Notinch Qozog'iston: sabablar, savollar, saboqlar

Zamonaviy Qozog'iston davlatchiligi misli ko'rilmagan sinovga ro'baro' keldi. Joriy yil 2 yanvar kuni Janao'zen shahrida suyultirilgan gaz narxi oshirilishiga qarshi boshlangan norozilik namo­yishi butun mamlakatni ostin-ustun qilgan voqealarga debocha bo'ldi. Bu hodisalar donishmand shoi­rimiz Abdulla Oripovning “Goh oddiy tasodifning oddiy bir hamlasida Kapalak qanotiday uchib ketar qasrlar” degan satrlarini yodga soldi.

Davlat rahbariyatining namoyishchilarga yon berishi – gaz narxi tushirilishi, Vazirlar Mahkamasining tarqatib yuborilishi aks ta'sir etdi. Aksilhukumat chiqishlari ko'lami yanada kengayib ketdi, uchqun alangaga aylanib, boshqa shaharu qasabalarni ham domiga tortdi. Prezident Qosim-Jo'mart To'qayev geosiyosiy mustaqillikni dovga tikib, mamlakatga Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) tinchlikparvar qo'shinini kiritishga majbur bo'ldi.

Bunday ko'lamdagi ommaviy namoyishlarga faqat yonilg'ining qimmatlashuvini sabab o'laroq ko'rsatish soddalik bo'lur edi. Zero, bir guruh “muqarrab” shaxslarning iqtisodiyotning muhim sohalari ustidan nazorat o'rnatib boylik orttirayotgani, monopol shirkatlarning “o'zim bo'lay” siyo­sati, korrupsiya, ishsizlik ko'pdan buyon aholi noroziligiga doyalik qilayotgan edi.

Shu tariqa o'zgarishlarni talab qilgan aholi qatlami ko'chaga otlandi. Hukumat namoyishchilarning aksar talablariga quloq tutdi, hatto Nursulton Nazarboyev Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan iste'fo berdi. Ammo odamlar uy-uyiga tarqay demadi. Chunki vaziyat allaqachon izdan chiqqan, tinch namoyishchilar tushunuksiz bir alfozda g'azabnok olomonga aylangan edi. Izdihom oralagan qurolli shaxslar davlat hokimiyati idoralariga hujum uyushtira boshladi, savdo majmualari, bino-inshootlarni g'orat etmoqqa tushdi. Shaharlar bamisoli muhoraba maydoniga aylandi, huquq-tartibot idoralari vakillari o'ldirildi, davlat muassasalari yoqib yuborildi. Olomon binolarga emas, go'yo o'z istiqboliga, umidu ishonchiga o't qo'ydi. Fuqarolarning tinch namoyishi orqali o'z haq-manfaatlarini talab qilishi xalqaro me'yorlarda mustahkamlangan huquq sanaladi. Ammo qonun sarhadini buzib, zulm-zo'ravonlik va buzg'unchilik yo'liga o'tish na xalqaro huquq, na insoniylik mezonlariga to'g'ri keladi.

* * *

Notinchlik ro'y bergan mahal eng avval haqiqat qurbon bo'ladi. Bu gal ham vaziyat xususida bir-biriga zid xabarlar tarqaldi. Xo'sh, namoyishchilar orasida kallakesarlar, merganlar to'dasi qaerdan paydo bo'la qoldi?

Qozog'iston rahbariyati dastlab norozilik aksiyasi qatnashchilarini “namoyishchilar” deb atagan bo'lsa, qurolli hujum va zo'ravonlik kuchaygach, ularga nisbatan “terrorchilar”, “bosqinchilar” istilohlarini qo'llashni ma'qul ko'rdi. Tashqi ishlar vazirligi esa xunrezlik qilayotgan shaxslar xorijda tayyorlangan qo'poruvchilar ekani haqida bayonot berdi. Buni tasdiqlovchi ma'lumotlar esa hali to'liq ochiqlanganicha yo'q.

Ne tongki, mamlakatning iqtisodiy-moliyaviy poytaxti sanalgan Olmaotada boshboshdoqlik, xo'jasizlik avj oldi. Harbiylar va huquqni muhofaza qilish idoralari nega sustkashlikka yo'l qo'ydi? Yoki ular amaldagi prezident buyruqlarini bajarishdan bosh tortdimi? Qo'shhokimiyatchilik, siyosiy guruhbozlik pand berdimi?

So'nggi kunlarda Qozog'iston Milliy xavfsizlik qo'mitasi sobiq raisi va yana bir qator yuqori martabali shaxslarga nisbatan davlatga xiyonat ayblovi bilan jinoiy ish ochilgani fitna ildizi chuqur ekanidan dalolat berayotgandek.

O'z hamqavmlarining moliyu joniga tajovuz qilgan birodarkushlar kim edi? Ularning qo'liga qurol tutqazganlar-chi?.. Javobsiz savollar ko'p. Aksilterror amaliyoti yakunlanib, osudalik to'liq o'rnatilgach, jumboqli masalalar jiddiy taftish-tadqiq etilsa ajab emas.

* * *

Shubhasiz, bu tartibsizliklar Qozog'iston iqtisodiyotiga kuchli zarba berdi. Birgina tadbirkorlar va mulkdorlarga yetkazilgan zarar bir necha yuz million dollar deya baholanayotir. Mamlakat miqyosidagi moliyaviy yo'qotishlar ko'p hadli raqamlarni tashkil etishi shubhasiz. Zo'ravonlik hamda farovonlik hech qachon yonma-yon yashay olmaydi. Bir kun janjal ro'y bergan joydan qirq kun baraka qochishi ma'lum. Boz ustiga, yurt boshiga yo'qchilik kelganda uning jabrini asosan qo'li qadoq, to'ni yamoq raiyat tortadi. Qo'shni mamlakatning ayrim korchalonlari ham tartibsizliklar boshlanishi bilan apil-tapil uchog'iga mingancha dorilomon yurtlarga ravona bo'ldi. Demak, notinchlik keltirgan moddiy-moliyaviy ziyonni qoplash uchun yana oddiy xalq zahmat chekmog'i lozim.

Iqtisodiy yo'qotishlar o'rnini vaqt o'tishi bilan to'ldirsa bo'lar, ammo boy berilgan siyosiy suverenitetni mustahkamlash uchun kezi kelganda bir necha avlod kurashmog'i talab etiladi. Qozog'istondagi tartibsizliklar mamlakat egamenligiga ham tahdid tug'dirdi. Rossiyadagi otning qashqasidek taniqli ayrim siyo­satchilar istiholayu andishani bir chetga yig'ishtirib, Qozog'iston hududiy yaxlitligiga daxl qiluvchi bayonotlar bergani esa “Kimga to'y, kimga aza” naqlini esga soldi…

Amerikalik siyosatshunos va davlat arbobi Zbignev Bjezinskiy “Buyuk shaxmat taxtasi” kitobida (1997) Qozog'istonni “mintaqa qalqoni” deb atagan edi. Yon va jon qo'shni bo'lgan o'lkada iqtisodiy-siyosiy barqarorlik hukm surishi ona yurtimiz O'zbekiston uchun ham juda-juda muhimdir. Zero, u mamlakatimizning uchinchi iqtisodiy hamkori sanaladi (2021 yilda o'zaro savdo aylanmasi qariyb 3,5 milliard dollarni tashkil etgan). Qolaversa, O'zbekiston ilgari surayotgan yakdil Markaziy Osiyo konsepsiyasida qo'shni mamlakat zalvorli o'rin tutadi. Bu jihatdan ikki qardosh mamlakatga biri qoshu biri ko'z deb ta'rif berilsa mubolag'a bo'lmaydi.

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o'tgan hafta Qozog'is­ton yetakchisi Qosim-Jo'mart To'qayev bilan telefon orqali muloqotda ham birodar qozoq xalqi va rahbariyatini barqarorlikni ta'minlash yo'lidagi sa'y-harakatlarida doimo yakdilligini ta'kidladi.

Qozoq elining ulug' farzandi Abay “Qora so'z” pandnomasida mansabsuygichlik, o'tirikchilikni qoralab, ishboshilarni Haq va xalq xizmatida kamarbasta bo'lmoqqa da'vat etgan edi. Yangi yilning ilk haftasida ro'y bergan taloto'plar hokimiyat qutqusi, urug'-aymoqchilik, xalqdan yiroqlashuv falokatga yetaklashini, ayni chog'da, erkinlik va mas'uliyat bir-birini taqozo etuvchi tushunchalar ekanini yana bir karra tasdiqladi.

Hozirgi pallada Qozog'istonda barqarorlik o'rnatish, suverenitet hamda yaxlitlikni muhofaza qilish uchun hokimiyat va xalq og'izbirchiligiga erishmoq darkor. Qardosh qozoq eli mushkul-murakkab imtihondan donishmandlik, vazminlik bilan o'tishi, qo'shni o'lkada tez fursatda bari izga tushishiga tilakdoshmiz.

Sobir SALIM

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × 3 =