Qo'shnilar

Inson ba'zan ijtimoiy hayotdagi mavjud muammoli vaziyatlar ularning tarixi, buguni va kelajagi haqida o'yga tolib, uning salbiy jihatlarini anglagandek bo'ladi. Bu salbiy jihatlarga boshqalarning ham e'tiborini tortishga, uning oldini olish choralarini ko'rishga chaqiradi. Xususan, bugun ko'pchilik odamlarda shakllangan xudbinlik (egoizm) faqat va faqat o'zim bo'lsam degan “ommaviy madaniyat” azaliy qadriyatlarimizdan bo'lgan qo'ni-qo'shnichilik aloqalarini unut bo'lib ketishiga zamin hozirlab qo'yayotgandek.

Kim bo'lishimizdan va qaerda yashashimizdan qat'i nazar barchamizning qo'shnilarimiz bor. U xoh yon qo'shni, xoh yetti uy nari bo'lsin, baribir qo'shni hisoblanadi. Ota-bobolarimiz barcha davrlarda qo'shnichilik haqiga to'la rioya etishga harakat qilib kelishgan.

Darvoqe, qo'shni so'zi qo'shin so'zi bilan o'zakdosh. Dastlabki qo'shinlar ham biror dushman xavfi tug'ilganda yaqin qo'shnilardan tuzilib, dushmanga qarshi oyoqlangan bo'lsa ajabmas. Yaxshi kuningdan ham, yomon kuningdan ham eng avval ular xabardor bo'ladi. Shu sababdan “Uzoqdagi qarindoshdan yaqindagi qo'shni afzal”, “Qo'shning tinch – sen tinch”, “Hovli olma– qo'shni ol”, “Gilam sotsang qo'shningga sot – bir chetida o'zing o'tirasan”, kabi purhikmat naqllar avlodlar dovonida bejiz shakl­lanmagan.

Muborak hadislarda aytiladiki, Payg'ambarimiz Muhammad (s.a.v) “Jab­roil menga qo'shnilar xususida ko'p tavsiya beraverganidan, uni meros­xo'r ham qilib qo'yarmikan deb o'ylab qoldim”, deganlar.

Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan qo'shni davlatlar bilan do's­tona munosabatlarning har qachongidan ham yuksak cho'qqiga ko'tarishga e'tibor qaratilayotganligi ham bejiz emas.

Zamonaviy dunyoda yashar ekanmiz har birimiz ajdodlarimizdan qolgan qo'ni-qo'shnichilik odobi, shartlarini qay darajada bajaryapmiz, ular bilan munosabatlarimiz do'stona, axloqiy qadriyatlar asosiga qurilganmi? Yoki faqatgina qo'shni bo'lganligimiz uchun majburan o'zaro munosabatga kirishamiz xolosmi? Ko'rishganda salom-alik bor-u, boshqa vaqtda esimizga kelmaydimi yo? Esga olsak ham yaxshi gap bilan emas, qo'shni sha'niga turli bo'xton, g'iybatlarni qalashtirib, uning obro'sini tushirishga harakat qilmayap­mizmi ekan? (Oxirati obod bo'lsin, el sevgan qiziqchi Hojiboy Tojiboyev “Tunda biror balo kelsa agar yoqtirmaydigan qo'shni bo'lsa, ogohlantirish o'rniga “ha uxlayveringlar, ozgina kayfim bor shunga uxlamay qo'shiq aytib yuribman”,— deya yumor qilganidek).

Yoshligimizda ota-onam qo'shnilar bilan gaplashsang tog'a, xola, bobo, momo, og'a, deb murojaat qil. Boshqalar ular haqida so'raganlarida ham qo'shnilarni o'zingga yaqin olib gapirgin. Shunda qo'shnilar ham xursand bo'ladi, seni ham o'zlariga yaqin oladi bolam derdi.

Shu asnoda yon qo'shnilarimizni tog'a, xola deb, farzandlari bilan aka-uka, opa-singildek katta bo'ldik. Ular bilan uyimiz bo'lak bo'lsada, hovlimiz bitta, bir eshikdan kirib chiqamiz. Hovlimizda hech qanday to'siq, devor yo'q. “Devor-darmiyon qo'shni” degan tushuncha bu yerda ozgina chekinib turadi. Mening yerim, mening tomorqam, mening bog'im, mening ayvonim degan tushuncha o'rniga “bizniki” degan tushuncha haligacha ustuvor. Barcha narsa — o'rtada. O'ng tomondagi va chap tomondagi qo'shnilarning hovlisiga hovlining istalgan joyidan o'tish mumkin. Ularnikidan undan keyingi qo'shnilarnikiga o'tiladi. Hech qachon qo'shnilarning gapi ikki qilinmagan. Hamma qo'shnilar bir-birlarining bolasiga o'z bolasiday biror ishni buyuraveradi. Bolalar ham ularning aytganini ikki qilmaydi. Natijada farzandlarda do'stlik, o'zaro hurmat, odamiylik, mehr-oqibat, samimiylik kabi insonparvarlik tushunchalari shakllanadi. Qo'shnilar orasida turli millat vakillarining bo'lishi esa far­zandlarning boshqa millat vakillarining urf-­odatlari bilan tanishishi bilan birgalikda millatlararo hamjihat (baynalmilal), bag'rikeng   bo'lishi uchun ham imkon berar ekan. “Bir bolaga yetti qo'shni ota-ona”, singari maqollar ijtimoiy taraqqiyotda shu taxlit shakl­langan bo'lsa, ne ajab.

Ammo bugun bir joyda yashayotgan ayrim ota-bolalarning, qondosh aka-ukalarning bir qarich yer uchun, o'rtaga devor tortib, yuz ko'rmas bo'lib ketayotganliklari dillarni xufton qiladi. Nima gap desangiz, “Ikki qo'chqorning boshi bir qozonda qaynamas ekan”, deb o'zlarini oqlashadi.

Uyingdan chiqayotgan tutun qo'sh­ningning ko'zini achishtirsa, yegan luqmang halol emas, — deyishgan ulug'larimiz. Hatto tutun bilan ham ozor yetkazish mumkin bo'lmagan qo'shnilarimizni har jihatdan hurmat qilsak, el ichra obro'sini qancha ko'tarsak nafaqat ular uchun, balki o'zimiz uchun ham foydadan holi emas.

Bahrom BOYMURODOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

12 + five =