillarda energetika tizimida juda ko'p islohotlar, amaliy ishlar qilindi, bir necha elektr stansiyalari qurilib, ishga tushirildi.

Eslaylik, uzoq emas, bundan bor yo'g'i 5-6 yil oldin viloyatlarda 15-18 soatlab elektr toki berilmasligi haqiqat edi-ku!

Shubhasiz, endi tabiiy resurslardan foydalanish, muqobil energiya manbalarini rivoj­lantirish yo'lidagi istiqbolli loyihalarni tezroq qo'llab-quvvatlash, yo'lga qo'yish muhimligini hayotning o'zi ko'rsatib turibdi.

Xayriyat, bosqichma-bosqich ravishda elektr ta'minotidagi uzilishlarga barham berildi. Chiroq ham yondi. Uylarimiz bilan birga ko'ngillar ham yorishdi.

Ha, bugun deyarli hamma narsa elektr energiyasiga bog'liqligi yanada teran ayonlashdi. Hatto oddiy qo'limizdagi telefonga quvvat berish uchun ham elektr kerak, bu oddiy haqiqat. Yana bir haqiqat shundaki, shu kuni “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, issiq suv, sovuq suv ta'minotiga daxldor tashkilotlar, “Hudud­gazta'minot”, umuman kommunal sohadagi ming-minglab yurtdoshlarimiz, tizimdagi mutasaddilar va boshqa rahbarlar uyqu nimaligini bilishmadi.

Bu tasodifiy sinovlar ertangi kunimizni, ona diyorimizda olib borilayotgan ulug' yaratuvchilik yumushlariga aslo soya sololmasligini vatandoshlarimiz amalda isbotlashdi. Eng muhimi, xalq va davlat ana shu kutilmagan, favqulodda vaziyatda, sinovli damlarda birdamligini, o'zaro ishonch va sobitqadamligini namoyon etdi.

Kezi kelganda ta'kidlash joizki, bu jarayonda ommaviy axborot vositalari vakillari hamda axborot xizmati xodimlari muhim vazifani ado etishdi. Ular har daqiqada bo'layotgan voqealar, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida aholiga tezkor va xolis axborot yetkazishdi, mutasaddi idoralar aholiga tavsiya va e'lonlarni bot-bot tarqatishdi. Natijada xalqimiz o'rtasida turli mish-mishlar tarqalishiga, vahima uyg'onishiga chek qo'­yildi, elektr va kommunal xizmatlar bosqichma-bosqich tiklanayotgani haqida xabardor etib, ko'ngillarga taskin berishdi. Aks holda odamlar orasida turli mish-mishlar tarqatib, vahima uyg'otishga shay turgan ba'zi bir panada turuvchi kuchlar vaziyatdan foydalanib qolmoqchi bo'lganligi ham yaqqol sezilib qoldi.

Shu bois kuni kecha Yangi O'zbekistonning 2022-2026 yillarga mo'ljallangan taraqqiyot strategiyasini belgilash hamda uni joriy yilda amalga oshirish masalalari muhokamasi yuzasidan o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida Prezidentimiz mazkur vaziyat haqida to'xtalar ekan, ommaviy axborot vositalari vakillari bu jarayonda katta ko'mak berganligini va mutasaddi idoralar xodimlari bilan bahamjihat ish olib borganliklarini alohida ta'kidladi. Shuningdek, davlatimiz rahbari sabr-toqatli xalqimizga, kechagi ekstremal vaziyatda o'zaro bahamjihat ishlagan barcha tuzilmalar xodimlariga, ayniqsa, ommaviy axborot vositalari vakillariga o'z minnatdorligini bildirdi. Bu esa barcha hamkasblarimiz uchun ulkan sharaf.

Olimjon O'SAROV,

O'zbekiston Jurnalistlari

ijodiy uyushmasi raisi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

10 + nineteen =